#Kun_Hikoyasi G’alati odam. Haynrix Byoll
Amakivachcham Bertram shamollamagan bo’lsa ham kontsertda to’satdan yo’talishni boshlaydigan shunaqa g’alati nusxa. Avvaliga biror asbobning ovoziga o’xshaydigan qilib beozor samimiy tomoq qirib oladi, keyin sekin-asta kuchayib borgan yo’talidan oldingi qatorda o’tirgan ayolning sochlari xuddi shamolda tebranayotgan yengil yelkandek hilpiraydi. Bertram qattiq yo’talganda sog’-ligi zaiflashib qolgan, kuchli xotirasi sababli musiqiy asarlarning notasini aniq biladigandek, go’yo dirijyor kabi harakat qilar, zo’riqish tufayli charchab terlagan vaqtda quloqlarigacha qizarib, bo’zarib, nafasi qisganda cho’ntagidagi yo’tal so’rg’ich dorisini timirskilab qolardi. Dorining juda o’tkir hidi anqiy boshlaganda, fahmlaganimdek musiqa endi pianinoda davom etdi. Skripkaning tayoqchasi go’zal kuy xirom etganda yo pianinochining zavq bilan chala boshlagani eshitilganda, nemislarga xos o’ychan, ta’sirchan tuyg’u zal bo’ylab tarqaldi, go’yo og’riqdan azoblanayotgandek chekkasini ushlab, ko’zlarida mung to’la qayg’u bilan o’tirgan Bertram to’satdan o’rnidan turib ketdi.
Shahrimizda faqat zodagonlar kontsertga tushganligi sababli, hech kim atrofga alanglamadi, hatto tarbiya me’yorlarni bir chetga surib o’zicha shivirlamadi ham, ammo har safar seskanib tushayotgan tomoshabinlar o’z g’azablarini ichiga yutayotgani sezilib turardi, chunki Bertram yo’talni to’xtatishni xayoliga ham keltirmasdi. Pianinoning kuyi ohista pasaygan sari, beto’xtov yo’tal ham shunga monand sekinlashardi. U sharbat ichgandan so’ng, yo’tali go’yo hiqildoq kabi g’aroyib tezkor liftdek tepadan pastga chiqib tushardi.
Dahshatlisi, Bertram yo’tali bilan birga boshqa ko’plab nusxalarni o’ziga chorlayotganga o’xshardi. Go’yo itlar bir-birining ovozini tanigandek zalning turli burchaklaridan unga javob yo’llashardi. Eng ajablanarlisi, men ham allaqachon shamollashim o’tib ketgan bo’lsa-da, shuni sezdimki, kontsert uzoqroq davom etsa-yu, beixtiyor to’xtatib bo’lmaydigan yo’talim boshlanib asablarga o’ynasam. Men og’zimni yopib turganim uchun qo’llarim nam bo’lganini, ichki bir kuch ushlab turganini his qildim. Ammo to’satdan barcha urinishlarim zoye ketdi: hozir yo’talib yuboraman. Men ortiq havoni ushlab tura olmasdim, tomog’im qichishib, tanam terga botdi, qo’rquvni boshdan kechirayotgan qalbim ruhim singari so’ngandi. Og’zimni ushlash uchun ro’molchamni izladim, to’g’ri nafas ola olmasdim. Kontsert qulog’imga kirmasdi, nusxalarning sekin-asta kuyga monand yo’talishi meni o’z domiga tortib borardi. Allaqachon yuqib bo’lgan bu infektsiya sababli ortiq bardosh bera olmay Bertramga ergashib tanaffus boshlanguncha yo’taldim, so’ng dahlizga yugurdim. Qarsak boshlanguncha butunlay terga botib, holdan toyib yo’lakdan yugurib ochiq havoga chiqdim.
Bertramning keyingi takliflarini uzil-kesil rad qildim. Ba’zan hol-jonimga qo’ymaganda meni mutlaqo qiziqtirmaydigan “orkestrda kontrabas chalinishi” yoki “momaqaldiroq gumburi”, “toshqin singari erkaklar jo’rligidagi xor qo’shiqlar” bo’lishiga ishonchim komil bo’lsagina, u bilan birga kontsertga borardim.
Bordi-yu shifokorlar mendagi bu qo’rquv asab bilan bog’liqligiga ishontirmoqchi bo’lsalar, inkor eta olmayman, albatta. Bu ruhiy holatim asabga bog’liqligini ham, Bertram bilan birga o’tirsam shu ahvolga tushishimni ham bilaman.
Kontsert dasturlarini tund qiyofada ko’rib chiqarkanman, u yerda Bertram bo’lishini juda yaxshi bilganim uchun, do’stlarimning samimiy taklifini hanuz qabul qilolmayman. Men Bertramning dastlabki tomoq qirishini eshitgan zahotim esankirab qolishimdan qo’rqib, kontsertga borolmayman.
Nemis tilidan Shahnoza QUVONOVA tarjimasi