"Somon yo‘li" qissasiga "Bookvamp"chilar taqrizlari
Chingiz Aytmatovning “Somon yo‘li” asariga taqriz
Gulinoz Anvarovna
XX asr jahon adabiyotining yirik vakillaridan biri Ch.Aytmatov qirg’iz adabiyotining shuhratini olamga yoydi. Uning ijodi jahon adabiyotining eng yaxshi an’analari bilan qirg’iz milliy adabiyoti an’analarining qo’shiluvidan iborat bo’ldi. U yaratgan asarlar jahonning qariyb barcha tillariga tarjima qilingan. 1988 yildagi ma’lumotga qaraganda uning asarlari 40 million nusxada chop etilgan. Uning “Momo yer”, “ Alvido, ey Gulsari”, “Bo‘tako‘z”, “ Sarvqomat dilbarim” “Jamila ” kabi mashxur asarlarida kitobdan-kitobga qarab mahorati o’sib borganligi seziladi. “Yuzma-yuz”, “Birinchi muallim”, “Sohil bo’ylab chopayotgan olapar”, “Oq kema” kabi asarlarining har biri buyuk talantning, yuksak mahoratning mahsulidir.
#Asar_tarixi
Yozuvchining “Somon yo‘li” asarining ikkinchi nomi “Momo Yer” deb ham nomlanadi.Qissa 1963 yilda yozilgan bo‘lib,Asil Rashidov tomonidan o‘zbekchalashtirilgan. “Somon yo’li”da To’lg’onoy ismli ayolning boshiga tushgan dahshatli voqealarni tasvirlaydi.
Qanday tavsirlanadi?
Dialog shaklida!
Qissada insonning boshi toshdan qattiq ekanligini, u har qanday musibatlarga chidashi uchun katta irodaga ega bo’lish kerakligi tasvirlangan. Urush tufayli eri va uch o’g’lidan ayrilgan To’lg’onoy birdan-bir suyanchig’i, farzandi o’rniga farzand bo’lib qolgan, jonidan ortiq ko‘rgan kelinidan ham ayriladi.“Falak yana nimalarga qodirsan?”,- deb nola qiladi.Lekin ko’ngli cho’kmaydi, ruhi tushmaydi, o‘zini yeb ado qilmaydi, yana hayot sari intiladi, kurashadi Endi navbat yosh go’dak nabirasini ulg’aytirishga!
#Dialog_shakl
Qissada To‘lg‘anoy yagona umidi , barcha dardlariga, ko‘rimlari-yu sezimlariga guvoh bo‘lgan - Ona Yerga savol beradi, yer ham tirik insonday javob beradi. Ana shu savol-javob orqali juda ulkan falsafiy muammolar haqida fikr yuritiladi. Asar oxirida To’lg’onoy quyoshga, bulutlarga, yerga murojaat qiladi, ulardan o’z dardini boshqalarga ham yetkazishini iltijo qiladi. Shunda ular: “Yo’q, To’lg’onoy, sen aytgin, sen-insonsan, sen hammamizdan buyuk, sen hammamizdan ulug’ bo’lib yaratilgan jonsan, sen aytgin, sen insonsan”, deb javob beradi.Asardagi har bir mavzuning boshlanmasi shu savol -javob asosida berilgan bo‘lib, bunda bosh obraz xoh yaxshi kun bo‘lsin, xoh yomon kun bo‘lsin barchasini eslaydi, xotirlaydi...
#Obrazlar
Qissada unchalik ko‘p obrazlar qatnashmagan bo‘lsa-da ,lekin asarning ko‘lami bo‘yicha butun bir millatning “dardi” olib chiqiladi. To‘lg‘anoy va Suvonqul oilasining qismatini ko‘rsatish mobaynida ,butun xalqning urushga munosabati ifodalanadi. Qissada yozuvchi Suvonqul, Qosimjon, Maysalbek, Aliman, Jaynoq, Usenboy kabi obrazlarni chizishda ham alohida yondashadi. Ularning har biriga xos xarakter belgilarini shakllantirishda To‘lg‘anoyning so‘z boyligidan, xotirasidan foydalanadi. Masalan, Qosimning qish kunlarida ustidagi choponini yosh bolaga yechib berib, xursand bo‘lishi...va boshqa holatlarda;
#g‘oya
Qissada To‘lg‘anoyning ne- ne kunlarni boshidan o‘tkazganligi yoritilgan bo‘lsa-da, ammo yozuvchi har bir voqealikka alohida -alohida yondashadi. To‘lg‘anoyning birma -bir barcha yaqin insonlaridan ajralishi va undan keyingi ruhiy holati o‘rnak olarli darajada chiroyli tasvirlaydi! Uning boshiga chaqmoq urgandek bo‘lib tushgan urush- hayotini qay darajada qora kun-u tunlarga to‘ldirgan bo‘lsa ham u ChIDAYDI...SABR QILADI...Insoniylik hislatlarini umrining oxirigacha yo‘qotmaydi! Izma keyin yaqinlarini qora tuproqqa berib ,ustidan bir hovuch qum tashlolmagan bo‘lsa-da ,yer-u ko‘kni larzaga ko‘tarmaydi! Allohning qismatiga isyon qilmaydi! Bu bilan yozuvchi insonning yengilmas ruhga egaligiga, kurashchan hayotiga, ulkan bardoshiga, ishora qiladi. Bu xususiyatlar mashhur yozuvchi Gorkiyning “Inson mag’rur jaranglaydi” yoki Amerika yozuvchisi Xemingueyning “Chol va dengiz” asaridagi “Insonni yengib bo’lmaydi” degan fikrlariga hamohangdir. Insonki sabr bardoshi bilan toshni parchalagay!
Asarni o‘qishni tavsiya qilaman!
----------------
1 punkt taqriz
Botirxonova Sevinchxon
"Somon yo‘li" asariga
XXasr qirg‘iz adabiyotining eng iste‘dodli va jahonga tanilgan yirik namoyandasi Chingiz Aytmatov desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Moskvada Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi Oliy adabiyot kursida tahsil olgandan so‘ng adabiyotga ilk hikoyalar bilan kirib kelgan. Adibning asarlari olim va tarjimon Ibrohim G‘afurov va Asil Rashidov tomonidan o‘zbek tiliga o‘girilgan. Asarlari 154 tilga tarjima qilingan adib yurtida uning nomiga " Oltin medal" mukofoti ta‘sis etilgan.
Eng xalqchil asarlaridan biri bo‘lgan "Somon yo‘li" qissasi 1963-yilda chop etilgan. Adib bu asarni otasi To‘raqul Aytmatov va onasi Naima Aytmatovaga bag‘ishlagan. Asar matonatli ayol bo‘lgan To‘lg‘anoy, uning farzandlari, ona tuptoq haqida hikoya qiladi. Ikkinchi jahon urushi nafaqat jang maydonidagi insonlarning umriga zomin bo‘ldi, balki yer yuzifagi har bir tirik jon yelkasiga mashaqqat, ko‘ngliga cheksiz g‘am yuklaydi. Tolosdan yollanib kelgan Suvonqul bilan turmush qurib, 3 o‘g‘ilni ulg‘aytirayotgan To‘lg‘anoy dastlab mana shu ko‘rgiliklardan bexabar edi. Suvonqul va katta o‘g‘li Qosimdan qoraxat kelgandan so‘ng Aliman ham beva qoladi, ularning yangi ko‘chada qurilayotgan yangi uyi ham bitkazilmay huvillab qoladi. Bu g‘amlar unut bo‘lmasdan o‘g‘li Maysalbek ham o‘zini Vatan uchun fido qiladi, kenjatoyi Jaynoq esa ular bilan xayrlashib ketmay izsiz yo‘qoladi. Ana shunday og‘ir kunlarda qo‘shnisi Oysha, uning o‘g‘li Bektosh dardiga malham bo‘ladi. Bittalab urug‘lik uchun yig‘gan donlarini, yer haydash uchun bisotlarida bo‘lgan otlarini Jekshenqul o‘g‘irlab ketadi. Shuncha nohaqliklardan yer titraydi...
Garchi urush tugasa-da u olib ketgan bisotlar o‘rni to‘lmaydi. Kelini ham farzandini ko‘rolmay dunyodan ko‘z yumadi. To‘lg‘anoyning barcha dardlarini "qutlug‘ dala" tinglaydi, jamiki sirlariga guvoh bo‘ladi. To‘lg‘anoy shunday ta‘riflaydi: " O‘sha kechasi osmonga qarab yotsam, somon yo‘li yangigina tushgandek allakim hozirgina katta bir quchoq somon ko‘tarib o‘tgandek, yiltillagan mayda to‘ponlar shamol tekkandek sochilib, tovlanib yotardi".
Odamzot tuproqdan paydo bo‘lgan va tuproqqa qaytajak. Asar bizga shunday tinch, osoyishta, dorilomon kunlarning qadriga yetishni o‘rgatadi. Unda To‘lg‘anoyning jasorati, matonati ulug‘lanadi. Ona tuproq bizni to‘ydiradi, kiyintiradi. Jekshenqul kabi kimsalar hayotda yashasa-da jinoyat jazosiz qolmaydi. Zero, ona yer bag‘rini tilka-pora qilganlarni kechirmaydi. Somon yo‘li ham kurrayi zamin kabi yaxshi-yu yomon ishlarga guvoh bo‘lib qolaveradi.
Ch. Aytmatov asarlarini o‘qigan kitobxon o‘zini yangi bir olamga, notanish kishilar orasiga tushib qolgandek his qiladi. Bu o‘lkada yashovchi kishilarning qalb orzularini, mehnatda mo‘jizalar yaratayotganliklarini, hayotga, insonga, ona yeriga bo‘lgan muhabbatlarini ko‘rib, quvonchlarga to‘ladi.
Adib ijodi buloq suvidek musaffo, bahor shabbodasidek yoqimlidir!
----------------
Jumayeva Zarnigorning taqrizlar
Yozuvchi nimani yozmasin, unda , albatta, o'zining ham bir bo'lagini kiritadi. Hech qachon o'zidan yiroqlab ketmaydi, balki o'zi anglagan haqiqat, o'z qarichi bilan o'lchagan dunyosini, ko'zlarida aks etgan davr muhitini chizib beradi. Qirg‘iz xalq yozuvchisi Chingiz Aytmatov asarlariga nigoh tashlar ekanman, haqiqiy qirg‘iz muhitini, sodda va mehnatkash qirg‘iz xalqining o'tmishini, o'sha davr haroratini, bepoyon qirg‘iz dalalarining isini sezaman. Bu, avvalo, adibning ulkan iste'dod va mahorat sohibi bo'lishi qatorida qalbidagi ona-yurtga, xalqqa chuqur muhabbatning namunasi emasmi? Uning biror asari yo‘qki, unda samimiyatdan, o'zlikdan, ona yurtdan so'zlamagan bo‘lsa. Chin ma'noda aytganda, yozuvchi asarlarini "qirg'izchasiga " yozadi. Ch. Aytmatov butun dunyoga mashhur adib, ko'plab ordenlar, jumladan, O'zbekistonning " Do'stlik " ordeni sohibi, uch marta SSSR davlat mukofoti bilan taqdirlangan, J. Neru, V.Gyugo, F. Ryukkert nomidagi mukofotlar, " Ruhoniyat " mukofoti, turk tili mamlakatlari rivojiga qo‘shgan hissasi uchun Turkiya hukumatining oliy mukofoti kabi qator mukofotlar sohibi. Ma'lumki, adibning asarlari dunyoning 180 dan ortiq tillariga o‘girilgan. Shuningdek, Ch. Aytmatovning olti asari: " Asrga tatigulik kun ", " Oq kema ", "Qiyomat", " Sohil bo‘ylab chopayotgan olapar" , " Jamila ", " Alvido, Gulsari" kabilar xx asr jahon adabiyotining eng yaxshi 111 asarlari qatoriga qo‘shilgan. Bugungi tahlilga tortilgan asar - " Somon yo‘li " qissasi adibning ota-onasining xotirasiga ehtirom sifatida yozilgan. Qissa 1963-yilda tugallangan bo'lib, unda o'tgan asrda eng ko‘p murojaat qilingan mavzu - urush tasviri yoritilgan. Asar mavzusini yangi, ohori to'kilmagan mavzu deb bo‘lmaydi. Garchi urush mavzusiga ko'plab ijodkorlar tomonidan qayta va qayta to‘xtalib o'tilgan bo‘lsa-da, Ch. Aytmatov bu mavzuga yangicha talqin baxsh eta oldi. Asarda umuman urush manzarasi, jang tasviri berilmaydi. Ammo kitobxon, uning dahshatini, oddiy insonlar boshiga solgan og‘ir savdosini anglaydi, sezadi. Ch. Aytmatov - dehqon o‘g'li, haqiqiy yer farzandi. Uning qahramonlari ham yerni, tabiatni, mehnatni sevadi. " Oq kema " deysizmi, " Jamila" deysizmi, " Yuzma-yuz " deysizmi, barida tabiat, dala tasviri bor. " Somon yo'li" da esa bosh qahramon bevosita Yer bilan gaplashadi, butun hayotini tahlil qiladi, hayot qalbiga solgan jarohatlardan bo'zlaydi. Osmondek beg‘ubor va ulkan orzularga to‘la To‘g‘anoy suygan insoni bilan birga, farzandlari ardog‘ida, munavvar Yer bag‘rida mehnatkash va pok qalbi bilan umrining oxirigacha baxtli yashashi mumkin edi. Eh, urush, urush... Hali shirindan shirin nabiralarini o'ynatishga, keksalik gashtini surishga ulgurmagan Suvonqulni, endigina turmushning shirin tashvishi boshlangan bir paytda muhabbatini xazon etib ketgan Qosimbekni, o'z kasbiga jon-u dilini bergan Maysalbek-u, hayotga to‘ymay ketgan, o'n gulidan bir guli ochilmay nobud bo‘lgan Jaynoqlarni girdobiga tortib ketdi. Nahot ularni hayotning shirin damlaridan totishga, Olloh ato etgan hayotni yashashga haqqi yo‘q edi? Yosh umri xazon bo‘lgan Aliman-chi? Hayot uni bir umrlik vijdon azobiga duchor etdi. Yo‘q! Men asarda hech kimni, hech qaysi qahramonni, hatto Jekshenqulni-da ayblamayman. Muhit ularni shu ko‘yga soldi. Darhaqiqat, " Men urushda yurib mardlik ko'rsatayin deb hech qachon orzu qilmagan edim, men o'zimni eng bir faxrli, eng bir oliyjanob ishga- muallimlikka bag‘ishlagan edim. Zamon shunday keldi. Bolalarni o‘qitish o‘rniga qurol ushlab, jangchi bo‘ldim. Bu mening aybim emas." Yashash bilan yashashning farqi bor. Farovon hayotda ham nolib-nolib yashaydiganlar qancha? Yo, aksincha, tahlikali vaziyatda ham, o'lim bilan yuzlashishiga qaramay hayotdan minnatdorman bor. Axir, " ... Tushuning, bu oddiy o‘lim emas, bu osongina jondan kechish ham emas, bu hayot kechirishning eng tengsiz
----------------
Mahmudov Akmalning taqrizlari
Somon yoʻli
Qirgʻiz adabiyotining jahonga tanilgan vakillaridan biri Chingiz Aytmatov 1928-yilda tugʻilgan. "Yuzma-yuz", "Kassandra tamgʻasi", "Asrga tatigulik kun", "Qiyomat", "Oxirzamon nishonalari" kabi romanlari, bir qator qissalari bilan tanilgan. "Somon yoʻli" qissasi esa Toʻlgʻonoyning hayot va umr yoʻliga bagʻishlangan. Urush va urush davri qiyinchiliklari aks etgan ushbu asarni oʻzbek tiliga Asil Rashidov tarjima qilgan. Chingiz Aytmatov bu asarni otasi-Toʻraqul Aytmatov hamda onasi-Naima Aytmatovaga bagʻishlagan. Yoshligida Suvonqul va Toʻlgʻanoy bir-birini yoqtirib koʻngil qoʻyishadi, farzandlar koʻrishadi: Qosim, Maysalbek va Jaynoq. Qosim qoʻshni yaylovdan Alimanga uylanadi. Maysalbek esa shaharda muallimlikka oʻqiydi. Urush boshlanganda esa Jaynoq hali yosh edi. Birin-ketin Qosim, Suvonqul, Maysal, keyinchalik Jaynoq ham urushga joʻnaydi. Birin ketin noxush xabarlar eshitishadi. Suvonqul iltimosi bilan xotini brigadir boʻladi. Zamon ogʻir paytlar edi, "Eh urush, urush! Barchani qaqshatdingku" deyiladi asarda. Yuqoridagi yerlarga urugʻ sepish va koʻklamda och qolmaslik uchun Toʻlgʻanoy qishloq odamlarining baʼzilarini roziligi bilan, baʼzilarini qaqshatib don-dunini yigʻishtirib oladi, lekin oʻgʻri Jekshenqul oʻgʻirlab ketadi.
Urush tugasada farzandlaridan darak boʼlmaydi. Alimanning bolasiga gʻamxoʻrlik qiladi.
Chingiz Aytmatov ushbu kichik qissada oʻzining sabr-matonati, irodasi, hayot qiyinchiliklari oldida bukilmas ayol timsolini gavdalantirgan. Urush fojealarini qoralagan. Voqealar asosan ona Yer va Toʻlgʻanoy suhbatlari asosida kechgan. Mehribon tuproq orqali inson va tabiat oʻrtasidagi munosabatni koʻrsatib bergan. Barchangizga ushbu qissani oʻqishni tavsiya qilaman
----------------