April 1, 2020

“Ishqqa oid 40 qoida” asariga taqriz yoxud Ishq izla odamzot

Saman | Blog

“Axir Xudo men sizlarga bo’yningizdagi qon tomiringizdan ham yaqinroqman demaganmi?

Xudo uzoq osmonlarda emas. U har birimizning o’z ichimizda. Shuning uchun U bizlarni hech qachon tark etmaydi”
Asardan

Ishq deb atalmish, buyuk mo’jizot, u haqida so’zlayotganda unga munosib bitta so’zdan o’zgasini topolmaysan. Ha, ISHQ faqat O’ziga munosib avvalo!..

2009-yilning Martida “Turkiyaning eng yaxshi ayol yozuvchilaridan biri” unvoni sohibi Elif Shafaq o’zining Ishqqa atalgan eng buyuk asarini ilk bor nashrdan chiqargandi.

Ushbu roman chiqarilgan yilidan buyon ko’p o’qilishi, ishqqa va falsafaga yo’g’rilganligi bilan bestseller maqomini oldi. 2019-yil 5-noyabr kuni “BBC News” o’zining “Eng ta’sirli 100 roman”i ro’yxatiga qo’shdi. 2013-yil Shafaqning bu asari “Guardian”ning eng yaxshi asarlar qatoriga yozildi. Hammaga mashhur va ma’lum “Netflix” esa, eng yaxshi uch asarlardan biriligini ta’kidladi.

Elifning bu asari 40 dan ziyod tillarga tarjima qilingan, shu kungacha, Turkiya va Fransiyada bu asar 750 000 ortiq nusxada sotildi. Uning “Istanbul Bastardi”, “Shon-sharaf”, “10 daqiqa-yu 38 soniya” va “Bu g’alat dunyoda” kabi asarlari jahonda nihoyatda mashhur. Hatto uni vaqtida, “Istanbul Bastardi”dagi ba’zi-bir haqiqatlarni pardasiz ko’rsatgani bois, qamashlariga oz bahya qolgan.

Roman din, ishq, ilm va ma’naviyatning eng baland darajadagi qorishmaligi bilan o’zga asarlardan mutlaqo farqlanadi.

Asarning ajib syujetiga nazar solarkansiz, ikki parallel davrning monandligini payqaysiz. Bir tomonda XXI – asrning oqil uy bekasi – Ella hayoti va bir tomonda XII-XIII – asrlarda yashab o’tgan, ikki daho ishqparast – Rumiy va Tabriziylarning zardobli taqdiri. Ikkala tomonga ham bir narsa kerakki, u narsa bu dunyoda yagona, eng buyuk his, faqihlikdagi faqirlik rohatini beruvchi, jam’iki olamning eng mo’tabar ta’riflarini qatorlasangiz ham, bunga tilingiz ojizligini tan olishga majbur bo’ladigan bir ajab mo’jizot kerak edi. Va bu mo’jizot – ISHQ edi!!!

Ella qirq yoshga borib qolgan uy bekasi. U 3 bolani mushtipari va xotinini “qadrlaydigan” erning turmush o’rtog’i edi. U Oliygohda o’qigan edi, lekin turmush qurganidan so’ng, bo’ynidagi onalik burchi bois, ishlamaslikka qaror qiladi. Shu-shu zaylda deyarli, ikki o’nlikda erining undan ko’ngli sovuganida ham, yakkamoxov bo’lib qolganida ham, bolalari uchun oddiy(latta) uy bekasi ekanligini sezganda ham u tinmay o’z burchiga sodiq qoldi. Lekin bu yolg’izlik uni ancha ruhan sindirdi. Asarda aytilganidek, “yuragi mehr-muhabbatga to’la edi, lekin bu kimga kerak?”. U mana shunday qaro kunlarning birida erining sharofat bir-la bir o’rtacha nashriyotga ishga kirgandi. Uning ishi aytarli, ko’p emas edi. Nashr uchun o’z kitobini taqdim qilgan yozuvchilarning kitoblarini o’qib, u haqida yozishi kerak edi. Unga birinchi ish sifatida, bir g’aroyib nom ila yozilgan, Aziz Zaxara ismli kishining “Shirin shakkoklik” deb atalmish asari uning zimmasiga yuklatilgandi.

“Shirin shakkoklik”da esa buyuk so’fiy, donishmand Tabriziyning to Rumiyga qadar yetishganligidagi va undan ayrilganligidagi voqealar rivojida bu ikkala ishqparastlarning hayratlarli fe’llari va Ishqi ta’sirida hatto Ella ham o’zgarib, o’z majburiyatlaridan voz kechib, Aziz tomon odimlaydi va u bilan birga bo’lishadi. So’ngda esa, Aziz vafot etadi. Shu bilan uy bekamiz HOZIRda obi hayot – Ishq bilan yashashni tislaydilar va shu marom Ellaning bitmish bayoni xotima topadi.

Bizning zamondosh bekamizning oila muhiti va oiladagi uning o’rni haddan quyidaligi, yolg’izligi, faqat majburiyatlar hayot ma’nisini berayotgani balki, oyna tutish uslubiga daxli bordir?! Jamiyatimizga qarata berilgan bu oynadagi bashara rostan aksimizmi?! Yoinki bizning ham obi hayotni ichish onimiz kelganidan darakmi?!

“Shirin shakkoklik”likda Tabriziyning “Ishqqa oid 40 qoida”si aytishiga binoan voqealar tizilib chiqiladi yoxud aksi. Holatlarda qatnashgan har bir salmoqli inson aurasida(ichki tabiati) voqealar bayon etilib boriladi. Tabriziy yoshligidan zehni shamshirdanda o’tkir edi. Uning aytgan so’zlarini ko’pchik jinnilikga yo’yishdi, uni hech zot tushunmadiyam, tushunishga urinmadiyam. Vanihoyat, biroz ulg’aygandan keyin u uyidan bosh olib ketdi. U hech tush ko’rmasdi, lekin tushlar ta’birini aytishga qodir edi. Shu tariqa ta’birlardan kelgan foydalar orqali kun kechirardi. Ancha yerlarni kezdi, lekin o’ziga o’xshagan va uni tushunadigan biron hamsuhbatni, yaqinni, do’stni topolmadi. Mana shu uqubatda u Allohdan o’tinch so’raydi, unga Bag’dodga borishi va u shu yerdan yaqinini topishini biliboq, ulug’ shahar tomon yo’l oladi. U yerda u zamon so’fiylaridan biri Bobo Zamon bialn uchrashdi, u Tabriziy qidirayotgan insonni bilmasligi va bu haqida hech narsa bilmaslikini, hali kutsa, balki biron ishora bo’lar, sabr qilib, kutchi dedi. Tabriziy Bog’dodda darveshlar joyida birga darveshlikni o’rganmoqchi bo’lgan, bo’lajak so’fiylar bilan ishora berajak kunni intiqlik bilan kutdi. Va yana bir necha gaplardan keyin, u Konya shahriga Rumiy oldiga borishligi tayin bo’ldi. Konyaga bordi, Rumiy bilan ko’rishishdan oldin, shahardagilarning hayoti, ularning Rumiy haqida fikrlarini bilishni xohladi. Shu tariqa Tabriziy miskin-bechora, fohisha, mayxo’r kabi jamiyatning past toifalari bilan qalban, pok qarash bilan ularni hayotini zarra miqdorda bo’lsa ham, o’zgartirdi.

Keyin Rumiy bilan uchrashdi, u bilan ancha ilm, irfon va Ishq haqida oylab Rumiy uyidagi kutobxonada muhokamalashdilar. Bir kun Tabriziy yo’qolib qoldi, Rumiyning tong’ich o’g’li uni boshqa shahardaligini aniqlab, bir ilojini topib, uni yana otasi yoniga olib kelishdi. Rumiy Tabriziyni yana yo’qolib qolmaslikini o’ylab, ancha bo’lajak azobdan ko’ngli achishdi. Rumiyni tutingan qizi otasini o’ylab, o’z xohishi bilan Tabriziyga umr yo’ldosh bo’ldi, lekin Tabriziy qiz qalbini sindirdi va qiz vafot etdi. Shu yaqin kunlarida esa qasttan Tabriziyni ham o’ldirib ketishdi. Rumiy esa, Tabriziy hajrida shoir bo’ldi…

Qiziqarli syujet fonida yozuvchi hozirgi kundagi dinning eng katta muammolarini, insonni Ishqgina qutqarishini va yana bir necha actual mavzularni Ishq ko’lamida olib chiqadi. Elif Shafaq bu asari xususida, bir intervyuda shunday deydi: – Men bu bilan Uni do’zax qo’rquvi, Jannat saodati uchun emas, shunchaki sevish kerakligini aytmoqchi bo’ldim.

Nega aynan shu ikki tomondagi zamonlar paralleldosh maqomiga loyiq ko’rildi yozuvchi tomonidan?

Chunki bu ikkala zamonda qabig’iyat, talqinsizlik, nafsiyat, moddiyat kabi tushunchalar “inson” degan nomni o’z mavqeyidan pastlatdi. Ya’nikim, insonga ta’rif berilganda, kalima tomirida mehr, muhabbat, oqibat, eng ayanchlisi – o’zliligi(insoniylik) sezilmasdi. Bu asl fojea edi. Bu fojeadan qutulishning yagona ilinji – Ishq faqat Ishq edi.

“Mukammal, benuqson va beayb Xudoni sevish juda oson. Ammo qisqa umr kechiruvchi o’z birodaringni barcha nuqson va kamchiliklari bilan sevmoq mushkul. Inson sevishga qobil zot ekani esingizda bo’lsin. Sevgisiz hikmat yo’qdir. Esingizda bo’lsinki, agar biz Xudoning yaratmishlarni seva olmasak, Xudoni ham chinakamiga seva olmaymiz va bila olmaymiz.”

Umum qilib aytganda, asar bu hayotda inson avvalo o’zini anglashi orqali Uni anglashi kerak. O’zi kabilarni sevishi orqali Uni sevishi kerak. Uning ISHQI eng buyuk ne’matligi, pok qalb fiqh ustunligini bilish kerak! – degan g‘oyalarni oldinga suradi.

Xotimani asardagi Rumiyning so’zlari bilan tugataman:

“Bizning dinimiz – ishq dini. Bizlar yurak zanjirlari bilan o’zaro bog’langanmiz. Zanjirning bir bo’lagi uzilsa, uning o’rniga boshqa joyda yana bir bo’lak keladi. Shams Tabriziy vafot etganidan keyin boshqa joyda, boshqa yoshda, boshqa «Shams» paydo bo’ladi. Ismlar o’zgaradi, odamlar kelib va ketib turishadi, lekin mohiyat o’shandayicha qoladi.”

#bookvamp #bookvamper #bookworm #karantinda_kitobxonlik #taqriz #men_tugatgan_kitob