June 21, 2020

#Kun_Hikoyasi Ossuriya shohi Asarxadon. Lev Tolstoy

Ossuriya shohi Asarxadon shoh Lailie mamlakatini bosib oldi, shahar-qishloqlarini beomon talab, yoppasiga o‘t qo‘ydi, aholisini qul qilib, mulkiga haydab keldi, qo‘shinini yakson etib, Lailiening o‘zini qafasga soldi.

Shoh Asarxadon kechasi xobxonada yotgancha, Lailieni qatl etish yo‘lini qidirar ekan, bexos shitir etgan ovozni eshitdi va ko‘zini ochib, ustida oppoq soqoli ko‘ksiga tushgan, ko‘zlari beozor boqib turgan bir cholni ko‘rdi.

– Lailieni qatl etmoqchimisan? – deb so‘radi chol.

– Ha, – deb javob berdi shoh, – shu topda uni qanday qatl etsam ekan, deb o‘ylab turgan edim, o‘zi-a.

– Lailie, axir, o‘zingsan-ku, – so‘z qotdi chol.

– Bekor gap, – dedi shoh, – men – menman, Lailie esa – Lailie.

– Lailie bilan sen asli bir odamsizlar, – dedi chol, – faqat sening ko‘zingga boshqa-boshqa bo‘lib ko‘rinyapsizlar, xolos.

– Ko‘zingga shunday ko‘rinyapti, xolos, deganing nimasi?! – dedi shoh. – Men, mana, parqu ko‘rpada huzur qilib yotibman, sodiq g‘ulomu joriyalarim amrimga muntazir, ertaga ham bugungidek do‘st-yorlar bilan yana kayf-safo qilaman, Lailie bo‘lsa, ana, tutqin qushga o‘xshab qafasda o‘tiribdi, ertaga qoziqqa o‘tqazilsa, tili og‘zidan osilib tushadi va tanasi og‘riqdan ming bor burishib-tirishadi, oxiri esa o‘ligi itlar oldiga tashlanib, tilka-pora qilinadi.

– Sen Lailieni hayotidan mahrum etolmaysan, – dedi chol qat’iyat bilan.

– O‘n to‘rt ming askarni halok qilganim va jasadlaridan qo‘rg‘on tiklaganim-chi? – dedi shoh. – Mana, men – borman, ular – yo‘q. Demak, Lailieni ham hayotidan mahrum eta olaman.

– O‘sha askarlar yo‘q ekanini sen qayoqdan bilasan?

– Agar ular bor bo‘lsa, nega ko‘zimga ko‘rinmaydi?! Xullasi kalom, ular azob tortdi, men esa huzur qildim, ularga yomon-u, menga yaxshi bo‘ldi.

– Buyam senga shunday tuyulyapti, xolos. Sen ularga emas, o‘zingga azob bergansan.

– O‘lay agar, gapingga tushungan bo‘lsam, – dedi shoh.

– Tushuntiraymi bo‘lmasa?

– Ha-da!

– Unda bu yoqqa kel, – dedi chol suvga limmo-lim kattakon jomni ko‘rsatib.

Shoh jom yoniga keldi.

– Ust-boshingni yech-da, unga tush.

Asarxadon chol aytgandek qildi.

– Ustingdan quya boshlashim hamono, – dedi chol qo‘lidagi cho‘michni suvga to‘ldirib, – darhol jomga boshingni tiq!

Chol uning boshi ustida cho‘michni engashtirdi, shoh ham shu ondayoq jomga bosh tiqdi.

U ana shu lahzadayoq o‘zini Asarxadon emas, boshqa odam deya his etdi. Va shuning barobarida o‘zini xobxonada go‘zal bir ayol bilan birga ko‘rdi. Bu ayolni u hech qachon ko‘rmagan emish-u, ammo o‘zining xotini ekanini bilarmish. Ayol tavoze-la o‘rnidan qo‘zg‘alar emish-da, “Aziz xojam Lailie, sen kecha saltanat ishlaridan horib-charchab, har kungidan uzoqroq uxlab qolding, men esa hech kim uyqungni buzmasin, deya tepangda qo‘riqchi bo‘lib o‘tirdim. Saroy a’yonlari devonxonada senga muntazir turibdi. Shohona libosingni ustingga il-da, ularning yoniga chiq”, deyar emish.

Asarxadon shu so‘zlardan o‘zining Lailie ekanini bilibdi-yu, ammo nega bunday bo‘lib qolganidan ajablanish o‘rniga, aksincha, nega o‘zining Lailie ekanini shu vaqtgacha bilmaganidan hayron bo‘libdi, o‘rnidan turib kiyinibdi-yu, vazir va mulozimlari ilhaq kutayotgan devonxonaga chiqibdi.

A’yonlar shoh Lailiega ikki bukilib ta’zim etibdi, so‘ngra uning ijozati bilan joylariga cho‘kibdi. Mulozimlardan eng ulug‘i, bu yog‘iga yovuz tojdor Asarxadon haqoratlariga chidab bo‘lmaydi, unga qarshi urush ochish kerak, deya shohga maslahat solibdi. Biroq Lailie keksa a’yon fikrini ma’qullamabdi va Asarxadon huzuriga elchi jo‘natib, uni insofga chaqirmoq kerak, deya qaror chiqaribdi-da, ahli mashvaratga ijozat beribdi. Shundan keyin eng boobro‘ zotlardan elchilar saylabdi va Asarxadonga borib aytajak gaplarini ipidan-ignasigacha quloqlariga quyibdi.

Shu ishlarni oyoqlatgach, Asarxadon o‘zini yana Lailie deya his etaroq arxar ovlagani toqqa chiqib ketibdi. Ov degani, o‘ziyam, baroridan kelibdi. U bir juft arxar otibdi va saroyga qaytib, do‘st-yorlari bilan bazmga sho‘ng‘ibdi, mashshoqlar nag‘masiyu raqqosalar raqsidan huzur olibdi.

Lailie ertasiga, odati bo‘yicha, arzgo‘ylar, sudlanuvchi va dovlashuvchilarni qabul etibdi – har bir ish o‘ziga munosib ajri oliy olibdi. Bu vazifani yakuniga yetkazib, yana xush ko‘rgan ermagi – shikorga ravona bo‘libdi. O‘sha kuni shohga qari ona sherni otib o‘ldirish va bir juft shervachchani o‘lja olish nasib etibdi. Shikordan so‘ng yana nag‘ma va raqslar bilan ko‘ngil yozib, do‘st-yorlar ila bazm quribdi-da, tunni suyukli xotini bilan xobxonasida o‘tkazibdi.

U Asarxadon huzuriga yuborilgan elchilarning qaytishini kutib, shu zaylda kunlar va haftalarni o‘tkazibdi. Elchilar bir oydan so‘ng­gina qaytibdi: ularning burun va quloqlari kesilgan emish.

Shoh Asarxadon elchilardan Lailiega shuni aytib yuboribdiki, agar u tez fursatda oltin, kumush va sarv og‘ochida katta o‘lpon to‘lamasa, shuningdek, o‘zi ham Asarxadon saroyida hozir bo‘lib, unga ta’zim bajo keltirmasa, elchilarni nima ko‘yga solgan bo‘lsa, Lailieni ham shu ko‘yga solar emish.

Ilgari Asarxadon bo‘lgan Lailie yana a’yonlarni to‘plabdi va bu yog‘iga qanday yo‘l tutish xususida mashvarat qilibdi. Vazir va mulozimlarning hammasi bilittifoq, Asarxadon bostirib kelmay turib o‘zimiz unga qarshi urush ochishimiz kerak, deya fikr bildiribdi. Shoh bu safar maslahatga rozi bo‘libdi va Asarxadon ustiga cherik tortibdi. Lashkar yetti kun yo‘l bosib, sakkizinchi kun deganda daryo yoqasidagi keng-mo‘l vodiyda dushman qo‘shini bilan to‘qnashibdi. Lailie lashkari mardona jang qilar va bu shoh qalbiga taskin berar emish-u, ammo Asarxadon qo‘shini tog‘dan mo‘r-malaxdek yopirilib tushib, butun vodiyni qoplab olgani va shu tariqa uning askarlarini tang ahvolga solib qo‘yganidan betoqat bo‘lar emish. U o‘z aravasida jang­gohning qoq o‘rtasiga otilibdi va sanchib-chopib boraveribdi. Ammo, taassufki, Lailie askarlari yuzlab bo‘lsa, Asarxadon jangchilari minglab emish. Lailie shu asnoda avval yaralangani, so‘ng asir olinganini payqabdi.

U barcha asirlar bilan birga, Asarxadon askarlari qurshovida, to‘qqiz kun qo‘li bog‘liq yo‘l bosibdi. O‘ninchi kun deganda uni Nineviyaga olib kelishib, qafasga bandi etishibdi.

Lailie ochlik va jarohatdan azob tortmas emish-u, lekin g‘animdan qasos olishga ojiz qolganidan uyat olovida qovrilar emish. “Bu vaziyatda qo‘limdan faqat bir ish keladi, u ham bo‘lsa – meni har qancha azoblashmasin, sira oh-voh qilmay, mardona chidab berish”, deya o‘z-­o‘ziga ont ichibdi shoh.

Lailie qatl soatini kutib yigirma kun qafasda o‘tiribdi. Boyoqish qarindosh-urug‘ va do‘st-birodarlarini qatl etgani olib ketishayotganini ko‘rib va ularning qatlgohdan kelayotgan dod-faryodini eshitib turar emish: jallodlar mahkumlardan birining oyoq va qo‘llarini chopsa, boshqasining tirikligicha terisini shilib olar emish-u, ammo bundan na behuzur bo‘lar, na achinish tuyar va na dahshatga tushar emish. Lailiening ko‘zi haram kanizaklari qo‘lini bog‘lab olib ketayotgan o‘z xotiniga tushibdi. “Shoh Asarxadonga joriya qilib berishmoqchi”, degan alamli o‘ydan yuragi uvishibdi uning. Ammo boyoqish bu isnodga ham tishini tishiga qo‘yib chidab beribdi.

Nihoyat, ikki jallod qafas eshigini ochib, uni tashqariga chiqaribdi-da, qo‘lini qayish bilan bog‘lab, qon halqob bo‘lib yotgan qatlgohga olib kelibdi. Lailie ro‘parasida qonga belangan o‘tkir qoziqni ko‘ribdi. Undan endigina sodiq bir do‘stining jasadini sug‘urib olgan ekanlar. Lailie anglab yetibdiki, bu qoziqni, hoynahoy, o‘zi uchun bo‘shatishgan.

Lailiening ustidan kiyimini yechib olishibdi. Shunda u bir vaqtlar kuch-quvvat yog‘ilib turgan ko‘rkam tanasi endi suyakka yopishgan qoq teri bo‘lib qolganidan qo‘rqib ketibdi. Ikki jallod abgor tanani oriq sonlaridan tutib azod ko‘taribdi va qoziqqa o‘tqazmoqchi bo‘libdi.

“Endi o‘lim meni domiga tortadi”, deb o‘ylabdi Lailie va har qanday azobga miq etmay chidab berish haqidagi ontini unutib, shafqat so‘rab dodlay boshlabdi. Lekin uning dod-faryodiga hech kim parvo qilmas emish.

“Axir, bunday bo‘lishi mumkin emas, – deb o‘ylabdi u talvasa ichida, – men, hoynahoy, uxlayotgan bo‘lsam kerak. Ha, bu – tush”. U shunday deya jon-jahdi bilan uyg‘onishga harakat qila ketibdi. “Axir, men Lailie emas, Asarxadonman”, deb o‘ylarmish u nuqul.

– Sen ham Lailie, ham Asarxadonsan. – U judayam olisdan kelayotgan ana shu sasni eshitar emish-u, ayni choqda, qatl boshlanayotganini ham sezib turar emish…

…Shu on u tomog‘i yorilgudek chinqirib yubordi-da, jonholatda boshini jomdan ko‘tardi. Bu payt chol uning ustidan cho‘mich tubidagi oxirgi suvni quymoqda edi.

– Azob shunchalik ham og‘ir bo‘ladimi! Shunchalik ham uzoqqa cho‘ziladimi! – dedi Asarxadon nafasi og‘ziga tiqilib.

– Shunchalik ham uzoqqa cho‘ziladimi, deysanmi? – taajjublandi chol. – Boshingni hozirgina suvga tiqding-u, darrov chiqarib olding; mana qara, hali cho‘michdagi suvning barini quyib bo‘lganim yo‘q. Hoynahoy, so‘zimning ma’nosini anglagandirsan endi?

Asarxadon churq etmadi, faqat cholga qo‘rqib qarab qo‘ydi, xolos.

– Endi anglagandirsan, – deya so‘zini takrorladi chol va bunday deb qo‘shib qo‘ydi: – Lailie sening o‘zing ekaningu sen qatl etgan askarlar ham o‘zing ekaningni. Nafaqat askarlar, sen shikorda otib o‘ldirgan va bazm dasturxoniga tortilgan jonivorlar ham sen o‘zing eding. Sen nuqul hayot mening dastimda deb kibrlanib yurarding, biroq men ko‘zingdan yolg‘on pardasini ko‘tardim va shunda ayon ko‘rdingki, sen o‘zgalarga yomonlik qilaman deb o‘zingga yomonlik qilibsan. Hayot barcha uchun yagona, sening hayoting esa shu yagona hayotning birgina zarrasi. Hayotning shu bir zarrasini yaxshiroq yoki yomonroq, uzunroq yoki qisqaroq qilishgina sening izmingda, xolos. Uni ham faqat bir yo‘l bilan yaxshiroq qila olasan: o‘z hayotingni o‘zgalarnikidan ajratib turgan to‘siqlarni buzib tashlaysan-da, barcha insonlaru jonivorlarni o‘zing deb bilasan – ularga muhabbat qo‘yasan. Hech zog‘ni hayotdan mahrum etish sening qo‘lingda emas. Sen joniga qasd qilganlar hayoti atigi ko‘zingdan panalandi, butkul yo‘qolgani yo‘q. Sen o‘z hayotingni uzaytirib, o‘zgalar hayotini qisqartirmoqchi bo‘lding, lekin, bilib qo‘y, bu muddaoga hech qachon yetolmaysan. Hayot uchun na zamon, na makon darkor. Bir soniyaligu bir asrlik hayot ham, sening hayotingu boshqa jonzotlar hayoti ham barobar. Hayotga barham berish yoki uni o‘zga izga solish ilojsiz, chunki u biru bordir. Qolgani esa sarobu ro‘yodir, xolos.

Chol shularni aytdi-yu, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.

Ertasiga shoh Asarxadon Lailie va boshqa hamma asirlarni ozod etishga farmon berdi – qatlni bekor qildi.

Indiniga o‘g‘li Ashurbanipalni huzuriga chorlab, podsholikni unga topshirdi, o‘zi esa avval bo‘lib o‘tmish ushbu voqea haqida obdon o‘ylab olish uchun sahroga chekindi, so‘ng shahar va qishloqlarni yayov kezib, hayot yagona ekani va kimki boshqalarga yomonlik tilasa, o‘ziga jabr etajagi haqida odamlarga pand so‘ylab yashab o‘tdi.

Matlubaxon RAHIMOVA

tarjimasi

Hᴀʏᴏᴛɪᴍɪᴢ Cʜᴀʀᴏɢ‘ʙᴏɴɪ
H | Cʜ - Kᴜɴ Hɪᴋᴏʏᴀsɪ