#Kun_Hikoyasi Bir do‘stimning bolasi. Krishan Chandar
Hᴀʏᴏᴛɪᴍɪᴢ Cʜᴀʀᴏɢ‘ʙᴏɴɪ
H | Cʜ - Kᴜɴ Hɪᴋᴏʏᴀsɪ
Uch yildan beri biror marta yozmagan bir do’stimdan tasodifan maktub oldim. «Hikoyalaringizni o’qib, – deb yozgan edi u, – sizdan ko’nglim sovidi. Sizni mashhur yozuvchi bo’lishga imkoningiz bor edi, lekin so’nggi paytlarda safsatago’y yozuvchiga aylandingiz. Hikoyalaringizda targ’ibot va befoyda pandu nasihatlardan o’zga hech narsa yo’q. Hikoyalaringizning boshini o’qib, oldindan uning qanday tugashini aytib berish mumkin. Sizning hikoyalaringiz o’quvchiga avvalgidek lazzat bag’ishlamaydi…»
Noma juda uzundan-uzoq edi. Eski so’zlaru yangi talablar. Mening do’stim martaba va mansabning shunchalik baland pog’onasida turardi-ki, uning pandu nasihati quloqqa juda ma’noli yetib borardi.
Do’stim juda boy odam edi, g’allafurushlik bozorida yuz minglab rupiyalar bilan o’ynashar edi. Paxta, sement, temir, qog’oz, motor, mashina, lab bo’yagich moy sotadiganlarning barchasi u bilan savdolashar edilar. Har qanday tovar uning qo’liga tushsa birdan ko’zdan yo’qolar va biroz vaqtdan so’ng o’z narxidan uch baravar qimmatga sotilar edi. Shuning uchun do’stimni hech qachon javobgarlikka tortolmaydilar, chunki javobgarlikka tortadigan kishilar ham uning foidasidan bahramand edi. Ya’ni, boshqacha qilib aytsak, do’stim g’allafurushlik bozorida ularning vijdon va vatando’stliklarini hazil bilan sotib olardi — yu boshqalarga sotib yuborardi.
Do’stim juda ehtiyotkor, uddaburon va chaqqon odam edi. Lekin bundan tashqari uning yana bir yaxshi xislati bor edi, u adabiyotni behad qadrlardi, nazmni yaxshi ko’rardi, juda ko’p hikoya va romanlar o’qirdi. Katta kutubxonasi bor edi. O’ziga yoqqan yozuvchini ta’riflay olar, agar shunday yozuvchi mehmoni bo’lsa juda xursand bo’lardi. Faqat shu sababdan men u maktubni olib juda g’amgin bo’ldim. Yozuvchi zoti borki, o’z asarini qimmatli deb biladi, maqtovdan shod bo’lsa, tanqiddan g’amgin bo’ladi. Shu o’rinda yozuvchi o’z mehnati evaziga sovg’a umid qiladigan boshqa odamlardan farq qilmaydi.
Noma kunduzgi soat to’rt pochtasi bilan keldi. Men uni bir o’qidim, ikki o’qidim, uchinchi marta ham o’qidim va oxiri uni cho’ntagimga solib uydan chiqdim. Bosh eggancha ketardimu xira fikrlar hamrohim edi. Noxostdan xayolimga do’stimning ma’shuqasi keldi.
Bir paytlar do’stim Bombayda yashar edi. To’ti, mayna, maymun boqishni xush ko’rgan do’stimning qaramog’ida ma’shuqasi ham bor edi. Ma’shuqasi kulgichi bor qiz bo’lib, ikkita xizmatkori bilan chiroyli uyda istiqomat qilardi. Uy kreslo, divan, radio bilan jihozlangan, uning oldingi egasi uyning hamma xarajatlarni qoplar va qizni Gulbonu deb atardi, lekin uning asl ismi boshqa edi. U meni do’stimning qaramog’iga tushganidan so’ng do’stim unga yangi Rompari degan ism berdi. Qiz g’oyat sodda bo’lib, o’zini pulga sotib olgan erkaklardan ishq va muhabbat talab qilardi. Ammo, uning birinchi xo’jayini pul berar edi-yu, muhabbat bermasdi. Axir, u bechora o’zida yo’q narsani qanday qilib bera olardi? Do’stimning yuragida ham muhabbatdan nishon yo’q edi. Ammo u g’allafurushlik bozorida mavjud savdo tartiblaridan kelib chiqib ishqiy ishlarida ham ma’lum qonun-qoidalar o’rnatgan edi. U Gulbonuning, ya’ni Romparining ishonuvchanligidan foydalanib, qizning etagini puch yong’oqlar bilan to’ldirardi. Do’stim Romparini shunaqangi mohirlik bilan aldar edi-ki, qiz o’z istaklarini unutib, ishqiy qo’shiqlar kuylashga kirishib ketdi. Ko’p o’tmay Romparining uyida farzand dunyoga keldi va u aynan otasiga o’xshardi – o’sha katta ko’zlar, jilodor sochlar, o’sha qalin lablar. Do’stim o’g’lini juda yaxshi ko’rar, lekin bola tug’ilganidan so’ng Romparining badani oldingi latofatini yo’qotgandek do’stimga avvalgi zavqini berolmasdi. Undan tashqari o’sha paytlar do’stimning fikru xayolini Dehlida qurishni rejalashtirgan ulkan qand zavodi loyihasi egallab olgan edi. Oxiri, o’g’lining bir yoshga to’lganidan bir necha oy o’tib do’stim Bombaydan ketdi-yu ketganidan na Romparini, na meni va na boshqa biror kishini xabardor qilmadi. Bozorga chiqib birdaniga yuqoladigan tovarga o’xshab, u ham birdaniga yo’q bo’ldi-qoldi. Mana endi oradan uch yil o’tgandan so’ng maktubi keldi va uning mahbubasi xayolimga kelib, o’ylanib qoldim: «Nega men u bechora xotinning holidan xabar olmasligim, ish-yumushini bilmasligim kerak? Oradan shuncha vaqt o’tib, uning ahvolidan batamom bexabarman.»
Men poezd bilan shahar yaqinidagi Bandaraga yetib Romparining uyi tomon yo’l olganimda soat olti bo’lib, ko’chalarda chiroq yona boshlagandi. Rompari birinchi qavatida yashaydigan uy torko’chaning oxirida joylashgan edi. Zinadan ko’tarilib eshikni taqillatdim. Eshik ortidan qari xizmatkor boshini chiqarib qaradi. U mijja qoqib bir lahza tikildi-da, oxiri meni tanib, tabassum bilan so’radi:
– Sath-ji (1) keldilarmi?
– Yo’q, men bir o’zimman, — javob berdim men.
– Kiring, kiring, — dedi u va eshikni kata ochib menga yo’l berdi, — kiring, marhamat.
– Boy-ji (2) qaerda? – so’radim men uyga kirib.
– Ketganlar.
Xizmatkor menga hayron bo’lib qaradi, uning nigohida: «Nahotki, Boy-ji har kecha shu paytda uydan ketadi-yu shu bilan ertalab qaytishini bilmasdingiz. Shu paytgacha Sath-ji bilan birga kelganingizda uning yashash tarzi shunaqaligini nahotki payqamagansiz. Bilib turib, nega bunaqa savol berasiz?» — degan savol aks etardi.
Divanga o’tirdim. O’sha tanish divanu o’sha tanish uy, o’sha guldon, radio va kino jurnallari va kuldonda o’sha chala tortilgan sigaret. Mehmonxonadan yotoq ko’rinadi, kravat yuzida ko’k ko’ylak, uning oldida yog’ochdan yasalgan qovun. Uyni bir ko’zdan kechirib rasmiy savol berdim:
– Xo’sh Rambharosa, ishlar qalay?
Xizmatkor tez nazar tashlab dedi:
– Mening ismim endi Rambharosa emas, sohib. Ismim Jon bo’lgan.
– Jon?!
– Ha, endi Boy-jining ham ismi Rompari emas. Endi uni miss (3) Sofi deb atashadi.
– Nega?
Xizmatkor tabassum bilan kir tishlarini ko’rsatib javob berdi:
– Bu uyning egasi bir savdogar odam. Dini va mazhabi nasroniy. Ismi – Sath Braganza. Bu narsalarning hammasi uniki. U juda boy odam.
– O’h — ho’! – dedim men.
Og’zimni suvini shimib yashaydigan ko’cham bir vaqtlar Akbar-roud deb atalganini, keyin uning ismi Sarjon Maklin-roud bo’lganini, hozir esa Bhaungilol Chaungilol-roud (4) ekanligini esladim. Xo’jayin boshqa bo’lsa uning qo’l ostidagilar ham o’zgaradi, ammo qul qulligicha qoladi.
– Choy ichasizmi? – so’radi Jon.
Men javob bermadim.
– Balki biror sovuq narsa icharsiz?
– Yo’q, — javob berdim men.
– Unga puding (5) ber! — dedi birdan taxminan to’rt yashar bir yigitcha. Men uni birdan tanidim — o’sha sariq sochlar, keng peshona, katta ko’zlar, qalin lablar.
Do’stimning o’g’li malla shimcha va och qizil rangli ko’ylak kiygan edi. Uni tizzamga o’tqazib, erkalatdim.
– Siz oyimning do’stimisiz? – juda havas bilan so’radi bolakay.
Men anchagaina qiynalib:
– Ha, — dedim.
Boshqa nima ham deya olardim?
– Oyim uyda yo’qlar, — dedi u. – Kechqurunlari oyim uyda bo’lmaydilar.
– Qaerda bo’ladi? – muloyimlik bilan so’radim men.
– Ishlaydilar, — javob berdi u go’daklarning shirin tilida. – Ertalab qaytadilar.
Birozdan so’ng u:
– Rasm tomosha qilamizmi? – deb taklif qildi.
– Bo’pti, tomosha qilamiz.
U mening tizzamdan sakrab tushdi-yu yotoqxonadan «Tayms of India»ning bir yillik ilovasini olib keldi va boshqatdan mening tizzamga o’tirdi. Keyin nimanidir ko’ngliga keltirib tizzamdan shart tushib so’radi:
– Sigaret chekasizmi?
– Yo’q, — dedim men.
– Mening oyim sigaret chekadilar, qutisini ko’rsataymi?
U sigaret qutisini keltirish uchun ketmoqchi edi, lekin men uni to’xtatdim.
– Kerak emas, yaxshisi bu yerga kel, rasm tomosha qilamiz.
Bolakay rangli e’lonlar sahifasini ochdi. Birinchi ko’rgan narsamiz soat sotadigan magazinlar e’loni edi.
– Bu soat, — dedi u. – Juda yaxshi soatlar. Sizga qaysi yoqdi?
Men eng mayda soatni ko’rsatib:
– Mana bunisi, — dedim.
– Bu ayollarning soati-ku, — dedi bolakay. – Ana o’g’il bolalarniki… kattasi…
– Yaxshi, men senga shunaqasini sovg’a qilaman.
Bola xursand bo’lib kuldi. Keyingi betda yuz-bosh ziynatlari tovarlarining e’lonlari bor edi. U yuz moyini ko’rsatib:
– Oyimga bunisi yoqadi, bunisi ham. Oyimga mana bu yuz moyi va mana bu atirdan sovg’a qiling. Mana bu lab bo’yagich moyini ham, — dedi.
– Yaxshi, sovg’a qilaman.
Boshqa betni ochdik. Qog’oz e’lonlari. Kanada qog’ozi. Rasmda juda ko’p daraxtzorlar, baland-baland daraxtlar tasvirlangan.
– Bu nima? – so’radim men bolakaydan.
– Bu changalzor. Bu changalzorda Tarzan yashaydi. U qo’lini karnay qilib mushukday baqiradi. Ha-ha-ha! Men Tarzanni kinoda ko’rganman. Kinoga meni oyim olib borgan edilar. Biz bilan ankl (6) ham ketgan edi.
– Ankling kim?
– Voy! Siz anklni tanimaysizmi? Uning qalin mo’ylovi va qip–qizil ko’zlari bor. Men undan juda qo’rqaman. Bir kecha ankl bizning uyda uxlagan edi…
Men hayiqib sahifalarni qaytara boshladim va «Orintal layn» kema yurgizuvchi muassasa e’lonlariga qaradim.
– Bu kema, — dedi bolakay. – Astimar!..(7). Astimar!… Siz Astimarni bilasizmi?
– Ha, bilaman, — dedim men yengil tortib.
– Menga sovg’a qiling! Menga xudi shunaqa kema kerak. Shunaqa katta va oq rangdagisi.
– Yaxshi, sovg’a qilaman.
– Siz uni qaerdan olasiz?
– Bozordan sotib olaman.
– Yaxshi, lekin daryoniyam olib keling.
– Daryoniyam olib kelaman.
– Daryoni qayerdan olasiz? Daryoniyam bozorda sotishadimi?
– Yo’q, daryo Bandar-Xel yaqinida bor. Men u yerga boramanu asta daryoga yaqinlashib bo’yniga arqon solaman va bu yerga olib kelaman.
– Arqon bilanmi? — dedi u shodlanib. – Otga o’xshabmi? Unday bo’lsa men ham siz bilan boraman.
– Yaxshi, birga boramiz, — dedim men rozi bo’lib va boshqa betni ochdim. Ana avtoruchkalar e’loni. Ikkita avtoruchka: biri ingichka, boshqasi yo’g’onroq.
– Sizga qaysi yoqib qoldi? – so’radi bolakay.
– Yo’g’oni.
– Nega?
– Yo’g’oni so’zlarni aniq-ravshan yozadi..
– Yo’q, menga ingichkasi yoqdi!
– Yaxshi, senga ingichkasini olamiz.
– Bo’pti…
– Davomini ko’ramiz.
Endi suhbatimiz harbiylar haqida ketar edi. Rasmda bir soldat nog’ora chalardi.
– Bu kim? – so’radim men.
– Bu menman! Nog’ora chalayapman.
Boshqa betda bir odam suv to’la chelakni ko’tarib ketardi. Bolakay:
– Bu xizmatkorimiz, — dedi.
Keyin u tezlik bilan boshqa betni ochdi. Unda viski (8) e’lonlari bor edi.
– Ha! — deb xitob qildi u. – Bu bir shisha brendi (9). Oyim brendi ichadi.
U boshini mag’rurlik bilan ko’tarib so’radi:
– Siz brendi ichasizmi? Olib kelaymi? Ana kravat tagida turibdi?
– Yo’q, men brendi ichmayman. U juda achchiq.
Bolakay g’amginona bosh silkitib rozi bo’ldi.
– Menam achchiq narsani yaxshi ko’rmayman. Ana qarang, oyog’imda kichkina jarohat bor, ko’rdingizmi?
U yod surtilgan kichkina jarohatini ko’rsatdi.
– Og’riydi. Oyim unga achchiq dorilar qo’yadilar.
– Achchiq dori? – hayratlanib so’radim men.
– Ha. Oyim mening jarohatimga achchiq dori qo’yadilar. Shuning uchun oyog’im og’riydi. Men shirin dori qo’yishlarini xohlar edim!
– Men senga shunaqa dori olib kelaman.
Bolakay ingichka qo’llarini bo’ynimga zanjir qilib yuzini yuzimga qo’ydi da:
– Albatta olib keling! Va’da berasizmi? – dedi.
– Va’da beraman.
– Bo’pti… Hozir men sizga bir yaxshi narsa ko’rsataman… Ko’zlaringizni yuming!
Men ko’zimni yumdim.
– Ko’zlaringizni ochmang, o’ldiraman!
Shularni aytib u yotoqxonaga kirib ketdi. U yerdan ikkita bolalar to’pponchasini olib chiqdi-da, keyin ularni menga to’g’rilab oldimga keldi.
U to’pponchalarning tepgichini bosib qattiq baqirdi:
– Paq! Paq!
Keyin to’pponchalarni shimining cho’ntaklariga soldi va qo’lini chakkasiga olib borib harbiylarcha salom berdi. Men ham qo’limni chakkaga olib bordim.
Keyin u:
– Kabutarlarimni ko’rayapsizmi? – dedi.
– Qani, qaerda ular?
– Kabutarxonada uxlayapti. Oyim kechqurun uxlamaydilar, ammo kunduzi uxlaydilar. Mening kabutarlarim esa kunduzi sayr qilishadi-yu kechqurun uxlashadi. Biri sohib, ikkinchisi mem-sohib (10) .
– Qaysi biri mem-sohib?
– Ko’ksini mana bunday oldinga chiqarib yuradigani mem-sohib. Bir marta uning dumidan bir nechta mayda ko’k tuxumlar tushgandi. Bittasini qo’llarim bilan majaqlagan edim, oyim meni urdilar. Oyim doim ko’p brendi ichsalar meni qattiq uradilar. Oyog’imdagi jarohat ham shundan… Ammo, urgandan so’ng oyim juda mehrubon bo’ladilar. Menga shokolad olib beradilar. Bir kuni oyim meni juda qattiq urdilar…
– Nega u seni urdi?
– Hech kimga akytmaysizmi?
– Aytmayman.
– Men pasko’chada o’ynayotgan edim. U yerda kiyim yuvgich erkakning o’g’li ham bor edi (11). U yalang’och bo’lib yuradi, butun tanasi qora…
– To’g’ri, to’g’ri, — men tasdiqladim.
– Men u bilan o’ynayotib, uning shishadan yasalgan to’pchasini oldim. U «Bu mening koptokcham» — dedi. Men to’pchani bermadim. Keyin u meni «Sen fohishaning o’g’lisan! Fohishanin o’g’li» — deb
masxara qila boshladi. Men yig’lab uyga keldim. O’sha kuni oyim meni rosa qattiq urdilar, lekin «fohishaning o’g’li» nima ekanligini aytmadilar. Balki siz bilarsiz, qanday odamlarni fohisha deyishlarini?
Savoliga javob berolmadim. Tilim go’yo halqumimga yopishgandek edi. Ammo bolakayning miyasida fikr o’z ishini davom ettirardi. Uning qalin lablari osilib qoldi. Aftidan hozir yig’lab yuboradiganga o’xshar edi. Ammo, u xayol surib:
– Mening oyim yaxshilar. U kishi fohisha emaslar. Ehtimol otam fohishadir. Uyimizga hech kelmaydi. Shubhasiz, u fohisha. Oyim «u uyimizga hech qachon qaytmaydi» — deydilar. Nimaga bunday bo’lishi mumkin? – ko’zlarimga qarab mendan so’radi.
Men shoshilib yuzimni burgancha «Tayms of India»ni varaqlay boshladim. E’lonning bir betida chiroyli bolaning kulib turgani tasvirlangan edi.
Unga qarab do’stimning o’g’li:
– Men uning boshini kesaman! — dedi.
– Nega?
– Kesaman, vassalom.
– Nima uchun axir? – qaytadan so’radim men.
– U… U… nima uchun menga qarab kuladi? — Bolakay shivirlab gapirayotgan bo’lsa-da, ovozida behad qattiq adovat hissi aks etib turardi. – U faqat menga qarab kuladi. «Ha-ha-ha! Ha-ha-ha!» deb kulaveradi.
Bolakay shiddat bilan qo’lidagi pichoqchani ishlatib rasmning ikki-uch joyini kesib tashladi. Rasmdagi kulib turgan bolaning yuzi bo’lak-bo’lak bo’ldi.
Men «Tayms of India»ni yopib stolga qo’ydim va bolakayni tizzamdan tushirdim. Uning qo’lida pichoq bor edi. U menga hayron bo’lib qarardi.
Men xizmatkorni chaqirdim:
– Rambharosa!… E!… Jon! Jon!
– Janob, nima buyurasiz?
– Uka, men endi ketayapman.
– Yaxshi, ji. Boy–jiga nima deb aytay?
Xayolimga Fayzning (12) quyidagi satrlari keldi:
Tezda yopgil ochiq eshiklaringni –
Oldingga kelmasin, boshqa hech kimsa!
– Nima deb aytay deysanmi? — past ovoz bilan so’radim men. – «Hech kim kelmadi» — deb aytgin.
Qo’lida haligacha pichoq ushlab turgan bolakayning boshini siladim. Noxostdan pichoq qo’lidan tushdi-yu o’zini divanga tashlab bo’g’riqib yig’lay boshldi.
– Oyi!… Oyi!… — derdi u. – Oyimning oldlariga boraman!…
… Men qanaqa hikoya yozay, do’stim – ko’ngil xushlaydigan, shodon va lazzatli tunlar haqidagi hikoyami? Yoki men hozirdan bo’ynida dor halqasini ko’rayotgan mana bu bolakay haqidami? Hozirdan kulib turgan bolaning boshini kesgan farzand haqidami?
Ha, do’stim, men yaxshi bilaman, siz bir qadah kon`yak yoki xizmatkor qizning qo’shig’idan oladigan lazzatingiz bu hikoyada yo’q. Ammo, nailoj? G’allafurushlik bozorida siz mening mamlakatimni sotasiz, haq ish uchun halok bo’lgan siyosiy mazlumlar sharafi, singillarimiz nomusini sotasizu bu qora ishlaringizdan qand zavodini foyda qilasiz, men o’z asarlarimni sizning bozoringizda savdoga qo’ymaganman.
Men gapsotarlik qilib, sizning hayotingizga sharbat quyib, uni shirin qilishni eplay olardim. Ammo, men hech qachon bu ishni qilmayman, zero mening ko’z o’ngimda sizning o’g’lingiz turibdi va mening hikoyam o’g’lingizning yangi hayoti uchun kurashadi.
IZOHLAR
1. Sath-ji – xo’jayin ma’nosida kelmoqda
2. Boy-ji – xonim ma’nosida kelmoqda
3. Miss – xonim (inglizcha)
4. Roud – yo’l, ko’cha (inglizcha)
5. Puding – un, guruch yo boshqa yorma mahsulotlaridan pishiriladigan taom turi
6. Ankl – amaki (inglizcha)
7. Kema
8. Viski – ko’kartirilgan arpa unidan tayyorlanadigan sharob bo’lib, ko’proq Angliya va AQSH da ishlab chiqariladi
9. Brendi – uzumdan tayyorlanadigan sharobning bir turi
10. Mem-sohib – xo’jayinning xotini, xonim
11. Hindistonda erkaklar kiyim yuvadilar.
12. Mashhur Pokiston shoiri Fayz Ahmad Fayz nazarda tutilgan.
Shahzod Kenjaev tarjimasi