March 23, 2020

"Ot kishnagan oqshom" asariga "Bookvamp"chilar taqrizlari

Nodirabegim Toshaliyevaning yozgan taqrizlari

"Ot kishnagan oqshom"ning chaqnoq yulduzlari
5 марта 2020 от Nodira
“Adabiyotimizda shunday bir nochor ahvol borki, dunyoga chiqish uchun uchqunlanayotgan yozuvchilarni eʼtiborga olmaymiz. Talantli yozuvchilar hech kimni oldiga arz qilib bormaydi, hech narsa soʻramaydi, oʻz istedodiga ishonib yozaveradi. Yozgan narsalari dunyo u yoqda tursin, xalqimizga ham durustroq yetib kelmaydi. Mana shu Tog’ay Murodning asaralari. Oʻzbek tilidagi goʻzal oʻxshatishlarni, milliylikni adabiyotga olib kirdi. Olib kirganda ham tumtoq shaklda emas, goʻzal bir bezaklar bilan olib kirdi. Afsus, biz shu narsaning qadriga yetolmadik”
Xolmuhammad Karim.
Oʻzbek adabiyotiga oʻzing oʻzgacha tasvir mahorati bilan kirib kelgan, oʻzgacha uslubni yarata olgan kichik jussasiga katta yukni olgan beqiyos ijodkor Togʻay Murod asarlari bugungi davr oʻzbek nasrining benazir asarlari sirasiga kiradi.
"Ot kishnagan oqshom" (1979-yil) dastavval "Yoshlik" jurnalida chop etilgan. Koʻplab bahslarga sabab boʻlgan ushbu asar qahramoni yonimizda yurgan oddiy bir inson. Ammo unda yuksak qalb yashaydi. Eʼtibor beringga, u anchayin jasoratli! Bir bechorani kaltaklagan kissavurlarni adolat qoʻliga topshiradi. Buni qarangki, bizning xalqimiz "Och qornim - tinch qulogʻim" deydiganlardan. Ziyodulla chavandozning shuncha harakati besamar ketdi.
Togʻay Murodning oʻz tili bor, oʻz ifori bor, takrorlanmas xalqona ohanggi bor: "Birodarlar mashina deganlari temir! Joni yoʻq! Joni yoʻq temir odamga el boʻlmaydi! Temirning yuragi yoʻqda! Ot odamga el boʻladi! Boisi, otning joni bor, yuragi bor-da" Togʻay Murodning asarlaridan ilk bahor adrining, keng lolazorlarning, loyshuvoq tomlarning, issiq zogʻora nonlarning isi keladi negadir. Qissalari haqida eng goʻzal iqtibos muallifning oʻzidan:
Bu qissalar ne bir kunlarni ko‘rmadi! Zoti nomard bo‘ldi, ushbu qissalar yoqasidan oldi. Og‘zi buzuq bo‘ldi, ushbu qissalarga tupugini sochdi. Qo‘li nopok bo‘ldi, ushbu qissalardan butun-butun boblarni o‘chirib tashladi.Oqibat, ushbu qissalar o‘z vaqtida pati yulinmish tovuq misol chop etildi. Alqissa dorilomon kunlar keldi. «Ot kishnagan oq­shom»dagi Ziyodulla chavandozchasiga aytar bo‘lsak... uloq Tog‘ay Murodda ketdi!

Romanda muxbir Rixsiyev vositasida insonning insonligi muhim emasligi, uning isteʼdodi hech narsaga arzimasligi bu shafqatsiz jamiyatda kishining unvoni, ikki pulga qimmat "qogʻozlari" insonning oʻzidan aziziligi ochib berilgan. Ziyodulla chavandoz tilidan oʻsha davr ijtimoiy-siyosiy muammolari, butun dunyoga ibrat qilib koʻrsatsa boʻladigan insoniylik kuylanadi. Oddiy avom xalqning nochor ahvoli, rahbarlarning ularni nazar-pisand qilmasligi, inson oʻrnida koʻrmasligi ishonarli tarzda ochib berilgan. Kitobda oddiy insonlarning his tuygʻulari, gʻururi yerda yotgan xazon kabi oyoqosti qilinadi. Romanning oʻziga xos jihati shundaki, oʻsha davrda yaratilgan, mafkura uchun xizmat qilgan "mavsumiy" asarlar kabi "sovet kishisi"ni alqab chiqmaydi, oʻsha davrda yozilgan kitoblar singari "umidbaxsh sadolar bilan" tugamaydi.
Roman soʻnggida insonlardan cheksiz shafqatsizlik, pastkashlik, adolatsizlik, nomardlik koʻrgan Ziyodulla chavandoz tabiat gultoji - insondan emas, bir hayvondan yaxshilik koʻradi, undan yordam tilaydi... Tilsiz, zabonsiz, ongsiz mavjudot doʻstining hayotini saqlab qoladi. Eng goʻzali ham eng fojeasi ham shunda...
Asardan parcha:
Ayo Tarlon, sen mening ukamsan, ukam. Boʻldi, men endi ularni ukam demayman. Mening ukam sensan. Sen mening ukamsan, Tarlon. Oʻzim menga oʻxshaysan, Tarlon, menga... Ukasi akasiga oʻxshaydi-da, Tarlon... 
Tarlon ukam-ov, endi nima qilamiz? Endi, bola-chaqaga borib nima deymiz? El soʻrasa nima deymiz.. 
Ayo Tarlon, sen mening jiyanimsan, jiyanim. Boʻldi, men endi ularni jiyanim demayman. Mening jiyanim sensan, Tarlon. Sen menga tortding, Tarlon. Jiyan togʻasiga tortmasa, kimga tortadi, Tarlon... 
Tarlon jiyanim-ov, yo yoʻlda yiqildik, deymizmi? Koʻzlaring bor edi-ku, desalar-chi? Ariq loy ekan toyib ketdik, deymiz. Binoyimi, Tarlon jiyanim? Boʻlmasa, elga ermak, xalqqa shaloq boʻlamiz.. 
Ayo Tarlon, sen mening akamsan, akam. 
Boʻldi, man endi ularni akam demayman. Mening akam sensan, Tarlon. Uka desa degulik, mendayin ukang bor, aka desa degulik, sendayin akam bor, nima gʻamim bor, Tarlon... 
Ayo Tarlon, sen mening birodarimsan, birodarim. 
Boʻldi, men endi ularni birodarim demayman. Mening birodarim sensan, Tarlon... 
Ayo Tarlon, sen mening qiyomatlik birodarimsan, qiyomatlik birodarim..

-----

Sanobarxon Jamolovaning taqrizlari

#taqriz
''Yulduzlar mangu yonadi '', ''Bu dunyoda o'lib bo'lmaydi'', ''Oydinda yurgan odamlar '' qissalari ''Otamdan qolgan dalalar '' romani muallifi Tog'ay Murod o'zbek adabiyotiga xalqona ohanglarni, milliy ruhni qaytargan yozuvchilardandir. Uning asarlari qahramonlari biz bilan birga yashaydigan oddiy qishloq kishilari. Xuddi shunday asarlaridan biri ''Ot kishnagan oqshom'' qissasidir. Qissa 1979- yilda yozilgan. '' Yoshlik'' jurnalida e'lon qilingan.
Asarda Ziyodulla chavandoz hayoti hikoya qilinadi. U 5-sinfligidayoq maktabni tashlaydi. Keyinchalik otlarga qiziqadi. O'zi ham ot sotib olib unga alohida mehr beradi, parvarishlaydi. Ziyodulla chavandoz ko'pkarilarda birin ketin g'olib bo'ladi. Lekin bir janjal sabab hayoti alg'ov -dalg'ov bo'lib ketadi.
Qissada ba'zi insonlarning adolatsizliklarga jim qarab turishi, sen menga tegma, men senga tegmayman qabilida yashashi, ularning ma'naviy jihatdan tubanligi va sodda qishloq aholisining og'ir qismati, katta kichik rahbarlarning ularga bepisand munosabati, odamlardagi pokiza tuyg'ularning toptalishi kuppa-kinduz kuni bo'layotgan adolatsizliklar tasvirlangan. Asar so'ngida inson bolalaridan cheksiz adolatsizliklar, insofsizliklar, nomardliklar, azob va vahshiyliklar ko'rgan Ziyodulla chavandoz o'zining vafodor, sodiq do'sti- otidan najot tilaydi. Aqlli, o'zicha madaniyatli kimsalar uni urib o'ldirmoqchi bo'lishsalar, til, zaboni yo'q, ongsiz bir hayvon -ot uni o'limdan saqlab qoladi. '' Ayo Tarlon, sen mening qiyomatlik birodarimsan, birodarim.
Bo'ldi men ularni birodarim demayman. Mening birodarim sensan, Tarlon.
Ayo Tarlon sen mening qiyomatlik birodarimsan, qiyomatlik birodarim...''
Qissada Risxiyev, Qatron kal obrazlari orqali o'sha davrda ko'kka ko'tarilib maqtalgan sovet kishisiga xos illatlar ishonarli tarzda ochib berilgan. Ziyodulla va Risxiyevning suhbatidan Risxiyev uchun inson qadri sariq chaqaga arzimas ekanini bilib olish mumkin. Xuddi shunday obrazlar choyxonachi Sattorov, bariqpaz Shukurov uchun ham insonlar taqdiri xaschalik ahamiyatga ega emas. Ko'z o'ngida bo'layotgan nohaqliklarning ular uchun qizig'i yo'q. Ular sen menga tegma, men senga tegmayman deb yashaydiganlar xilidan.
Adib asarda insonlardagi loqaydlikni, bo'layotgan voqealarga bepisandlikni, haqiqatning yopiq qolib ketaverishini,uzoq tarixga ega bo'lgan urf- odat, an'analarimizni eskilik sarqitiga chiqarib yuborishayotganini ayovsiz fosh etgan.
''Birodarlar biz hamisha adolat deymiz. Tildan qo'ymaymiz. Adolatsizlikni ko'rib xunibiyron bo'lamiz. Hayotdan, taqdirdan noliymiz. Adolat yo'q, adolat osmonda deymiz.
Yo'q birodarlar, adolat yerda! ayoqlarimiz ostida! Adolat tuproqqa qorishib yotibdi! Adolatni kim bunday xor qilyapti? Biz -o'zimiz!
Adolat jafo chekayotganda qochamiz! Adolatdan yuz o'giramiz! Ko'rib -ko'rmaslikka olamiz!''
Bu Nafaqat Ziyodulla chavandozning birodarlariga balki Tog'ay Murodning xalqimizga aytgan so'zlari edi. Bu asar sabab uning boshiga ne kunlar tushmagan. Qissaning butun butun boblari olib tashlangan holda ham chop etilgan. Ammo haqiqat haqiqatligicha qoldi. Asar dorilomon kunlarga yetdi. Tog'ay Murod tili bilan aytganda uloq o'zining qo'lida ketdi.
Xulosa o'rnida ''Asrni qaritgan kun'' asaridan ushbu parchani keltirmoqchiman.
''Hamonki biz hali o'z-o'zimizga nuqsonlarimizni ochiq ayta olar ekanmiz, demak, bizda kelajagimizni ta'minlay oladigan qudrat bor. '' Ha ustoz adibimiz bizga qilingan xatolarni ko'rsatib berdi.
Qalbimizda vatanga muhabbat, mehr- oqibat tuyg'ularini yanada mustahkamlash uchun ham asarni o'qishimiz darkor!
Asarni o'qib chiqishni tavsiya qilaman.

-----

Shohjahon Hamrayevning taqrizlari

"Ot kishnagan oqshom" asariga taqriz.

Togʻay Murod 1948-yilda Surxondaryo viloyati Denov tumani Xoʻjasoat qishlogʻida tavallud topgan. Oʻzining xalqchil asarlari bilan oʻzbek kitobxonlari qalbidan munosib oʻrin oldi. Uning ayniqsa "Otamdan qolgan dalalar", "Bu dunyoda oʻlib boʻlmaydi", "Oydinda yurgan odamlar", "Yulduzlar mangu yonadi" asarlari milliy adabiyotimiz tarixida oʻziga xos voqea boʻldi. "Ot kishnagan oqshom" asari1979-yilda yozilgan boʻlib, unda chavandozlar haqida hikoya qilinadi. Asarimiz qahramoni Ziyodulla chavandoz-oddiy bir choʻpon. Oti-Tarlon bilan orasidagi munosabat esa ogʻa-ini qatori. Bu qissa bilan muallif inson va ot tasvirida tabiat bilan boʻlgan ifodani ilgari surgan. Ziyodulla oʻziga berilgan "kal" laqabini chavandozlik mehnati bilan yaxshi nomga aylantirdi.
Qahramonlar Rixsiyev, Rahmon, Joʻra bobo, Odina chavandoz, Qatron kal kabi obrazlarda asar yanada jozibali koʻringan. Shuningdek, goʻsht topshirish rejasini amaldagi muddatdan oldin bajarish uchun otlarni goʻshtga topshirish,Rahmon bilan oradalarida yuz bergan jinoyatchilik oqibatida qamalgan oʻsmirlar, sobiq shoʻrolar davlatining muammolari aks etgan.
"Ayo Tarlon, sen mening akamsan, akam. Boʻldi, men endi ularni akam demayman. Mening akam sensan, Tarlon. Uka desa degulik, mendayin ukangbor, aka desa degulik, sendayin akam bor, nima gʻamim bor, Tarlon...
Ayo Tarlon, sen mening birodarimsan, birodarim.
Boʻldi, men endi ularni birodarim demayman. Mening birodarim sensan, Tarlon...
Ayo Tarlon, sen mening birodarim, qiyomatlik birodarimsan" soʻzlari orqali Ziyodulla va Tarlonning qanchalar qadrdon ekanligini tushunib yetamiz. Shuningdek, qissada koʻpkarini illat deb hisoblovchi Qatron kal obrazida esa maʼnaviy jihatdan tuban kimsa tasvirlangan. Rixsiyev shaxsi orqali esa urf-odatlardan uzoqlashgan, dunyodan xabardor lekin atrofidagi voqealarga beparvo inson fojeasi ochib berilgan. Ziyodulla unga oʻlim haqligini uqtirib oʻtadi.
Asarni oʻqir ekanmiz baʼzida Ziyodullaning ham yosh boladay begʻubor qalbiga guvoh boʻlamiz. Ayniqsa uni ortiga qaytargan bola misolida.
Asarda Togʻay Murod soʻzlarni, shevaga xos uslubni mahorat bilan ifodalaganki bular qissaga oʻzgacha ruh olib kirgan.
Uning barcha asarlari sevimli va oʻqishli. Biz Togʻay Murod asarlari orqali kattaga hurmat, kichikka izzatni, urf-odat, udumlarga munosabatni, oddiy qahramonlar orqali esa oʻzbek qiyofasini chizgilarini koʻramiz. Barchangizga uning asarlarini oʻqishni tavsiya qilaman

-----

Yana qo‘shilishi mumkin.