November 8

𝑿𝒂𝒓𝒐𝒃𝒂𝒅𝒂𝒏 𝑪𝒉𝒊𝒒𝒒𝒂𝒏 𝑲𝒊𝒚𝒐𝒗

4—bob

Soat beshga yaqinlashib qolgan edi endi biror joyga borish uchun kech. Kechki ovqatga yegulik topish va kulbani isitish kerak. Kechalari bu yer ancha sovuq bo‘ladi.

Taehyung dumini qisib olgan kuchukdek o‘tirib og‘zini ochgancha Jungkookning harakatlarini kuzatardi. U juda tezlik bilan o‘tin yorib pechkaga yoqilg‘i tayyorladi keyin pichoq bilan qirindi yog‘ochlar tayyorlab olov yoqishga kirishdi. Ammo avval pechkaning mo‘risidagi zaslonkani ochdi. Shunchaki ochib qo‘ymadi, balki butunlay sug‘urib oldi uzun qoraga belangan temir bo‘lakni. Taehyung uchun bu yangiliklarning keti ko‘rinmasdi. U bunday narsani umrida ko‘rmagan edi.

— Nima qilyapsan? — mehmon ehtiyotkorlik bilan qiziqdi.

— Balki zaslonka qurum bilan qotib qolgandir— deb xotirjam javob berdi Jungkook.

— A?

Albatta Taehyung hech narsani tushunmadi. Iltimos, oddiyroq qilib tushuntiring. Jungkook xo‘rsindi. Ahmoqona savollarga javob berishga allaqachon ko‘nikib ketgan qolaversa, bu modaparastning o‘rdakdek aqlli ekanini bilardi.

— Pechka tutun chiqarmasligi uchun uni tozalash kerak. Hozir kulini chiqarib, mo‘rining tortishini tekshiraman. Hammasi joyida bo‘lsa pechkaga o‘t yoqaman.

Taehyung ko‘zlarini katta-katta ochib, og‘zini yumishni ham unutdi. Uning nazarida bu kosmik kemani boshqarishga o‘xshash qandaydir murakkab ish edi. Axir o‘zi hech qanday amaliy ko‘nikmaga ega emasdi.

— Mo‘rining tortishini qanday tekshirasan?

— Mo‘rining tortishini qanday tekshirasan?

Jungkook unga o‘girildi, bir-ikki soniya o‘ylanib turdi-da, oxiri yoniga chaqirdi. Rostdan ham, bu qanday ishlashini bilish qiziq-ku. Qolaversa, qo‘pol janobimizning bugun kayfiyati yaxshi ekan. Bunday imkoniyatdan foydalanib qolish kerak.

Jungkook gugurtni yoqib, pechka zaslonkasi joylashgan teshikka yaqinlashtirdi. Taehyung esa hayrat bilan kuzatib turardi, hatto har bir harakatiga izoh berib yuboray derdi minnatdor tomoshabin! Hech bo‘lmasa, «xarobalardagi ta’til»ning biror foydasi tegadi: yangi narsalarni ko‘rib oladi. Ammo eslab qolishi aniq emas. Qayta takrorlay olishi esa undan ham dargumon. Aytishganidek: bolalarni ekrandan uzoqroq tuting buni uyda takrorlashga urinmang!

— Olov yuqoriga qarab ketishi kerak, ko‘ryapsanmi? — Taehyung bosh irg‘adi.

— Demak tutun mo‘ri orqali chiqib ketadi, tortish bor.

Yigit hayrat bilan cho‘zib

— O-o-o…

degan paytda, Jungkook… Jungkook yechina boshladi.

Va shunchaki… Bam! Taehyung buni xotirjam qabul qila olmadi. U gey edi, erkaklar unga yoqardi. Hatto ular dunyoda tengi yo‘q qo‘pol bo‘lishsa ham. Ammo mana, ko‘z oldida turibdi bu gavdani endi ko‘rmaganga ololmaydi. Juda jozibali edi. Hatto haddan tashqari. Taehyung beixtiyor taranglashdi. Unga ortiqcha noqulay vaziyatlar kerak emasdi. Axir u katta bola, o‘zida nimadir «izdan chiqishi» mumkinligini yaxshi tushunardi.

— Nima qilyapsan?

Jungkook endigina unga e’tibor qaratdi. U yana nimanidir o‘ylab, bir vaqtning o‘zida nimchasini yechib, ko‘ylagining tugmalarini ochayotgan edi. Taehyung esa darhol boshqa tomonga o‘girildi. Tamom: na birovni noqulay ahvolga solishni, na o‘zi sharmanda bo‘lishni istardi.

Hammomda ham uni deyarli kuzatmagan edi… Ya’ni… Xo‘sh… Ayrim joylarini ko‘rib qolgan, albatta… Ammo bir-ikki lahzalik tasodifiy nigohlar bilan, sinchiklab emas, umumiy tarzda. Jungkookni esa bemalol tabriklasa bo‘lardi hamma jihati joyida edi.

— Kulni chiqarib tashlayapman. Hozir butun qo‘lim yelkamgacha qurumga belanadi. Biror narsang yoqmayotgan bo‘lsa, bor, aylanib kel.

U qo‘pollik qilmayapti shunchaki shunday gapiradi. Undan yana nimani kutish mumkin? U qishloqlik mehnatkash erkak. Erkaklar bilan hamisha dag‘al, keskin ohangda gaplashishga o‘rgangan, qo‘pollik uning qoniga singib ketgan. Axir u bunday bo‘lmaganida ov qila olmasdi hayvonlarni so‘ya olmasdi uy chorvasini so‘yishga kerak bo‘lsa kuchukcha va mushukchalarni ham yo‘q qilishga qo‘li bormasdi… Chunki u xonadon boshlig‘i, oilasini boqishi, ular uchun barcha sharoitlarni yaratishi kerak. Buning uchun esa ba’zan rahm-shafqatni bir chetga surishga to‘g‘ri keladi. Qishloq hayotining o‘ziga yarasha achchiq tomonlari bor. Hammasi tashqaridan ko‘ringanidek go‘zal emas. Qishloq odamlari shunaqa.

— Biror yordamim tegadimi?

Jungkook unga qarab kulimsiradi. Taehyung esa yon tomoni bilan turib olib, hatto ko‘zini ham ko‘tarmay, yordam berish haqida gapirardi. Juda kulgili.

— Xalaqit bermasang bo‘ldi.

Tushunarli, qabul qilindi. Xalaqit bermaslik kerak ekan — demak, xalaqit bermaydi. Taehyung jimib qoldi. Jungkook kulni chelakka chiqarib oldi. Uni uyning yoniga to‘kib, hovuz bo‘yiga borib yuvinib keldi. Qaytib kelgach, toza holatda pechkaga o‘t yoqdi.

Asta-sekin uy ichidagi sukunatni pechkadagi o‘tinlarning qirsillashi, hasharotlar va qushlarning chirqillashi butalarning shitirlashi buzdi. Nam tortgan pol va cho‘g‘lanayotgan o‘tinlarning hidi taraldi…

Taehyung bunday narsalarga ko‘nikmagan edi, shu bois bu manzara uning qalbiga ta’sir qildi. O‘rmon musiqasi yuragining eng tubiga singib borar, go‘yo u yerda bir umrga qoladigandek tuyulardi.

— Tozalashni bilasanmi? — Nihoyat, Jungkook kiyina boshladi. Endi navbatdagi ishga kirishmoqchi edi.

Taehyung savol ustida bir-ikki soniya o‘ylanib qoldi. Rostdan ham, bu juda murakkab savol edi.

— Yig‘ishtirish kerakmi?.. — Uning javobi aslida «Bilaman deb aytolmayman-u, lekin kerak bo‘lsa…» degandek eshitildi.

— Mana chelak, latta, hammasi shu yerda. Buni yuvib chiq. Pol yuvishni bilasanmi o‘zi?

Bekorga so‘ramadi. Chunki nozikoyim polni faqat shvabra bilan, qo‘lqop kiyib yuvardi. Tizzalab, yalang qo‘l bilan emas… Lekin bu yerda o‘r-gim-chak-lar borku… Brrr!

— Xo‘sh, mana bunday… Bir ikki…

Taehyung lattani qanday yurgizishni ko‘rsatib berdi.

Jungkook birdan uning yoniga kelib, nozik barmoqlaridan ushladida, manikyurini ko‘zdan kechirdi ishlov berilgan kutikulalari (allaqachon yana o‘sib chiqibdi), yaltirab turgan yulduzchali shaffof gel-lak xuddi pol yuvuvchi uchun maxsus to‘plam!

Qishloqi hafsalasi pir bo‘lib xo‘rsindida barmoqlarini qo‘yib yubordi. Aslida, u bundan ajablanmagandi ham.

Taehyung esa shu lahzada Jungkookning qo‘llari quruq va dag‘al ekanini payqadi.

— Jin ursin… — deb beozorgina so‘kinib qo‘ydi Jungkook. Manikyurga, albatta, achinardi, ammo pol o‘z-o‘zidan yuvilmaydi.

— Uzr shaharlik fransuzcha manikyuringizni buzishga to‘g‘ri keladi. Lattani siqma suv ko‘proq bo‘lsin: taxtalar orasida yoriqlar bor, u yerda chang yig‘iladi. Suv o‘sha yoriqlarga kirishi kerak. Keyin lattani yaxshilab siqib polni yana bir marta artasan. Andestend?

Voy, xudoyim! Qishloq polini yuvish bo‘yicha butun boshli tezkor kurs! Taehyung yana aftini burishtirib iflos polga g‘amgin tikildi.

— U yerda hasharotlar bor…

— Ular o‘lik.

— Jirkanch…

Qanchalik o‘zini bosib nazokatini saqlashga urinmasin, baribir uning nozikoyimligi goh-gohida bosh ko‘tarib qolardi.

— Hamma ishni men qilishimni sen esa tayyoriga ayyor bo‘lib yashashingni taklif qilyapsanmi?

— Yo‘q hammasini emas…

— Unda baliq ovlashga borasanmi? Men esa bu yerda hammasini yuvib bemalol dam olaman. Shundaymi?

Taehyung lablarini do‘rdaytirib, ataylab keskin harakat bilan lattani changalladi.

Nima ham derdik, shayton shaharlik nozikoyimning taslim bo‘lishidan mazoxistik zavq olayotgandi. Ana xolos, pol yuvish yoqmasmish. Toza pol ustida yurish esa yoqadimi?

Jungkook esa kulbada turgan qarmoqni baliq ovlash uchun kerakli barcha mayda-chuyda buyumlarni va qurtlar solingan bankani oldi-da, yo‘lga tushdi.

Taehyung o‘zining falokati bilan yolg‘iz qoldi.

Bu manzarani ko‘rish kerak edi: yuzi burishib ketgan lattani faqat barmoq uchlari bilan, jimjilog‘ini ko‘tarib ushlab turibdi xuddi ingliz qirolichasidek. Yugurib ketayotgan jonivorni ko‘rishi bilan chinqirib yuboradi, uni quvish va yo‘q qilish jarayonini esa tinimsiz qichqiriq bilan kuzatib boradi.

Keyin yana pol yuvishga tushadi. Jungkook buyurganidek, ikki marta. Pechka atrofidagi axlatlarni ham supurib burchaklarni latta bilan artadi o‘rgimchak to‘rlarini ham tozalaydi.

Bundan tashqari, o‘z tashabbusi bilan yana bir savobli ish qildi barcha ko‘rpa-to‘shaklarni va matrasni tashqariga olib chiqib, qoqib tashladi. Jungkook uni ko‘rib, bularni ayvondagi panjaraga ilib qo‘yishni buyurdi quyoshda qizisin (hech bo‘lmasa, shamollasin).

Shu payt Jungkook ham kichik o‘ljasi bilan qaytib keldi. Endi kechki ovqat tayyorlash kerak edi.

Xo‘sh, boshladik.

— Baliq tozalashni bilasanmi?

Ha-ha, yana ovqat pishirishni bilasanmi, deb so‘rasa ham bo‘lardi!

Taehyung labini tishladi.

— Qaysi baliqni?..

Jungkook xo‘rsindi.

— Tushunarli.

O‘zi pichoqni qo‘liga oldi.

— Hech bo‘lmasa, biror narsani eplay olasanmi?

Yana bir savol. Taehyungni gangitib qo‘yadigan savol. To‘g‘rirog‘i, unchalik ham gangitib qo‘ymadi…

— Ovqat yeyishni?..

Jungkook qahqaha otib kulib yubordi. Ha-ha, chindan ham kuldi!

Taehyung uni ilk bor bunchalik ko‘tarinki kayfiyatda ko‘rayotgan edi. Bu biroz shubhali tuyuldi, garchi o‘zining ham kulgisi kelayotgan bo‘lsada. Xo‘sh, ahmoq bo‘lsa nima qipti? Hech narsani eplay olmasa ham, baribir yashab yuribdi-ku.

Keyin Jungkook baliqlarni chaqqonlik bilan tozaladi, pechka ustiga suv solingan qozonni qo‘ydi, sumkasidan yangi sabzavotlarni olib, to‘g‘radi. Hammasini juda tez bajardi, go‘yo har kuni uyida ovqat tayyorlaydigandek.

Taehyung shu vaqt ichida birinchi baliqni ham zo‘rg‘a tozalab ulgurgan bo‘lardi.

Aytgancha, Jungkook baliqlarni o‘ldirdi. Buning uchun bir oz yig‘lab olishga arzimaydimi?

— Qayerda ovqat pishirishni shunchalik yaxshi o‘rgangansiz?

Jungkook qo‘llarini beliga tirab, qaynayotgan sho‘rvaga qarab turardi. Keyin Taehyungga o‘girilib unga xuddi qo‘yga qaragandek qaradi.

— Toskanada, italiyalik bosh oshpazdan. Sezilmadimi?

Taehyung kulib yubormaslikka harakat qildi. Ana xolos! Qarang-a, bu qanaqasi?! Axir kulgiliku jin ursin, rostdan ham kulgili! Holbuki uning ustidan kulishyapti.

— Rostdanmi?!

— Men hech qachon yolg‘on gapirmayman.

G‘alati, ammo Jungkook ham uning gapiga qo‘shilib, suhbatni bemalol davom ettirardi.

— Ha, albatta! Leshiy haqida ham shunaqa gaplarni to‘qib chiqargandingiz! Qulog‘imni lag‘mon qilib yubordingiz!

Jungkook pichirlab kulimsiradi. Kim aytdi bu gaplari yolg‘on deb?

— Senga yana bir gap aytay hovuzda Suv parisi emas Suv egasi yashaydi.

— Ha-ha-ha!

— Kechasi u yerga borishingni maslahat bermayman.

Tamom, Taehyungning yuzidagi tabassum so‘ndi. Jungkookning jirkanch tirjayishidan keyin u nima deyishni bilmay qoldi. Bu odam, tushunarli hech narsadan qo‘rqmaydi ammo Taehyungchi...

— Tushundim, bu suv ruhi ekan-da. Siz jiddiymi yoki hazillashyapsizmi? O‘zingiz shunga o‘xshash biror narsa ko‘rganmisiz?..

Jungkookning qo‘lidan kelsa, Taehyungni masxara qilishdan to‘xtamasdi.

— Nimaga ishonishingga bog‘liq.

— Bu qanday deganingiz?

— NUJlarga ishonasanmi?

Taehyung endi gapning boshini ham oxirini ham tushunmay qoldi. Hozirgina Suv egasi haqida gaplashishayotgandi NUJ qayerdan paydo bo‘ldi?

— A?

Rek:
— Yashil itbaliqlar seni olib ketishiga ishonasanmi? Uchuvchi likopchalarda uchib yurishadi. Hech ko‘rmaganmisan?

— Nimalar deyapsiz o‘zi? — Taehyung qoshlarini chimirib, qo‘llarini ko‘ksida chalishtirdi. Aqllilik qiladigan bo‘lib qolibdi-ya, qishloqi! Qayerdan shuncha g‘alati so‘zlarni o‘rganib olgan ekan? (Nima, u sigir tilida gapirishi kerakmidi?)

— O‘rmonda har xil ruhlar izg‘ib yuradi. Kechalari eshik qoqishadi.

Taehyung seskanib ketdi. Xayol surishdan ham to‘xtadi. Yo‘q, bu odam haddidan oshib ketdi. Shunchalik qo‘rqitdiki, Taehyung endi aniq uxlay olmaydi: tonggacha quloq tutib yotadi, ko‘zlari kosasidan chiqib, quloqlari tushib ketay deydi.

— Ana, birorta ruh eshik qoqsa, Xudoga ishonib qolasan.

Jungkookning o‘zi kulib yubordi. Yana o‘sha odamga xos, samimiy va yuqumli kulgisi bilan. (Voy-bo‘, qishloqilar ham odam ekan-da!)

Taehyung uning chiroyli tabassumini, chiroyli yonoq suyaklarini payqamay qolmadi... Iyaklari ham... chiroyli. Tushunyapsizmi, juda erkakcha chehrasi bor edi.

Aslida esa Jungkook yana uni har tomondan masxara qilayotgandi, Taehyung bo‘lsa uning tabassumi va kulgisiga mahliyo bo‘lib o‘tiribdi... Ahmoq!

O‘ziga kelishi uchun nigohini boshqa tomonga burishga majbur bo‘ldi. Tez orada ovqatlanishadi, keyin uxlashadi. Qaniydi, bularning hammasi tezroq tugasa.

Jungkook ikki piyolaga qaynoq suv quyib, har biriga bittadan choy paketchasini tashladi. Taehyungning kosasiga sho‘rva suzdi, o‘zi esa qozondan ichaverdi. Sho‘rvaning suvi yaxshilab qaynatilib, quyuqlashgan, yog‘li va juda mazali bo‘libdi. Taehyung shunchalik ishtaha bilan yediki, shubhali ko‘rinishdagi qoshiq va likopchani ham unutdi (go‘yoki toza, ammo xuddi it yalab chiqqandek edi).

Sho‘rvaning yarmini ertalabga qoldirishdi. Muzlatkich ishlamasdi (bu yerda nima qilib turgani ham tushunarsiz; elektr yo‘q, chamasi, shunchaki eski narsalarni shu yerga tashib kelishgan). Shu sababli qozonni pechka ustiga qo‘yishdi. Jungkook idishlarni o‘zi yuvdi, endi shaharlik nozikoyimni qiynamadi (shunchaki o‘zi tezroq va yaxshiroq yuvardi).

Hovuz yonida turib, telefonini chiqardi. Bu Taehyungnikiga o‘xshagan qimmatbaho, urfdagi g‘ilofli iPhone emasdi. Uniki oddiy smartfon edi (endi tugmachali g‘ishtdek telefonlardan emas). Uning o‘ziga xos tomoni — qopqog‘i mustahkam metall, zarbaga chidamli plastik va aviatsiya rezinasidan ishlangan, ekstremal mashg‘ulotlarni yoqtiradiganlar uchun mo‘ljallangan edi. Jungkook ferma va tomorqadagi ishlarni yetarlicha ekstremal deb hisoblagan. Mayli, aslida telefoni doim qo‘lidan tushib ketaverardi. Axir u mehnatkash odam: goh bir joyda o‘rnidan tursa, cho‘ntagidan tushib ketadi, goh mashinadan tushayotganda — yana fufaykasidan sirg‘alib chiqadi, ba’zan esa molxona atrofida... Ammo telefonida aloqa bor edi.

Aloqa bor.

Bu yerga birinchi marta kelayotgani yo‘q, shu sababli bu yerda tutadigan SIM-kartani qaysi biridan olish kerakligini bilardi. Onasiga hammasi yaxshi ekanini, Taehyungni hali bo‘rilarga (va o‘rgimchaklarga ham!) yem qilmaganini yozdi. Javoban onasidan darhol dakki oldi: Taehyungni ranjitib ko‘rmasin! Onasi yana bir talay gaplarni yozib yubordi, ammo Taehyung uning fikrini bo‘ldi...

— Endi nima qilamiz?

U ayvonda paydo bo‘ldi. Tashqarida allaqachon qorong‘i tushgan, ammo uning qomatini ajratish mumkin edi. Osmon to‘q ko‘k rangda. Taehyung etik kiymay, faqat paypoqda tashqariga yugurib chiqibdi. Qanaqa go‘dak-a... Keyin shu paypoqlari bilan karavotga ham chiqsa kerak.

Jungkook darhol telefonini yashirdi. Bu yerda boshliq o‘zi, demak, Taehyung undan ko‘rsatma kutardi. Qolaversa, uning juda ham zerikkani rost: telefonda titkilaydigan narsa yo‘q, o‘yin o‘ynay olmaydi, hech kimga qo‘ng‘iroq ham qila olmaydi, hatto gaplashadigan odam ham topilmaydi. Jungkook esa xuddi tund odamning o‘zi... Zerikishdan o‘lasan!

— Ko‘rpachalarni olib kir, joyni tayyorla.

Tushunarli, qabul qilindi. Taehyung choyshablarni yana bir bor qoqdi. Matras tozaligini, ustida birorta o‘rgimchak yoki suvarak yo‘qligini tekshirdi. Endi unda o‘rgimchaklar va boshqa mayda hasharotlarga nisbatan haqiqiy qo‘rquv paydo bo‘lgandi.

Choyshab yozishni esa yaxshi bilardi, bu borada muammo yo‘q edi. Choyshablardan qovurilgan narsaning hidi kelardi, ammo bu tom ma’noda emasdi: quyoshda yaxshilab qurigan, qotib, qarsildoq nondek bo‘lib qolgan, yoqimli hid taratardi. Aynan shunday choyshabda odam osongina uxlab qoladi va maza qilib dam oladi.

Taehyung hamma ishni tugatib, yana «boshliq»ning oldiga bordi. «Iblis» hovuz bo‘yida xuddi gipnoz qilingandek turar, sokin moviy suv yuzasiga ma’nosiz tikilib qolgan edi. Qanaqa zen holati bu? To‘g‘ri-da, axir bu uning orolchasi, ta’tili, dam oladigan joyi-ku, Xudoyim! Taehyung esa tabiat bilan uyg‘unlikdan bunday zavq ololmasdi (hech bo‘lmaganda, hozircha). Uning boshqa tashvishi bor edi. Ancha muhimroq!

— Hojatga chiqishim kerak...

Jungkook ortiga o‘girilmay, boshini sal egdi. Chamasi, hayron qoldi.

— Istagan buta seniki.

— Qo‘rqyapman.

Ana endi u ortiga o‘girilib, Taehyungga chinakam qiziqish bilan tikildi. Jungkook uni yana hayratda qoldirishga muvaffaq bo‘ldi. Axir bundan ortiq g‘alati narsa bo‘lmasa kerak, deb o‘ylagandi. Ammo Taehyungning g‘alati odatlari tugamaydiganga o‘xshaydi. Hammaga yetadi, ortib ham qoladi.

— Ko‘tarib turaymi?

— Yonimda turing, — kuchukchadek mo‘ltirab qaradi. — Iltimos...

— Turibman.

— Jin ursin! Bas qiling! Men rostdan ham qo‘rqyapman. Meni o‘zingiz qo‘rqitdingiz-ku!

— Nima bo‘lardi? O‘rgimchaklar olib ketishadimi? Garri Potterdagidek, bahaybatlaridan?

— Ahmoq, — dedi u zarracha jahl qilmay.

Endi tentaklardan xafa bo‘lib ham bo‘lmaydi-ku? Taehyung o‘z bilganicha uycha ortidagi butalar tomon yurib ketdi. Buning uchun uning oyoqlari ostida sudralib yurmaydi-ku, ayniqsa, shunchalik arzimas iltimos bilan... Shunchaki, u bilan olishaverishdan charchadi. O‘zi xato qiladi-yu, tuzatishni istamaydi. Qaysar, bag‘ritosh, qo‘pol odam!

Atigi o‘n soniyadan keyin o‘qdek otilib qaytib chiqdi: hammasi joyida. Ana, xohlasa, uddalay olarkan-ku! Bo‘lmasa, «qo‘rqyapman», «qilolmayman»... Haqiqiy harbiycha chiniqish!

Ikkalasi yana uyga kirishdi. Soat to‘qqizdan besh daqiqa o‘tgan edi. Taehyung bo‘lajak tun haqida bosh qotira boshladi, ammo qancha o‘ylamasin, biror jo‘yali yechim topolmadi. Faqat bitta imkoniyat bor edi: kimdir o‘rgimchaklar bilan quchoqlashib uxlashi kerak.

— Qanday uxlaymiz? — Bu juda muhim savol edi, unga faqat boshliq javob bera olardi.

— Men odatda shiftga osilib uxlayman.

— Bo‘ldi, Jungkook! Yetar endi. Siz bilan birga uxlashni xohlamayman...

— Unda tashqarida uxla.

— Karavot kichkina-ku... — Taehyung jiddiyroq dalillar topishga urindi, ammo bularning bari befoyda edi. Uyda qo‘shimcha yotoq ham yo‘q. Faqat bir kishilik karavot bor, xolos.

— Boshqa taklifing bormi? Meni polga yotqizmoqchimisan? Sening uyqung menikidan qadrliroq deb o‘ylaysanmi?

Puf! Jungkook qarshi dalillar bilan uni ko‘mib tashladi. Taehyung hatto seskanib tushdi.

Ular bir-biriga orqa o‘girib yotishardi. Taehyungga esa dumbalari bir-biriga tegib turishi juda noqulay edi. Shu sababli goh pastroqqa, goh yuqoriroqqa surilib, hech tinchlana olmasdi. Qo‘pol odamdan esa darak yo‘q — xuddi o‘chirib qo‘yilgandek uxlab qolgan. Ko‘rpa ham bitta edi, Taehyung uni mahkam changallab, bo‘ynigacha tortib olgandi. Haqiqatan ham issiq va noqulay, hatto qimirlay ham olmaysan. Bankadagi shprot baliqlariga o‘xshashardi — xuddi shunday yog‘li, ko‘zlari esa kosasidan chiqib ketay degandek.

Keyin Taehyungda «o‘rgimchak» paranoyasi boshlandi. Hasharot chaqqan joylari qichishardi, hojatga chiqgisi, ovqat yegisi, suv ichgisi, hatto o‘lgisi ham kelardi... Va shu holat qayta-qayta takrorlanardi.

Bir joyi qichishsa, qashirdi-yu, ammo bu chaqqan joy emasdek tuyulardi. Unda... o‘rgimchakmi? Taehyung hali bilmasdi, bu yerda nafaqat katta o‘rgimchaklar, balki ularning bolalari ham izg‘ib yurishi mumkinligini. Tanasidagi sezgi esa xuddi qo‘lida bir tola tuk qimirlab ketgandek edi. Ammo Taehyungning qo‘llari qirilgan-ku! Jin ursin, bu tuk emas!

Devorga nimadir taqillagan zahoti barcha o‘y-xayollari bir zumda to‘xtadi.

Xudoga ishonishmi? Ha, albatta, endi ishondi! Qo‘rquvdan ko‘zlariga yosh qalqib, bir zumda sapchib o‘rnidan turdi.

Bularning hammasiga Jungkook aybdor!

— Ruhlar?!

Jungkook og‘ir xo‘rsinib, unga o‘girildi-da, chalqancha yotdi. Ancha vaqt chidab keldi, ammo endi uning ham sabri tugay deb qolgandi. Uning uyqusi juda sezgir edi.

— Qanaqa ruhlar, jin ursin? Shoxlar devorga tegayapti. Uxla.

Qanaqa shoxlar? Qaysi shoxlar?! Axir ular ochiq maydonda-ku, daraxtlar esa ancha narida!

Taehyung rostdan ham titray boshladi. Qayta yotishga ham, biror harakat qilishga ham qo‘rqardi. Buning ustiga, go‘yo ustidan kulayotgandek, miyasi uychaning burchaklarida turli sharpalarni gavdalantira boshladi (tamom, aqli uchib ketdi). Har xil alvastilar ko‘ziga ko‘rinayotgandek edi. Taehyung yuzini berkitib, tizzalariga boshini yashirdi. U hali hech qachon bunchalik qo‘rqmagandi. Shu zahoti ko‘rgan barcha dahshatli filmlari yodiga tushdi. Bittasi ham xuddi shunaqa edi... O‘rmon, sayyohlar, chodirlar... Tun... Brrr!

Jungkook yonidagi odamni tinchlantirishga majbur bo‘ldi, aks holda ikkalasi ham uxlay olmasdi.

— Olmaxon isinib olishga kelgandir. Yig‘lama. Bu yerda hech kim yo‘q.

— Baribir qo‘rqyapman! Tushunmayapsizmi?! — Uning qo‘rquvi shu qadar kuchli ediki, deyarli jazavaga tushay deb qolgandi. O‘rmon ichida, tunda devorga nimadir taqillashi kimni ham qo‘rqitmasdi deysiz?

— Nimadan qo‘rqyapsan? Yolg‘iz emassan-ku, men shu yerdaman.

— Ha...

Bu gap uni chindan ham biroz tinchlantirdi. Jungkook ularni har qanday narsadan himoya qila olardi: yonida miltig‘i bor, o‘zi ham Taehyungdek nimjon emas. U haqiqatan ham kuchli va jasur edi. Demak, ha, qo‘rqishga hojat yo‘q...

— Bu yoqqa kel.

Jungkook shu darajada rahmi kelib ketdiki, hatto quchoqlash uchun qo‘llarini ochdi! Taehyung ko‘zlariga ishonmadi! Unga nimani taklif qilyapti? Quchoqlashib yotishnimi?.. Uni, Taehyungni quchoqlashnimi?.. Ular qaysi ertak ichiga tushib qolishdi, haqiqiy iblis qayerda?!

— Shunchaki yot-da, miyangni o‘chir.

Qaniydi, miyani o‘chirib qo‘yishni ham bilsa... Ammo Taehyung bu taklifni rad eta olmadi. Kimdir seni quchoqlasa, o‘zingni doim himoyalangandek his qilasan. Taehyungni esa anchadan beri hech kim quchoqlamagandi. Shu sababli hozir bunga ehtiyoji yanada kuchli edi.

U Jungkookning yoniga yotib, qo‘lini noqulaygina uning ko‘ksiga ko‘ndalang qo‘ydi. Jungkook hech qanday hissiyot bildirmay ko‘zlarini yumdi-da, Taehyungni ikkala qo‘li bilan quchdi (o‘zi ham qulayroq yotishi uchun).

Juda g‘alati tuyg‘ular edi. Endi Taehyungning xayolida mahluqlar yo‘q edi. Uning kafti ostida yurak urib turardi, qarshisida esa uni ko‘rishga ko‘zi yo‘q odamning yalang‘och ko‘kragi... (Rostdan ham ko‘rgisi kelmaydimi?) Ammo baribir unga rahmi kelib, quchoqlashga rozi bo‘ldi...

Shu yoqimli lahzada Taehyung ko‘zlarini yumdi-da, o‘zi ham sezmagan holda uyquga ketdi. Shunchalik osonmi? Ajablanarlisi, ha. Ko‘ngli tinchlandi, ortidan esa charchoq o‘zini his qildirdi.

Jungkook esa undan keyinroq uxlab qoldi.

Quyosh allaqachon ko‘tarilgandi. Jungkook qimirlay boshladi va shu bilan birga Taehyungni ham uyg‘otib yubordi, chunki hali ham uni quchoqlab yotardi. Quchoqlab turgan qo‘llari bo‘shashi bilan Taehyung darrov sovqotdi. U esnab, ko‘rpaga yanada qattiqroq o‘randi-da, bir ko‘zini ochib, yonidagi odam nima qilayotganiga qaradi. So‘ng uyqu aralash, bo‘g‘iq ovozda so‘radi:

— Qayerga ketyapsiz?

— Ovga. Uxlayver.

Taehyung og‘ir xo‘rsindi. Uyqu bilan yana bir necha soniya kurashib, tafsilotlarni bilishga urindi.

— Soat necha bo‘ldi?

— Ertalabki besh.

Taehyungning yuzi burishib ketdi, xuddi tovuqning orqa tomonidek\* bo‘lib qoldi. U Jungkookka orqa o‘girib, ko‘rpa ostidan faqat ko‘kimtir sochli boshini chiqarib yotdi.

Qishloqi esa badanini yozib, sho‘rvadan ichdi-da, kamuflyaj kiyimini kiydi. Yengil sumkasini (ichidagi ko‘p narsalarni olib tashlagandi) va miltig‘ini oldi, so‘ng eshikni sekingina yopib chiqib ketdi.

Agar Taehyungning uyqusi bunchalik qattiq bosmaganida, albatta, undan bunday qilmaslikni so‘ragan bo‘lardi. Chunki o‘ldirilgan hayvonni ko‘rish ham uni jazavaga solib, kechalari dahshatli tushlar ko‘rishiga sabab bo‘lishi aniq edi.

Ammo u yana qattiq uyquga ketdi.

\*Rus tilidagi qo‘pol hazil iborasi — Taehyungning yuzini juda xunuk burishtirganini anglatadi.

Taehyung faqat tushlik mahaliga kelib butunlay uyg‘ondi. Shirin kerishib, esnadi. Birinchi marta uyg‘onishi bilan odatdagidek telefoniga qo‘l cho‘zmadi. Baribir unda hech narsa yo‘q-ku, qurib qolsin!

Miyasi ham to‘liq uyg‘ongach, tashqaridagi tovushlarga quloq sola boshladi. Tabiiyki, Jungkookning ovozi eshitilmasdi — u o‘zi bilan o‘zi gaplashib yuradigan yoki fildek u yoqdan bu yoqqa borib, oyoq ostini gumburlatadigan odam emasdi. Buning o‘rniga hasharotlarning chirillashi, qushlarning sayrashi, chakalakzor ichiga yashiringan hayvonlarning tovushlari eshitilardi. O‘rmonning sehrli muhiti uni maftun etayotgandi. Axir shaharda mashinalarning shovqini va devor ortidagi televizor ovozidan boshqa hech narsa eshitilmaydi. Bu yerda esa... Go‘yo boshqa olamda, deyarli jannatda yashayotgandek edi.

Nihoyat, karavotdan turdi. Paypoqlarini va kalishlarini kiyib, ko‘rpaga o‘ranib oldi-da, tashqariga mo‘raladi.

Jungkook o‘sha yerda edi. U mangal o‘rniga kabob pishirish uchun moslama yasabdi: yerga ikkita shoxni qadab, uchinchisini ularning ustiga ko‘ndalang qilib qo‘ygan. Uning tagida kechagi kul va bugun pechkadan olingan cho‘g‘lar yotardi. Jungkook esa shoxga... yangi so‘yilgan hayvon tanasini ilib, pishirayotgandi.

Bo‘ldi, tonggi kayfiyat buzildi. Taehyung xuddi tarsaki yegandek darhol yuzini burib, ko‘zlarini yumdi. Bechora jonivorga juda achindi. Garchi u hech qachon vegetarian bo‘lmagan bo‘lsa-da, bu yerda yashab, vegetarian bo‘lish haqida o‘ylay boshlagandi.

— Bunchalik burningni jiyirma. Agar ov qilmasam, yeydigan narsamiz bo‘lmaydi.

Mana sizga xayrli tong!

— Men buni yemayman!

— Unda och yuraver, — dedi Jungkook beparvolik bilan. Xo‘sh, Taehyung yana nima kutgandi?

Jungkook uning kiyinishiga bir qarab chiqdi: to‘zg‘igan ko‘k sochlar, shishinqiragan yuz, ko‘rpaga pilladek o‘ralgan gavda va buning ustiga kalish kiyib olgan qirilgan oyoqlar. Ajoyib manzara!

— Unda men buni yemayman, — dedi Taehyung yana bir bor, bu safar qat’iy ohangda.

Jungkook yelka qisdi. O‘zi hammasini yeb qo‘ya qoladi, muammo yo‘q.

— Tishimni qanday tozalasam bo‘ladi?

Bu odamning savollari tugamaydi, shekilli.

— Loy bilan, — dedi Jungkook jiddiy ohangda.

— Nima?! Yo‘q! — Taehyung oppoq tishlariga loy surtib, keyin uni chayib tashlashni tasavvur qilishning o‘zidan jirkanardi. Qolaversa, o‘sha la’nati qum zarralari tishlari orasiga tiqilib qoladi, hatto oshqozoniga ham tushishi mumkin. Balki hazillashayotgandir? — Rostini ayting-chi?

— Yalpiz bargini chaynashing mumkin. Albatta, uning qanday ko‘rinishini bilsang.

Taehyung uning gapidan ko‘zlarini olaytirib, kiyinish uchun yana ichkariga kirib ketdi. U bilan ortiq gaplashgisi kelmay qolgandi. Kechasi quchoqlashib uxlaganlari allaqachon yodidan ko‘tarilgandek edi. Ertalab esa iliq tuyg‘ularni sovutib yubordi.

Ammo Jungkookning bunda nima aybi bor? Axir bugun tushlik qilishlari uchun quyon ovlab keldi. Kecha Taehyung baliqni ishtaha bilan yegan edi-ku, endi quyonning baliqdan nima farqi bor? Yoki baliq ovlash o‘ldirish hisoblanmaydimi? Taehyung o‘zining xayoliy, yorug‘ olamida shunday fikrlardi. Mayli, qorni ochlikdan umurtqasiga yopishib qolguncha o‘zini ko‘rsatib yuraversin!

Taehyung kechagi sho‘rvaning qolganini ichib tugatdi. Keyin idishlarni yuvishiga to‘g‘ri kelishini hafsalasi pir bo‘lib angladi (bu yerda na idish yuvish mashinasi, na idish yuvib beradigan odam bor edi). U esa idish yuvishni yomon ko‘rardi. Umuman olganda, u yoqtirmaydigan va eplay olmaydigan narsalar juda ko‘p edi. O‘ziga qarashni bilardi, xolos. Qolgan ishlarni, afsuski, hech qachon o‘rganmagan.

Taehyung yana tashqariga chiqqanida, Jungkook iyagi bilan ayvondagi piyolani ko‘rsatdi. Ichida o‘rmon qulupnayi bor edi! Choy bilan birga yeyiladigan shirinlikning o‘zi-ku, faqat o‘rmoncha talqinda!

Taehyung qozonni bir chetga surib, idish yuvishni butunlay unutdi va bor e’tiborini rezavorlarga qaratdi.

U «mangal» tomonga qaramaslikka harakat qildi. Nigohi etik kiygan oyoqlar va Jungkookning orqasiga tushardi. Bu kiyimda Jungkook qandaydir boshqacha ko‘rinardi. Garchi ular tun bo‘yi quchoqlashib uxlagan bo‘lishsa-da, Taehyung bundan hech narsani eslay olmasdi. Bir zumda uxlab qolgan, uyg‘onganida esa allaqachon yolg‘iz edi.

Ularning orasida hamon muzliklar hukm surardi. Bu esa Taehyungni biroz xafa qilardi.

Taehyung rezavorlarni chaynab o‘tirganida, Jungkook go‘shtdan bo‘laklab ola boshladi — go‘sht yaxshilab pishgandi. U shunchaki cho‘kkalab o‘tirdi-da, faqat pichoq va qo‘llaridan foydalanib ovqatlana boshladi. Yovvoyilar ham shunday yeyishadi — mazali souslar solingan chiroyli likopchalarsiz.

Taehyungga bu manzaraga qarash yoqmasdi. Ammo hayvonni qanday o‘ldirgani va terisini shilganini tasavvur qilish undan ham yoqimsiz edi... Umuman olganda...

— Bugun nima qilamiz?

U bu savolni allaqachon yuz ming marta bergandi. Jungkook avvaliga uzoq vaqt indamadi. Ovqatini chaynarkan, o‘ychan nigoh bilan o‘rmonga tikilib turdi. Keyin nihoyat javob berishga qaror qildi:

— Sen xohlasang, boshingda tur. Men esa ovga ketaman.

— Meni bu yerda yolg‘iz tashlab ketmang!

Taehyung vaqtini qanday o‘tkazish haqida jiddiy bosh qotirayotgandi. Atrofda huvillagan maydon, hovuz, har tomondan o‘rmon... Yo‘q, u bu yerda yolg‘iz qolishni sira istamasdi.

— O‘zim bilan olib ketmayman, — dedi Jungkook qat’iy.

— Iltimos... Mening oldimda hayvonlarni o‘ldirmang... Shunchaki sayrga chiqaylik? — Taehyungning soddaligiga gap yo‘q edi.

— Shaharga borib, xohlaganingcha sayr qil. — Yana qo‘pollik rejimini yoqdi.

— Iltimos... O‘zimni nima bilan band qilishni bilmayapman.

— Men nima, masxarabozmanmi?

— Iltimos...

— Yo‘q.

— Jungkook, siz rostdan ham taxtadan yasalganmisiz?! Nega menga bunchalik shafqatsiz munosabatda bo‘lasiz?! Men sizga nima yomonlik qildim?..

Jungkook ortiga o‘girildi. Uning ko‘zlaridan olov chaqnayotgandek edi.

Voy-bo‘! Jahli chiqqanida naqadar jozibali ko‘rinadi...

Ammo Taehyung, tabiiyki, hozir uning jozibasi haqida emas, o‘zining ahvoli haqida o‘ylayotgandi.

— Ha, taxtadanman. O‘z istaklaringni o‘zingda saqla. Dumbangni bosib o‘tir-da, meni kut.

Taehyung rostdan ham tipratikandek hurpayib, hatto qizarib ketdi. Shu qadar alam qildiki, sabr kosasi to‘lib-toshdi. Bu esa juda yomon edi. Chunki bunday paytda til miyadan oldin harakatga keladi.

— Xotiningiz sizni nega tashlab ketganini endi tushundim!..

Voy, yo‘q...

Jungkookning yuzi birdan o‘zgardi. U darhol befarq qiyofaga kirdi: nigohi o‘tkir, sovuq va sinchkov edi. Taehyung hatto seskanib, ko‘zlarini yerga tikdi.

Xo‘sh, og‘zidan chiqib ketdi... Endi rosa dakki eshitadi. Nahotki, u Taehyungni ursa? Yoki shu yerda tashlab ketsa?..

— Agar miyang bo‘lmasa, hech bo‘lmaganda buni hammaga ko‘rsatib yurmagin, — dedi Jungkook odatdagidan ham keskinroq, zaharxanda ohangda.

Balki Taehyung bunga loyiqdir, ammo uni Jungkookning o‘zi shu holga olib keldi-ku. Nega Jungkook unga qo‘pollik qilib, kamsitishi mumkin-u, Taehyung bunga javob qaytarishi mumkin emas?

Taehyung ilgari hech qachon bunday ruhiy bosimni his qilmagandi. Go‘yo hozirgina uni press ostiga qo‘yib, majaqlab tashlashadigandek edi.

Mana endi haqiqiy «Zlichning dadasi»!

— O‘zingizda ham aql yo‘q, — deb burni ostida ming‘irladi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri gap qaytarishga jur’at etmadi. Ammo baribir nimadir deyishi kerak edi. Axir hamma narsaga ko‘z yumib, quloq solmay yuravermaydi-ku!

— Yana bir marta sobiq xotinim haqida chiyillaydigan bo‘lsang, uyga o‘zing piyoda ketasan.

Jin ursin, naqadar qo‘rqinchli tahdid qildi! Buni ro‘yobga chiqarishiga zarracha shubha yo‘q edi. Ammo baribir juda alam qildi!

— Siz shafqatsizsiz... — deb ayvonda yana ming‘irladi. Bu safar o‘rmon qulupnaylariga g‘amgin qaradi. Tomog‘iga bir nima tiqilib qolgandek edi. Bechora rezavorlar!

— Men hali shafqatsiz emasman. Xotinim nega meni tashlab ketgani haqida vaysashdan oldin meni yaxshilab tanib olishing kerak edi. Sen men haqimda nimani bilasan o‘zi? Men bilan bir tom ostida yashaganmisan? Yoki men bilan bir karavotda uxlaganmisan? Shafqatsizlik nima ekanini bilasanmi?

Yo‘q, Taehyung shafqatsizlik nima ekanini bilmasdi. Ammo mehr va ishonch hukm suradigan oilada ulg‘aygan Jungkook buni qayerdan bilardi? Nima ham derding, har bir oilada bittadan noshud topiladi, deganlaridekmi? Nega Taehyung xiyonatdan keyin badjahl, keksa bir odamga aylanib qolmadi?

— Hammasi shundoq ham tushunarli, — dedi u yana Jungkookning ko‘zlariga qaramay, labini tishlab.

U allaqachon uning xotini va qo‘polligi haqida gap ochganidan ko‘p marta pushaymon bo‘lgandi. Kerakmas joyni kovladi. Endi esa baloga qoldi...

— Bilvol, men bilan yashagan har qanday ayol o‘zini tosh devor ortidagidek xavfsiz his qiladi. Xotinim esa meni emas, qishloqni tashlab ketdi. Shaharlik erkatoylarga ko‘ngilxushlik kerak. Xuddi senga o‘xshaganlarga.

Bu gap Taehyungga qattiq tegdi! U darhol o‘zini oqlashga tushdi...

Axir Taehyung uning xotiniga o‘xshamasdi. O‘rmonda sayr qilishni so‘ragani endi yengiltaklik belgisimidi? Jungkook ov bilan o‘zini ovutadi, Taehyung-chi? Uni o‘rmonga olib kelgan bo‘lsa, unda yolg‘iz tashlab ketmasin!

Jin ursin, Taehyungni yana bir gap aytishga nima majbur qildi:

— O‘zingizni shunday ovutyapsizmi?

Mayli, urush boltasini kovlab chiqaramiz. Endi indamay ham o‘tirmaymiz!

Jungkook xavfli tarzda tirjayib, o‘rnidan turdi. Ana endi qo‘rqinchli bo‘ldi. Taehyung qochishga shaylandi. Hech bo‘lmasa, bu yerdan tezroq g‘oyib bo‘lishni istardi. Vaziyat gulxan cho‘g‘laridek qizib ketgandi.

— O‘zimni nimaga ovutishim kerak ekan? Mening oilam, ishim, farzandim bor. Hayotim a’lo darajada. Seniki esa unchalik emasga o‘xshaydi. O‘zingni past baholash majmuasi paydo bo‘ldimi? Xiyonatni boshdan kechirish og‘ir bo‘lsa kerak-a?

Taehyung go‘yo kar bo‘lib qolgandek, unga hayrat va tushunmovchilik bilan tikildi.

Kirni o‘ynatyapsiz, janob Qishloqi Qo‘pol!

Nega uning nigohi bunchalik sarosimali edi? Chunki ayriliqdan beri hech kim unga bunday dahshatli gaplarni aytmagandi. Hozir esa go‘yo o‘sha kunni boshqatdan boshdan kechirayotgandek edi.

Mana bu... mana shu haqiqiy shafqatsizlik edi.

Ikkalasi ham bir-birining eng og‘riqli joyiga tegib ketishdi.

— Nega birdan jim bo‘lib qolding? Erkaging senga boshqa ayol bilan xiyonat qilganida qanday bo‘lishini bilasanmi? Nega bunday qilganini taxmin qilishim mumkin, lekin shunda yana yig‘lab yuborasan.

Taehyung qandaydir karaxt holatga tushib qolgan bo‘lsa, hanuz o‘sha holatda qotib turardi. Jungkookka xuddi tarbiya berayotgan o‘qituvchisiga qaragandek tikilardi — ko‘zlari butunlay bo‘m-bo‘sh.

— Men bu munosabatlarga borimni berdim… Sen ham men haqimda hech narsani bilmaysan… — dedi u ham past ovozda.

— Qanday qilib shunday bo‘lishi mumkin? Axir u baribir xiyonat qilgan. Demak, nimadir yetishmagan. Yoqimsiz, shundaymi? Axir aybdor u, sen emas. Gap senda emas, to‘g‘rimi? O‘zingni shu bilan ovutyapsanmi? — Jungkook uning o‘ziga aytgan gaplarini qaytardi. Ularning vaziyatlari turlicha, ammo ayni paytda bir-biriga o‘xshash edi. Har ikkisi ham qandaydir ma’noda xiyonatga uchragan. Jungkookning o‘zi birovga pastlik kompleksi haqida gapiradigan ahvoldamidi? Axir ishonch borasida jiddiy muammolari bor odamning o‘zi…

— Hech bo‘lmasa menga xiyonat qilishdi, seni esa bolang bilan tashlab ketishgan. Yolg‘iz ota bo‘lish qanday ekan?

Mana, ol, o‘zingga tegishli haqoratlaringni qaytarib ol!

Ular shaxsiyatga o‘tib ketishdi, barcha bombalarni birvarakayiga portlatishdi — minalangan maydonni butunlay vayron qilishdi. Jungkook yana istehzoli kulimsiradi (ha, albatta, unga baribir emish). Ammo baribir uning ustunligi bor edi: uni tashlab ketishganiga ancha bo‘lgan, qariyb ikki yil. Taehyungning esa yarasi hali yangi — oradan bir oydan sal ko‘proq vaqt o‘tgan, xolos.

— Hech bo‘lmasa mening bolam bor. Sen esa hech qachon farzandli bo‘lolmaysan. Nega ekanini hammamiz tushunib turibmiz.

Taehyung ko‘zlaridagi yoshni kipriklarini pirpiratib to‘xtatishga urindi-da, indamay o‘rnidan turdi va uycha ichiga kirib ketdi. Butun vujudi titrardi. Ha, ikkalasi ham bir-birining yuragiga og‘riqli zarba berishdi, chunki janjalga tomon ketayotganlari boshidan ma’lum edi. Ammo Jungkook so‘z bilan zarba berishni yaxshi bilardi, o‘zi ham ancha bag‘ritosh edi. Taehyung esa ko‘ngli nozik, hamma gapni yuragiga yaqin oladigan inson.

Jungkookning kiyimlarini yechib, o‘zining jinsi shimini topdi. Burnini tortib, qo‘llaridagi titroqni bosolmay, ko‘z yoshlarini artdi. Zo‘rg‘a shimini kiydi, krossovkalariga oyoq soldi. Endi nima qilishini bilmasdi. Keyin nima bo‘lishini ham, bu yerdan qanday chiqib ketishni ham tasavvur qilolmasdi. Unga faqat o‘ziga og‘riq berayotgan insondan uzoqlashish kerak edi — hozircha tushungan yagona narsasi shu edi.

Jungkook esa hamon o‘sha joyda, qo‘llarini cho‘ntagiga solgancha turar, uning indamay ketishini diqqat bilan kuzatardi. Haqiqatan ham, hammasi janjalga qarab ketayotgan edi. Taehyung aynan shunday munosabat bildirishi kutilgandi.

— Bu yerdagilarga sening jazavalaring qiziq emas. Katta bo‘lib qol endi, — deb ortidan baqirdi.

Taehyung baland ovozda xo‘rsinib yig‘lab yubordi-da, sovuqdan o‘zini quchib oldi. Jungkookni urgisi kelardi. Birdan paydo bo‘lgan g‘alati istak. Vaholanki, Taehyung umri davomida hech kim bilan mushtlashmagan. Qolaversa, u qayerda-yu, mushtlashish qayerda… Bir urishda parcha-parcha bo‘lib ketadigandek edi.

— O‘zing hech kimga qiziq emassan! Yovvoyi odamdek yashaysan! Odamlar bilan gaplashishni ham bilmaysan! Sen shafqatsizsan, bag‘ritoshsan! Aslida, men senga achinaman! Men esa unday emasman! Bor, o‘rmoningda bo‘ri kabi yashayver, ahmoq!

U imkon qadar uzoqroqqa qochib ketadi. O‘rmonga? Mayli, nima bo‘pti. Bir amallab yo‘lini topar. U yerda qayerdadir dala bor… Daladan keyin kichkina o‘rmoncha…

Leshiy… Daraxtlar juda ko‘p… Ruhlar… Har xil hayvonlar…

Unga aytishlaricha, avvalgi o‘rmonda xavf yo‘q — u yerda faqat olmaxonlar bor. Ammo ular allaqachon boshqa joyda, dalaning narigi tomonida qolgan: «Bu yerda o‘rmon qalinroq, bo‘rilar esa yovuzroq».

Taehyung burnini tortib, bobosiga qo‘ng‘iroq qilish uchun telefonidan tarmoq izlaydi, ammo aloqa yo‘q. Yig‘lab yuborsa ham, mo‘jiza sodir bo‘lmaydi. Jungkookning qo‘pol gaplari unga juda qattiq botdi. U ortga qaytishni ham, hech narsa bo‘lmagandek uning yonida yurishga chidashni ham istamaydi, buning uddasidan ham chiqolmaydi. Yaxshisi, adashib ketsin. Leshiyga duch kelsin, u izlarini supurib, aylana bo‘ylab yurgizsin. Hozir g‘ururi ortga qaytishga yo‘l qo‘ymaydi. U Jungkookning jandarmdek buyruqbozligiga allaqachon juda ko‘p marta yon bergan.

Go‘yo kerakli tomonga ketayotgandek, ammo yo‘lni ilg‘ay olmaydi — ko‘z oldi xiralashib, hamma narsa suzib ketmoqda. Albatta, qo‘shiq aytishi mumkin, lekin hozir bunga hafsala yo‘q. Qolaversa, bu yerga mos keladigan qo‘shiq ham topilmaydi.

Bir marta qoqildi, ikki marta yiqildi. Tirsagini shilib oldimi? Arzimagan narsa. Buning mutlaqo ahamiyati yo‘q.

U adashib qoldi. Jungkook haq edi: u yolg‘iz o‘zi bu yerdan chiqish yo‘lini topolmaydi. Omadsiz, befoyda — Jungkook xohlaganicha atayversin. Chunki u yolg‘iz yashashni bilmaydi — doim yonida kimdir bo‘lishi kerak. Ammo nima ham qilsin, shahzoda o‘rniga qovoqni tiqishtirishsa, yordamga keladigan haqiqiy erkaklar esa hech qayerda bo‘lmasa? Taehyungning o‘zi ham haqiqiy emas… Mayli, nima bo‘pti. U hech qachon bunday bo‘lishga intilmagan, shunday emasligini yashirish uchun ko‘ksiga ham urmagan. U zaif, boshqalarning ta’siriga tez beriladigan, qisman ahmoq ham. Chunki uni birdan ulg‘ayishga majbur qiladigan darajada og‘ir sinovlarni boshdan kechirmagan. Qolaversa, u ulg‘ayishni ham istamagan.

U faqat sevishi mumkin bo‘lgan inson bo‘lishini xohlagan. Va o‘sha inson ham unga javoban mehr qo‘yishini. Xuddi hammasi yaxshilik bilan tugaydigan ertaklardagidek: tishli yirtqichlar va chirigan olmalar bo‘lmagan yovvoyi o‘rmondan chiqish yo‘li topiladigan ertaklardagidek.

Xo‘sh, bu ertakda uning o‘zi kim?

Ko‘zlari hamon yoshga to‘lib turardi, ammo bir necha qadam narida katta it turganini ko‘rdi. U bu yerga qayerdan kelib qoldi? Itning juni qalin va kulrang, tumshug‘i cho‘zinchoq, tishlari o‘tkir. Qo‘rqinchli kulrang ko‘zlarining qorachiqlari esa faqat bir marta — o‘lim oldidan ko‘rinadi. Bunday itlar qo‘lingga suykalmaydi, darvozang oldida bog‘langan holda o‘tirmaydi. Ular hurmaydi, ammo tishlaydi va uy atrofida daydib yurmaydi.

Bunday itlarga hech qachon duch kelmaganing ma’qul.

Qizil qalpoqchami? Mana, kulrang bo‘ri ham yetib keldi. Intelektuallarning hidini sezibdi.

Bu ertakning oxirini hech kim bilmaydi — uni qayta-qayta yozishgan, fikrlar esa turlicha. Taehyung ko‘z yoshlariga ko‘milib, ko‘zlarini va yuzini qo‘llari bilan berkitdi. Bo‘rilardan qanday qutulishni bilmasdi. Bu yerda bo‘rilar borligini, ularning qanday ko‘rinishini ham umuman bilmagan edi. Boradigan joyi ham yo‘q. Tez yugurishni esa eplolmaydi.

«Oldin» va «keyin» orasidagi bir lahzagina vaqt.

Ahmoqlik fojia bilan yakunlanishi mumkin edi! Unutib qo‘yishibdi, unutib qo‘yishibdi!

Yon-atrofda birdan baland o‘q ovozi yangradi. O‘qning zarbi, daraxtlar orasida aks-sado… Go‘yo daraxtlar bir-biriga xabar yetkazayotgandek. Itning ingragani eshitilmadi. O‘lgunicha? Kim? Taehyungmi?

Juda qo‘rqinchli. Hatto ko‘zlarini ochishning o‘zi ham.

Leshiy uning tirsagiga tegib, o‘ziga qaratdi. Taehyung uning hidini sezdi — uni hech kim bilan adashtirib bo‘lmaydi. Qolaversa, ortidan boshqa birov kelgan deb o‘ylash ahmoqlik edi. Bu yerda ular ikkovlon. Ikkalasi ham bitmagan yaralari bilan yolg‘izlikka mahkum odamlar.

— O‘lging kelsa, buning eng ahmoqona yo‘lini tanlabsan.

Taehyung uning kurtkasidan mahkam ushlab, yuzini yelkasiga yashirdi. Hali ham hammasi tushdek tuyulardi, u esa uyg‘onolmayotgandek edi.

— Uni o‘ldirdingmi?

Ba’zi narsalar hech qachon o‘zgarmaydi.

— Sen xohlaganingdek, quyonlarni yeb yurish uchun qochib ketdi.

Taehyungning o‘zi uni quchoqladi. Yana kimni quchoqlasin? Qarag‘aynimi? Baribir yoningda kimdir bo‘lishi yomon emas ekan. Hatto seni sevmaydigan inson bo‘lsa ham.

— U meni yeb qo‘yarmidi?

Endi buning ahamiyati yo‘q edi.

— Bo‘rilar yig‘layotgan odamlarni yemaydi.

— Nega?

— Ularni allaqachon kimdir xafa qilib bo‘lgan. Rahmi keladi.

Ana ertakchi! Ammo Taehyung unga ishongisi kelardi.

— Yig‘lama. Men shu yerdaman.