"Ko‘ngul ozodadur" asariga "Bookvamp"chilar yozgan taqrizlar
Gulinoz Anvarovnaning taqrizlari
Hayotimiz Charog‘boni - Muloqot:
#Ko‘ngil ozodadur.
Zamonaviy o‘zbek adabiyotining zabardast ijodkorlaridan biri, bugungi kunda asarlari bilan o‘z kitobxonlariga ega ,o‘zining insoniylik tuyg‘ularini badiiy adabiyotga olib kirgan ijodkor bu - Xayriddin Sulton. Uning bir qancha asarlari ( qissa ,hikoya, kinossenariy) bugungi kunda sevib mutolaa qilinadi. Masalan, ijodkorning „Quyosh barchaga barobar“ „Bir oqshom ertagi“ “Onamning yurti“„Umr esa oʻtmoqda“ „Boburning tushlari“nasriy toʻplamlar „Saodat sohili“ qissasi„Yozning yolgʻiz yodgori“„Ajoyib kunlarning birida“„Boburiynoma“ — maʼrifiy romani, „Koʻngil ozodadir“ „Gʻulomgardish“ kabi asarlarida zamonaviy o‘zbek adabiyotida XXI asrdagi eng go‘zal uslub MODERNIZMning belgilari seziladi
#Fikr
Atoqli adabiyotshunos, munaqqid Ibrohim G‘ofurov so‘zlari bilan aytganda, “Xayriddin Sulton oddiy odamlarning yuraklaridagi ma‘naviyat gavharini , insonni insoniylik darajasida mo‘tabar qilib turadigan xislatlarni teran va yorqin badiiyat bilan tasvirlashda alohida e‘tibor qaratadi”.
#Mavzu
Xayriddin Sulton asarlarida ko‘proq moziyga murojaat qilinadi. Uning tarixiy shaxslar hayot yo‘liga, turmush tarzi va ijtimoiy muhitdagi o‘rnini o‘rganib yozgan turli janrlardagi asarlari mashxur. Adibning qalamiga mansub tarixiy asarlar ,jumladan Amir Temur, Bobur Mirzo, Muhammad Sharif Gulxaniy, Abdulla Qodiriy kabi ulug‘ siymolar haqida qissa va hikoyalari ham haqqoniyligi va jozibadorligi bilan ajralib turadi. Bir paytlar o‘tmishda nomi qoraga bo‘yalgan ZOTlar nomini o‘z asarlarining bosh qahramoni sifatida gavdalantiradi. “Ko‘ngil ozodadur ” qissasida ham aynan mana shunday “ ta‘qiqlangan” shoirni adabiyotga olib kiradi!
#Obrazlar_voqealik.
Yozuvchi tasvirni asarning bosh qahramoni tilidan hikoya qiladi. G‘ulom ismli sodda, mehribon, tanti o‘zbek yigitining dunyoqarashi va voqealikka munosabatini, uning xarakter belgilarini, o‘ylari, sezimlarini o‘z tilidan kitobxonga bayon qiladi. G‘ulomning boshidan kechirgan voqealari ( paxta davri, undan keyingi boshpana izlashlari, Qunduz bilan o‘tgan davrlari) o‘quvchiga sodda , tushunarli tilda hikoya qilib beriladi. Obrazlarning munosabatida adib ma‘noli jumlalarni qo‘llagan. Masalan, Qunduz va G‘ulom ( Ishqda eng asosiysi tenglik) G‘ulom va Shodiyor ( Odamning faqat lafzi halol) kabilarga xarakter berishda ularning jamiyatdagi voqealiklarga munosabati asos qilib olinadi. Asarning kompozitsion qurilishida o‘zining sezilarli ta‘sirini ko‘rsatgan boshqa obrazlar : Jo‘lliboy, Dinara opa, Rohibar, Jaloliddin, Maluv opa, Safarboy , Rahmon bobo kabilarning har biriga adib bir mas‘uliyat yuklaydi.
Rahmon bobo - insoniylik, halollik, bag‘rikenglik (ramzi)
Jo‘lliboy - insof ,diyonat, mehr, shafqat ( ramzi)
Dinara opa- ikkiyuzlamachilik, tovlamachilik, harom yo‘l bilan pul topish, maddohlik (ramzi)
Safarboy- buzuqilik, insofsizlik, kaltabinlik, ishyoqmaslik ( ramzi) Asarda G‘ulomning xarakterini ko‘rsatish uchun Shodiyorga kontrast qo‘yiladi. Shunda kitobxon osongina “ oq-qorani” farqlay oladi.
#Gulxaniy_Zarbulmasal.
Adib nega “Zarbulmasal” ga murojaat qilgan?
Eshmuhammedovning aytishicha u “tarixan cheklangan”
Adibning maqsadi: GULXANIYNING DAVR SILSILASIGA O‘ZINING MOHIYATI BILAN BEMALOL JAVOB QAYTARA OLADIGAN “ZARBULMASAL” ASARINI KITOBXONGA YANADA ANGLATISh! Bugungi davrda ham “Zarbulmasal” ( maqollar yig‘indisi, hikmatli so‘zlar) dagi barcha ibratli voqealar-u, hikmatlarning zamon tanlamasligi, uning har qanday davrda o‘z o‘rni va qiymatiga ega ekanligini G‘ulomning hayot yo‘lidagi har bir voqealikda ko‘ramiz. ( Turumtoy hikoyatlari, Bozanda va Navozanda, Mirzo Yodgor po‘stindo‘z kabilarda) Yana bir chiroyli ifoda : undagi ibratli maqollarning har bir qahramonning ruhiy va ijtimoiy holatiga tushganligida.( Ikki kema boshin tutganlar qoldi g‘arqob ichinda)
#Nom
Ko‘ngil ozodadur. Bu jumla Gulxaniyning “ Zarbulmasal”idan olingan bo‘lib, asosiy g‘oya , balkim, ko‘ngli va dunyosi pok bo‘lgan insonlarni G‘ulom timsolida jamiyatga tanitishdir...
Ularning jamiyatdagi voqealiklarga shaxsiy o‘y -fikrlarining ta‘sirini ko‘rsatmoqchi bo‘lgandir...
Yoki mana shunday qalbi poklikka
#davomi
...ezgulikka chorlamoqchi bo‘lganligidadir...
Balkim, qalbi pok insonlarga hayotda yashash har doim ham oson bo‘lmasligini ko‘rsatmoqchidir..
( har kimning o‘z xulosasi bor)
#Yutuq
Adibning eng katta yutug‘i necha ming yil oldingi tarix egasi Gulxaniy bilan bugungi kundagi obraz ( G‘ulom)ni sodda, chiroyli bog‘lay olganligidadir. Gulxaniyning ham zamonida yaxshilar-u yomonlar bo‘lgan, G‘ulomning zamonida ham. Eng katta mas‘uliyatli vazifa mana shu ikki davr insonlarining xarakter belgilarini bir nuqtada uyg‘unlashtira bilishdadir! X.Sulton buni mohirona uddalagan.
#Kamchilik
Odatda kamchilikni fan doktorlari-yu adabiyotshunoshlar yaxshi farqlashadi, ammo meni o‘ylantirgan jihat asarning yakunlanishida! Mana shu ( G‘ulom va Shodiyorning so‘nggi olishuv nuqtasida) yakunda adib kitobxonga yo ibrat, yo nafrat bera olishi kerak edi. Ammo qachon bu ikkala tuyg‘uni singdirish mumkin?! Albatta, yechimni kitobxonning o‘ziga havola qilganda! Aslida bu kitobxonning adibga bermoqchi bo‘lgan savoli hamdir...!
Asarning so‘nggini siz bilan soatlab muhokama qilishim uchun ...
O‘qishni tavsiya qilaman!
-----
Sevinchxon Botirxonovaning taqrizlari
Aslida har bir asarni yozishdan maqsad bo‘ladi. Yozilgan asar kitobxonga "nimadir" berishi bilan ham qadrlidir.
Xayriddin Sultonov dramaturgiya, nasr, nazm, tarjimonlik kabi sohalarda samarali ijod qilib, xalq ko‘nglidan joy egallaydi.
Adibning "Ko‘ngul ozodadur" qissasi 1986-yilda yozilgan. Ushbu asar Eshmuhammedov domlaning ta‘biri bilan aytganda "tarixan cheklangan" Zarburmasalga oshno tutingan soddagina G‘ulomjonning taqdiri haqida hikoya qiladi.
Adolatsizlik makon va zamon tanlamaydi. U har yerda va har vaqtda mavjud. Lekin uning qurbonlari Jaloliddin, Tursun, Qunduz kabi begunoh insonlar bo‘lishini kim o‘ylabdi deysiz?!
"-shuncha vaqtdan beri hamoshiyonu hamtovoq bo‘lib,shu narsaga hanuz fahming yetmaydurki meni faqat qalb ko‘zi bilan ko‘rmoq, dil qulog‘i bilan eshitmoq mumkin. O‘zga xatti-harakatlar bekordur." - deydi Muhammad Sharif Gulxaniy.
Ko‘ngli toza bo‘lgan G‘ulom ham otasining puliga yallo qilib yurgan va uning hamtovoqlarining odatiga, qolaversa unga pul berib uni ham shu harom yo‘lga boshlashlariga, o‘zining uy bilan birga yigirma ming so‘mga sotilganiga chiday olmaydi. Asarda pul quliga aylangan Dinora, Sherxon, Shodiyor, uning otasiyu tog‘asi qoralanadi, Rahmon ota, Jo‘lliboy va uning ayoli Oypora kabi insoflilar diyonati ulug‘lanadi. Ilmiy ishi va "Zarburmasal" tarixan cheklanmaganligini isbotlash uchun uni har narsadan a‘lo ko‘rgan G‘ulomjon kitob burdalab tashlanganligiga guvoh bo‘lganda Shodiyorni o‘ldirishga ham tayyor bo‘ladi.
Asar o‘qish uchun ko‘p vaqt olmaydi, lekin uning g‘oyasiyu mukammalligiga umr bag‘ishlansa arziydi. Zero, adib uni yozish uchun qanday iztiroblarni boshdan kechirgan bo‘lsa, kitobxon asarni xuddi shu ahvolda o‘qiydi.
Asar mazmuniga to‘xtaladigan bo‘lsak, unda ko‘p narsalarni kitobdagidek xayol qiladigan "ko‘ngli ozoda" G‘ulomjonning halolligi, chin insoniyligi, diyonati tavsiflanadi. Uyasida ko‘rganini qiladigan qushga qiyoslangan Shodiyor hamma narsani pul bilan baholaydi. U faqat bir narsani insoniylik, muhabbat, oqibat kabi tuyg‘ular hech qandayboylik bilan o‘lchanmasligini unutadi.
"Ko‘ngul ozodadur, - deb shivirlar edi u, - ko‘ngul ozodadur, dunyog‘a arzi ehtiyoj etmaz..."
Asarni o‘qigach nega bunday deyilganligiga guvoh bo‘lasiz.
----
Jumayeva Zarnigorning taqrizlari
Bu olamda mudom o'z xayollari bilan qolgan inson baxtlidir. ( X. Sulton ) O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Xayriddin Sultonov milliy adabiyotimizga yangicha muhit, yangicha tasvir madaniyatini olib kirgan ijodkor. Taniqli adabiyotshunos I. G‘afurov ta'kidlaganidek, X. Sulton oddiy odamlarning yuraklaridagi ma'naviyat gavharini, insonni insoniylik darajasida mo‘tabar qilib turadigan xislatlarni teran va yorqin badiiyat bilan tasvirlashga alohida e'tibor qaratadi. Xususan, " Ulug' amir va donna Maria qissasi" deb nomlangan kinossenariy mavzuga yangicha yondashuvi, o'tkir syujeti, original va zamonaviy talqini, favqulodda badiiy yechimlari bilan kitobxon va tomoshabinni hayratga soladi. Adibning " Yozning yolg‘iz yodgori ", " Ajoyib kunlarning birida", " Boburning tushlari" , "Umr esa o‘tmoqda" singari asarlari allaqachon adabiyot mulkiga aylanib ulgurdi. X.Sultonov o‘zbek adabiyotida "Boburiynoma " asari bilan ma'rifiy romanchilik yo‘nalishini boshlab berdi. Yozuvchi ko‘p marotaba tarixiy mavzularga qo‘l urib, Navoiy, Bobur, Abdulla Qodiriyga bag'ishlab asarlar yozgan. Adib ijodining yana bir qirrasini kashf etgan "Ko'ngil ozodadur" qissasi muallifning Gulxaniy ijodiyotiga ehtirom sifatida yaratilgan asaridir. Hajman katta bo‘lmagan qissa 1986-yilda tugallanadi. Asar bosh qahramoni G'ulom sodda, vijdonli, oriyatli inson. U har bir ishiga astoydil jon kuydiradi, unga sidqidildan yondashadi. Shu sabab ham G'ulom Gulxaniyning "Zarbulmasal" i haqida dissertatsiya olib borayotib bunga shunchalik berilib ketadiki, hatto o‘sha davrda, o‘sha muhitda, Gulxaniy va uning qushlari bilan birga hayot kechira boshlaydi. O‘zining uch xonali uyida ular uchun alohida muhit yaratadi. U o'ylarida xayoliy qadrdoni bilan baxtli. Ammo muhit uni bo'g'ib qo‘yadi. (aksariyat asarlardagidek) U ezgulikdan, to‘g‘rilikdan o'zgasini tan olmaydi. Atrofidagilarni ham: Rohibarni, Dinora opa va eri Sherlon akani, Shodiyorni xuddi o‘zidek biladi. Muhit shu qadar nopoklikka qorishganki, insonlarni ham botqog‘iga tortib ketadi. Darvoqe, muovinning uydirmalariga inonib, ko‘ngliga ozgina yel tekkan Jaloliddin yolg‘on fosh bo‘lgach, bu muhitdan qo‘lini yuvib, qo‘ltig‘iga uradi. G'ulom - haqiqiy ilm odami. Inchunun, "uni ursalar-so'ksalar , tilini kessalar churq etmay turishi mumkin, biroq qog‘oz-qalamlariga daxl qilgudek bo‘lsalar, joni halqumiga keladi". Asardan olganlarim dengizdan tomchi, xolos, ololmaganlarim anchagina. G‘avvos suv ostiga yashirilgan gavharni bir sho'ngishda topishi qiyin. Men hali ham mutolaadaman. Shu ummon ichida ekanman, qalb sandig'imga badiiyat gavharini joylashda davom etaveraman, etaveraman.😊