#Kun_Hikoyasi Ayol qalbi. Hadaya Sulton As-Salim
Hᴀʏᴏᴛɪᴍɪᴢ Cʜᴀʀᴏɢ‘ʙᴏɴɪ
H | Cʜ - Kᴜɴ Hɪᴋᴏʏᴀsɪ
Men azoblarimni hech kimga bildirmayman. Mening yig‘lashim mumkin emas, chunki ko‘z yoshlarim mening qasamimni buzishga majbur qilishi mumkin. Faqat tunda, yolg‘iz qolganimda, yostiqqa yuzimni bosib, to‘yib-to‘yib yig‘lardim. Odamlar ko‘ziga esa men o‘zimni quvnoq va xushchaqchaq qilib ko‘rsatishim kerak, yuzimdan tabassum arimasligi kerak.
Umidlardan xoli hayot, faqat azob-uqubatlardan iborat kunlar qanchalik befayz bo‘lishini bilsang edi!
Sen esa, dugonajon, yana mendan baxtlimisan, deb so‘raysan. Boshimga tushgan g‘amlardan senga loaqal bittasini ham ravo ko‘rmas edim. Men doim qo‘rquvda yashayman, toki mening eng yaqin kishim – sevimli opam meni kuydirib kul qilayotgan do‘zaxiy alangani sezmasin. Aks holda bu alanga hech bir gunohi bo‘lmagan opamni ham jizg‘inak qilishi mumkin. Men unga baxtsizlik keltiraman, o‘zimni esa bir umr nadomat azobiga mubtalo qilaman. Hamdardlik dardni yengillashtiradi. Men shundan ham mahrumman.
Sen mening taqdirimni bilmoqchimisan? Mayli, aytsam ayta qolay.
Buning boshlanganiga ancha bo‘ldi. Yorqin quvnoqlik, baxtga umidvorlik menga ham hamroh edi. Barchasi ko‘z yosh va azob bilan yakunlandi. Xabaring bor: men va opam ota-ona mehridan erta judo bo‘lgan edik. Erta yetim qolgach, amakim Abu Jasimnikida panoh topdik. Amakim bizga ota, xotini esa onalik qildi. Ular bizning ota-onamiz yo‘qligini bildirmaslikka harchand harakat qilishmasin, baribir ona mehrini nima ham bosa olardi?
Men bolaligimdan uyatchan va orzularga berilgan edim. Opamdan farqli ravishda o‘zim o‘ylab topgan xayol va orzular olamida kezar edim. Amakim va kelinoyim menga mehribon edilar, lekin men o‘zimni begona his qilar edim. Biz ulg‘ayib borardik. Amakimning o‘g‘illari Jasim va Abdulvahob ham o‘sib borishar edi. Kichkinaligimizda biz doim birga o‘ynar edik. Yoshlik pallasi yetganda do‘stlik nozik bog‘liqlikka aylandi. Biz endi opam bilan maktabni tugatib, boshqa o‘qishga bormadik, o‘sha paytdagi odatga ko‘ra kun bo‘yi uyda o‘tirar edik. Bir kuni men amakim xotiniga mana bunday deyotganini eshitib qoldim: “Xassa, qizlarimiz bo‘y yetib qolishdi. G‘anima Jasimga juda munosib, Xadicha esa Abdulvahobga mos. Uzukka ko‘z qo‘yganday ular”. O‘sha kundan boshlab men Abdulvahobga boshqacha ko‘z bilan qaraydigan bo‘lib qoldim. Kutilmaganda men unda o‘zim orzu qilgan yigit timsolini ko‘rdim. Nazarimda, u menga umr yo‘ldoshim sifatida taqdir yoshligimda olib qo‘ygan muhabbat va mehrni qaytarishi mumkinday edi.
Nigohlarimiz to‘qnashgan paytlarda hayajondan yuragim hapriqib ketar, yuzlarim anorday qizarib, ko‘nglim bir dunyo quvonchga to‘lib, o‘z xonamga uchib kirardim. Men unga yoqishimni va uning qalbini zabt etganimni his qilardim. Biz hech qachon muhabbatimizni bir-birimizga oshkor qilmas edik. Biroq ikkimiz ham ko‘nglimizdan kechayotgan tuyg‘ularni sezib turar, nigohlarimiz uchrashganda vujudimizni kuchli hayajon bosar edi. Men kelajak haqida orzu qilar, xayolimda shinamgina uy, quvnoq bolakaylarimiz qiy-chuviga to‘lgan uyda yashayotganday bo‘lar edim. Abdulvahob ishdan qaytganda, qo‘limda go‘dak bilan uni quchib olishimni tasavvur qilardim. Men quvonch bilan baxtimni kutar edim. Lekin doim ham bandasining aytgani bo‘lavermas ekan, dengizchilar tili bilan so‘zlaganda, kemaga kerakli shamollar vaqtida kerakli tomonga esmas ekan. Jasim Londonga o‘qishga ketdi. Bir yildan so‘ng uning ketidan Abdulvahob ham o‘sha yoqqa yo‘l oldi. Biz opam bilan kun sanab, ularning qaytishini kutar edik.
Kunlardan bir kun amakim uyga chuqur qayg‘uga botib keldi. U o‘z odatiga xilof tarzda hech kimga kulib ham qaramadi va tezgina o‘z xonasiga kirib ketdi. Kelinoyim izidan xonaga kirdi-yu, uning yig‘lagani qulog‘imizga chalindi. Biz ichkariga chopib kirdik. Kelinoyim yerda behush yotar edi. Avvaliga biz o‘zimizni yo‘qotib qo‘ydik, keyin esa uni o‘ziga keltira boshladik. O‘ziga kelgach, u boshiga urib: “Oh, bolajonim!” deb faryod qila boshladi. Amakim unsizgina yig‘lar edi. Jasim o‘lgan edi. Butun uy faryodga to‘ldi, biz alamdan kiyimlarimizni yirtar edik.
O‘sha kundan boshlab uyimizdan xursandchilik yuz o‘girdi. Men opamga hamdard bo‘lib ko‘z yoshi to‘kar edim. Bolaligim yodgori, jigarim, hayotdan tez ketgan do‘stim Jasimga aza tutar edim. Men taqdirning kutilmagan zarbasi natijasida sochi oqargan amakim va kelinoyimning dardiga sherik bo‘lib, ko‘z yoshi to‘kar edim. Lekin ko‘nglimning tub-tubidan Abdulvahob o‘lmaganiga xursand edim.
G‘am-anduhga ko‘milgan xonadonda qayg‘uli kunlar boshlandi. Amakim hech yoqqa chiqmas, ko‘z o‘ngimda so‘lib borar edi. Do‘stlari uni bu tashvishlardan chalg‘itishga urinsalar ham foydasi yo‘q edi. Agar birov noxos uni “Abu Jasim” deb chaqirib qolsa, u musofir yurtida juvonmarg bo‘lgan to‘ng‘ich o‘g‘li tirilib kelgandek alang-jalang bo‘lardi.
Vaqt o‘tib borardi, Allohga astoydil sajda qila-qila alamlardan biroz o‘ziga kelib qolgan bo‘lsa-da, amakimning yuzidagi tabassum bir umrga so‘ngan edi. Odamlar, hamma narsa mayda-chuydadan boshlanadi, deyishadi. Lekin biz yaqinlarimizdan judo bo‘lganimizda buning aksi bo‘ladi. Dastlab dard benihoya og‘ir bo‘lib, juda sekinlik bilan unutiladi, oxiri elas-elas xotiralargina qoladi. Opamda ham shunday bo‘ldi. Dastlab u ancha kun tuz totmadi, alahsiradi, betoqat bo‘ldi. Lekin vaqt o‘tishi bilan u o‘zini tutib oldi. Sog‘lig‘i ham tiklandi.
Uch yil o‘tgach, Abdulvahob uyga qaytdi. U yetilib, haqiqiy erkak bo‘lgan edi. Ayriliq, kutish azoblari tugadi. Biz yana nigohlarimiz to‘qnashganda andishadan hayajonlanib, qizara boshladik, qalblarimizda yashirinib yotgan so‘zlarni eshitardik. Abdulvahob kelgach, uni uylantirish haqida gap qo‘zg‘ala boshladi. Bu gaplarni har eshitganda qotib qolar edim va tezroq to‘y bo‘lishini ich-ichimdan xohlar edim. Bir kuni tushlikdan keyin mehmonxonada o‘tirgan edim, amakim bilan Abdulvahob kirib kelishdi. Odob yuzasidan men xonadan chiqdim va oshxonada ularga choy damlay boshladim. Eshikka yaqinlashganimda, amakimning so‘zlari qulog‘imga chalinib qoldi:
– Amakingning qizi senga juda munosib, Abdulvahob.
– Biroq men unga akasidayman-ku! Axir, qanday qilib er-xotin bo‘lamiz?
Ko‘z oldim qorong‘ilashib ketdi! Bu gaplarni Abdulvahob aytayaptimi?
Nahotki, o‘ylagan narsalar faqat orzu bo‘lib qolsa? Ko‘zlaridagi haligi muhabbat-chi? Nahotki, bu ham ko‘zbo‘yamachilik bo‘lsa? Yo‘q, bunday bo‘lishi mumkin emas! Men bunga ishonmayman. Yo‘q, ishonmayman! U meni sevishini uning qarashlaridan, uchrashganimizda ro‘y beradigan sururli hayajonlardan sezardim-ku! Nahotki, u shunday osonlik bilan mendan voz kechsa?
Men birovlar gapini o‘g‘rincha eshitishni xush ko‘rmas edim, lekin eshik ortidagi gaplar qulog‘imga o‘zi baralla eshitilmoqda edi.
– Men seni o‘stirdim, ma’lumotli qildim, – derdi amakim, – seni yo‘qotgim kelmayapti. Ha, o‘g‘lim, amakingning qizi senga juda munosib.
– Meni ham tushuning, ota. Alloh shohidki, sizni norozi qilish niyatim yo‘q. Lekin bu qiz menga singil qatori bo‘lib qolgan.
– Yana o‘sha gapmi? Men bu so‘zlarni eshitishni istamayman. Sen unga uylanasan.
– Otajon! O‘tinaman!
– Gapim – gap: unga uylansang ham uylanasan, uylanmasang ham uylanasan!
Bu qanday gap? Nahotki, sevgilimni tortib oladigan boshqasi paydo bo‘lgan bo‘lsa? Kim u?
Tuni bilan yig‘lab chiqdim, yuragim zim-ziyo edi. Ertalab men Abdulvahobning ko‘zlarida meni maftun qilgan hamon o‘sha mehribonlikni ko‘rdim, lekin endi avvalgi xursandlik o‘rnini qandaydir ma’yuslik egallagan. Yo‘q, mening qalbimni aldash qiyin. U faqat meni sevadi. Lekin nimaga u menga uylanishga qarshi? Balki bironta bashang ayolning makriga ilingandir? Mayli, menga u baxtli bo‘lsa bo‘ldi. Xohlaganiga uylansin. Men esa Allohdan uning baxtini so‘rab, ko‘z yosh to‘kaman. O‘zingni qurbon qilish ham bir baxt. Men uni majbur qilolmayman.
Bugun ham o‘sha gaplarni eshitdim. Lekin oxiri Abdulvahob rozi bo‘ldi. U xuddi o‘limga ketayotgan odamga o‘xshardi. Nahotki men unga shunchalar jirkanch ko‘rinsam? Men uni sevaman, lekin bunday nikohga rozi emasman. Men rozi bo‘lolmayman. Unga ortiqcha dahmaza bo‘lishni istamayman.
Endi uyda faqat bo‘lajak to‘y haqidagina gaplashishar edi. Men va Abdulvahobdan boshqa hamma buni xursandchilik bilan kutmoqda. Men o‘zimni haqoratlangandek his qilardim. Abdulvahob esa tobora qayg‘uga cho‘kib, so‘nib borardi. Unga achinardim-u, ammo nima qilishni bilmasdim.
Nihoyat, men hammasidan xabar topdim.
Ma’lum bo‘lishicha, turmushga men emas, opam chiqayotgan ekan. Katta qiz kichkinasidan oldin turmushga chiqishi kerak. Bu bor gap. Bu yerda sevgi-pevgining hech qanday ahamiyati yo‘q. Men tentak esam, Abdulvahobni xiyonatda ayblab, ranjib yuribman. Aslida men ham, u ham taqdir va odat qurbonlari bo‘lgan ekanmiz, xolos. Mening opamdan xafa bo‘lishga haqim yo‘q edi – uning hech gapdan xabari yo‘q-da. Abdulvahobdan ham ranjishga haqqim yo‘q. U ota yuziga oyoq bosolmasdi. Uning uchun otaning norozi bo‘lishidan dahshatli narsa yo‘q. Nima bo‘lganda ham bizning bundan buyongi hayotimiz do‘zaxga aylanadigan bo‘ldi-da.
To‘y kuni yuragim zardobga to‘lib ketgan bo‘lsa-da, o‘lganimning kunidan jilmayar edim. Kelin-kuyov yolg‘iz qolishganda men alamimni yig‘idan olardim. Ichimdan o‘tganini o‘zim bilaman, rashkdan kuyib-yonsam ham sir boy bermasligim kerak. Men endi unga qaray olmayman, chunki u endi opamning eri. Men endi o‘z tuyg‘ularimni unutib, shu hayotga ko‘nikishim kerak. Opam hozir farzand kutmoqda. Oiladagi tinchlikni buzgandan o‘lganim afzal. Men opamni yaxshi ko‘raman.
Amakim esa o‘z burchimni bajardim deb, xursand. Endi ular kelinoyim bilan qanday qilib nabira boqishni o‘ylashar edi. Sen mendan endi nima qilmoqchi ekanimni so‘rayapsan. Hech nima. Abdulvahob meni unutishini istayman. Balki u o‘zini qo‘lga olar va uning nigohidagi meni yondiruvchi o‘t so‘nar. Bo‘lmasa, men ham chidolmayman. Shikoyat qilgandan nima foyda, dugonajon! Baxtsiz bu dunyoda bir men emasman-ku! Menga o‘xshab, dardini ichiga yutgan qizlar qancha! Kunlar qanchalik bir-biriga o‘xshash zerikarli! Kun botganda o‘zingda bir qadar yengillik sezasan, lekin keyingi tong kun yanada uzunroq kelishini bashorat qiladi.
Sen Abdulvahob bor gapni otasiga gapirib, kurasha olmasmidi, deb so‘raysan. Buning iloji yo‘q. Nega bunga rozi bo‘lding, deysanmi? O‘zing ayt-chi, bizga o‘xshash qizlar qachon ko‘nglidagini ayta olgan?
Mening baxtsiz taqdirim haqidagi gaplar shular, dugonajon! Sendan iltimos, bu hikoyani odamlarga aytib ber, toki ular ayolning ham qalbi borligi, faqat boshqalar tikkan alam va qayg‘u libosini kiymasdan, u ham o‘z taqdirini o‘zi hal qilishi mumkinligini bilishsin.
Arab tilidan Shahlo Ahmedova tarjimasi