May 7, 2020

#Kun_Hikoyasi Atirgulning tikoni. Gabriel Garsia Markes

Kechga yaqin chegaraga yaqinlashganlarida Nena Dakonte nikoh uzugi ta-qilgan barmogʻidan hamon qon tomchilayotganini koʻrdi. Kigizrang yomgʻirpoʻsh kiygan ispan jandarmi karbid chirogʻini tutib ularning pasportini uzoq koʻzdan kechirdi. Pireney togʻlaridan esayotgan kuchli shamol uni uchirib ketaman derdi. Garchi ikkala pasport ham diplomatik maqomga ega boʻlsa-da, jandarm chiroq nurini hujjatlardagi suratdan uzib, bularning yuziga tutdi. Balogʻatga yetib-yetmagan, koʻzlari maʼsum, rutubatli yanvar oqshomida shinnirang yuzida Karib oftobi jilva qilib turgan Nena Dakonte pahmoq poʻstinga tomogʻigacha oʻranib oʻtirardi. Bunaqa poʻstinni xarid qilishga chegaradagi butun boshli garnizonning bir yillik maoshi ham yetmaydi. Egniga katak-katak kamzul, boshiga beysbol qalpoqchasi kiyvolib rulda oʻtirgan eri Billi Sanches de Avila undan bir yosh kichik, ammo xuddi uning oʻziday xushroʻy edi, faqat oldinga turtib chiqqan zarang iyagi koʻrinishdan yoqimtoy kallakesarni yodga solardi. Xotinidan farqli oʻlaroq, u boʻychan va durkunroq edi. Ularning jamiyatdagi oʻrnini koʻz-koʻz qilib turgan yana bir unsur bu joylarda kamdan-kam uchraydigan hashamatli avtomobil boʻlib, uning orqa oʻrindigʻida yap-yangi chamadonlar va sovgʻa toʻla qogʻoz qutilar uyulib yotardi. Nena Dakontening birdan-bir ovunchogʻi boʻlmish saksofon ham shu yerda edi, – hayhot! – kunlardan bir kun bu ovunchoqni plyajda yurgan baodob bosqinchining mashʼum muhabbati chilparchin qilib tashladi.

Jandarm muhr bosilgan pasportlarni qaytarib bergach, Billi Sanches undan yaqin-atrofda dorixona bor-yoʻqligini soʻragan edi, u kafti bilan ogʻzini shamoldan pana qilib, Andaydan, fransuzlar tomonidan surishtiringlar, deb qichqirdi. Oynavand hujra ichida qarta tashlab oʻtirgan Anday politsiyachilari esa mahobatli moshinaga koʻz qirini tashlashdiyu “oʻtib ketaveringlar” degan ishorani qilishdi. Billi Sanches toʻxtab, ustma-ust signal qopqogʻini bosdi, axiyri zardasi qaynab ketgan bir politsiyachi tuynukdan boshini chiqarib, jerkib berdi:

– Nima qilib turibsan? Ketavermaysanmi, galvars!

Ana shunda Nena Dakonte poʻstinining yoqalarini yuziga bosib moshinadan tushdi-da, politsiyachidan sof fransuz tilida dorixona qayerdaligini soʻradi. Lunji toʻla non, politsiyachi loqaydlik bilan dorixonaga ishi tushmaganini aytib, darchani yopdi. Ammo nigohi bir zum nomsiz barmogʻini soʻrib turgan antiqa poʻstinli qizga qadaldi, nazarida osmondan farishta tushganday boʻldi shekilli, birdan koʻnglidagi qahr oʻrnini mehr egalladi.

– Bayonnada dorixona bor, – dedi u, – lekin bunday havoda ishlayotganmi-kan? Tinchlikmi oʻzi? – deb soʻradi keyin.

– Tinchlik, – deya jilmaydi Nena Dakonte va olmos koʻzli uzuk yarqirab turgan barmogʻini koʻrsatdi. Barmoq uchidan qon silqirdi. – Tikan kirib ketdi.

Bayonnaga yetmaslaridan yana qor yogʻa boshladi. Shom qorongʻisi endigina yoyilayotgan boʻlishiga qaramay, shaxar koʻchalari boʻm-boʻsh, hamma eshiklar taqa-taq berk edi. Allamahalgacha dorixonani qidirib topisholmadi. Yana yoʻlga tushishdi. Billi Sanches xursand edi. Shu paytgacha mingan moshinalari toʻy munosabati bilan sovgʻa qilingan mana bu “Bentli”ga yaqin kelolmasdi, aslida-ku qoʻlini qayoqqa uzatsa yetadigan otasi uni moshinadan hech qachon qismagan, xohlaganini olib berib turgan. U mana shunday shirin xayollar ogʻushida oʻtirar, yurgani sayin toliqish oʻrniga charchogʻi tarqab borardi. Billi shu bugunoq Bordoga yetib olmoqchi edi, chunki ularni “Splendid” mehmonxonasida oldindan buyurib qoʻyilgan jannatiy xona kutmoqda. Shu tobda uni na roʻparadan esayotgan kuchli shamol, na boʻralab yogʻayotgan qor toʻxtata olardi. Nena Dakonte esa butkul holdan toygan, ayniqsa, yoʻlning Madriddan chegaragacha boʻlgan oʻydim-chuqur qismi uni tutday toʻkib tashlagan edi. Binobarin, Bayonnadan chiqishlari bilan u qon oqayotgan barmogʻini roʻmolchasi bilan bogʻlab, qattiq uyquga ketdi. Billi Sanches buni yarim kechaga yaqin, qor tinib, qaragʻayzorda shamol toʻxtagan va koʻkda yulduz durlari yiltillagan paytdagina payqadi. Bordo ortda qolgan edi, u yerda Billi moshinaga benzin quydirish uchungina toʻxtadi, niyati tezroq Parijga yetvo-lish edi. 25 ming funtga xarid qilingan dabdabali qoʻgʻirchogʻiga mahliyo boʻlib qolgan Billi barmogʻiga oʻrogʻliq roʻmolchasi jiqqa qonga boʻkkan shirmonyuz qiz uning quvonchiga sherik boʻladimi-yoʻqmi – bu haqda oʻylamasdi.

Ular uch kun burun bu yerdan minglab kilometr olisdagi Kartaxane-de-Indiasda qizning ota-onasini qon qaqshatib, faqat arxiyepiskopning oq fotihasi bilan turmush qurishdi. Nima voqea yuz berganini, nogohoniy bu muhabbat qanday paydo boʻlganini ularning oʻzidan boshqa hech kim bilmasdi. Bu muhabbat esa toʻydan uch oy muqaddam dengiz sohilida, orombaxsh yakshanba kunlarining birida koʻz ochgan edi. Oʻsha kuni Billi Sanchesning toʻdasi Marbelye plyajidagi ayollarning yechinish xonalariga bostirib kirdi. Bundan sal ilgariroq Nena Dakonte oʻn sakkiz yoshga toʻlgan, Shveysariyadagi Shatelen internatida taʼlim olib, toʻrtta tilni suv qilib ichib yuborgan va saksofon chalishni oʻrganib, yaqindagina oʻz yurtiga qaytgan edi. Bu – u dengizga kelganidan keyingi ilk yakshanba edi. Nena choʻmilish libosini kiyish uchun butkul yechinib boʻlganida yon-veridagi boʻlmalarda birdan qiy-chuv koʻtarildi, u nima gapligini oʻz xonasining zulfini sharaqlab otilib ketganidagina angladi. Roʻparasida uyat joyiga shapaloqday qoplon terisini tutib olgan ertaklardagiday xushsurat bir bezori turardi. Qayishday tarang qomati janub oftobi va dengiz shamolida obdon qoraygan, oʻng mushtiga qaroqchilarning sinalgan quroli boʻlmish temir zanjir oʻralgan. Bir vaqtlar ular boshlangʻich maktabda birga oʻqishgan edi. Oʻ-hoʻ, ular bormagan oilaviy tantanalar, bazmu ziyofatlar qoptimi! Har ikkalasi ham shaharni yotqizib-turgʻizadigan nufuzli xonadonlarning farzandlari edi. Ammo hozir, oradan koʻp yillar oʻtgani sababli, bir-birlarini dabdurustdan taniyolmadilar. Haykalday qotib qolgan Nena Dakonte hatto u yer-bu yerini yashirishni ham tamomila unutgan edi.

Billi Sanches nomus qilganidan zanjir oʻralgan mushti bilan kiyimxona devorini shunaqa urdiki, barmoq suyaklari dabdala boʻldi. Qizning oʻzi moshinasida uni kasalxonaga olib borib, tuzalgunicha tepasidan jilmadi, bu gʻamxoʻrlikning oqibati shu boʻldiki, ular birgalikda zino ilmini yuksak choʻqqilarga koʻtardilar. Ikki yosh uchun dunyoda goʻyo bundan koʻra huzurbaxsh mashgʻulot yoʻqday edi. Kunni kun, tunni tun demay, istalgan yerda: goh moshina ichida, goh dengiz sohilida faqat shu ish bilan shugʻullanishdi. Hatto yaqindagina taqdir ularni uchrashtirgan plyajdagi yechinish xonalari ham qolgani yoʻq. Xullasi kalom, nikoh oʻqilib, ikkovlari jufti halolga aylangan kunning ertasiga Nena Dakontening qornidagi homila ikki oylikka yaqinlashib qolgani maʼlum boʻldi.

Binobarin, Madridga uchib kelganlarida ular oʻzlarini bearmon ayshu ishrat qilgan jazmanlarday emas, balki ming yillik orzulari ushalgan yosh kelin-kuyovlarday tutdilar. Qizning ham, yigitning ham ota-onasi ularni kutib olishga puxta tayyorgarlik koʻrib qoʻyishgan edi. Samolyotga zinapoya tirkalishi bilan birinchi toifadagi boʻlmaga protokol boʻlimining xodimi kirib keldi. U Nena Dakontega ota-onasi nomidan nuqraday oppoq manto sovgʻa qildi, Billi Sanchesga esa qoʻy terisidan tikilgan nimpoʻstin bilan aeroportda qantarib qoʻyilgan yap-yangi moshinaning kalitini topshirdi.

Diplomatik vakolatxonaning barcha xodimlari ularni faxriy mehmonlarga moʻljallangan qabulxonada kutib olishdi. Elchi va uning rafiqasi bular esini tanibdiki, har ikkala xonadon uchun aziz kishilar edi. Bundan tashqari, ularni hali shudring tomchilari qurib ulgurmagan bir dasta atirgul bilan qarshi olgan elchi Nena Dakon-tening inga-ingasini eshitgan doya-doʻxtir ham edi. Qiz er-xotinga talpinib, ularni navbati bilan oʻpdi, soʻng guldastani oldi, shunda atirgulning tikani barmogʻiga gʻarchillab sanchildi, ammo Dakonte darrov vaziyatni yumshatdi:

– Uzugimni koʻrib qoʻyinglar deb ataylab shunday qildim.

Diplomatlarning bari qadimiy ustalar qoʻlidan chiqqan olmos koʻzli uzukka mahpiyo boʻlib qoldi, koʻplari ichida uzukning narxini xomchoʻt qilgan boʻlsa ham ajab emas. Hech kim barmoqdagi qonni payqamadi. Keyin hammaning eʼtibori moshinaga ogʻdi. Tadbirkor elchi uni aeroportga keltirib, ipak matoga oʻrashni va ustidan zarhal jiyak bilan bogʻlab qoʻyishni buyurgan edi. Ammo Billi Sanches bu topqirlikning qadriga yetmadi. Moshinani tezroq koʻrish ishtiyoqi ustun kelib, bir siltov bilan matoni sidirib tashladiyu angrayib qoldi. Bu eng soʻnggi nusxadagi “Bentli” rusumli moshina boʻlib, ichki jihozlari butkul asil charm bilan qoplangan edi. Birdan havo aynadi, Guadarram tomondan achchiq izgʻirin esa boshladi. Lekin Billi Sanches sovuqni sezmasdi, u mashinaga andarmon boʻlib, uning jamiki ikir-chikirini koʻzdan kechirib chiqdi va shu tariqa elchixona xodimlarini allamahalgacha ochiq bekatda diydirab turishga mahkum etdi. Keyin elchi ziyofat rejalashtirilgan maxsus qarorgohga borish uchun uning yoniga, oldingi oʻrindiqqa oʻtirdi. Ioʻl-yoʻlakay shaharning diqqatga sazovor joylarini koʻrsatib ketdi, ammo fikru xayoli moshinada boʻlgan Billi Sanches bunga parvo ham qilgani yoʻq.

Ilgari u oʻz yurtidan tashqariga chiqmagan edi. Har yili sinfdan sinfga oʻta olmay, barcha xususiy va davlat maktablarining tuzini tatib koʻrdi, axiyri koʻpchilikning qargʻishiga uchragan yomon bolalar toʻdasiga qoʻshilib ketdi. Bu shahar u tugʻilib-oʻsgan shaharga oʻxshamasdi: dengizi yoʻq, turqi sovuq kulrang binolar, yalangʻoch daraxtlar – xullas, nazari tushgan hamma narsa taʼbini xira qilar, lekin Billi Sanches buni sezdirmaslikka tirishardi. Elchining qarorgohida ziyofat avjiga chiqib, shaharga yopirilgan qor boʻronini hech kim payqamadi, Fransiyaga joʻnash uchun qarorgohdan chiqqanlarida esa butun borliq oq choyshabga burkangan edi.

Nena Dakonte barmogʻidan qon oqayotganini Madriddan joʻnaganlaridan soʻng oradan toʻrt soat oʻtgach, boʻron tinib, havo ochilgan paytdagina koʻrib qoldi. Avvaliga taajjublandi, chunki elchining xos mehmondorchilikni operalardan ariyalar ijro etish bilan yakunlashga odatlangan xotini shaʼniga qiyqirib chapak chalganida barmogʻida ogʻriq sezmagan edi. Keyinroq, har gal eriga chegaraga eltadigan eng yaqin yoʻlni koʻrsatarkan, qon oqayotgan barmogʻini beixtiyor soʻra boshladi, faqat Pireneyga yetganlaridagina dorixona esiga tushdi. Ammo soʻnggi kunlardagi “zoʻri behuda”lar oʻz ishini qildi – uni uyqu elitdi, choʻchib uygʻonganida esa (tushida moshina suv ustida suzib ketayotganmish) barmogʻiga oʻralgan roʻmolcha xayoliga ham kelmadi. Roʻparasidagi soatga qarab allaqachon Bordoni ham, Angulemni, Puatyeni ham bosib oʻtishganini, hozir esa Lauru oralab, suv bosgan baland toʻgʻon ustida ketishayotganini angladi. Qaragʻaylar ortidagi koʻhna qalʼalar oyning xira yogʻdusida ertaklardagi sirli-sehrli sharpalarday koʻzga tashlanardi. Bu joylarni besh qoʻliday biladigan Nena Dakonte Parijgacha atigi uch soat yoʻl qolganini chamalab koʻrdi, Billi Sanches esa rulda hamon gijinglagan toyday oʻtirardi.

– Joningda qasding bormi? – dedi u eriga. – Oʻn bir soatdan koʻp yuribmiz-a, tamaddi qilib olsang-chi!

Ammo Billi Sanches yangi moshina gashti bilan toʻq edi. Garchi samolyotda kam uxlagan boʻlsa-da, Parijga qiynalmasdan yetib borishi koʻrinib turardi.

– Elchining uyida bir oyga yetadigan ovqat yeganman, – deya javob berdi u bamaylixotir. Orleanga yaqinlashganlarida tuman tarqadi, oy barkashi qor bosgan dalalarga ayamay nur socha boshladi, ammo Parijga sabzavot va vino olib borayotgan yuk mashinalari tirbandlashib, yurish ancha qiyinlashdi. Nena Dakonte jon-jon deb rulga oʻtirgan boʻlardi-yu, lekin bundan ogʻiz ochishga ham jurʼat etolmasdi, sababi Billi Sanches bir kuni, xotinining yonida yoʻlovchiday oʻtirgan erkak – erkak emas, degan edi. Qariyb besh soat toʻyib uxlab olgan Nena hozir oʻzini bardam his etar, birorta xarob mehmonxonada yotib qolishmaganidan nihoyatda xursand, faqat tunning besamar oʻtgani jinday alam qilayotgan edi, xolos. Billi Sanches xotinining koʻnglidagini uqqanday luqma tashladi:

– Bir ot oʻyin qilmaymizmi? Qor ustida gashti boʻlakcha-da. Hoziroq, nima deysan?

Nena Dakonte oʻylanib qoldi. Yoʻlning ikki chetiga qalin momiq qor toʻshalgan. Qaniydi, tappa tashlasangu bir-biringga chirmashib ketsang! Ammo shahar yaqinlashgani sayin qatnov tigʻizlashib borar, tevarak-atrofdagi zavodlarning chiroqlari koʻzga tashlanar, velosiped mingan ishchilar ketma-ket oʻtib turar edi.

– Parijgacha chida, – dedi Nena Dakonte. – Er-xotinga oʻxshab, ozoda toʻshakda qilaylik shu ishni.

– Birinchi marta rad etishing, – deya taajjublandi Billi Sanches.

– Toʻgʻri, – dedi qiz. – Birinchi marta er-xotin boʻlib turibmiz-da.

Osmon yorisha boshlaganda yuvinib olish va jinday hordiq chiqazish maqsadida yoʻl boʻyidagi qahvaxonaga kirishdi, keyin yuk mashinalarining nonushta qilayotgan haydovchilari yonida turib issiq bulochka bilan qahva ichishdi. Hojatxonada Nena Dakonte yubkasidagi qon dogʻlarini koʻrdi, lekin tozalab oʻtirmadi. Boʻkib ketgan roʻmolchani axlat qutisiga uloqtirib, qoʻlini shoshmasdan sovunlab yuvdi. Tikan yarasi koʻzga shundoq tashlanib turardi. Moshinaga oʻtirganlarida barmoqdan yana qon oqa boshladi. Nena Dakonte sovuq shamol qonni toʻxtatadi degan umid bilan qoʻlini tashqariga chiqarib oldi, lekin foydasi boʻlmadi. “Birortasi izimizga tushgan boʻlsa, mushkuli osonlashdi, – dedi u soddadillik bilan. – Qorga tomgan qonlarim izidan bemalol topaveradi”.

– Eshityapsanmi? “Madriddan Parijgacha choʻzilgan qon izlari…” Qoʻshiqqa oʻxshaydi-ya!

Ammo bu hazilning tagi zil ekani tezda maʼlum boʻldi. Parijga tutash shaharchaga kirib borganlarida barmokdan qon tizilib otila boshladi, shunda Nena Dakonte qon bilan birga tanasini jon ham tark etayotganini ilk bor his etdi. U jarohat ustiga hojatxona qogʻozini bosar, qonga boʻkkan qogʻozni paydar-pay tashqariga uloqtirib borardi. Qon asta-sekin poʻstin barlari va oʻrindiqqa yoyila boshladi. Billi Sanches sarosimaga tushib yana dorixona qidirmoqchi boʻldi, ammo endi dorixona yordam berolmasligini Nena Dakonte anglab yetgan edi.

– Hademay Orlean darvozasidan oʻtamiz, – dedi u. – Katta yoʻldan toʻgʻri boraverasan, u yogʻini koʻrsataman.

Ammo general Leklerk nomi bilan ataluvchi katta yoʻldan olgʻa siljish oson boʻlmadi. Yoʻlning ikkala tomonida yengil moshina va mototsikllar bir-biriga mingashib ketgan, oʻlganning ustiga tepgan deganlariday, markaziy bozorlarga oshiqayotgan yuk mashinalari qimir etgani qoʻymas edi. Billi Sanches xunobi oshib haydovchilar bilan soʻkishib ketar, Nena Dakonte hay-haylab uni hovridan arang tushirardi. Faqat Leon Belfor maydonidan oʻtishga bir soatdan ortiq vaqt sarflashdi. Qahvaxona va doʻkonlarning chiroqlari yarim tundagidoy charaqlab turar, zero Parij yanvarining odatdagi seshanbasi boʻlib, havo rutubatli, yomgʻir aralash qor yogʻardi. Danfer-Roshro koʻchasi xoliroq ekan, ozgina yurganlaridan soʻng Nena Dakonte eriga oʻngga burilishni buyurdi, koʻp oʻtmay ular befayz bir kasalxona oldida toʻxtashdi.

Moshinadan tushayotganda Nena Dakontega yordamlashishga toʻgʻri keldi, lekin uning ruhi tetik, fikri ravshan edi. Navbatchi doʻxtir kelguncha Nena zambilda yotgan koʻyi hamshiraning siyqa savollariga javob qaytardi: kim, qayerda tugʻilgan, bolaligida qanday dardlarga chalingan va hokazo. Billi Sanches moshinadan uning sumkachasini keltirib berdi, soʻng nikohuzugi taqilgan qoʻlini ushladi. Qoʻl haroratsiz va zaif edi, lablari ham oqarib ketganini ilgʻadi. Qiz erining qoʻlini qoʻyib yubormadi, doʻxtir kelguncha Billi Sanches shu alpozda turaverdi. Navbatchi barmoqdagi jarohatni koʻzdan kechira boshladi. U boshida bir tuki yoʻq, qorachadan kelgan yoshgina yigit edi. Nena Dakonte unga zarracha eʼtibor bermay eriga qarab jilmaydi.

– Qoʻrqma, – dedi u, keyin odatdagi hazilini qildi: – nari borsa, barmogʻimni kesib olib, yutib yuborar-da.

Doʻxtir boshini koʻtarib, andak osiyocha talaffuz aralashgan sof ispan tilida javob qaytardi:

– Yoʻq, azizlarim, – dedi u, – shundoq chiroyli barmoqni kesib olib, yutib yuborgandan koʻra ochdan oʻlganim afzal.

Er-xotin baqa boʻlib qolishdi, ammo doʻxtir muloyim ishora bilan ularni xijolatdan qutqardi. Soʻng zambilni olib ketishni buyurdi, Billi Sanches xotinining qoʻlini tutgancha odimlayotgan edi, doʻxtir uning tirsagidan ushladi:

– Siz qoling. Bemorni reanimatsiyaga olib borishadi.

Nena Dakonte eriga yana bir bor jilmayib, qoʻl silkidi. Zambil yoʻlak ichkarisida koʻzdan gʻoyib boʻldi. Doʻxtir hamshira yozgan maʼlumotlarni oʻqiyotgan paytda Billi Sanches uning yoniga keldi.

– Doʻxtir, – dedi u, – xotinim homilador.

– Nechchi oylik?

– Ikki oylik chamasi.

Doʻxtir bu xabarni Billi Sanches kutganidan koʻra xotirjam qabul qildi. “Aytganingiz yaxshi boʻldi”, dedi-da, zambil olib ketilgan tomonga qarab yoʻrgʻaladi. Billi Sanches bemorlar tahlikasiga toʻyingan boʻm-boʻsh yoʻlakda qaqqaygancha qolaverdi, ancha garangsib turdi, keyin uzun yogʻoch kursida nimanidir kutib oʻtirgan kishilar yoniga choʻkdi. Oradan qancha fursat oʻtganini bilmaydi, kiftiga yer yuzining jamiki gʻam-tashvishini ortib kasalxonadan chiqqanida yana qorongʻi tushgan, osmon yana hafsala bilan qor elaklardi.

Nena Dakonte kasalxonaga yotqizilgan vaqt – 7 yanvar, seshanba, soat ertalab 9.30. Oʻsha kuni tunni Billi Sanches kasalxona roʻparasida turgan moshinasida oʻtkazdi. Ertalab uygʻonishi bilan sal naridagi qahvaxonada qaynatilgan oltita tuxum yeb, ikki stakan sutli qahva ichdi, Madriddan chiqqanlaridan beri tuzukroq yegan ovqati shu edi. Keyin Nena Dakonteni koʻrish uchun bemorlarni qabul qilish boʻlimiga bordi. Asosiy eshikdan kirish kerakligini unga bir amallab tushuntirishdi. U yoqda, xudoga shukr, ispanchani biladigan bir sanitar topilib qoldi, oʻsha orqali Billi Sanches rostdan ham Nena Dakonte kasalxona roʻyxatida qayd etilganini aniqladi; bemorlarni ziyorat qilishga faqat seshanba kuni soat toʻqqizdan toʻrtgacha ruxsat berilarkan. Demak, yana olti kun kutish kerak. Xotinini qabul qilib olgan doʻxtirga uchrashish niyatida uning tepakal ekanini, negrlarga oʻxshab ketishini aytgan edi, arzimagan bu ikki sifat boʻyicha tusmollagan birorta odam u doʻxtirni tanimadi.

Nena Dakonte roʻyxatda borligidan koʻngli sal taskin topgan Billi Sanches moshinasi oldiga qaytdi, u yerda transport politsiyasining xodimi kutib turgan ekan; ish shu bilan tugadiki, moshinani ikkita mavze naridagi tor bir koʻchaga haydab borib, toq raqamli binolar joylashgan tomonga qantarishga toʻgʻri keldi. Roʻparadagi endigina taʼmirdan chiqqan binoga “Otel Nikol” degan lavha qoqilgan edi. Lavhada bittagina yulduzning shakli bor, torgina foyega koʻrimsiz divan bilan eski pianino qoʻyilgan, ammo-lekin chiyildoq ovozli xoʻjayin puldor mijoz bilan istalgan tilda gaplasha olar ekan. Allaqaysi goʻrda qaynayotgan karamning hidi tutib ketgan aylanma zinapoyadan oʻn bitta chamadon bilan sovgʻa-salomga toʻla toʻqqizta qogʻoz qutini beshinchi qavatning boʻsh turgan bir xonasiga tashib chiqquncha Billi Sanchesning ona suti ogʻziga keldi. Xonaning bittagina derazasidan koʻroydinday nur tushib turardi. Bitta karavot, bitta javon, bitta stul, poyiga togʻora qoʻyilgan obrez – xonadagi bor bisot shu, tagʻin bularning bari shu darajada bir-biriga taqalib turibdiki, nari-beriga biror qadam bosishning iloji yoʻq. Atrofdan kimyoviy dorining hidi anqiydi. “Nima boʻlganda ham qish izgʻirinida koʻchada yotgandan yaxshi-ku”, deya oʻziga tasalli berdi Billi Sanches. Keyin eshikni ichkaridan ilgaklab, poʻstini bilan karavotga yuztuban tashladi. Umrida birinchi marta oʻzini nihoyatda gʻarib va yolgʻiz his etdi. Shuncha yildan beri Nenasiz qanday yashadi ekan-a? Mana, hozir u qoʻl uzatsa yetadigan joyda qoniga belanib yotibdi…

Qachon uyqu elitganini bilmaydi, bir mahal koʻzini ochsa – soat besh. Lekin ertalabki beshmi, kechqurungimi, hafyuning qaysi kuni, shamol va yomgʻir doʻmbira qilayotgan oynalaridan boshqa hech vaqosi yoʻq qanaqa shahar bu – dabdurustdan farqiga borolmadi. Koʻzlarini ochgancha Nena Dakonte haqida oʻylab yotdi, bir ozdan soʻng yangi kun boshlanayopaniga ishonch hosil qilib, oʻzi oʻrgangan oʻsha qahvaxonaga qarab yoʻl oldi, bugun payshanba ekanini ham oʻsha yerda bildi. Yomgʻir tingan, lekin kasalxona chiroqlari hali oʻchmagan edi. Billi Sanches oq xalatli erkagu ayol kirib-chiqib turgan eshik roʻparasidagi qora qayinga suyangancha xotinini qabul qilib olgan doʻxtirni uchratish ilinjida kunni kech qildi. Qosh qorayib, sovuq suyak-suyagidan oʻtib ketgach, yana qahvaxonaga kirib, har galgi joyidan ikkita tuxum olib yedi, issiq-issiq qahva ichdi. Mehmonxonaga qaytsa, oʻzinikidan boshqa hamma moshinalar koʻchaning narigi tomonidagi yoʻlkada turibdi, buning moshinasi oynasiga jarima qogʻozi yopishtirib ketilgan. Mehmonxona egasi haftaning toq kunlarida moshinani toq raqamli binolar ostidagi yoʻlkaga, boshqa kunlari esa narigi tomondagi yoʻlkaga qoʻyish kerakligini unga uzoq tushuntirdi. Ayniqsa, jarimani toʻlangu moshina joyida turaversin, aks holda kechasi soat 12 da uni yana bu yoqqa olib oʻtishingizga toʻgʻri keladi, degan gapi jon-jonidan oʻtib ketdi. Xonasiga chiqib, toʻshakka kirdi-yu, sira uxlay olmadi, tuni bilan agʻanab chiqdi. Dardini kimga aytsin, koʻnglini kimga boʻshatsin?!

Uyqusizlik unga saboq berdi. Juma kuni ertalab zil-zambil boʻlib oʻrnidan turdiyu endi hayotiga aniqlik kiritish zarurligini anglab, qatʼiy harakat qilishga jazm etdi. Kiyimini almashtirish kerak edi, binobarin, chamadon qulfini buzishdan boshqa iloji qolmadi – hamma kalitlar, ancha-muncha pul, telefon daftarchasi Nena Dakontening sumkasida edi. Loaqal telefon daftarchasi oʻzida boʻlganida, ehtimol, parijlik birorta tanishini toparmidi… Qahvaxonaga kirib borganida fransuzcha salomlashishni va buterbrod bilan sutli qahva buyurishni oʻrganib olgani maʼlum boʻldi. Lekin bu tilda saryogʻ bilan tuxumni hech qachon soʻray olmasligini ham angladi, chunki bu ikki soʻzni sira ishlatgani yoʻq-da: saryogʻni nonga qoʻshib berishar, tuxumni peshtaxtadan har gal oʻzi olaverardi. Uch kun ichida qahvaxona xizmatchilari ham unga ancha el boʻlib, javob-muomalaga oʻrgata boshlashgan edi. Qoʻying-chi, juma kuni u bemalol oʻtirib, fikrini jamlash niyatida, qovurilgan kartoshka bilan buzoq goʻshti hamda bir shisha vino buyurdi. Tanasi shunaqa yayrab ketdiki, yana bitta vino soʻrab, uni ham yarimlatdi, keyin kasalxonaga bostirib kirish qasdida oʻrnidan turdi. Nena Dakonteni qayerdan qidirishni bilmasdi, lekin anovi qoratappi doʻxtirning basharasi yodida qolgan. U asosiy eshikka emas, qabulxona tomonga qarab yurdi, nazarida u yer zaifroq qoʻriqlanadiganday tuyulgan edi, ammo yoʻlakning Nena Dakonte qoʻl silkib xayrlashgan qismidan nariga oʻtolmadi. Ostonadayoq xalatiga qon sachragan qandaydir kimsa, ehtimol qorovuldir, undan nimanidir soʻradi, ammo Billi Sanches eʼtibor bermadi. Qorovul fransuzchalab bir savolni qaytargancha orqasidan ergashib ketaverdi, nihoyat, toqati toq boʻlib, oʻzboshimchaning bilagiga shunaqangi changal soldiki, Billi Sanches taqqa toʻxtab qoldi. Oʻzining eski usullaridan birini qoʻllashga uringan edi, qorovulning tepa sochi tikka boʻlib, Sanchesning qoʻlini chapdastlik bilan orqasiga qayirdi-da, fransuzchasiga soʻkina-soʻkina, dikonglatib eshik yoniga olib keldi. Keyin dast koʻtarib, bir qop goʻshtday koʻchaga uloqtirdi.

Oʻsha kuni Billi Sanches “mulla” boʻldi. Endi oʻz elchisiga murojaat etish kerakligini angladi, ehtimol, Nena Dakonte ham shunday qilgan boʻlardi. Mehmonxona xoʻjayini bir qarashda odamoviga oʻxshab koʻringani bilan juda hojatbaror va xorijiy tillarga sabr-bardoshli kishi ekan. Maʼlumotlar kitobidan elchixonaning telefon raqami bilan manzilini topib berdi. Goʻshakni xushmuomala bir ayol koʻtardi. Billi Sanches ayolga taʼsiri zoʻrroq boʻlarmikin deb, oʻzining toʻla ism-sharifini aytdi. Ammo uning ovozida oʻzgarish sezilmadi. Ayol hozir elchi yoʻqligini, bugun boʻlishi ham dargumonligini, qolaversa, u faqat oldindan kelishuv boʻyicha va oʻta muhim masalalar yuzasidangina qabul qilishi mumkinligini bildirdi. Billi Sanches bu yoʻl bilan ham Nena Dakontening oldiga kirolmasligini tushunib, ayolga, xuddi uning oʻziday, muloyim ohangda tashakkur izhor etdi. Va darhol taksi tutib, elchixonaga qarab joʻnadi.

Elchixona Yelisey koʻchasidagi 22-binoga, Parijning eng sokin maskanlaridan biriga joylashgan edi. Ammo Billi Sanchesni ancha kunlardan beri birinchi marta quyoshning Karib oftobiday charaqlab, Eyfel minorasining musaffo osmonga boʻy choʻzib turishi lol qoldirdi. Uni elchi nomidan qabul qilgan mulozim endigina oʻlim toʻshagidan turgan bemorga oʻxshardi, faqat tugmasini tomogʻigacha qadab, boshdan-oyoq qora kiyinib olgani uchungina emas, yoʻq, xatti-harakatining omonatligi hamda ovozidagi oʻta xokisorlik tufayli ham shunaqaga oʻxshardi. U Billi Sanchesning ahvolini tushunib turardi, albatta. Ammo gapni uzoqdan boshladi. Ular madaniyati yuksak mamlakatda ekanligini, bu mamlakatning tartib-qoidalari olis oʻtmishga borib taqalishini, bu yerda Amerika mamlakatlaridagi kabi qorovulga pul qistirib kasalxonaga kirib ketaverish mumkin emasligini shoshmasdan, royishlik bilan uqtirdi. “Shunaqa, yigitcha, – dedi u, – aql-idrok nidosiga quloq tutib, seshanbagacha sabr qilishga toʻgʻri keladi, boshqa iloji yoʻq”.

– Atigi toʻrt kun qopti, shunga ham ota goʻri – qozixonami! – deya soʻziga yakun yasadi diplomat. – Hozircha Luvr muzeyini tomosha qiling, kam boʻlmaysiz.

Butkul dovdirab qolgan Billi Sanches Yarash maydoniga arang yetib bordi. Tomlar tepasida boʻy choʻzib turgan Eyfel minorasini koʻrib, yaqin tuyuldi shekilli, sohil yoqalab yurishga qaror qildi. Oradan koʻp vaqt oʻtmay, yanglishganini, minora ancha olisda ekanini, buning ustiga, har lahzada oʻrni oʻzgarib turishini payqadi. Binobarin, Sena boʻyidagi ovloq bir joyga oʻtirib, Nena Dakonte toʻgʻrisida oʻylay boshladi. Koʻprik ostidan oʻtayotgan shatakchi kemalarni kuzatdi, ular sahniga kir yoyilgan tagi yapasqi yuk kemalarini sudrab borishardi, bular unga kema emas, deraza tokchalariga gultuvaklar terilgan qizgʻish tomli daydi uylarga oʻxshab koʻrindi. Qarmogʻini suvga tashlab oʻtirgan baliqchi cholga uzoq tikilib turdi: na chol qimirlaydi, na qarmoq, na suv qilt etadi. By orada qorongʻi tushdi, Billi Sanches taksi tutib mehmonxonaga qaytmoqchi boʻldi-yu, boshini changallab qoldi. Qani endi, mehmonxonaning nomini eslolsa! Kasalxonaning ham. Parijning qaysi deparasida ekanini bilmaydi. Koʻngliga gʻulgʻula tushib, duch kelgan birinchi qahvaxonaga chopib kirdi-da, dalda boʻlarmikan degan umidda bir ryumka konyak ichdi. Devorlardagi kishi qiyofasini turli shaklu shamoyilda aks ettiradigan koʻzgularga qarab turib, nihoyatda nochor va tanho ekanini his etdi. Ikkinchi ryumkadan soʻng sal oʻziga keldi. Bir koʻngli, elchixonaga qaytib bormoqchi boʻldi. Koʻchaning nomini eslash uchun choʻntagidan mehmonxona xoʻjayini yozib bergan qogʻozni oldi. Qay koʻz bilan koʻrsinki, qogʻoz tepasida mehmonxonaning nomi yozigʻliq turibdi-da: “Otel Nikol”. He, oʻl-e! Billi Sanches omonat boshpanasiga bir amallab yetib keldiyu qaytib koʻchaga chiqmadi. Beshinchi qavatdan faqat tamaddi qilish va moshinasini yoʻlning bu betidan u betiga olib qoʻyish uchungina tushardi. Uch kecha-kunduz, xuddi Parijga kelgan kunlaridagiday, ezib yomgʻir yogʻdi. Umrida birorta kitobni oxirigacha oʻqimagan Billi Sanches karavotda agʻanab yotarkan, hozir qoʻliga tushgan har qanday narsani oʻqishga tayyor edi-yu, aksiga olib, xotinining chamadonlaridan birorta ispancha kitob chiqmadi, hammasi allaqanday xorijiy tillarda. Billi Sanchesning xayoli yana Nena Dakontega ketdi. Seshanbaning kelishi bir yilga choʻzilganday tuyuldi. Dushanba kuni xotinining chiqishiga xonani sal sarishta qilib qoʻymoqchi boʻldi, shunda poʻstinining etagida qotib qolgan qon dogʻlarini koʻrdi. Safar xaltasidan xushboʻy sovun olib, dogʻlarni yuvishga kirishdi. Qariyb kechgacha shu ish bilan mashgʻul boʻldi. Axiyri poʻstinni Madrid aeroportida samolyotga olib chiqilgan holatga keltirdi.

Seshanba tongi otdi. Osmonni bulut qoplagan, lekin havo quruq edi. Billi Sanches soat oltida sapchib turib, kasalxona darvozasi oldida katta-kichik tugun va guldastalar koʻtarib turgan odamlar safiga qoʻshildi. Keyin hamma bilan birga usti berk keng-moʻl hovliga kirdi. Bu yerda gullar qiygʻos ochilib, qushlar sayrab turardi. Nena Dakontening qayerdaligini bilmasa ham, bu gal negrga oʻxshagan doʻxtirni uchratishiga ishonchi komil edi. Hovlining ikki tomonida uzun-uzun ikkita bino, chap tomondagisi – ayollar boʻlimi, oʻngdagisi – erkaklarniki. Billi Sanches olomonga ergashib ayollar boʻlimiga kirdi. Yep-yorugʻ yoʻlakdagi uzun-qisqa kursilarda kasalxona libosini kiygan bemorlar oʻtirishardi. U yoʻlakning oxirigacha borib, iziga qaytdi. Bularning orasida Nena Dakonte yoʻq edi. Keyin hovliga chiqib, erkaklar boʻlimi tomon derazalarga qarab-qarab ketaverdi. Nihoyat, qidirgan odamini koʻrib qoldi.

Ha, bu rostdan ham oʻsha doʻxtir edi. U boshqa doʻxtir va hamshiralar bilan birga bemorni koʻzdan kechirayotgan edi. Billi Sanches otilib ichkariga kirdi, bir hamshirani chetga surib, bemorning ustiga engashib turgan haligi doʻxtirning roʻparasiga keldi, nima deb chaqirishni bilmay, beoʻxshov yoʻtaldi. Doʻxtir boshini koʻtarib, qoshlarini chimirdi, saldan keyin Billi Sanchesni esladi.

– Astaʼfurullo! – dedi u. – Qaysi goʻrda yuribsiz? Billi Sanches dovdirab qoldi.

– Mehmonxonada, – deb javob qildi bazoʻr. – Narigi muyulishda. Shundan keyin hammasi ravshan boʻldi. Fransiyadagi eng yetuk mutaxassislarning yetmish soat davomida qilgan saʼy-harakatlari zoye ketdi – 9 yanvar, payshanba kuni kech soat 7.10 da koʻp qon yoʻqotish oqibatida Nena Dakonte olamdan oʻtdi. Soʻnggi daqiqalargacha es-hushidan ayrilmadi, erini “Plaza Atene” mehmonxonasidan qidirish kerakligini, oʻsha yerdan xona buyurib qoʻyilganini aytdi. Ota-onasining telefon raqamlarini berdi. Juma kuni Tashqi ishlar vazirligi Fransiyadagi oʻz elchixonasini voqeadan xabardor qildi, bu paytda Nena Dakontening ota-onasi kelayotgan samolyot Parijga yaqinlashib qolgan edi. Motam marosimini uyushtirishni shaxsan elchining oʻzi zimmasiga olib, Billi Sanches topilgan-topilmaganini shahar politsiyasidan muntazam soʻrab turdi. Juma oqshomidan to yakshanbagacha radio va televideniye Billi Sanches ismli shaxs qidirilayotganini qayta-qayta eʼlon qildi. Qirq soat davomida uni butun Fransiya izladi. Nena Dakontening sumkasidan topilgan surati kattalashtirilib, shahar koʻchalariga yopishtirib qoʻyildi. Politsiya uchta “Bentli” rusumli moshinani toʻxtatdi, lekin bular boshqa moshinalar edi.

Nena Dakontening ota-onasi shanba kuni ertalabdan yarim kechagacha qizlarining kasalxona butxonasiga qoʻyilgan tobuti yonidan jilmay, Billi Sanchesni kutishdi. Yigitning ota-onasiga ham xabar berilgan edi, ammo telegrammadagi chalkashlik tufayli yetib kelisholmadi. Vidolashuv marosimi yakshanba kuni soat ikkida, Billi Sanches xotinini koʻrolmay, xunobi oshib yotgan oʻsha mashʼum mehmonxonadan atigi ikki yuz metr narida boʻlib oʻtdi. Buni qarangki, uni elchixonada qabul qilgan mulozimga Tashqi ishlar vazirligidan ushbu noxush xabar Billi Sanches bilan gaplashib boʻlganidan keyin kelgan, chor atrofga yugurib, uni topa olishmagan. Yakshanba kuni kechqurun, Billi Sanches oʻz xonasida yuragi xun boʻlib yotgan paytda Nena Dakontening ota-onasi uning topilishidan umidlarini uzib, marhumaning moʻmiyolangan jasadini pyx tobutda Madridga olib ketishdi. Qizni koʻrishga ulgurib qolgan kishilar bunday goʻzal ayolni umrlarida uchratmaganliklarini keyin uzoq yillar gapirib yurishdi. Xullas, seshanba kuni ertalab Billi Sanches ayni kasalxonaga kirib borgan paytda bular uchun shaffof saodatning ilk qoʻngʻiroqlari chalingan qarorgohdan sal naridagi mozorda Nena Dakontening jasadi solingan tobutni qabrga tushirmoqda edilar.

Negr-doʻxtir fojianing tafsilotlarini soʻzlab boʻlib, taskin beruvchi dori uzatgan edi, Sanches uni olmadi. Minnatdorlik bildirishga ham zarurat yoʻq edi. Shu tobda u oʻziga tanish zanjir bilan biror kimsaning basharasini abjaq qilib, achchiq qismatidan qasos olish ishtiyoqida kuyib-yonardi. Kasalxonadan chiqdi-yu, ammo osmonu falakdan zarracha ham qon sachramagan yirik-yirik, pokiza qor yogʻayotganini payqamadi. Parij koʻchalari jonlanib qolgan, zero keyingi oʻn yil mobaynida birinchi marotaba chinakamiga laylakqor yogʻayotgan edi.

Nizom Komil

tarjimasi

Hᴀʏᴏᴛɪᴍɪᴢ Cʜᴀʀᴏɢ‘ʙᴏɴɪ
H | Cʜ - Kᴜɴ Hɪᴋᴏʏᴀsɪ