#Kun_Hikoyasi Ilinj. Pirimqul Qodirov
Mening ikki opam urush davrida Vatan himoyasi yo‘lida halok bo‘lgan erlariga sadoqat saqlab, boshqa turmush qurishmadi. Biri ikki o‘g‘ilni, biri uch farzandni otasiz o‘stirib odam qilishdi. Bunday onalar har bir qishloqda, har bir shaharda bor. Men shu hikoya orqali ularning hammasiga cheksiz ehtiromimni izhor qilmoqchiman. Muallif
Kechasi soat ikkilarda darvoza taqilladi. Ayvonda yotgan Alisher qattiq uxlab qolgan ekan, tezda uyg‘onmadi. Darvoza qattiqroq taqillagandan keyin ichki uyning eshigi g‘iyqillab ochildi-yu, Iqbol opa ayvonga chiqdi. Alisher endi uyg‘ondi va sapchib o‘rnidan turdi. U qorong‘ida apil-tapil kiyinar ekan, darvoza tomonga:
— Hozir! — deb qo‘ydi.
Iqbol opa ichki bir titroqni bosishga tirishib:
— Tezroq qara-chi, dadang emasmikan? — dedi. Alisher uyquli tovush bilan qaytarib so‘radi:
— Kim deysiz?
— Dadang!
Alisher taajjub bilan:
— Qiziqsiz-a, oyi! — dedi-da, ayvondan tez tushib, darvozaxonaga qarab ketdi.
Alisherning dadasi Umarjon aka urushda bedarak yo‘qolib ketganiga o‘ttiz yildan oshib boryapti.
Iqbol opaning eng qo‘rqqan narsasi — «qoraxat». Bedarak yo‘qolish, har qalay, undan beriroqday tuyuladi. U erining to‘satdan kirib kelib qolishini kutadi, kechalari darvoza taqillab qolsa, yuragi hapriqib, bolalarga «dadanglar emasmikan?» deyishini qo‘ymaydi.
Alisher ham kichikligida oyisiga o‘xshab, doim dadasining yo‘liga ko‘z tikib yurar edi. Lekin yoshi ulg‘aygandan keyin otasining tirik qolganiga shubha qila boshladi. Agar u tirik bo‘lsa, o‘ttiz yildan beri suyukli xotinini, gulday farzandlarini qidirib topib kelmasmidi?! Yoki dunyoning narigi chetida bo‘lsa ham bironta darak, biron enlik xat yubormasmidi?!
— Bu urushda nimalar bo‘lmagan! — derdi Iqbol opa o‘g‘liga. — Dadanglar yarador paytida asir tushgan bo‘lsa, chet mamlakatlarga olib ketib qolishganmi? Boshiga biron ko‘rgilik tushgan bo‘lsa, «bolalarim isnodga qolmasin», deb ataydan jim yurganmikin? Biror kun o‘zini oqlaydigan yaxshi ish qilsa, yo‘li ochilib, kelib qolarmikin?
Bu taxminlar Alisherda murakkab, chigal o‘y-xayollar uyg‘otar edi. Alisher bu chigalliklardan bezganda dadasining jang maydonida halok bo‘lganini isbotlashga intilardi. U Moskvada bedarak yo‘qolgan jangchilarni qidirish bilan shug‘ullanadigan maxsus idora borligini eshitib, o‘sha yerga bir necha marta xat yozdi. Otasining so‘nggi suratlari, xatlari, adreslaridan nusxalar ko‘chirtirib yubordi. Kidiruv goh yurishib, goh to‘xtab, bir necha yilga cho‘zildi. Nihoyat, bultur kuzda Moskvadan kelgan javobda Umarjon Rahimov xizmat qilgan o‘qchi rotaning ko‘pchilik jangchilari G‘arbiy Ukrainaning Ternopol shahri uchun olib borilgan og‘ir janglarda halok bo‘lganligi aytilgan edi. Umarjon Rahimov ham shular qatorida halok bo‘lgani taxmin etilgan, lekin buning aniq hujjatlari topilmagan edi. Chunki Ternopol bir marta ozod qilingandan keyin yashirin bosmachi — benderachilarning xiyonati tufayli shahar yana vaqtincha dushman qo‘liga o‘tgan, o‘shanda juda ko‘p hujjatlar nest-nobud bo‘lib ketgan edi.
Hujjatlar bo‘lmasa, balki tirik odamlar bordir? Alisher endi shu savol bilan Ternopol shahar idoralariga, hatto yoshlar tashkilotlariga — yosh iztoparlarning otryadlariga xatlar yozdi. Natija chiqmadi. Kelgan javoblarning birida bu chigal muammoni xat orqali hal qilish qiyinligi, bedarak yo‘qolgan jangchilarning belgilarini yaxshi biladigan odam o‘zi kelsa biron daragini topishi mumkinligi aytilgan edi.
Kim boradi? Iqbol opa o‘ttiz yil fabrikada ishlab, yaqinda pensiyaga chiqqan. Lekin uning sog‘lig‘i yomon. Qand kasali darmonini ketkazib qo‘ygan. Qon bosimi oshib ketgan. Shu ahvolda borsa-yu, to‘satdan erining qabrini topsa, so‘nggi ilinjidan ham ayrilib, adoyi tamom bo‘lmaydimi?
— Men o‘zim boraman, — dedi Alisher. Bunga opasi Mahfuza ko‘nmadi:
— Sen dadamni eslolmaysan. Chaqaloq eding. Odamlar biron belgisini so‘rasa nima deysan! Men dadamni ko‘rganman. Men bora qolay…
Mahfuza jo‘nab ketganiga, mana, sakkiz kun bo‘ldi. Shuning uchun darvoza taqillaganda Alisherning xayoli darrov opasiga ketdi.
Darvozaxona yo‘lagini oqish «Zaporojets» band qilib turar edi. Alisher mashinaning chap yoniga o‘tib, qorong‘ida elektr chiroqning tugmasini paypaslab topdi. Yo‘laqda chiroq yongandan keyin tashqaridan keksa bir odamning:
— Telegramma! — degan xirqiroq tovushi eshitildi.
Alisher darvozaning bir tabaqasini ochdi-da, chiroq yorug‘ida telegrammaning kvitantsiyasiga qo‘l qo‘yib berdi.
Bu orada Iqbol opa ham ro‘molini boshiga solib, ayvondan darvozaxona oldiga tushib keldi.
Alisher qatlab bekitilgan telegrammani chiroq yorug‘iga solib, sabrsizlanib ochdi.
«Qidirganim topildi. Kiyevdan kechki reys bilan uchaman. Toshkent vaqti bilan soat uchda kutib ol. Mahfuza».
«Topildi» degan so‘z Alisherni entiktirib yubordi. U oyisiga tomon o‘girilib, ko‘zlari yaltirab:
— Opam!.. — dedi.
— Nima depti? Dadangni daragini topibdimi?
— Topganga o‘xshaydi!
— Voy xudoim-ey! Qayerda yurgan ekanlar? Nega shu vaqtgacha kelmas ekanlar?!
Iqbol opa erining tirik topilganiga ishonib gapirmoqda edi. Alisher buni sezib birdan xavotirlandi. Balki Mahfuza otalarining… qabrini topgandir. Opa-uka so‘ngga paytda otalarining halok bo‘lganiga shubha qilmay qo‘yishgan edi-ku. Axir tirik odam shuncha yildan beri Ternopolda jim o‘tirarmidi? Lekin oyisi buni o‘ylamadi. Agar u «tirik topilibdi» deb astoydil ishonib qolsa-yu, keyin buning aksi bo‘lib chiqsa, kasali battar og‘irlashadi.
— Oyijon, siz darrov ishonavermang!
— Ha, nega endi?
— Sal o‘ylab ko‘ring axir… Opam kelsin, anig‘ini aytadi.
— Qachon kelarkan?
— Tungi uchda. Hozir necha bo‘ldiykin?.. O, qirq minut qolipti!.. Men tezroq chiqishim kerak!
Alisherning yoshgina xotini ham uyg‘ondi va shosha-pisha kiyindi. «Zaporojets» vag‘illab, darvozaxonadan ko‘chaga orqasi bilan yurib chiqdi. Iqbol opa o‘g‘li bilan kelinini aeroportga kuzatdi-yu, ayvonga qaytib keldi.
Bir-biridan kichik uch bola ayvonda pishillab uxlab yotibdi. Osmonda kemtik oy suzib yuribdi.
Iqbol opa o‘zi turadigan ichkari uyga kirdi-yu, to‘rdagi eski sandiqning oldiga bordi. Sandiqning ustida qatlanib turgan baxmal ko‘rpalarni pastga olib qo‘ydi. So‘ng tokchadagi mixga osig‘liq kalitni olib, sandiqning qulfiga soldi.
Sandiq mayin ohang chiqarib, jiringlab ochildi-da, uning ichidan qalampirmunchoqning hidi keldi. Umarjon aka qalampirmunchoqni yaxshi ko‘rardi. Ba’zida uning bir-ikki donasini og‘ziga solib, tishlarining orasida aylantirib yurar, gapirganda nafasidan ham qalampirmunchoqning hidi kelardi. Shu esida turgan Iqbol opa uning kiyimlarini, xatlarini qalampirmunchoq bilan birga saqlar edi.
Mana, Umarjon aka bundan o‘ttiz yil oldin kiygan sariq jujuncha kitel-shim, yoqasi bilan yengiga iroqi kashta tikilgan ko‘ylak, xrom etik… Umarjon aka frontdan yozgan xatlarida: «Ikki yosh bolani boqish senga oson emas, uydagi buyumlarni ayama, kerak bo‘lsa, mening kiyimlarimni ham sotib, yegulik ol, omon bo‘lsak narsa topiladi, o‘zingni, bolalarni ehtiyot qil!» deb tayinlar edi. Iqbol opa o‘zining seplarini, taqinchoqlarini sotganda ham, erining hamma kiyimlarini asrab yurar, har yili bir-ikki martadan shamollatib, yana taxlab qo‘yardi. Alisher bo‘y yetib katta yigit bo‘lgunicha jujuncha kitellar, yoqasi kashtalik ko‘ylaklar modadan qoldi. Hozir me’mor bo‘lib, loyihalar chizib yuradigan Alisher otasining xrom etigini ham kiymadi. Tavba, hozirgi ziyolilar nega etik kiyishmaydi? Umarjon aka ham o‘qituvchi edi-ku. Maktabda botanikadan dars berar edi, lekin etik kiyib yurar edi.
Mayli, sandiqdagi kiyimlar rasmdan chiqqan bo‘lsa ham, agar Umarjon aka kelsa, Iqbol opa bularni eriga albatta kiydiradi. Sandiqda chiroyli bir nay ham turibdi. Qashqar g‘arovidan ishlangan bu nayning nafis kumush halqalari o‘ziga nihoyatda yarashgan. Nayning bir uchidagi kumush qubbachasi mayda ko‘kish feruza bilan bezatilgan.
Umarjon aka shu nayda ba’zan «Navo»ni, ba’zan «Dugoh»ni, ba’zan Iqbol opa otini bilmaydigan g‘alati kuylarni chalardi. Shunda butun borliq zavqqa to‘lib, erib ketganday bo‘lardi. Hozir ham go‘yo nay birdan tilga kirdi-yu, uni chalayotgan eri Iqbol opaning ko‘zi oldida gavdalandi. Umarjon aka nayning teshigiga labini to‘g‘rilab, og‘zini xiyol ochib, kuy chalganda uning oppoq tishlarida akslangan nurning shu’lasi kumush halqachalarda bilinar-bilinmas jilvalanardi. Hozir mana shu jilo nayda yana ko‘rinib ketganday bo‘ldi. Umarjon aka nayda chalgan kuylar endi go‘yo Iqbol opaning qalbidan eshitila boshladi. Uning ko‘nglida ham mana shu nay pardalariga o‘xshash nafis, go‘zal torlar bor edi-yu, buni faqat Umarjon aka chala olardi.
Eri urushga ketgandan beri Iqbol opa bu nayni hech kimga bergan emas. Nay o‘ttiz ikki yildan beri sukut saqlaydi. Iqbol opaning qalbidagi muhabbat tuyg‘usi ham hamon Umarjon akaga muntazir…
Umarjon aka shu kiyimlarini kiyib, nay chalib yurgan paytlarida yigirma uch yashar yigit edi. Iqbol opa esa endi yigirmaga kirgan kelinchak edi.
O‘sha mas’ud damlari mana shu kiyimlarning qatida, qalampirmunchoqning hidiga qo‘shilib, nayning sirtida jilvalangan shu’lalarga aylanib, hamon tirik turibdi. Rost, Iqbol opa hozir pensiyaga chiqqan, nevara ko‘rgan kayvoni. Lekin uning qalbida o‘ttiz ikki yillik hijronning haqqi turibdi, shuncha yillarning sarflanmagan nafis tuyg‘ulari qatlanib yotibdi. U bir lahzaga bo‘lsa ham yana yigirma yoshga qaytishni xohlaydi, suyukli eri bilan birga o‘ttiz-qirqlardan takror o‘tishni istaydi.
Faqat bu istakning amalga oshishi uchun Umarjon aka qaytib kelishi kerak. Zora hozir bolalari bilan boshlashib kirib kelsa!
Mahfuza telegrammada «topdim» depdi-ku. Dadasini topmasa shunday dermidi?
Iqbol opaning qalbida shuncha yildan beri yashab kelgan ilinj ishonchga aylandi. U elektr dazmolni qo‘ydi. So‘ng Umarjon aka kelsa kiyadigan narsalarni sandiqdan olib, dazmollay boshladi…
* * *
Sahar pallada ko‘chada «Zaporojets»ning motori vag‘illagani eshitildi. Iqbol opa shosha-pisha hovliga chiqqan edi, darvozadan Mahfuza kirib keldi. Ona-bola kuchoqlashib ketdilar. Iqbol opa qizining yuziga yuzini bosdi. Shunda Mahfuzaning yuzi ko‘z yoshidan nam ekanini sezdi-yu, yuragi «shig‘» etdi.
— Qalay borib kelding? Dadangni topdingmi, yo‘qmi?!
— Daraklari topildi, oyi…
Alisher mashinasini darvozaxonaga kirgizib, undan tushdi-da:
— Yuringlar, uyga kirib gaplashaylik, — dedi.
Uning ko‘rinishi ham allanechuk ma’yus edi. Opasi samolyotdan tushgandan beri aytib bergan hodisalar, o‘ttiz yil oldingi shafqatsiz urushning tafsilotlari uni dahshatga keltirgan edi…
Ternopol shahri benderachilar yordamida ikkinchi marta fashistlarning qo‘liga o‘tgan kuni kechasi Umarjon aka olti xonali bir uyga o‘z bo‘linmasi bilan bekinib olib, oxirgi nafasi qolguncha jang qilgan. U bu uyda turadigan ayollar bilan bolalarni orqa tomondagi derazadan tushirib, qochirtirib yuborgan. Bo‘lmasa, ular ham bitta qolmay halok bo‘lar ekan. Chunki fashistlar Umarjon akalar bekingan uyni og‘ir tank bilan qulatib, ustidan bosib o‘tgan…
Ternopol dushmandan ikkinchi marta ozod qilinganda xarobalar ostida jon bergan jangchilar jasadi kavlab olinib, birodarlar mozoriga dafn etilgan, ammo ularning ko‘plarini tanib bo‘lmagan, nomlari aniqlanmay qolgan…
Faqat Umarjon aka orqa derazadan qochirib qutqargan bolalardan biri uni yaxshi eslab qolgan. Shu uyda bir necha vaqt birga turganlarida Umarjon aka o‘zining o‘zbekistonlik ekanini, Toshkentda bir o‘g‘il, bir qizi borligini aytgan, bu gap bolaning yodida qolgan. Hozir bu bola — qirq yoshdan oshgan o‘qituvchi ekan. Ternopollik iztoparlar Toshkentdagi Alisherning xatini olib, uning otasiga oid xujjatlarni qidirib yurganlarini shu maktabda ishlaydigan haligi o‘qituvchi eshitib qoladi.
Koramag‘izdan kelgan, qoshlari ingichka, qiyiq ko‘z Mahfuza otasiga juda o‘xshash edi. U otasini qidirib borgandan keyin, haligi o‘qituvchi bir qarashdayoq Umarjon akani eslaydi. Hatto uni jangchilar «Umar» deb atagani ham endi yodiga tushadi. Umarjon aka derazadan qochirib, qutqarib qolgan ayollardan yana biri shu shaharda yashar ekan. Keyin hammalari harbiy komissariatga borib, Umarjon Rahimovning qanday halok bo‘lgani, o‘limi oldidan qanday jasorat ko‘rsatgani va qayerda dafn etilgani haqida guvohlik beradilar. Umarjon aka shahar markaziga — ulug‘vor marmar obida qo‘yilgan sakson kishilik birodarlik qabriga dafn etilgan ekan. Lekin uning kimligi, qanday halok bo‘lgani haligacha aniqlanmagani uchun marmarga yozilgan nomlar orasida uning nomi yo‘q edi. Mahfuza shahar tashkilotlariga uchrashib, marmar obidaga otasining nomini yozdirib qaytdi…
Hozir aeroportdan kelayotib, u buning hammasini ukasi Alisherga aytib berar ekan, ko‘ziga qayta-qayta yosh oldi. Alisher unga:
— O‘zingizni bosing, opa, oyimga yomon ta’sir qiladi, — deb bir necha marta aytdi.
— Qandoq qilay? Ternopolda yurganimda ham hech ko‘z yoshimni to‘xtatolmadim. Ko‘chadagi odamlardan uyalganimdan qora ko‘zoynak taqib yurdim. Ba’zida ko‘zoynakning tagidan ham yosh oqib tushayotganini sezib, ro‘molcha bilan artib olaman.
— Lekin… haligi… — Alisherning ham o‘pkasi to‘lib, zo‘rg‘a gapirdi: — haligi… xarobalar ostida qolib ketganlarini oyimga aytmang.
— Jinni bo‘pmanmi?..
Hozir Mahfuza oyisi bilan ichkari uyga kirganda sandiq yana ochilganini, dadasining yoqasi kashtalik ko‘ylagi silliq qilib dazmollab qo‘yilganini ko‘rdi-yu, telegrammada «topdim» deb yozganidan pushaymon bo‘ldi. Iqbol opa undan xushxabar kutib, ko‘zlari javdirab turibdi. Mahfuza oyisini quchoklab, yig‘i aralash:
— Oyijon, sizga kuvvat bersin, mard bo‘ling! — dedi.
Iqbol opaning rangi oppoq bo‘lib ketdi. Qizining quchog‘idan sirg‘atib chiqdi-da, bo‘shashgan, siniq tovush bilan:
— Nima… Dadang… endi yo‘qmi?.. — dedi.
— Nega?.. Dadamning ruhlari hamisha tirik! Dadam oxirigacha mardona turib bergan ekanlar. Qancha bolalarni onalari bilan qutqarib qolgan ekanlar.
Iqbol opa ingragandek bir tovush bilan:
— Men-chi? — dedi. Meni bu bevalikdan endi kim qutqaradi?
Iqbol opaning ogzi birdan quruqshab, boshi gir-gir aylana boshladi. Oyisining kasalini yaxshi biladigan Mahfuza:
— Oyijon, buncha qattiq olmang, o‘zingizni bosing! — deb uni sekin divanga o‘tqazdi.
Iqbol opa dazmollab qo‘yilgan yoqasi kashtalik ko‘ylakka qaradi. Endi buni hech kim kiymaydi! Shuncha yildan beri sandiqda asralgan etik ham hech kimga kerak emas! Kumush halqali nayni Umarjon aka endi hech qachon chalmaydi… Bu dahshatli o‘ydan Iqbol opa yig‘lamoqchi bo‘ldi, lekin ko‘ziga yosh kelmadi. Tomog‘idan bir narsa bo‘g‘ib olgan, havo yetishmayotgandek qiynalar edi.
Alisher tez oshxonaga chiqib, bir piyola suv olib kirdi. Mahfuza oyisiga suv ichirdi. Keyin uni karavotga yotqizdi.
Kelinlari shifokor edi, darrov shpritsni qaynatishga qo‘ydi. U qaynonasiga ukol kilib o‘rganib qolgan edi. Avval qon bosimini tushiradigan, yurakni tinchlantiradigan ukol qildi. Keyin nonushtaga yaqin insulin ukol qildi.
Iqbol opa uch-to‘rt kun o‘tgandan keyin xiyol o‘ziga keldi-yu, Mahfuzadan so‘radi:
— Dadangning surat-puratlari yo‘q ekanmi?
— Suratlarini topolmadim.
Uzoq jimliqdan so‘ng Iqbol opa yana so‘radi:
— O‘z qo‘li bilan qabrga qo‘ygan odam bor ekanmi?..
— Bilmadim… Men unaqa odamni ko‘rganim yo‘q.
Alisher oyisining bu savollari tagida qandaydir ma’no borligini sezdi. U erining o‘lganiga yana shubha qilmoqda edi. To‘g‘rirog‘i, «Umarjon akam bir kun emas, bir kun kelib qoladi», degan o‘ttiz yillik ilinj Iqbol opaning qalbida yana uyg‘onmoqda edi. Bu ilinjning tagida qanchalik katta mehr, qanchalik cheksiz sadoqat borligini Alisher endi sezmoqda edi. Buning hammasi — hayot-mamot urushida bizga g‘alaba keltirgan ulug‘ tuyg‘ulardan ekaniga cham uning endi aqli yetdi. Shuning uchun onasining qalbidagi ilinjni asrab-avaylagisi keldi.
— Kim biladi oyi, «o‘ldi» deb qoraxat kelganlarning qanchasi, tirik qolgan-ku. Balki dadam ham to‘satdan kelib qolarlar…
Bu gaplar Iqbol opaga yoqib, yostiqdan boshini ko‘tardi, zaifgina kulimsirab:
— Tavba! — deb qo‘ydi. — Fabrikada… askarlarga kiyim tikib yurganimda bir juvon bilan o‘rtoqlashib qolgandik. Ikkovimiz ham ilg‘or bo‘lib, gazetalarda rasmimiz chiqqan edi. Shu dugonamga bir kun qoraxat keldi… Bechora eridan ayrilib rosa yig‘ladi, aza tutdi. Bolasi yo‘q edi… Urushdan keyin boshqa erga tegdi… Bir kuni eshitsam, urushga ketgan eri tirik ekan, to‘satdan kirib kelibdi… Dugonam pushaymon. Armon qilib yig‘laydi…
Shu-shu Mahfuza ham, Alisher ham otalarining o‘limini onalarining oldida tilga olmaydigan bo‘ldilar. Iqbol opa bir hafta ko‘rpa-to‘shak qilib yotdi. Kelini unga har kuni kerakli ukollarni qilib, issiq-sovug‘iga qarab turdi. Keyin u o‘rnidan turib ketdi.
Bir kuni yarim kechada yana darvoza taqilladi. Iqbol opa buni yana o‘g‘lidan oldin eshitdi-yu, Alisherni uyg‘otib:
— Qara-chi, dadanglar emasmikan? — dedi.
Darvozani qo‘shnilardan biri taqillatgan ekan. Alisher qaytib kelib, pidjagini yelkasiga tashladi-da:
— Akbarning xotinini to‘lg‘oq tutib qolibdi, tug‘ruqxonaga olib borishim kerak ekan, — dedi.
Iqbol opa sekin bir «uh» tortdi, lekin o‘zini bardam ko‘rsatib:
— Mayli, bolam, tezroq olib bora qol, — dedi.
Alisher darvozani ochib, mashinasini ko‘chaga olib chiqar ekan, ko‘nglida yorug‘ bir tuyg‘u paydo bo‘lganini sezdi. Hozir unga ham go‘yo otasi urushda o‘lmagandek, erta-indin darvozani taqillatib kelib qoladigandek tuyulardi…