May 11, 2020

#Kun_Hikoyasi Yolg’izlik anatomiyasi. Tomas Vulf

I

Mening hayotim boshqalarnikiga qaraganda koʻproq yolgʻizlik va sargardonlik ichida oʻtgan. Nega shunday boʻldi – buni aytish qiyin, ammo shunday boʻldi – tamom vassalom. Oʻn besh yoshimdan beri, oradagi bir muddatlik tanaffusni hisobga olmasa, men yolgʻiz yashab kelmoqdaman. Menimcha, bu hozirgi zamon kishisi uchun unchalik noodatiy hol emas. Tarkidunyochilikda kechayotgan hayotimning hisobi yoʻq – bu zohidonalikning daqiqalari, kunlari va oylari cheksiz, chegarasizdir.

Oʻzim boshdan kechirgan yolgʻizlik tajribasi haqida yozishga qaror qilar ekanman, bu albatta faqat uni boshqalardan koʻra yaxshiroq tushunaman degan oʻydan emas. Yolgʻizlik baʼzi odamlar uchungina xos boʻlgan alohida hodisa emas, balki u borliqning asosiy, muqarrar voqeligidir. Men aynan mana shu haqida yozmoqchiman.

Hayotning turli vaziyatlarini – faqat shon-shuhratga burkangan shavkatli shoirlar shon-u shuhratini emas, sodda qalblarning ulkan baxtsizligini, koʻchadagi odamlarning nafrat toʻlib toshgan mingʻir-mingʻiri, haqoratli koyinishlarini, badgumon qiyofasini kuzata turib, biz hammamiz yolgʻizlikdan azob chekishimizni anglayman. Yolgʻizlik jamiki iztirobimizning yagona manbasi. Mendagi yolgʻizlik hissi mohiyatan boshqalarnikidan koʻp farqlanmasa-da, u menda oʻta qaqshatqich kechgani bilan ajralib turadi. Demak, men uni hammadan koʻra yaxshiroq bilaman, shunday ekan bizning asosiy ogʻrigʻimiz, azobimiz haqida yozishga eng haqli odamman deb bilyapman oʻzimni. Toʻgʻri, bu takabburlik yoki manmanlik boʻlib koʻrinishi mumkin. Lekin bunday shubhaga borishdan oldin oʻylab koʻring: uzoq vaqt yolgʻiz yashagan odam takabbur boʻlsa, aqlga toʻgʻri keladimi?! Buning ustiga, shuhratparastlik va manmanlikni yengishning eng yaxshi yoʻli – yolgʻizlik. Aslida biz – yolgʻizlar oʻz-oʻziga boʻlgan shubhaning qurbonlarimiz. Mutassil tanholikda yashash norasoligidan uyalish hissini tugʻdiradi, xavotirning shiddatiga dosh berib boʻlmaydigan toshqini mudom ustingga yoprilib kelaveradi, qarovsizliging, eʼtibordan olisliging salomatligingni yemirib, oʻzingga boʻlgan ishonchni yakson etadi.

Odam yolgʻiz yashay olishi uchun dilida ruhoniyning komil eʼtiqodi yangligʻ Xudoga astoydil ishonchi boʻlishi lozim. Koʻnglida shunday ishonchi boʻlmagan odamga yolgʻizlik lahzalarini yashab oʻtish nihoyatda ogʻir. Men bu dahshatni oʻz boshimdan kechirganim uchun aytyapman. Shunday daqiqalarda birorta tasodifiy soʻz, odatiy voqea ham ham shashtimni susaytirib, qoʻlimni falajlar; yuragim tarasha qotgandek dahshatdan siqilib, zaiflikdan larzaga keladigan kulrang titrogʻ bilan toʻlardi ichim. Istalgan narsa – hamma narsa yoki hech narsa ham – masalan yorugʻlikdagi oddiy bir soya yoxud avgust kunlaridagi qattiq jazirama, Bruklin koʻchalarida oʻrmalab yurgan nochor ayanch va yalangʻoch majruhlik koʻnglimni iztirobga solar, tasavvurda oʻtmishning doim takrorlanadigan manzaralari paydo boʻlib, nom-nishonsiz taqdir haqida chidab boʻlmas azob uygʻotardi. Baʼzida esa borliqning koʻrimsiz realligi oldidagi qoʻrquv, avtoturargoh maydonlarining gʻarib kimsasizligi, zaminga gʻazab bilan uloqtirib yuborilgan insonning maqsadsiz va sarson kezishlari, biror tanbeh yo dakki, hatto mashinalarning oʻqday vizillab oʻtishi ham yurakdagi ojizlik hissini zoʻraytirib yuborishga turtki boʻlardi. Hatto biror soʻz, biror nigoh, biror ishora bu azobni boshdan kechirishga sabab boʻlishi mumkin. Park-avenyudagi xushbichim, kalandimogʻ janob seni barmogʻi bilan nuqib koʻrsatar ekan, goʻyo “Sen hechkimsan” degandek boʻladi, obroʻli jurnaldagi istehzoga toʻla fikr-mulohazalar ham ogʻriq qoʻzgʻaydi. Tanish ayol maktubida notavon va nokerakliging, yozishdan chiqib qolganing bitiladi, bundan oʻzingni hech narsaga arzimas, chorasiz, his-tuygʻudan mahrum, erishganlari ham sarobga aylangan odamdek his etasan – qolganlar esa har borada sendan toʻkisu, bekamu koʻst.

Baʼzan bu ogʻriq vaqtida qondirilmagan, endi gʻazabga aylangan istaklarning koʻngilda uygʻotgan mubham, ezgʻin kayfiyati taʼsirida ham paydo boʻlishi mumkin. Kembrijda kechgan qisqa qish kunlari, yakshanbalarda boʻladigan qizgʻin suhbatlar va oʻsha suhbatlarning birida mening barcha bolalik orzularim puchligini aytishgani, bundan tomirlarimdagi navqiron joʻshqinlik lahzaga muzlab, yuzimda ojizlikning betaskin iztirobi mart kunining soʻnayotgan yogʻdusi bilan akslangani haqidagi nogahoniy xotira ham yolgʻizlikda juda xavflidir. Oʻtgan kunlarning qiyofasi, ob-havosi, manman kimsalarning mazaxona soʻzlarini yodga tushiradigan xotiralar oʻlgan nur yangligʻ kunlarimni qorongʻulashtirib, men qachondir oʻzim kashf etgan va chippa-chin ishongan haqiqatlarimni chilparchin qilib tashlardi. Bunday daqiqalarda faqat oʻz hissiyotlaringgina haqiqatligi, olamda boshqa mutlaq haqiqatning oʻzi yoʻqligi, Yer yuzi qalbi yopiq, pushti kuygan tirik murdalar makoniligi va bu manzaraning soʻnayotgan mart shomi ostida, nursiz yakshanbalarda mangu takrorlanishini tushunib yetasan.

Yolgʻiz kimsaning qalbi hamisha ogʻir shubha-gumonlar, tushkunlik va sarosima iskanjasida oʻrtanadi, u esa nigohi va aqlidan yashirin qutulish yoʻlini topolmay ovvorayi sarson boʻladi. Na partiya uni qoʻllab yordam bera oladi, na din yupata oladi, umuman anglagan haqiqatlaridan boʻlak biror eʼtiqodning oʻzi qolmaydi. Sababi eʼtiqod tayanchsiz va taskinsiz qoldirgancha uni tez-tez tark etib, ruhini larzaga keltiradi, holdan toydiradi. Shunda hayot yoʻqlik aro yoʻqlik tomon harakatlanish ekanini tuyadi; haqir va xarobligi, mahkumligiga iymon keltiradi – unga umidlar vaʼda qiladigan xaloskor tong endi hech qachon otmaydi.

Yolgʻiz odam vaqtning ulkan oqimlari ichidan oqib oʻtayotganini sezib turadi. Toʻrt tarafida esa yolgʻizlikning sovuq, soqov devori. Bu devorning zilday bosimi yelkalarini ezadi. U yolgʻizlikning shu toʻrt devori ichida hibs etilgan… hech qayoqqa qochib ketolmaydi. Yoʻqotilgan behisob kunlar va unutilgan yuzlab chehralar yodini yana qayta uygʻotadigan xotiraning xavfli oʻsmasi ichini yeb bitiradi. Vaqt esa botinidan daryo yangligʻ oqib oʻtaveradi, u boʻlsa katalakdek xonasida mutassil nimanidir kutadi… kutaveradi… Uzoqlarda guvillayotgan hayotning boʻgʻiq ovozini, gʻovurlarini tinglaydi; tinglay turib tushunadiki, taqdir uni unitib qoʻygan, quvvat tark etgan, hayoti esa allaqachon sop boʻlgan. Qismat bu kimsani yolgʻizlik bagʻriga manguga surgun etgan. Oʻz yolgʻizligining hibsida oʻtiraverib, noshud odamdek aqli gangigan, sillayi madori qurigan, bor imkonlar ham allaqachon boy berilgan.

Shunday mahzun kunlarning birida unda yana oʻz-oʻzidan, hech qanday sababsiz hayotga ishonch va eʼtiqod paydo boʻladi, tomirlarida joʻshqinlik mavj uradi. Bu hislar yengib boʻlmas qudrat bilan quyilib keladi, deraza oynasidan yoprilib kirib, dunyosini soʻnmas nur bilan yoritadi. Xotirjamlik, uygʻunlik hislari uygʻonib, koʻngli yana gʻolibona tashnalik bilan ijod sari talpinadi. Uning avvalgi ishonchi boz hamrohiga aylanadi: avval nimani bilgan boʻlsa, hozir ham biladi, u qanday mavjud boʻlgan boʻlsa, hozir ham shundayligicha…

Yendi u oʻz haqiqati haqida soʻzlaydi; mayli, butun dunyo ogʻzini yopmoqchi boʻlib, “yolgʻon aytyapsan” desin – baribir oʻz haqiqatini ishonch bilan soʻzlayveradi. Mustahkam ishonchning tantanavor daqiqalarida shuni eʼtirof etishim kerakki, men Yolgʻizlikni dunyodagi har qanday odamdan koʻra yaxshi bilaman va teran his etaman. Uni mening tugʻishgan jigarim deb atamoqqa haqqim bor, axir haqiqatda shundayku!!!

Yolgʻizlikning asl qiyofasini shu qadar tiniq tasvirlashga ahd qilganmanki, toki yozganimni oʻqiganlar Yolgʻizlikka duch kelganda, uni darrov tanib olsinlar.

II

Inson yolgʻizligi haqidagi eng fojeviy va yorqin taʼrifni men Iov kitoblarida va falsafiy ruhdagi ekkleziast (1) xutbasida oʻqiganman. Shu oʻrinda teran bir hikmatga eʼtibor qaratmoqchiman. Toʻgʻri, bu hikmat boshqalarga yolgʻiz qolgan gʻamgin bolakay va borliqning fojeviy mohiyati orasida hech qanday muvofiqlik yoʻqligi kabi ziddiyatli tuyilishi mumkin. Kitobdagi hikmatga ilk marta duch kelganimda oʻzimni yoʻqotib, dilgir boʻlib yurganman. Uning isboti naqadar asosli boʻlmasin, odamni shubhaga solardi. Hikmatning oʻzi esa qoyaday mustahkamki, unga hech qanday putur va inkor zaha yetkazolmaydi. Hikmatdagi haqiqat mening hayotiy qarashlarimdan qatʼiy oʻrin olgan. Mana oʻsha hikmatning oʻzi: yolgʻiz odam – aslida tragik odam. U hamisha, hech ogʻishmay, vafodorlarcha hayotni sevgan, xursanchilikni sevgan odamdir. Bunday daʼvo aslo mantiqqa zid emas, zero, bir shartning mavjudligi yana bir boshqa shartning ham mavjudligini taqozo etadi.

[1] Iov kitobi va Ekkleziast xutbasi yahudiylikning qadimgi muqaddas kitobi sanaluvchi Tanaxning uchinchi qismi – Ktuvim tarkibiga kiradi. Ktuvim falsafiy va axloqiy-maʼnaviy qarashlar bayoniga bagʻishlangani bilan Kitobning boshqa qismlaridan alohida ajralib turadi

Inson tragediyasining mohiyati teatr qonunlariga xos boʻlgan konfliktlarda emas, yolgʻizlikda jamlangandir. Aniq bilamanki, buyuk tragik yozuvchilar (men tragediya yozuvchilari haqida gapirmayapman. Koʻp xalqlarning peshanasiga bitmagan – jumladan, fransuzlar va rimliklarga ham nasib etmagan (Vergiliy va Rasin bor-yoʻgʻi tragediyaning ulugʻ ustalari, xolos) – tragik yozuvchilar xususida soʻzlayapman. Misol uchun: Iov, Sofokl, Dante, Milton, Svift, Dostoyevskiy) doimo yolgʻiz boʻlgan, ular hayotsevar va baxt qadrini chuqur his qiladiganlardan edi. Shodlikning haqiqiy maʼnosi va qiymatini faqat ulugʻ tragik yozuvchilarning ijodidagina koʻrish mumkin. Boshqa manbalarda uning haqiqiy va samimiy tasvirini topish dushvor. Isbot sifatida ishonchli bir dalil keltirishni xohlardim.

Bolaligimda Iov kitoblaridagi har qanday fikr mendagi assotsiativ xotirani uygʻotib yuborar, xotiramga najotsiz va maʼyus tuygʻularning, hodisalarning ulkan oqimini boshlab kelardi. Boshqalarda ham shunday hol boʻlganiga iymonim komil. “Iovning tasallisi”, “Iovning matonati”, “Iovning musibati” dagi iboralar bizning hayotimizga shu qadar chuqur singgan ediki, adoqsiz musibatni boshdan kechirayotgan, iztirobini uzoq vaqt jim ichiga yutgan odamlar haqida gap ketsa, beixtiyor oʻsha iboralar yodga kelardi. Bir-birini yetaklab keluvchi bu xayollar xotiramda ustma-ust taxlanib, koʻz oldimda Iov kitoblarining qaygʻuli, dilni gʻashlaydigan manzarasini paydo qiladi. Biroq kimki bu kitoblarni tajribasi oshib, aqli rasolashgan paytda oʻqisa, bolalikda anglaganidan koʻra koʻproq, toʻgʻriroq tasavvurga erishadi.

Iov Kitoblari faqat xazin ohang, qop-qora rangdangina iborat emas. U buyuk poyeziyaning gʻoyat barkamol, oʻta hissiy va yorqin namunasi ekanidan tashqari, koʻngilda mangu gʻamlarning diltortar kuyini uygʻotishi bilan ham qadrlidir. Mangu gʻamlarning xazin musiqasi mangu quvonchlarning koʻtarinki kuyi boʻlib mavjlanadi. Bu fikrda hech qanday kitobiylik yo notabiiylik yoʻq, aksincha haqqoniylik va muqarralik mavjud. Oʻlim va yolgʻizlik hissi, mudom zoʻrayib boruvchi ogʻriq, ruhiy qiynoqlarning ogʻir yuki inson uchun aslida goʻzal va fojeli, nihoyatda qadrli bir Sevinchdir. Goʻzallik lahzalardagina sodir boʻladigan gʻanimat hodisa. U seniki boʻlgan onlarning umri nihoyatda qisqa, bir umr yoningda olib qololmaysan. Yoʻqotishlar alami yetaklab kelgan goʻzallikning achchiq zavqqa qorishgan, fojeaning salobati bilan ogʻirlashgan lahzalarida asl tragik shoir Quvonch qoʻshigʻini ijod etadi. Goʻzallikni oʻzing bilan mangu olib qololmasangda, goʻzallikdan yaralgan bu qoʻshiqni mangu asrashing mumkin. Quvonch qoʻshigʻI koʻtarinki emas, aksincha, maʼyusdir. Chunki baxt degani unga ega chiqqan lahzangdanoq tugaydi. Biroq oʻtkinchi baxt aynan uni barbod qiluvchi taʼsirdan goʻzallik va ulugʻvorlik yaratadi – shoirga uning azizligi ham mana shunda.

Tragik shoir asl sevinch gʻamdan, yolgʻizlikdan koʻrk olishini yaxshi tushunadi, ogʻriq qancha taxir boʻlsa, quvonchning yuzi ham shuncha charogʻon. Koʻngildagi sevinch yo masrurlik hissi hamisha oʻlim muqarrarligi, oʻlim zulmati bilan birga yashaydi. Baxt ham foniylik va hechlik tuygʻusi bilan qorishgan. Shu sabab Iov kabi tragik shoir ijod etgan gʻam kuyi alal-oqibat baxt qoʻshigʻi boʻlib jaranglayveradi. Bu qoʻshiq boshqa qoʻshiqlardan koʻra dilbar va xazin, mashʼum va goʻzaldir.

Senmi argʻumoqqa kuch bergan?
Senmi boʻynini boʻron bilan belagan?
Senmi uni chigitkaday sakratgan,
dahshat bilan burnini pishqirtirgan?

Adir aro tuyoqlari yer tepadi shiddatkor,
Vujuddagi kuch-quvvatdan rohatlanib, shodlanib,
Hali qoʻrquv nimaligin bilmasdan,
Hali qilich zarblariga bepisand,
Janggoh sari shiddat ila talpinar.

Qarshisida shaqillaydi oʻqdonlar,
Yaltillaydi qalqon ila nayzalar.
Janggoh aro koʻtarilgan tuproqni
Ichga yutar gʻazabu shiddat bilan.
Jangsurnaylar sasi aro,
Lashkarboshi hayqirigʻi,
Qoʻshin urhosi aro
Shiddat bilan battar olgʻa talpinar… (Xurshid Davron tarjimasi)

Bu quvonch ham shavq bilan toʻlib toshgan, ham yurakni oʻrtaydigan quvonchdir. U oʻzida shikastanafas, moʻmin odamning ulkan borliq oldidagi tavozesini, hayrat va qoʻrquvini ifoda etadi. Dahshatli ingroq oʻsha taqvodor odamning lablaridan sirqirab chiqar ekan, biz hozir oʻqigan satrlarga aylanadi. Sheʼrni qiroat qilar ekanmiz, ichimizda yakkash va gʻalat, yovvoyi va motamzada sevinchni his etamiz. Bu sevinch oʻlimga oʻxshab ketadi. Biroq u Teokrit va Xerrik kabi buyuk shoirlar kuylagan sevinchdan koʻra balandroq va nafisroqdir.

III

Iov Kitoblari, shuningdek, Ekkleziast xutbasi – har biri oʻz holicha insoniyat yolgʻizligi tarixining ulugʻ yodgorligi sifatida namoyon boʻladi. Umuman, eski Ahdning barcha kitoblari inson yolgʻizligi tatqiq etilgan teran va mukammal asarlar tajassumidir. Ularda yolgʻizlik tushunchasi deyarli bir xil taʼrif etiladi. Ushbu muqaddas kitoblar, shuningdek, diniy qasidalar, munojatlar, ashʼor va karomatlar, solnomalar qatidagi rang-barang va shaxsiy kechinmalar har biri oʻz holicha yolgʻiz qalbning turli asrorlarini kashf etadi. Kashf etilgan asrorlarning birikuvidan yolgʻizlikning umumiy polotnosi paydo boʻladi.

Qadimgi Ahdda ifodalangan yolgʻizlik gʻoyasining qamrovi juda keng. Bu qamrov mohiyatini Yangi Ahdnni oʻqigach, yanada koʻproq tushunish mumkin. Eski Ahd borliq yolgʻizligining solnomasi boʻlsa, Yangi Ahd hayotga muhabbat xabari boʻlib akslanadi. Mana qarang, Iso ming marta, ming xil uslub bilan faqat bir gapni takrorlaydi : “Men – oʻz Otamning oʻgʻliman, sizning barchangiz – birodarlarimsiz!” Bunday birodarlik yer yuzini bir oilaga aylantiradi, barcha odamlar – yaratganning bolalaridir, demakdir bu. Ushbu daʼvatda insonlarga nisbatan muhabbat yashirin.

Isoning bosh maqsadi – yolgʻizlik dunyosini tag-tugi bilan barbod qilish, insonlararo uygʻunlikka erishish boʻlib, uygʻunlikning asosi muhabbat boʻlishi kerak edi. Iso “Faqirlar masʼuddirlar, zero ularga raxmat bor”, “Koʻzi yoshlilar masʼuddirlar, zero ularga xursandchilik bor”, “Marhamatlilar masʼuddirlar, zero ularga avf bor” deganida azob tortishni, tavoze va shafqat koʻrsatishni olqishlashni emas, oliyhimmat kimsalarga mukofot borligi haqidagi xabarni yetkazishni niyat qilgan. Mazkur yoʻnalish Iso taʼlimotining asosidir. Chuqurroq razm solsak, bu taʼlimot mohiyati yolgiʼzlik dunyosi istalgan daqiqada muhabbat dunyosi ustidan gʻalaba qilishi mumkinligini nazarda tutadi. Tanholikda kechgan soʻnngi yillarimda men Iso pandlarini va ularning nozil boʻlishi sabablarini qayta-qayta oʻqib chiqdim. Ilinjim – ular orqali oʻzimga hayotiy yoʻl, ibrat, maslak topish edi. Shubhasiz, men taqvodorlik vajidan, yo vaqt oʻtkazishu, gunohlarimga tavba qilish, samoviy marhamatga erishish uchun takror-takror oʻqiganim yoʻq. Men Iso pandlariga ham boshqalarni qanday oʻqisam – masalan, Gomer, Jon Donn, Uolt Uitmen yoki ekkleziast muallifini – xuddi shunday yondashdim. Tirgʻalmasdan, yengil oʻqib chiqdim. Biroq ulardan men topgan maʼno unchalik ham chuqur emas; vaʼzlardagi mohiyat, nazarimda, bachkana, oʻta joʻn edi. Shaksiz, mendagi tasavvur millionlab odamlarning bu haqdagi tasavvuridan farq qilmaydi. Qolaversa, nimani koʻrgan, qanday his qilgan boʻlsam, shuni tasvirlayapmanki, bunda hech qanday qoʻshib-chatish yo mubolagʻa mavjud emas.

Iso hayotining mohiyati menikidan koʻp karra aʼlo ekanini anglagan holda aytishim kerakki, men unga ergasholmayman. Yolgʻiz odam hamisha nom-nishonsiz, umidsiz, ruhan xarob; bu olamning yashirin atomi kabidir – xuddi Iov, Everyman (2), Sviftday. Men yolgʻiz odamni shunday tasavvur etaman va shunday anglayman. Iso muhabbat taʼlimoti asoschisi boʻlsada, bilamanki, u ham xuddi bizday yolgʻiz boʻlgan. Men bu bilan u birodarlik va sevgi gʻoyasini olgʻa surib xato qilgan demoqchi emasman, u butun umr yolgʻizlikda yashagani va yolgʻizlikda halok boʻlganini aytmoqchiman. Millionlab odamlar unga muxlislik daʼvo qilsa-da, baribir, taʼlimotiga ergasha olishmaydi. Men ham Isoning yoʻlini oʻzimniki deb qabul qilolmayman. Zero, hayotning mohiyati muhabbatda emas, yolgʻizlikdadir. Axir muhabbat oʻz mazmuni boʻyicha biz yashayotgan dunyo iqlimiga mos tushmaydi. U bir noyob va nozik gul. Goh-goh gul ifori bizni sarmast qilib, umidimizni ruhlantiradi, yolgʻizlikning qalin va qora devoridan tirqish yasab, tor xonamizga bostirib kiradida, birodarona kayfiyatga, yakdilikka chorlaydi. Gohida esa muhabbatdan topganing faqat ozor va azob, ogʻriq va zavol boʻladi. Muhabbat koʻngilni chilparchin qilib, oxir-oqibat savdoyiga aylantirishi ham hech gapmas. Muhabbat nima uchun qalbimizga tashrif buyurmoqda – hayot yo oʻlim uchunmi, baxt yo baxtsizlik uchunmi? ; nimani inʼom etadi – muzaffariyat yo mahrumiyatnimi – afsuski, yer yuzidagi insonlarning hech biri buni oldindan aytib berolmaydi. Biroq bir narsa aniq: barchasining yakunida, mangu yakunda biz chorasiz, bevatan, bemakon va benavo kimsalarni muqarrar Yolgʻizlik kutadi. U sodiq doʻst misol horgʻin va xayrixohona qiyofasi bilan bizga peshvoz chiqadi.

[1] XV asrga mansub ingliz pyesalaridagi allegorik obraz

Va yana… vaqt oʻtib hammasi qayta takrorlanadi: yolgʻizlikda kechgan kunlar mavh boʻladi, beruh yuzimizga yana hayot nuqsi qaytadi, dovdirlik qatʼiyat bilan joy almashadi. Yoshlik ishonchini, ehtiros va ishtiyoqlarini, vujudidagi talantni oʻlimning gʻamhin ruhini asrash uchun qurbon qilganlar – garchi buning evaziga koʻngilning butkul vayronligiyu, isteʼdodning zavoli bilan qolganlariga qaramasdan – yolgʻizlikning dardchil tunlarida mutassil kurashlar bilan yana joʻshqin hayot ruhini umidsizlik qoʻlidan tortib oladilar. Avval nimaga ega boʻlgan boʻlsak, ularning bari yana oʻzimizga qaytadi. Koʻz ochib qop-qora atrofni emas, charogʻon shaharning koʻzni qamashtiradigan nurlarini koʻramiz. Tunlari piyoda sayr qilib, koʻprikdan oʻtib borarkanmiz, koʻz oldimizda yastanib yotgan nur oqimi beixtiyor aqlimizni oladi. Bu oqim eshilib-buralib oʻzini har koʻyga solarkan, koʻprik ostidan ulkan kemalarning dafʼatan seskantiradigan chinqirigʻi eshitiladi. Biz esa koʻprik boʻylab boraveramiz – sokin va yolgʻiz; beiltifot hamroh, hech qachon tashlab ketmaydigan va har doim jim tinglaydigan sodiq doʻst biz bilan birga. Yolgʻizlik bizning mangu yoʻldoshimizdir. Mana, tinglang, yolgʻizlik qasidasi:

“Yolgʻizlik abadiy, shu bilan birga oʻtkinchidir. Ay, dogʻuli oʻgajon! Sen bor ekansan, men nimadan qoʻrqaman?! Ay, tun va zulmatning boqiy qiyofasi! Umrining yarmini sen bilan oʻtkazgan, soʻnggi kunigacha faqat sengagina iymon keltirib yashagan inson qalbiga nima ham vahm solsin?! Ay, botirim! Kun-tunimning tutingan inisi! – biz sen bilan ne-ne yoʻllarni kechmadik? Dargʻazab tun yoʻllarida yugurgan ham, quturgan dengiz boʻyida kezgan ham, olamning kashfsiz yerlarigacha borib, Tun qitʼasi uzra sangʻigan, Yer sukutiga jim quloq bergan ham biz! Oʻzing ayt, ogʻayni, shunday boʻlgach biz bilan sen haqiqatda dovyurak va botir emasmizmi? Shon-shavkatga arzimaymizmi? Hayotning bor quvonch va baxtini, gʻalabasini birga boshdan kechirmadikmi?! Nahotki, sen meni tark etsang, nahotki men bilan birga qolmasang?! YOʻq, ogʻajon, qayt! Uzun tunlarda yana yoʻqlab kel meni! Zulmatning dogʻuli va bezabon qalbi bilan qalbimga tashrif buyur. Qayt doʻstim, oʻtgan kunlarning beqiyos kuchini, soʻnmas umidini, huzurbaxsh quvonchini olib kel! Va yana olamni zabt etishimizga yetadigan ishonchni ham! Qayt !!!”

Rus tilidan Tillaniso Eshboyeva tarjimasi

Hᴀʏᴏᴛɪᴍɪᴢ Cʜᴀʀᴏɢ‘ʙᴏɴɪ
H | Cʜ - Kᴜɴ Hɪᴋᴏʏᴀsɪ