May 29, 2020

#Kun_Hikoyasi Yoshlik qaytib kelmaydi. Oktay Akbal

U: “Juda ham oʻzgarib ketibsan”, demoqchi boʻldi-yu, lekin “Hech ham oʻzgarmabsan”, deb yuborganini oʻzi ham sezmay qoldi.
Ular bir-birlarini koʻpdan buyon tanir edilar. Goʻyo ular hozir birinchi marotaba uchrashib qolganday edilar. Bu erkak yoshligida qarshisidagi ana shu shahlo koʻzlarga, mayin sochlarga, choʻchchaygan lablarga toʻyib-toʻyib qaramaganday edi. Hozir qarshisidagi sohibjamolning firoqida yonib, kechayu kunduz u haqida oʻylamagandek.
Oyoqlari hali ham avvalgidek chiroyli… tuflisi ham… u doimo xuddi shunday xipcha tufli kiyib yurardi. Qani endi hozir ham tashqi koʻrinishi oʻn ikki yil avval koʻrganiday boʻlsa!..
Aprel oyining oxirlari, kunbotar payt. Sochlari oqaribdi, yuziga ajin tushibdi. Qani endi, hozir bu ayolga yigirma yoshidagi oshiqi-beqaror boʻlib yurgan paytidagidek qarolsa edi…
– Hech ham oʻzgarmabsan, – dedi erkak ayolning koʻnglini koʻtarib.
– Sen oʻzgaribsan, – dedi ayol erkakning koʻzlariga tik boqib.
“Bu ayol yoshligida ham choʻrtkesar, sharttaki edi. Har bir soʻzning ogʻir botish-botmasligini oʻylamay, yuzingga shartta aytardi-qoʻyardi”. Lekin erkak esa mulohaza bilan gapirardi, dilidagi gapni tiliga chiqarib gapirmasdi. Ular yoshlikda uchrashib yurganlarida yigit qizning yuragida nima borligini bilolmadi. Nihoyat, ular ajralib ketdilar.
– Sen hamon oʻsha-oʻshasan, – dedi erkak ayolga jilmayib.
– Rostdanmi?
– Bilmayman, balki koʻzimga shunday koʻrinayotgandirsan…
“Bekorchi gaplarni qoʻysang-chi!..” demoqchi boʻldi ayol. Ular bir-birlariga tikilib turardilar.
– Balki oʻtirarmiz? – taklif qildi erkak.
Kema qirgʻoqdan joʻnab ketdi. Paluba osoyishta edi. Yoqimli shabada esmoqda.
Ayol yupun kiyingandi.
– Sovuq emasmi? – soʻradi erkak ayoldan.
– Yoʻq-yoʻq, sovuq emas! – javob qaytardi ayol.
“Menga gʻamxoʻrlik qilayapti, – oʻyladi ayol. – Qiziq, hali ham meni sevarmikin, a? Boʻlmasam-chi, esidan chiqarmagani koʻzidan koʻrinib turibdi. Oʻn ikki yil avval qanday sevgan boʻlsa, hozir ham shunday sevadi”.
Ayol uni universitetda oʻqib yurganlarida qandayligini eslashga harakat qildi. Harchand urinmasin, baribir oʻsha damdagi uning qiyofasini sira eslay olmadi.
Yoʻq, ayol uni oldingi vaqtidagidek holatiga hecham oʻxshatolmadi. Faqatgina uning ayrim soʻzlari-yu, qiliqlarinigina eslay oldi, xolos. Yana, bir kuni xuddi shu bugungidek dengiz qirgʻogʻida oʻtirganlarini, soʻng moʻjazgina qahvaxonaga kirganlarini esladi. Ular qahva ichdilar, qahva quyqumidan fol ochmoqchi boʻlgandilar.
Yigit qizni chin yurakdan sevib qolgandi. Uning nazarida qiz ham yigitni sevib qolganday edi. O, yoshlik… oʻn sakkiz yashar inson oʻzi haqida avvaldan nimani ham ayta olardi. Yoshlik onlari hech qachon tugamaydigandek: oʻtirishlarga, oʻyingohlarga, kino va raqs kechalariga borishdan, oʻynab-kulishdangina iboratga oʻxshab tuyulardi. Qayerdadir yigit qizni oʻzining tongday musaffo sevgisi ila kutib turardi. Qiz esa, xuddi yosh goʻdak kabi koʻp oʻyinchoqlar yoniga kelayotgandek yigitning visoliga oshiqardi. Qiz hammavaqt uni intizorlik bilan kutishini istardi. Qachonki koʻngli tusagan paytda qiz ularni qoldirgan joyidan olishni xohlardi. Qiz bu oʻyinni insonlar bilan oʻynardi. Agar insonning qalbini chil-chil sindirsang, bu yara hech qachon bitmaydi. Qiz esa, qanchadan-qancha yosh yuraklarni jarohatlab oʻynardi. Oʻsha paytda bu yigit bilan qahvaxonada oʻtirganidan tortib, to hozirgi kungacha bosib oʻtgan yoʻli unga gʻoyatda dahshatli koʻrinib ketdi. U dabdurustdan seskanib ketdi-da, ustki kiyimining yoqasini koʻtarib qoʻydi.
– Sovqotayapsanmi, yur, pastga tusha qolaylik.
“Har doim meni oʻylaydi… Tavba, boʻlib oʻtgan ishlarni bilaturib ham sevadi…”
– Yoʻq, sovqotmayapman, – javob berdi ayol. – Yaxshisi, oʻzing haqingda gapir! Nima qilayapsan? Qayerda ishlayapsan?
Erkak unga sigareta tutdi. Lekin ayol uni rad etdi. Erkak ayoldan ruxsat soʻrab cheka boshladi.
“U har vaqt sigaretani shunday ushlardi, – oʻyladi ayol. – Jahlim chiqib, chekishni ham uddalay olmaysan, deb taʼna qilganim-qilgan edi. Hozir ham sigaretasi qoʻlidan tushib ketay-tushib ketay deb turibdi”.
– Senga nimani ham gapiray? – chuqur xoʻrsindi erkak. – Ishlayapman. Chet elga ishlagani ketgan edim. Istambulda bir necha yildan beri boʻlganim yoʻq. Mana, kelganimga endi ikki oy boʻldi. Yaxshi joylashib oldik, birdan oldin, birdan keyin yashab yuribmiz.
Gapiradigan hech gap yoʻq! Ularning oxirgi uchrashuvlaridan keyin qanchadan-qancha suvlar oqib oʻtdi. U uylanib, ota ham boʻldi. Har doim biror narsani eslamoqchi boʻlsang, koʻz oʻngingda, xotirangda saqlanib qolgan yoshlik kunlaring jonlanadi. Lekin qarshisidagi bu ayol bir vaqtlari qalbining toʻridan joy olgan boʻlib, uning eng yaqin, hech vaqt unutolmaydigan sevgilisi boʻlib qolgandi.
Erkak gapida davom etdi:
– Ishlayapman… Yashash joyim ham yomon emas.
– Xotining, bolalaringning ahvoli qalay? – soʻradi ayol. Biroz sukutdan soʻng:
– Baxtlimisan? – deb qoʻshib qoʻydi.
Baxt! U oʻsha oʻtib ketgan qaygʻusiz kunlarda, shu mohipaykarning firoqida kuyib-yonib, uni intizorlik bilan kutgan vaqtlaridagina baxtli boʻlgan edi. Endi-chi, baxt qayerda deysiz, uni qancha qidirmay hech qayerdan topib boʻlmaydi. Ahyon-ahyonda nasib etadigan baʼzi xursandchiliklarni aytmasa, umri kundalik tashvishlar bilan oʻtmoqda.
Erkak uylanaman, bola-chaqa qilaman, xotinimni astoydil sevaman deb orzu qilgan kunlarini allaqachon unutgan edi. U uylangan ayol oddiygina. Unga tasodifan uylandi. Mabodo sevganiga uylanganida ham balki hayoti shunday kecharmidi? Odatda koʻpincha shunday boʻladi-ku! Jahonda baxt borligi toʻgʻrisida bosh qotirish bemaʼni ish. Baxt yoʻq. Baxt deb atalgan narsa xomxayol, ushalmaydigan orzu.
– Baxtliman, albatta, – javob qaytardi erkak. – Oʻzing-chi?
– Men ham baxtliman, – dedi-yu ayol miyigʻida asta kulib qoʻydi.
“Qayerdagi behuda gaplarni gapirayapman-a… – deb qoʻydi ayol ichida. – Ikkimiz ham qayoqdagi bemaʼni gaplarni gapirayapmiz”.
Qiziq, ular hozir bir-birlarini qanday qilib tanib qoldilar! Qorongʻida dabdurustdan koʻzlari koʻzlariga toʻqnashib qoldi. Oʻsha avvalgi oʻtkan kunlari beixtiyor eslariga tushdi. Ayol hoʻngrab yubormaslik uchun yuzini chetga burdi.
Koʻprik orqada qoldi. Boyoʻgʻlining qiyofasi xuddi ular kinoda koʻrganlari Manxetten orolini eslatar edi. Erkak birinchi boʻlib: “Qara, sening Manxettenning”, deb jimlikni buzdi. Ular yonlaridan tunellar, mehmonxonalar, koʻrfazlar, uylar, kemalar, qayiqlar, tramvaylarning oʻtishiga aslo parvo qilmasdilar.
Ochigʻini aytganda, bunaqa voqealar boʻlib turadi. Vaqtning zudlik bilan oʻtib borayotganini hech kim sezmaydi. Ha, vaqt zumda oʻtadi-ketadi. Aslo uni toʻxtatib boʻlmaydi. Sevgi, ishonch – bularning bari ortda qoladi…
Ularning bir-birlarini haddan ortiq sevgan kunlari har holda alohida ajralib turmogʻi lozim. Aytganday, qiz yigitni bir lahza boʻlsa-da, sevganmidi? Ha, oʻsha paytda qiz: “Seni sevaman”, degandi. Oʻsha ondagi hislarning yagona, haqiqiy his-tuygʻular ekanligini u shu lahzadagina tushundi.
Evoh, oʻsha damdagi baxt qoʻldan chiqdi, ha, qoʻldan chiqdi! Har bir istagan kishim meni sevib ardoqlaydi, men ham istagan kishimni seva olaman, deb oʻylagan edi.
Erkak qoʻlidagi sigaretani toʻlqinlanib oqayotgan dengizga uloqtirib yubordi.
– Istambulni rosa sogʻindim-da, oʻzimam, – dedi erkak.
– Nimalarni eslading? – soʻradi ayol.
– Bosforni, kemalarni, Boyoʻgʻlidagi koʻprikni, kinoteatrlarni esladim.
– Yana qayerlarni?
– Yaqin kishilarimni, albatta.
Gapirishga arziydigan gapi boʻlmagan odamlarning suhbati bemaʼni boʻladi. Qaytanga uchrashmaganlari maʼqul edi. Hech boʻlmaganda bu uchrashuv haqida yurakni ezadigan oʻylar boʻlmasmidi? Ana shunda bir-birlari toʻgʻrisidagi oʻsha eski xotiralar qalblarida umrbod saqlanib qolgan boʻlarmidi! Lekin bu tasodifiy uchrashuv ularning bir-birlariga boʻlgan mehr-muhabbatini mahv etdi.
Ayol: “Nega menga uylanmading?” deb soʻrashga jazm eta olmadi. Bu haqda qanday soʻray olardi ham. Oʻzi uni mensimay ketdi-ku. Oʻyinchoq kabi oʻynadi-ku! Ular churq etmay, bir-birlariga termuldilar. Bu ogʻir uchrashuv edi. Oxiri erkak nima deyishni bilmay:
– Koʻylaging juda chiroyli ekan! Har doimgidek goʻzalsan, – dedi.
– Qoʻysang-chi, azizim, axir bu eski koʻylagim-ku!
– Judayam chiroyli ekan, seni ochib yuboribdi.
Pastda kimdir bir qoʻshiqni xushtakda betinim xirgoyi qilardi. Bu xazon boʻlgan sevgi haqidagi qoʻshiq edi:

Sevishganlarni hayot,
Bir-biridan qiladi judo.
Izlarini yuvar dengiz,
Boʻlgandan soʻng ular ayro.

Bu qoʻshiq soʻzlarini endi ularga nima qizigʻi bor? Oʻsha vaqtda aytiladigan qoʻshiq butunlay boshqacha edi. Bu esa yangisi ekan. Boshqa kishilar shu xazon boʻlgan sevgi haqidagi qoʻshiqni eshitib, qachonlardir oʻzlarining oʻtib ketgan yoshliklarini eslaydilar.
Uzoqda chagʻalay charx urib, qanotlarini keng yozib uchardi. Birozdan soʻng hammayoqni qorongʻulik chulgʻadi.
– Uyingga ketayapsanmi? – soʻradi erkak.
– Yoʻq, oʻrtogʻimnikiga kirib oʻtmoqchiman. Sen-chi?
– Mening zarur ishim bor…
Hammasi behuda gaplar, qalb soʻzlari emas!.. Bu soʻzlar soxta, koʻngil uchun aytilgan gaplar. Bu soʻzlar oʻz maʼnosini yoʻqotgan. Xuddi ular avvallari sevishmagandek edi. Faqat bir-birlarini sogʻinib, mehr bilan tikilishlaridangina buni uqib olish mumkin edi, xolos. Bu koʻzlarda soʻngan oʻtning uchqunlari asta-sekin yolqinlanardi.
“Uchrashmaganimiz maʼqul edi, – oʻyladi erkak. – Judayam oʻzgarib ketibdi. Bunday oʻzgarib ketishini sira xayolimga keltirmagandim. Qarib qolibdi, ozib ketibdi. Tavba, bu koʻyga qanday tushdi ekan-a. Hayot naqadar beshafqat!”
Vaqt sevgan odamingning chehrasiga ham raxna solarkan. Balki ayolning ham xuddi shu soʻzlar xayolidan oʻtayotgan boʻlsa ajab emas. Xuddi savdogarlarga oʻxshash bu semiz erkak qayerdan paydo boʻldi ekan! Qani, uning yoshlikdagi koʻrkam, kelishgan qaddi-qomati?
Ikkisining ham koʻngli buzilib ketdi. Ular zumraddek toʻlqinlanib oqayotgan moviy dengizga tikilib oʻtirardilar.
– Bolangning yoshi nechada? – soʻrab qoldi ayol toʻsatdan.
– Kattasi toʻrtda, kichigi esa bir yarim yashar.
– Bolang ikkitami? Qay birini koʻproq yaxshi koʻrasan?
Ayol oradagi ogʻir jimlikni buzish uchungina ushbu savolni bergandi. Erkak ayolning bergan savoliga javob bermay, miyigʻida kulib qoʻya qoldi…
“Qayoqdagi boʻlmagʻur gaplarni gapirayapman-a, – oʻyladi ayol. – Tezroq bandargohga yeta qolsak edi! Bu suhbatni davom ettirishning hojati yoʻq. Oʻtgan ishlarni eslamaslik kerak, undan qochmoq lozim. Faqat yaqin orada tanishgan kishingnigina sevishing mumkin. Eski muhabbat, sevish-sevilishlar faqat xotiradagina saqlanishi kerak”.
Istambul oqshomi oʻzgacha edi. Qizgʻish ufq. Timqora osmon. Chagʻalaylar. Kichik motorli qayiqlar. Yoqimli kuy. Quvnoq xandalar. Ilgari ham xuddi shunday boʻlgan edi. Uzoq yillargacha bularning barchasi oʻz oʻrnida qoladi, lekin nimadir bir umrga qaytmas boʻlib gʻoyib boʻladi. Bu nima oʻzi? Buni tushunish qiyin…
– Avtobusga shoshilayapman, – dedi ayol. – Ertaroq borishim kerak.
Ayol oʻrnidan turdi. Erkak uning ketayotganidan xursand boʻlib oʻtirgan joyida qolaverdi. U xayolidan: “Ketgani yaxshi. Uning yoshlik paytlarini eslayman”, degan soʻzlarni oʻtkazdi.
– Xayr, omon boʻl. Seni uchratganimdan gʻoyatda xursandman, – dedi erkak.
– Men ham. Xayr, yaxshi qol!
Uzoqdan ayolning yengil qadam tashlab, sochining ohista tebranib borishi xuddi yoshlikdagi yurishini eslatib yubordi. Ilk uchrashuv kunlarida ham u xuddi shunday yengil qadam tashlab uning istiqboliga kelgandi. Bir koʻngli uni chaqirmoqchi boʻldi, lekin tezda bu fikridan qaytdi.
“Qayoqdagi boʻlmagʻur gaplarni vaysab keldim-a! – oʻylardi erkak. – Nimalar haqida soʻzlashni bilmadim. Tuzukroq gap ham aytolganim yoʻq”.
Uni uyda xotini, bolalari kutishardi. Issiq ovqat kutardi. Bu uning kundalik hayoti. Ayni haqiqat shu. Ertalab ishga, kechqurun oilasiga qaytadi. Ishdan xorib-charchab qaytib kelgach, uxlaydi. Sevgisiz kunlar… Uning hayoti shundan iborat. Agarda xotirasida hali ham ilk sevgisi saqlanayotgan boʻlsa, bularning hammasi oʻz-oʻzidan unutilib ketishi muqarrar. Ushalmagan orzu haqida qaygʻurish behuda narsa. Oʻtib ketgan yoshlik hech qachon qaytib kelmaydi. Inson hozirgi kun bilan yashamogʻi lozim.

Rus tilidan Nazira Joʻrayeva tarjimasi

Hᴀʏᴏᴛɪᴍɪᴢ Cʜᴀʀᴏɢ‘ʙᴏɴɪ
H | Cʜ - Kᴜɴ Hɪᴋᴏʏᴀsɪ