April 5, 2020

#Kun_Hikoyasi Yonargul. Baxtiyor Abdug‘afur

Hᴀʏᴏᴛɪᴍɪᴢ Cʜᴀʀᴏɢ‘ʙᴏɴɪ
H | Cʜ - Kᴜɴ Hɪᴋᴏʏᴀsɪ

Bu rastada dunyoning eng anvoyi gullari yi­g‘il­ganmi, deysiz. Oppoq nilufarlardan tortib, turfa rangdagi atirgullargacha, chinnigullaru lolalar, barg­lariga barmoq tekkizsangiz yumilib oladigan uyat­changgullargacha barq urib turibdi. Eh-he, sanayman desansiz sanoqdan adashasiz. Ahli rastaning o‘zi ham nozik did, shirinsuxan. Kelgan xaridorni shundoq qo‘­yib yubormaydi. Erinmay tushuntirib, gullarining ta’rif-dostonini keltiradi. Xullas, shahri azimda bu rasta alohida bir olam.

Ammo rastaning mashhurligi bu bilan emas. Fa­qat shu yerda bir ajib gul sotiladi. Nomi – Qora afsun. Ko‘rinishi nozik, endigina ochilgan atirgul ka­bi. Qizig‘i, gul yaproqlariga tushgan suv tomchilarini qo‘yib yubormaganidan quyosh nurlarida betakror tovlanayotgandek tuyuladi! Bu gulning yana bir narsasi bor – o‘ta injiq, o‘stirish qiyin. Ekilgan yuzta qalamchadan bittasi gul ocharmish.

Bugun azonda, hali rastada xaridor va gulsevarlar ko‘rinmasdan bir yigit paydo bo‘ldi. U gullarni tomosha qilib, qora afsunlar terilgan peshtaxta yoniga keldi. Sotuvchi, ellikdan hatlab o‘tgan, qora afsun yetishtirish bo‘yicha mutaxassis Qamar gulchi yigitni xushhol qarshiladi.

– Salom, Qamar aka sizmisiz? – so‘radi yigit.

– Ha, menman.

Yigit qora afsunlarni uzoq ko‘zdan kechirib, Qa­mar gulchiga qaradi.

– Bu gulingizga ta’rif yo‘q, ammo mendagisini ko‘r­ganingizda hayratdan yoqangizni ushlardingiz.

Qamar gulchi jilmaydi.

– Qanday gul ekan? Ko‘rsak bo‘ladimi?

Yigit qo‘lidagi yukxaltasini ochib, kimyogarlarning tajribaxonalaridagina bo‘ladigan uzun shisha idishni oldi. Uning ichida qora afsunga o‘xshash gul bor edi. Qamar gulchi yaxshilab razm solib, o‘zining gulini taniganidan taajjubga botdi. – “O‘zimning gulim...”

– Gulni qachon sotib olgandingiz? – Qamar aka bu yigitga qachon gul sotganini eslolmadi.

Endi yigit jilmaydi.

– Buni sizdan sotib olmaganman, o‘zim yetishtirganman.

Yigitning javobi Qamar gulchiga surbetlikdek ko‘­rinib ketdi.

Bir vaqtlar olimlik zahmatini chekkan Qamar gul­chi bundan yigirma yillar oldin o‘zini gulchilikka urdiyu taqdirini shunga bog‘ladi. Qora afsun uning ko‘p yillik zahmatlari mevasi edi. Minglab gullarni chatishtirib, omadsiz, natijasiz tajribalardan so‘ng shu gulni o‘stirishga muvaffaq bo‘lgan, gulning bor sir-sinoati bitta Yaratganu undan o‘zgaga ma’lum emasdi. Shuning uchun nafaqat bu shahri azimda, balki kurrai zaminda qora afsun Qamar gulchining issiqxonasida o‘sardi. Olimlar gulni ko‘p o‘rganishgan, DNKyu irsiyatini tit-pitini chiqarib tashlashgan, ammo gul o‘z sirini xanuz ochmasdi.

– Balki do‘koningizga kirarmiz, – taklif qildi yigit.

Ertalabdan ta’bi buzilayotganidan Qamar gulchi asabiylashdi. Bu yigit uni mazax qilayotgan bo‘lmasin. Ko‘rinishi ham g‘alati. O‘zi anaqaroqmikin? Ammo, uning jiddiy tikilib turgan ko‘zlaridan bo‘shashib, Qa­mar gulchi uni do‘koniga taklif qildi. Eshikdan ki­ra solib, chiroqni yoqmoqchi bo‘lganida yigit shoshib:

– Keragi yo‘q! Aslo keragi yo‘q!-dedi.

Qamar gulchi taajjubga botdi. Shunda uning ko‘z­lari zaif yorug‘likni sezib qoldi. Xuddi do‘konning olis bir burchida sham yoqib qoldirilgandek tuyulardi. Qamar gulchi hayron bo‘lib, u yoq-bu yoqqa alangladi. Yo‘q, topolmadi. Kutilmaganda uning ko‘zlari yigitning qo‘lidagi shisha idishga tushdiyu hayratdan og‘zi lang ochilib qoldi. Idish ichidagi gul zaif shu’la tarayotgan, shisha esa uni xiyla yorqinlashtirib berayotgan edi! Qamar gulchi nafas olishni ham unutib, gulga baqrayib qoldi. Yo, alhazar! Tushimi yoki o‘ngi? Hech zamonda gul ham shu’la taratadimi? Shunda Qamar gulchining kallasiga o‘y keldi: “Sun’iy gul-ku!”.

U bo‘shashib, yengil nafas ola boshladi.

– Odamni rosa qo‘rqitdingiz. Gulingizning sun’iy ekani xayolimga ham kelmabdi.

– Aslo sun’iy emas, tabiiy.

– Tabiiy?! Bo‘lishi mumkin emas!

Notanish kishi shishani ko‘tarib, gulni Qamar gul­­­chiga tutqizdi. U xuddi cho‘g‘ ushlayotgandek qo‘rquv va hadik bilan gulbandidan asta tutdi. Bir muddat jur’ati yetmay turgach, qo‘rqa-pusa gul kosachasini av­val ushlab, so‘ng ezib ko‘rdi. Ezilgan joydan suv chiqsa-da u ishonar-ishonmasligini bilolmay qoldi. Gul tabiiy, rostakam edi.

– Sizga bir taklifim bor, – deb qoldi dabdurustdan g‘alati notanish.

– Qulog‘im sizda, – hayajonini bazo‘r bosishga urinardi Qamar gulchi.

– Gulchilikda benazirsiz, keyin, – garchi o‘zlari bo‘lsalar-da suhbatga maxfiylik tusini bergandek ovozini pasaytirdi, – siz ancha ishonchli odamsiz. Siz­­daqalarni kunduzi chiroq yoqib topib bo‘lmaydi.

Qamar gulchi yana hayajonlanayotgani, buning ustiga asabiylashayotganini sezdi. Uning peshonasida yirik­lashayotgan ter tomchilari gulning endi xiyla kuchaygan yog‘dusida yiltiray boshladi.

– Qanday taklif edi?

– Shu gullarni, – yigit qo‘lidagi shisha idishga ishora qildi, – o‘zingiz ekib, ko‘paytirasiz...

– O‘zim?!

– Ha.

– Uyimda-ya?!

– Albatta.

Qamar gulchi yengining orti bilan peshonasidagi terni sidirib tashladi. Endi tekis nafas olib, o‘zini ancha bosib olganidan miyasi ravon ishlardi. Gulni eksa bozori yanada chaqqon bo‘ladi. Xaridorlar faqat undan gul xarid qiladilar. Bu yog‘i endi oddiy arifmetika... U entikdi.

– Qanday kelishamiz? – so‘radi Qamar gulchi.

– Ellikka ellik! Ma’qulmi?

– Ma’qul! Haligi... sarf-harajati... – chaynaldi Qamar gulchi. – Qora afsunni yetishtirishning o‘zi bo‘ladimi! Har xil dorilari, har soatda suv purkab turgani odam yollash...

– Buyog‘idan xotiringiz jam bo‘lsin. Bu gulni yetish­­tirish oson. Ajriqdan ham bardoshli, hamma yer­da o‘saveradi.

– Yo‘g‘-e! – Qamar gulchi ishonqiramagandek quyosh ko‘tarilib qolganidan yog‘dusi so‘ngandek ko‘rinayotgan gulga qarab oldi. – Ja unaqamasdir...

– Avval ekib ko‘ring! Keyin gaplashamiz. Kelisha olamizmi?

Xuddi ketib qolib, boshqa gulchilar bilan kelishib oladigandek Qamar gulchi shoshib qoldi.

– Mayli, mayli, men rozi! Kelishdik.

Yigit yukxaltasidan qog‘oz quti olib, Qamar gulchiga uzatdi.

– Bunda gulning piyoz tugunaklari. Shulardan ko‘­paytirasiz.

Qamar gulchi qutini qo‘shqo‘llab oldi. Yigit xayrlasharkan:

– O‘zim sizdan xabar olib turaman, -dedi.

– Xo‘p bo‘ladi, – xuddi boshlig‘i qarshisidagi laganbardor xodimdek tavoze’landi Qamar gulchi.

Qamar gulchi bugungi ishlarini ham unutdi. Do‘­kondagi shogirdlariga hamma yumushlarni tashlab, qu­tini qo‘ltig‘iga qisganicha uyiga shoshdi.

Qamar gulchi uyiga kelasolib, issiqxonasiga kirib ketdi.

Issiqxonaning katta qismida qora afsun o‘s­ti­rilganidan ertalab suv purkab chiqilgan gullar ancha ko‘tarilib qolgan kuz quyoshida olmosdek jilvalanib, ko‘zni quvnatadi. Osmon toqiga yetgunicha necha-necha og‘ish burchaklarini zabt etayotgan quyosh nurlarida gulyaproq ustidagi birgina tomchi turfa jilolanadi. Aql bovar qilmaydi!

Qamar gulchi, odatdagidek, gullari jozibasi va anvoyi husnidan zavq olishni unutib, qutidagi tu­gunak­larni ekishga joy qidira ketdi. Ma’qul yerni topgach, hammasini tuproqqa ko‘mdi. So‘nggi tugunakni ekkach, negadir qo‘lsoatiga qaradi...

Ertasi ertalab, ne ko‘z bilan ko‘rsinki, tugunak­larning bari nish urgan. Eng qizig‘i, ayrimlarida chinbarglari ham bor. Qamar gulchi ko‘zlariga ishonolmasdi. Axir, bu gulning unib chiqishiga uch kun, nozikkina barg chiqarishi ikki haftalarsiz bo‘lmasdi. Qiziq, ham g‘alati... Lekin bu hali hammasi emasdi. Qora afsun bir oyda zo‘rg‘a bir qarich bo‘lsa, bunisi uch kunda shuncha bo‘lib turibdi. Bir hafta deganda rosmana gul butasini berdi. Qamar gulchi endi o‘zgacha intiqlik bilan gulning ochilishini, uning shu’lalanishini kutardi. U do‘koniga bormay qo‘ygan, uzzukun issiqxonasida edi.

Nihoyat, o‘n uch kun deganda gulning g‘unchasi ochildi. Qizig‘i, gul kunduzi, quyoshni ko‘rganida emas, tunda, oy ko‘kda suzib yurgan mahalda ochilgandi. O‘sha tuni, negadir Qamar gulchining uyqusi kelavermadi. Tashqariga chiqqisi keldi. Chiqdiyu hayrat va qo‘rquvdan taxta bo‘lib qoldi. Issiqxona oynalaridan zaif yorug‘lik tashqariga sizib turardi. Ko‘zlari baqrayib, o‘lik tusiga kirgan Qamar gulchining yarim ochiq qotgan lablaridan birgina, uzuq-yuluq so‘z chiqdi:

– G-g-gullabdi...

Ikki daqiqalar harakatsiz qotgan Qamar gulchining oyoqlariga jon qaytgandek, xasta odamdek issiqxona tomon asta qadamladi. Qo‘rqa-pisa issiqxona eshigini ochib, ichkariga kirdi.

Ichkarida, bir necha qator paykallardagi gullar... “yonmoqda” edi! Xiyla o‘ziga kelib qolgan Qamar gulchi asta yurib, yonidagi gulga hadik bilan qo‘l tekkizib ko‘rdi. Gul asta tebranib qo‘ydi.

– Aldamabdi! – dedi u yengil so‘lish olib.

Qatorlashib, jivir-jivir shu’la taratayotgan gullarni nazaridan qayta-qayta o‘tkazarkan, u pichirladi: “Menga yetadigani yo‘q!..”.

Rastada yangi gul paydo bo‘ldi. Odamlar hayratda edi – yo alhazar, shunaqasi ham bo‘larkanmi?! G‘alati gulni ko‘rishga ishtiyoqmandlar ko‘p, Qamar gulchining do‘konidan endi odamlarning oyog‘i uzilmay qolgandi.

Birinchi kungi daromaddan Qamar gulchi entikayozdi. Qancha gul yetishtirayotganini anovi nusxa qaerdan ham bilardi! O‘zi gulning tugunaklarini ko‘paytiradi, o‘stiradi. Issiqxonasidagi barcha “qora afsun”larni sug‘urib, yangisini ekadi... Xullas, Qamar gulchi miyasida turfa o‘y-xayollar o‘ynar, rejalar tuzilardi.

Issiqxonada ham ishlar ancha yurishib qoldi. Uch oy deganda gullaydigan qora afsunning o‘rniga Qamar gulchi o‘n uch kunda yetiladigan “yonargul”ni ekib, yaxshigina daromad qila boshladi. “Qora afsun”lar tez-tez avlod almashayotgan “yonargul”lar yonida ojiz, ko‘rimsiz ko‘rinardi.

Oradan bir oylar o‘tib, yigit gulrastasiga kelib, Qamar gulchining do‘koniga kirdi. Qamar gulchi uni ko‘rib, noxushlandi, ammo ko‘nglidagini sirtiga chiqarmaslik uchun zo‘rma-zo‘raki, jilmaydi.

– Keling... keling...

– Keldim. Sizni bir ko‘rib ketay degandim.

– Juda yaxshi qilibsiz-da, – hojati bo‘lmasa-da Qamar gulchi yelkasidagi oq sochiq bilan peshonasini artib oldi.

– Tirikchilik o‘tib turibdimi, aka?

– O‘tib turibdi, – Qamar gulchining yuragiga negadir g‘ulg‘ula tushdi.

– Aka, kelishuvdik, esingizda bo‘lsa...

– Esimda, esimda, hammasini taxt qilib qo‘y­gan­man, – Qamar gulchi o‘zi o‘tiradigan joydan yelim xaltaga o‘ralgan narsani darrov topib, yigitga uzatdi.

– Mana, daromadning yarmi.

Yigit qo‘lida yelim xaltadagi narsani salmoqlab ko‘rdi.

– Kam emasmi, aka? – kulimsiradi u.

Qamar gulchi rosmana terlab ketganidan peshonasini og‘ritgudek artdi.

– H-hammasi...

Yigit yana salmoqlab olgach, yelim xaltani Qamar gulchining qo‘liga tutqizdi.

– O‘zingizga buyursin aka, hali meni ko‘p eslaysiz! Yigit miyig‘ida kulib qo‘ydi.

– Siz meni tushunmadingiz, uka...

Yigit bee’tibor ostona hatlab do‘­kondan chiqib ketdi.

Negadir Qamar gulchining yuragi g‘ashlandi. U do‘­konidagi hamma yumushlarni tashlab, uyiga shoshdi. Kelib, issiqxonaga kirib ketdi. Oradan bir oy o‘tibdi, ammo “yonargul”lardan olgan birorta ham tugunak o‘sib chiqmadi. Axir, anavi yigit bergan tugunaklarning ba­ri ungandi-ku. Nega uniki o‘smaydi? Shunda yigitning do‘konidan ketish oldidan aytgan gaplari yodiga tushdi: “Hali meni ko‘p eslaysiz”.

Qamar gulchi seskanib ketdi. U bu g‘alati bashoratomuz so‘zlarda o‘zi uchun noxush narsalarni anglay boshlagandi.

Qamar gulchi bu tun juda g‘alati tush ko‘ribdi. Tushida “yonargul”lar “qora afsun”larni shafqatsizlarcha g‘ajib, yutib yuborayotganmish. Keyin, “yonargul”lar kattalashib, shunaqa shu’la taratishni boshlashibdiki, ko‘zlar ko‘rmay qolarmish...

Qamar gulchi uyg‘onib ketganida a’zoyi badani jiqqa terga botgandi. Notinch ko‘ngli uni negadir is­siq­xonaga boshlardi. U darrov o‘rnidan turdiyu chala-chulpa kiyinib, issiqxonasiga shoshdi. Ketarkan, g‘alati narsani sezib qoldi. Hovlisi ancha yorishgan­dek edi. U osmonga qaradi. Oy yo‘q, zim-zimiston tun. Birdan Qamar gulchining yuragi orqaga tortib ketib, jonholatda issiqxona tomonga qaradiyu oyoqlari hol­sizlandi. Yorug‘lik issiqxonadan kelardi. Qamar gulchi jonholatda issiqxona eshigini ochdiyu qo‘rquv va hayratdan qotib qoldi. Bu safar yonargullar emas, ularning yonidagi ikki jo‘yakdagi qora afsunlar shu’la taratardi! Qamar gulchi og‘ir yutinib, ichkariga kirarkan, ko‘rayotganlari ruyo yohud chin ekanligini bilmasdi. Bu qanaqasi?! O‘zining gullariga nima jin urdi? Ular nega yog‘du taratayapti? Qamar gulchi shu’lalanib turgan qora afsunlarning birini qo‘rqa-pisa ushlab ko‘rdi. Gul tebrandi. Nazarida, issiqxona yanada yorishib ketgandek bo‘ldi.

Issiqxonasidagi sinoatga Qamar gulchining aqli yetmasdi. Qanday qilib qora afsunlari yog‘du taratadigan bo‘lib qoldi?! Ularga nima jin urdi? Negadir Qamar gulchining ko‘ngli juda xira, notinch edi bu tun.

Joyiga ming mashaqqat va ming turlik o‘y-xayollar bilan qaytgan Qamar gulchining tonggacha uyqusi kelmadi. U yoqqa ag‘anardi – bo‘lmasdi, bu yoqqa ag‘anardi, –foydasiz. Tongga yaqin, kutilmaganda uning kallasida lop etib bir o‘y yondi-o‘chdi: qora afsunlar yonargullardan changlanib qolgan! Qamar gulchining vujudini muzdek ter qopladiyu eti jimirlab ketdi. Mulohazayu andak tafakkurdan so‘ng qo‘rquvi ikki qatla oshganidan yana issiqxonasiga qaytdiyu yonargullarni sug‘ura ketdi. Uning avzoyi g‘alati, xatti-harakatlari telbanamo edi. Nihoyat, hamma yonargullarni sug‘urib, bir uyum qilgach, yengil tortgandek, bo‘shashib yerga o‘tirib qoldi. Issiqxona ham ancha qorong‘u torgandi. Buni Qamar gulchining o‘zi ham sezdiyu qattiq va asabiy qimtilgan lablari bo‘shashib, yuzida tabassum zuhur qildi. Yonargullar uyumi ustida anchagacha huzurlanib o‘tirgan Qa­mar gulchi yelkasidan ulkan tog‘ ag‘darilgandek yengil tortib, o‘rnidan turdi. Qorong‘u issiqxonadan o‘ziga arang yo‘l topib, tashqariga chiqdi.

Qamar gulchi endi yonargul balosini unutgandek bo‘ldi. U odatdagidek do‘koniga chiqar, qora afsunlariyu boshqa anvoyi gullarini sotishda davom etardi.

Ammo...

Kunlardan bir kun, aniqrog‘i, yonargullar shaf­qat­sizlarcha uyum qilingan kundan bir haftalar o‘tgach, Qamar gulchi g‘alati tushdan uyg‘onib ketdi. Tushida yana o‘sha yonargullarni ko‘ribdi. “Yonargul”lar shunaqa shu’la taratarkanlarki, ko‘zlar qamasharmish... U dar­­rov o‘rnidan turib, telbalarcha issiqxonasiga cho­­­­­­­pibdi. Issiqxonasi odatdagidan-da yorug‘, hatto cha­­­rog‘on ko‘rinibdi. Anchadan beri issiqxona tunlari qorong‘u bo‘lardi. Qamar gulchi eshikni ochdiyu hay­rat­dan taxta bo‘lib qoldi: issiqxonadagi hamma qora afsunlar shu’la taratardi! Bamisli yonargullardek. Qamar gulchi bo‘shashib o‘tirib qoldi. U o‘zini ilojsiz sezar, gullarning yog‘dusi esa tobora kuchayib borayotgandek edi...