November 8

𝑿𝒂𝒓𝒐𝒃𝒂𝒅𝒂𝒏 𝑪𝒉𝒊𝒒𝒒𝒂𝒏 𝑲𝒊𝒚𝒐𝒗

3—bob.

Xo‘sh nima deb o‘ylaysiz? Bobosi qo‘ng‘iroq qilib kela olmasligini aytibdi.

Ana xolos!

Mashinasi buzilib qolgan emish!

Mashinaga nima bo‘libdi o‘zi?!
Aslida uni o‘t oldirib, kelib ularni olib ketishga erinayotgan bo‘lsa kerak. Balki bu ishda buvisi bilan Chon xonimning ham qo‘li bordir…

Ammo haqiqat shuki, Taehyung uni ko‘rgani ko‘zi yo‘q odamning karavotida o‘tiribdi. U odam telefon karnayidan yangrayotgan har bir so‘zni eshitib turibdi va bundan uning ham xursand emasligi aniq. Hech bo‘lmaganda, Taehyung uning yuz ifodasidan shunday xulosa chiqardi.

Sanbom yana ming‘illab yig‘lar Shallini qo‘yib yubormasdi. Otasida esa bolalarning injiqliklariga nisbatan allaqanday immunitet borligi shundoqqina bilinib turardi.

Jungkook o‘g‘lini qo‘liga olmoqchi bo‘ldi ammo Sanbom Taehyungga yopishib uni quchoqladida dadasiga xafa nigoh bilan qaradi. Yo‘q bu endi haddidan oshishku… Bola o‘z otasini kimligi noma’lum bir odamga almashtirib qo‘ydi!

— Hozir dumbangga tushiraman!

Sanbom Shalliga dadasidan shikoyat qilib unga barmog‘ini nuqib ko‘rsatdi va burnidan oqayotgan shilimshiqni qo‘li bilan artdi. Yig‘isi esa juda jarangdor ingichka ovozda yangrardi! Taehyung hatto qo‘rqib ketdi nima qilish kerakligini ham vaziyatni qanday to‘g‘rilashni ham bilmasdi.

Hech bo‘lmasa kimdir Taehyungning qadriga yetayotgandi… Ammo bu bola uning farzandi emas. Shuning uchun uni o‘z tomoniga og‘dirishga, bolalarcha mehridan foydalanishga haqqi yo‘q edi.

— Shalli-i-i! Dada jahli chiqyapti!

Jungkook hali jahli ham chiqmagan edi. Shunchaki bola «do‘sti» timsolida himoyachi topib haqiqiy bolalarga xos tarzda ota-onasidan shikoyat qilayotgandi.

— Dadasining jahli chiqmayapti… — deb g‘uldiradi Taehyung otasiga xavotir bilan ko‘z qirini tashlab.

Sanbomning uyqusi kelgan shuning uchun injiqlik qila boshlagandi. Buni tasdiqlagandek ko‘zlarini ishqalab uyqu aralash pirpiratdi.

— O‘g‘lim borib cho‘milamizmi? — kutilmaganda, otasi juda muloyimlik bilan taklif qildi.

Sanbom biroz yumshab ikkilanib bosh irg‘adi. Ammo…

— Shallichi?

Jungkook moviy sochli yigitga ko‘z qirini tashladiyu Xudo guvoh farishtalarga xos sabr-toqatini ishga soldi.

— Yaxshi. Shalli borishni xohlayaptimi? — deb, urg‘u bilan janob Sallivanga yuzlandi.

Taehyung burni ostida nimadir deb ming‘irladi.

— U yerda uy arvohi borligini unutma.

Ana yaramasey!

Aytgancha, Sanbom hatto qoshini ham qimirlatmadi Taehyung esa sergak tortdi. Jungkook mamnun yovuzona tirjaygancha sochiq olishga ketdi.

Ha o‘g‘lining uni yaxshi ko‘rishida Taehyungning aybi yo‘q ammo hech bo‘lmaganda, uning ham kunini biroz qiyinlashtirib qo‘ysa maylida.

U komoddan bolalar sochig‘i va quloqchalari bor xalatni oldi-da, ikkalasini ham pastga tushishga chaqirdi. Jungkook hammomni band qilish shart emasligini aytdi (har ehtimolga qarshi) hammomxona esa bo‘sh ekan, faqat u yer biroz issiqroq edi. Mayli o‘lib qolishmas axir bug‘xonada o‘tirishmaydiku.

Butun oila ularga qarab qoldi: Sanbom ikkalasining qo‘lidan mahkam ushlab olgandi. Chon xonim baland ovozda qayerga ketayotganlarini so‘radi. Javobni eshitgach esa yuzida nurli tabassum paydo bo‘ldi.

Dushxonada Jungkook bolalar uchun mo‘ljallangan tog‘orachani olib, ichiga suv quydi va ko‘pik hosil qildi. Sanbom o‘zi yechinib vannachaga tushdi. Jungkook esa yoniga o‘tirib kaftidan suv olib, o‘g‘lining ustidan shunchalik mehr bilan quyardiki…

Taehyungning yuragi hozir mehrdan yorilib ketay derdi rostini aytganda. U shunchaki devor yonida turib, bu manzarani kuzatardi. Jungkook o‘g‘lining boshini mahorat bilan yuvib tanasini sovunladi. Sanbom esa rezina baliqchasi bilan o‘ynardi. U dadasidan tinmay nimanidir so‘rab ma’nosiz savollari bilan uni tinkasini quritardi. Jungkook esa yuzidagi ifodani o‘zgartirmay har safar bir xil javobni berardi. Bolalar bilan muomala qilishni yaxshi bilishi ko‘rinib turardi.

Sanbom Shalliga qo‘l silkitdi u ham javoban qo‘l siltadi. Shundan so‘ng Jungkook bolani vannachadan olib sochiqqa o‘radi va xalatini kiydirdi. Tepaga tikka turgan quloqchali kapyushon ostidan uning jingalak sochlari ko‘rinib turardi. Issiq suvdan badanlari qizargan yonoqlari lovullagan bola shirin-shirin ko‘zlarini pirpiratib boshini dadasining yelkasiga qo‘ydi.

Jungkook indamay uni ortiga ko‘tarib olib ketdi. Sanbom esa hamon Shallini kuzatardi.

Bola tinchgina uxlab qolishi uchun Taehyung uning karavoti yoniga o‘tirdi. (Bu hali ham bolalar karavoti edi chunki Sanbom unga bemalol sig‘ardi.) U uxlab qolgunicha kutdi. Bola Taehyungning bosh barmog‘idan ushlab oldi va nihoyat qattiq uyquga ketdi.

Hamma uyquga!

Ular yana dasturxon atrofiga qaytishdi. Ularni iliq kutib olishdi Sanbom haqida so‘rashdi. Bolalarning hammasi allaqachon yotqizilgan endi faqat kattalar qolishgandi.

Janob Chon nimanidir hikoya qilardi Chon xonim esa Taehyungning yoniga kelib o‘tirdida uning qo‘lidan ushladi. Hech qanday g‘alati ish qilmayotgandi shunchaki qo‘lini ushlab erining hikoyalarini tinglardi. Ammo Taehyung negadir o‘zini noqulay his qila boshladi.

Jungkook uni aniq yomon ko‘rardi: o‘g‘lini tortib oldi onasini ham o‘z tomoniga og‘dirib qo‘ydi mana ikkita jiddiy sabab. Uchinchisi esa ustiga-ustak sovg‘a Taehyung shahardan kelgan gey ham edi. Qoyil! Bir dunyo «yaxshi» yangiliklar…

Qo‘l yetadigan joyda turgan grafindagi vino sezdirmay-sezdirmay uning og‘ziga borardi. Birdan ko‘ngli g‘ash tortdi hatto ich-ichidan bo‘shliq his qildi.

Mana, ularda qanday ulkan oila bor! Hayot mazmuni qandaydir maqsadlar orzular… Taehyungda esa bularning hech biri yo‘q edi va hech qachon bo‘lmaydigandek tuyulardi. Faqat dadasi bilan oyisi bor ular ham uning «noaniq» hayot tarziga ma’lum vaqtgacha chidab kelishardi, xolos.

Chimin bilan ikkovlari yolg‘iz qolishsa, doim ko‘p ichishardi. Shu bois vino unga suvdek edi ichkilikka chidamliligi chakki emasdi.

Chon xonim uning oldiga olxo‘rilarni surib qo‘ydi (ehtimol hasaddan ichini kuydirish uchun bo‘lsa kerak) vaqti-vaqti bilan unga qarab ham qo‘yardi.

Iblis ham uni kuzatardi, qoshini sal ko‘targancha.

Nima gey bo‘lishning o‘zi yetmagandek yana ichkilikboz hammi?! Eee!

Ammo u mast emasdi… To‘g‘rirog‘i mast edi lekin cho‘chqadek chinqiradigan darajada emas. Shunchaki o‘z o‘ylariga chuqur botib ketgani ko‘rinib turardi: hech kimni eshitmas, kayfiyati tushkun edi. Undan biror narsa so‘rashsa, tili yechilib, bor gapini to‘kib solishi tayin edi.

Bugun ularga kechki soat to‘qqizdan keyin ham uxlashga ruxsat bor edi. Hammom kuni, kechki ovqatning kechikishi bu an’ana. Chon xonim Taehyungga nimanidir pichirladi. U esa boshini chayqadi. Ikkalasi birgalikda Jungkookka qarashdi. U yana qoshini ko‘tardi, xolos.

Oxirigacha o‘tirishdi. Aytgancha, katta qiz Davon uning peshonasidagi do‘mboqni eslab qoldi. Bu do‘mboq hali ham binafshagulzor kabi rang-barang bo‘lib turardi.

Buvisi bilan Taehyungni mehmonxonagacha kuzatib qo‘yishdi. Xona birinchi qavatda, yo‘lakning oxirida joylashgan edi. Hojatxona ham yonida. Ajoyib.

Buvisi uxlab qoldi ammo Taehyungning ko‘ziga uyqu kelmadi. Uning organizmida shunday bir xususiyat bor edi: ozgina ichimlik ichsa ham, uzoq vaqt uxlay olmasdi. Shu bois ko‘chaga chiqib ketdida tebranib turadigan ayvondagi o‘rindiqqa joylashib, ustiga adyol yopindi.

Kayfiyati hech bir sababsiz tubga tushib ketgandi. Garchi nima uchun sababsiz bo‘lsin?

Yigiti ham, do‘sti ham unga xiyonat qilgan. Axir bundan ortiq qanday sabab kerak?

U yana Chiminnga qo‘ng‘iroq qildi. O‘zini butun Yer yuzidagi eng yolg‘iz mavjudotdek his qilardi (bu mavjudot albatta inson bo‘lishi shart emas).

Ammo shu atrofda uy arvohi kezib yurganini bir soniya ham unutmasdi…

Rostini aytganda, uning nigohini his qilayotgandi. Shu sababli o‘zini eng himoyasiz joyga joylashtirdi. Balki u nihoyat kelib Taehyungni sudrab ketar va yeb qo‘yardi.

Asrab-avaylaydigan hech narsasi qolmagandi.

Sanbom haq edi u yolg‘iz edi.

Taehyung uyga faqat tongga yaqin qaytdi. Nonushta paytida (ertalab soat oltining yarimida, jin ursin!) likopchasiga burnini tiqib, mudrab o‘tirardi. Chon xonimning barcha savollariga o‘zini yaxshi his qilmayotganini aytish bilan cheklandi. Yig‘lagani yuzidan shundoqqina bilinib turardi.

Chimin esa uni ovutdi, kuldirdi, o‘zi bilan sodir bo‘lgan yangiliklarni gapirib berdi. Xullas u haqiqiy do‘st eng zo‘ri edi. Undan ham yaxshiroq bo‘lganlar faqat ota-onasi buvisi va bobosi edi.

Nonushtadan keyin ularni Jungkook uyiga olib borib qo‘ydi… Ular bilan birga janob Chon va Hoseok ham borishdi. Taehyung loqaydlik bilan xayrlashib uyga kirib ketdi. Buvisi esa haqiqiy buvilar kabi erkaklarni to‘xtatib, ularga mevalar tutqazdi.

Keyingi bir necha kun Taehyung dangasalik bilan uyning hamma joyida cho‘zilib yotdi. Issiq va g‘am-g‘ussadan ado bo‘layozgandi.

Keyin esa… Chimin keldi!

Yana bir pushti sochli go‘zal! Buvijon uning atrofida parvona bo‘lib, qo‘llarini bir-biriga urgancha yugurdi va uni «qo‘g‘irchog‘im» deb atadi. Chimin ham o‘zi bilan bir xalta sovg‘a-salom olib kelgandi.

Uy birdaniga ancha yorishib, jonlanib ketdi. Ular hovlida sayr qilishdi mushukchalarni silashdi. Chimin Taehyung uchun soch bo‘yog‘i ham olib kelgandi to‘q moviy rangda. So‘ng uning sochini o‘zi bo‘yadi. Ikkalasi bog‘dagi gullagan butalar fonida bir dunyo suratga tushishdi.

Keyin bu ikki dugona sayrga chiqishdi: avval xiyobonga, so‘ng pristan tomon yo‘l olishdi. Yo‘llarida uchragan har bir qishloqlik ularning ortidan qarayverib, bo‘ynini burib olishiga sal qoldi.

Chimin esa rosa qah-qah otib kulardi. O‘zini go‘yo juda mashhur guruhning superyulduz aydoli kabi his qilayotganini hazil qilardi. Unga bunday e’tibor yoqardi.

Xullas, ular rosa aylanib yurishdi, suratga tushishdi, kulishdi va kechki ovqatga qaytishdi.

Chimin bilan o‘tgan vaqt sezilmay o‘tib ketardi va oltindan ham qadrli edi. U do‘stining kayfiyatini ko‘tarish uchun uch kunga kelgandi.

Ertasi kuni buvisiga Chon xonim qo‘ng‘iroq qilib, Taehyungni bog‘laridagi olmalarni terishga taklif qildi. Aytishicha, u bir savat olmani o‘zi bilan olib ketishi mumkin ekan qolaversa, biroz chalg‘ib ko‘nglini yozib ham kelardi.

Chimin esa bu taklifni eshitishi bilan Taehyungdan ham tezroq shaylandi. U yig‘lab turgan odamni hammomning dahliziga haydab chiqargan iblisning kimligini o‘z ko‘zi bilan ko‘rmoqchi edi. Umuman olganda, bu qanday bemaza, qo‘pol odam ekan?

Taehyung borishni istamasdi! Sira ham! Ammo…

Ular tayyorgarlik ko‘rayotgan paytda, buvisi bobosini mashinani olib chiqishga undab, koyib turganida, boshqa bir mashina kelib to‘xtadi… Qora «Dodge». Dahshat! Bu yuz foiz Chon xonimning ishi edi. Haydovchining o‘zi bunday tashabbus ko‘rsatishi dargumon.

Taehyung och rangli yozgi shim va yupqa ko‘ylak kiydi. Ko‘ylagini shimining ustidan chiqargan yuqoridagi uchta tugmasini yechib qo‘ygandi. Bo‘ynidagi marvarid donachali zanjiri ham ko‘rinib turardi.

Chimin esa aksincha badaniga yopishib turadigan qora jinsi shim va shaftoli rang ko‘ylak kiydi. Yenglarini beparvolik bilan qayirib ko‘ylagining faqat bir tomonini shimiga qistirdi. Uning kimnidir o‘ziga rom etishdek aniq maqsadi yo‘q edi shunchaki o‘zini chiroyli ko‘rsatmoqchi xolos.

U bilan Taehyung bir-biriga munosib edi. Ikkalasi birga bo‘lsa haqiqiy vayronkor kuchga aylanardi. Gomofoblar esa dodini berardi!

Xo‘sh «Dodge» rulida kim o‘tirgandi? Unchalik xushmuomala bo‘lmagan iblis. Egnida eskirgan qora futbolka cho‘zilib ketgan sport shim va kalish. Darrov ko‘rinib turibdiki, uni qandaydir ishining o‘rtasidan uzib olishgan. Ehtimol, uy yumushlari bilan band bo‘lgandir. Lekin qishloq odami shaharlik nozli qizlar oldida qanday ko‘rinishi bilan bosh qotirarmidi?

Biroq Chiminning ko‘zlari chaqnab ketdi.

Aytishlaricha, «gap topib tegajog‘lik qilishga ruxsat bering!» Taq-taq!

— Salom. Men Chiminman. Tanishsak bo‘ladimi?

Do‘sti hatto oldinga engashib o‘tirdi butun qiyofasi bilan suhbatga ochiq va bemalol ekanini ko‘rsatdi. Taehyung esa Chiminning sho‘xliklariga aralashmaslik uchun deraza tomonga surilib oldi.

— Shuni nishonlayman — dedi Jungkook yo‘lga qarashda davom etib zarracha qiziqish bildirmasdan.

Chimin suhbat oson kechmasligini kutgandi ham.

— Nega darrov changalingni chiqarasan? — deb so‘radi u.

Ha, u biroz noz-karashma qilayotgandi ammo bu Jungkookning tashqi ko‘rinishi unga yoqqani uchun emasdi. Shunchaki Chiminning gapirish uslubi shunaqa edi. Hamma o‘zini Chimin unga qiziqyapti deb o‘ylardi natijada uning ortidan yanada ko‘proq yugurishardi.

Huddi wunaqa tasavuriylar uhcun ularni soch turmagi

— O‘chir ovozingni.

Mana, aynan uning uslubidagi javob. Hech narsani pisand qilmaydigan lekin tinmay huradigan devor go‘yo. Chimin esa boshqa yo‘lni tanladi.

— Nega bunchalik qo‘polsan? Gomofobmisan?

Jin ursin shunday ham yuziga qarab so‘raydimi… Taehyung yer yorilsayu kirib ketsa edi. Haqiqatan ham uyalib ketdi. Axir u hech qayerda gey ekanini ochiq aytmagan, garchi buni hamma bilsa ham.

— Bunaqa so‘zlarni hatto eshitmaganman. Biz kolxozdanmiz, unchalik aqlli emasmiz.

— Shundoq ham ko‘rinib turibdi.

— O‘zaro.

— Senga qo‘pol ekaningni aytishganmi?

Hatto Chimin ham ochiqchasiga bildirilgan salbiy munosabat va beparvolikdan biroz jahli chiqdi.

— Bu mening ikkinchi ismim.

— Birinchi ismingchi?

— Kolxozchi.

Taehyung uning javoblarini tinglab, derazadan tashqariga qaragancha jilmaydi. Nimaga jilmayyapti o‘zi? Go‘yo u bilan Jungkook biroz yaqinlashgandek, juda ozgina bo‘lsa ham. To‘g‘ri, ular deyarli gaplashishmagan, ammo baribir. Uning qo‘polligini eshitish qandaydir kulgili edi (ham kulgili, ham odatiy). Hatto Chimin ham undan biror gapni sug‘urib ololmayapti.

— Mayli. O‘zing haqingda hammasini bilarkansan. Sen bilan zerikarli ekan.

— Ajoyib.

Shu tariqa ular uyga yetib kelishdi. Jungkook mashinani garajga kiritmadi ularni tushirib, yana ishiga qaytdi o‘tin yorishi kerak edi. Ularni uy bekasi kutib oldi. Taehyungning do‘stini ham ko‘rib, quvonch bilan hayqirib, samimiy kutib oldi. Olma bog‘iga olib boradigan so‘qmoq bo‘ylab ketisharkan ayollar tarqab ketganini bolalarning hammasini o‘zlari bilan olib ketishganini tushuntirdi. Sanbomdan boshqa hammasini! U o‘zining Sallisini kutayotgan edi.

Yog‘och yoruvchi boltaning taqillagan ovozi eshitildi. Chimin daraxtlar orasida u yoqdan bu yoqqa yurardi Sanbom esa Taehyungning yuzidan o‘pib, uni qanchalik sog‘ingani va kutganini, juda ko‘p «cho‘chqillaganini» aytib berardi. Oxiri ishga kirishishga to‘g‘ri keldi olma terish kerak edi. Yigitlar olmalarni uzishar Sanbom esa ularni savatlarga joylardi. Bularning barchasi o‘tin yorilayotganining taqillagan ovozi ostida kechardi. Uy bekasi ham shu atrofda yurib, ekin maydonlaridagi o‘tlarni tozalardi.

Chimin boladan shunchalik erib ketdiki, uni yelkasiga mindirib oldi. Endi Sanbomning o‘zi ham olmalarni uzishi mumkin edi. Taehyung esa ularni suratga tushirardi. Ikkalasi ham kameraga turli qiliqlar qilishar, jilmayishar, o‘zlarini har xil tutishar, faqat ba’zan ishga qaytishardi. Xullas maza qilib vaqt o‘tkazishar sho‘xlik qilishardi hech kim esa ularga taqiq qo‘ymasdi.

Sanbomga Chimin ham yoqib qoldi. Shu sababli unga «Yenjil» deb laqab qo‘ydi. Bu «Lilo va Stich» multfilmidagi Stichning dugonasi Anjelni nazarda tutgandi. Sanbom bergan laqablar uning seni o‘zgacha yaxshi ko‘rishini anglatardi. Chimin ham, xuddi avval Taehyung kabi, quvonchdan chiyillab yubordi. «Yenjil» bo‘lish ham yomon emas ekan. Balki hatto janob Sallivandan ham yaxshiroqdir…

Shu payt Hunter hurdi ammo tajovuzkorona emas shunchaki motor ovozini eshitib qolgandi. Kimdir kelgan edi. Jungkook o‘tin yorishni to‘xtatib quloq soldi.

Bir erkakning ovozi eshitildi. Taehyung qotib qoldi.

— Xo‘jayinlar! Uyda hech kim bormi?

Baliqchi… Uni bu yerga qanday balolar boshlab keldi ekan?

Chimin avvaliga nima bo‘layotganini tushunmadi ammo vaziyat birdan taranglashganini sezdi. Taehyung unga bu kimligini sekingina tushuntirdi. Chiminning yuzi burishib ketdi. Sanbomni yerga tushirib Taehyungni daraxtlar orasining ichkarisiga itarib yubordi bu erkak uni ko‘rib qolmasligi kerak edi.

Baliqchi ko‘rinish bergan zahoti Chiminning ham unga ko‘ngli tortmadi. Tashqi ko‘rinishidan kelishgan, viqorli erkakka o‘xshardi ammo undan qandaydir jirkanch, yopishqoq bir salbiylik taralardi… Buni tushuntirish qiyin shunchaki unga qaraysanu ko‘ngling g‘ash tortadi.

— Xayrli kun!

U baland ovozda salomlashdida Chiminni qiziqish bilan ko‘zdan kechirdi. Nigohi o‘tkir va ayyor edi. Ammo Chimin ham bo‘sh keladiganlardan emasdi. Ikkalasining ham savollari bisyor edi.

— Bu qanday go‘zal mavjudot o‘zi?

U yangi tanishini maftun etishga kirishish uchun Jungkookning yonidan o‘tib ketmoqchi bo‘ldi. Bu yerga nima sababdan kelganini esa hali tushuntirmagandi. Kutilmaganda Jungkook uning ko‘ksidan turtib, yo‘lini to‘sdi. Chamasi uning ruxsatisiz birovning o‘z hududiga bostirib kirishini yoqtirmasdi. Bu yer birov kirib-chiqaveradigan hovli emas.

— Nima ish bilan kelding? Tanishishni darvoza oldida qil.

Chimin istehzo bilan kulimsiradi. U o‘z hamdardligini, shubhasiz kolxozchiga bildirdi. Jungkook hammaga birdek qo‘pol munosabatda bo‘larkan, demak, hammasi joyida. Chimin uni kechirdi.

— Ha Jungkook. Uzr. Otangni izlab kelgandim. Uyidami?

U yana Chimin tomonga qarab, o‘zini tanishtirdi.

— Han Synhon.

Jungkookning nigohi tundlashdi. Uni eshitishmayapti bu esa yaxshi emas. Bu uyda xo‘jayin o‘zi edi.

— Go‘zal mavjudot— deb Chimin ham unga xuddi o‘zi qo‘ygan nom bilan javob qaytarib tanishtirdi.

Jungkook baliqchining yelkasiga urib uni bu yerdan jo‘natishga shoshildi.

— Otam uyda yo‘q. Keyingi safar unga qo‘ng‘iroq qil.

— Yaxshi yaxshi uzr. Aytgancha...

Baliqchi yana to‘xtadida begunoh qiziquvchanlik bilan so‘radi

— Taehyung siznikiga boshqa kelmadimi? Olma daraxti yonidagi go‘zal mavjudot unga qarindoshga o‘xshaydi.

— Taehyung degani kim? — deb beparvolik bilan so‘radi Jungkook.

Uning yolg‘on gapirayotganini yuzidan bilib bo‘lmasdi. Balki u Taehyungning ismini chindan ham bilmasdir. Agar onasi har kuni o‘sha ko‘k sochli yigitni eslatib turmaganida, bu gapga ishonish ham mumkin edi.

— Hmm? Ha, mayli, uzr, xo‘jayin. Adashib boshqa uyga kelibman. Xayr.

Baliqchi jo‘nab ketdi. Jungkook hech narsa tushuntirmasdan qaytib kelib, yana o‘tin yorishga tushdi. Ammo Chimin uni to‘xtatdi.

— Bu qanday odam o‘zi?

Jungkook yog‘ochni yorib bo‘lgachgina unga qaradi.

— Boshingga balo orttirma. Ikkalang ham shaharga jo‘na.

Taehyung daraxtlar orasidan chiqib, goh biriga goh ikkinchisiga qaradi. Hozirgina ularni muloyimlik bilan haydab yuborishdi. Yana hech bir sababsiz shunchaki.

— Odamdek javob berolmaysanmi?

Jungkook unga e’tibor ham bermadi.

— U Taehyungga ko‘z olaytirib yuribdimi? — deb so‘radi Chimin.

Taehyung unga o‘qrayib, jim bo‘lishga ishora qildi. Voy qanday chiroyli! Sochlari yangidan bo‘yalgan quyoshda moviy rangda yaltirab turardi. Jungkook yana ishini to‘xtatdida istehzoli tirjayib navbatma-navbat ikkovini boshdan-oyoq ko‘zdan kechirdi.

— Kim biladi. Balki u ekzotik narsalarni yoqtiradigandir?

Qo‘pol. Yana qo‘pol. Hatto juda ham. Taehyung unga qisqagina qarab, labini tishladida cho‘zilib ketgan sukunatni buzish uchun shosha-pisha yana ishga qaytdi. Sanbom unga yordam berish uchun yugurib keldi Chimin esa himoyaga o‘tdi.

— Eshit bu endi haddidan oshishku. Nega bunchalik qo‘pollik qilasan?

— Yo ishlaysan yo do‘stingni qo‘ltiqlab uyga ketasan. Tushunarlimi?

Shu zahoti boltaning yana bir keskin zarbasi eshitildi.

Chimin pishqirib qo‘ydida Taehyungning qo‘lidan ushlab, o‘ziga tortdi. Taehyung yana unga sekingina o‘qraydi go‘yo «Nima qilyapsan?» degandek. Chimin esa hammani ham kechiravermaydi kimdir uni bir marta haqorat qilsa, o‘rnidan turib ketadi va boshqa qaytib kelmaydi. Ammo bu moviy sochli do‘stining soddaligi sabab unga doim aql kiritishga to‘g‘ri keladi. U qalbini ham ko‘nglini ham hammaga lang ochib qo‘yadiyu keyin nega ichiga axlat tashlashayotganiga hayron bo‘ladi…

— Ketdik. Bizni o‘sha tomonga jo‘natishdi. Demak, ketamiz.

— Olmalarchi?..

— Sen umringda olma yemaganmisan?

Sanbom Sallisi ketmoqchi ekanini tushuna boshladi. Uning lablari osilib ko‘z yoshlarini zo‘rg‘a artib turardi.

— Shalli… Ketma!

Hatto Chiminning ham yuragi bir seskandi. Shunday yaxshi bolayu shunday qo‘pol otasi bor. Ular ketishga shaylanayotganini ko‘rgan uy bekasi ham xavotirlanib yugurib keldi.

— Qayoqqa qayoqqa? Kechki ovqatga qolmaysizlarmi?

Sanbom Taehyungga tikilib turar, ko‘z yoshlarini zo‘rg‘a tiyib turardi (dadasi yig‘lagani uchun uni koyigan edi). Chimin g‘amgin xo‘rsinib, yana olma terishga qaytdi. Bolaga kelganda uning irodasi yetmasdi. Aslida bugun mazza qilib dam olamiz, deb o‘ylagandi ammo bu yerda qiladigan ish yo‘q ekan. Hammasi Taehyung aytganidek Sanbom uni yaxshi ko‘radi uy bekasi ham yaxshi ko‘radi, Jungkook esa tajovuzkorlik qiladi. Chimin bunday munosabatga chiday olmasdi. Yaxshisi, o‘sha takabbur ahmoqni qorong‘i burchakda tutib olib, tuxumidan qisib qo‘yardi. Ekzotik narsalarga qiziqishini tekshirib ko‘rardi. O‘zini shunchalik zo‘r deb o‘ylasa kerak hatto erkaklik g‘ururi ham faqat o‘z buyrug‘i bilan bosh ko‘taradi, shekilli.

Oxir-oqibat Taehyung Sanbom bilan hovlida aylanib yurdi mushuk bilan o‘ynashdi Hunterni ovqatlantirishga borishdi keyin bola unga tomorqadagi barcha gullarni ko‘rsatdi. Bu paytda Chimin esa o‘sha la’nati olmalarni terib, bola uchun jon-jahdi bilan mehnat qilardi. Ammo ular ketishsa, bola yig‘lardi. Chimin esa bolalarni yig‘latmaydi, u ham ularni yaxshi ko‘radi. Lekin olmalarni ham kimdir terishi kerakku. Shunday qilib u o‘zini qurbon qildi…

Xullas kechki ovqat paytiga kelib Chiminning holi qolmadi: qo‘llari qaltirar charchagan terga botgan edi. Uy bekasi uni quchoqlab, bosh yordamchini ovqatlantirish uchun boshlab ketdi. Jungkook hali ham o‘tin yorardi, lekin uni alohida taklif qilish shart emasdi. Taehyungni esa chaqirish kerak edi u har doimgidek o‘z dunyosiga sho‘ng‘ib ketgan hech narsani eshitmas hech narsani ko‘rmasdi.

Jungkook ularning ortidan yurdida o‘zi ham sezmagan holda to‘xtab qoldi. Maysazorda o‘tirgan ikkoviga qarab qoldi (Taehyung oppoq kiyimda edi!). Sanbom esa nimalar deb valdirayotganini eshitdi.

— Dadajonim ularni sigirchalar deydi. Keyin sigirchalar o‘sadi. Keyin dadam ularni sen bilan ushlaydi. Dadamning sigirchalari juda ko‘p!

Otasi sigirchalarni qayerdan topishini o‘g‘lidan yaxshiroq kim bilardi?

Albatta, maysalar orasidan. Mo‘jiza!

Taehyung kulib yubordi. Ayni paytda uning qo‘li bo‘ylab xonqizi sudralib borardi. Ha albatta, xonqizi qo‘lda yursa bu nafis va go‘zal manzara. Ammo o‘rgimchak yoki suvarak bo‘lsa dod-voy ko‘kka ko‘tariladi. Shaharlik nozikkina xonimlarning ikki xil mezonida.

— Ovqatga yuringlar — deb Jungkook keskin gapga aralashdi.

O‘g‘li jilmaygancha unga o‘girildi. Taehyung esa na javob berdi na hatto unga qaradi. Indamay o‘rnidan turdi, kiyimlarini qoqdida yurib ketdi. Jungkook uchun uning bu qiliqlari hech narsani anglatmasdi.

Ular uyga birga kirishdi va qo‘llarini yuvish uchun ham birga borishdi. Jungkookning sochlari nam, orqasi va qo‘llari terlagan edi. Kiyimlariga yog‘och qirindilari yopishib qolgan terisi esa quyoshda qorayib ketgandi oddiy mehnatkash odamning ko‘rinishi. U Sanbomni ko‘tarib kaftlari va yuzini yuvishga yordam berdi.

Taehyungning esa umuman ovqat yegisi kelmayotgandi… Yana kayfiyati tushib ketdi. Sanbom bilan uy bekasi uni o‘zlariga qanchalik bog‘lashga urinmasin bu yerda u ortiqcha odam edi.

Yeb-ichib bo‘lgach ular baribir jo‘nab ketishdi. O‘zlari bilan bir paket olma ham olishdi. Jungkook ularni uylariga eltib qo‘ydi Sanbomni ham sayr qildirib kelish uchun olib chiqishdi. Chimin Jungkook bilan xayrlashayotib ataylab tantanavor ta’zim qildi. So‘ng ortidagi uyni ko‘rsatib.

— Mana shu yerda ekzotika yashaydi — dedi.

Taehyung esa haydovchiga bir og‘iz ham gapirmadi hatto unga o‘girilib ham qaramadi. U o‘ziga necha bor bu uyga boshqa kelmaslikka va’da bergan ammo yana o‘sha xatoni takrorladi. Buning nimasi ajablanarli? Oxir-oqibat yana o‘sha xatoga yo‘l qo‘ydi Jungkook hammaga birdek qo‘pol, ular hech ham yaqinlashishmagan. Faqat Sanbomga achinardi bola unga allaqachon ko‘nikib qolgan edi.

Ertasi kuni Chimin jo‘nab ketadigan bo‘ldi. Taehyung uni quchoqlayverib usiz juda zerikishini, sog‘inishini aytib, xunob bo‘ldi. Ammo Chiminning bu yerda qiladigan boshqa ishi yo‘q edi mehmon bo‘lib yetarlicha turdi. U doim aloqada bo‘lishini aytdi.

Taehyung uni taksi kutib turgan darvozagacha kuzatib qo‘ydi. Shu zahoti buvisining changaliga tushdi. Yana tushkunlikka tushib qolmasin chunki u yostiqqa ko‘z yoshlarini oqizib yotishi aniq edi deb buvisi uni rezavor meva terishga yuborishga qaror qildi. O‘zi ham yeb olsin, sayr qilsin tabiat go‘zalligidan bahramand bo‘lsin dedi. Yaqin atrofda kichkina o‘rmon borligini u beozor ekanini, adashib qolishning iloji yo‘qligini ham qo‘shimcha qildi. Bobo mashinada olib borib kutib turardi.

— Ha, dadajon?! — deb buvisi baland ovozda bobosiga murojaat qildi.

Taehyungning qayoqqadir borib, nimadir qilgisi kelmayotgandi, ammo uni tom ma’noda majburlab tashqariga chiqarishdi. Axir ular ota-onasiga ta’til davomida nabirasini oyoqqa turg‘izib, kayfiyatini ko‘tarishga va’da berishgan edi. Endi va’dalarini bajarishlari kerak.

Mayli. Taehyung tor jinsi shim, gulli ko‘ylak, yana marjonli zanjir va qulog‘iga sirg‘a taqdi. Hech bo‘lmasa shu narsalar unga o‘zini yaxshiroq his qilishga yordam berardi. O‘zingga o‘zing yoqsang, hamma narsa boshqacha bo‘ladi.

Bobo, mayli, mashinani haydab chiqardi. O‘rmon chetida malina butalari o‘sardi. Ammo hammasi terib ketilgan ekan! Boshqa joydan izlashga to‘g‘ri keldi. Hatto yana qayerda rezavorlar borligini bilishga qiziqib ham qoldi.

Bobo o‘rmonning beozorligini, u yerda adashib qolmasligini qayta-qayta aytib, «Qo‘rqma», deb tayinladi. Xo‘p, mayli, shunday bo‘lsa, shundaydir.

Taehyung malina o‘rniga qulupnay topdi. Yana qandaydir qo‘ziqorinlarga ham ko‘zi tushdi ammo buvisi ularni terishni xayoliga ham keltirmaslikni eng muhimi qo‘li bilan ham tegmaslikni tayinlagan edi.

«Mayli, — deb o‘yladi Taehyung. Yana biroz aylanib ko‘ray».

Shundan keyin qo‘shiq ayta boshladi… O‘rmon huvillab yotibdi: xohlasang baqir xohlasang uvilla. Ko‘nglida esa his-tuyg‘ular to‘lib-toshgan ularni qayergadir chiqarib yuborish kerak… Negadir rosa baqirgisi kelib ketdi.

— Sen ham mening… o‘sha narsamni tatib ko‘rishni juda-juda xohlaganding… O-o-o… Undan rosa esi og‘ib ketgandi! Men esa bir o‘zim bir nechtasiga bas keldim!

Avvaliga ishonchsizroq kuyladi, keyin ovozini tobora balandroq ko‘tarib, jo‘shqinlik bilan, bor vujudi bilan kuylay boshladi. Ovozi bo‘lmasa ham mayli, muhimi, qo‘shiqni yurakdan ijro etish kerak. Bu qo‘shiq sobiq sevgilisiga bag‘ishlangani uchun undagi energiya toshib ketayotgandi.

— Sen bolani sevasan u-u-u! Sen bolani sevasan! Taehyung sakrab-sakrab raqsga tushishga xayolan belini o‘ynatishga ham tushdi.

Nima bo‘pti? O‘ynashga imkoniyati bor ustiga-ustak xohishi ham bor. Atrof huvillab yotibdiku. O‘rmon ham beozor. Qulupnay ham mazali. Xuddi qishloq klubidagidek!

— Sen bolani sevasan! U esa men bilan! U-u-u! U-u! Men uni allaqachon sevib bo‘ldim!

Hammasi ajoyib uning repertuari yuraklarga abadiy muhrlanadi hayvonlar qarsak chaladi daraxtlar esa yana bir bor kuylashini so‘raydi. Faqat daraxtlargina emas…

Taehyungning tizzalari bo‘shashib ketdi. Ichki a’zolari ham joyidan siljigandek bo‘ldi.

— Bechora Leshiy...

Qo‘shiqchi ko‘zlarini katta-katta ochib sapchib tushdi. Bu ovoz tanish edi. Juda tanish. Haddan tashqari tanish.

Bu ovoz bu yerda nima qilib yuribdi?..

Jungkook daraxtga suyanib turardi: oyog‘ida etik egnida qalin shim ko‘ylak va nimcha odatdagidek. Yelkasida ichida nima borligi noma’lum bo‘lgan ulkan xalta osilib turardi. Yana miltiq ham bor edi…

Taehyung Jungkook shu miltiq bilan sobiq xotinini qo‘rqitganini esladi… Endi o‘zining ham yuragi orqasiga tortib ketdi.

U ovga chiqqanmi?

Beozor o‘rmonga?!

— Salom…

Kutilmaganda duch kelib qolgan Taehyung o‘zini beparvo tutishga urinib, sochlarini to‘g‘riladi.

— Bir qatorini eshitmay qoldim. «Sen ham juda xohlaganding…» Nimani tatib ko‘rishni?

Taehyungning yuzi qizarib ketdi beixtiyor jilmayib ham qo‘ydi. Chimin bilan bundan ham uyatli qo‘shiqlarni bilishardi ammo bu qo‘shiq begonalarning qulog‘i uchun emasdi.

— Nima qilyapsan?..

Taehyung ahmoqdek o‘ziga-o‘zi gapirayotgandi Jungkook esa uning savollariga javob berishni xayoliga ham keltirmasdi. Qolaversa, savolning o‘zi ham kulgili chiqdi. Axir ikkalasi ham bu yerda nima qilib yuribdi?

— Raqsga tushyapman.

Ammo o‘zi hamon qimir etmay turardi. Taehyung o‘zini noqulay his qildi. Yaxshisi endi xayrlashib ketishi kerak edi.

— A… Zo‘r ekan. Mayli xayr…

— Bu yo‘l boshqa tomonga olib boradi — deb ogohlantirdi Jungkook. O‘zi ham yurib ketdi ammo boshqa yo‘nalishda. Miltiq bilan kelganiga qaraganda, u rezavor meva terish uchun chiqmagani aniq. Taehyung esa rostdan ham qo‘rqib ketdi: mabodo adashib qolsachi?

— Bu kichkina o‘rmonku? Men axir o‘sha tomondan kelgandim…

— Qayerga kirayotganingni bilmay turib o‘rmonga kiraverasanmi?

Jungkook to‘xtab atrofni ko‘zdan kechirdi. O‘rmon kichkina edi. Rostdan ham kichkina. Buvisi yolg‘on gapirmagan. Unda kim yolg‘on gapiryapti?

— Men adashib qoldimmi? Bu gap uning butun hayotini tasvirlab berayotgandek edi.

Jungkook yurishda davom etdi. Taehyung esa uning ortidan yugurib ketdi.

— Men adashib qoldimmi?! Meni tashlab ketyapsanmi?!

— Tashlab ketishim uchun avval seni o‘zim bilan olib kelgan bo‘lishim kerak edi. Leshiyni kutib tur.

Taehyung uning bilagidan mahkam, hatto umidsizlik bilan yopishib oldida qo‘rquv bilan unga tikildi.

— Leshiy kim?.. — deb shivirladi u, go‘yo bu kimdir ularni eshitib turgandek.

Jungkook odatdagidek tilini taqillatdi. Taehyungning hech narsani bilmasligiga endi hayron ham bo‘lmasdi.

— Hozir tanishib olasan.

Taehyung yana uni to‘xtatib qoshlarini chimirdi. U unchalik ishonmasada rostdan ham adashib qolishdan qo‘rqayotgandi. Endi bu o‘rmon unga qo‘rqinchli va cheksizdek tuyulardi.

— Men qo‘rqyapman…

Axir uni Jungkookning o‘zi qo‘rqitdi. Endi buning javobgarligini ham o‘zi zimmasiga olsin.

— Repertuaringdan biror qo‘shiq aytib ber. Balki u seni o‘rmonga olib chiqib qo‘yar.

Jungkook oldinga yurdi Taehyung esa hamon uning bilagidan ushlab ortidan ergashdi. Qo‘lini qo‘yib yubormas, xavotir bilan atrofga alanglab borardi.

— Sen Leshiyni ko‘rganmisan?..

U shunday beg‘ubor va samimiy qiyofada turardiki uning ustidan hazillashmaslikning iloji yo‘q edi.

— Nima ko‘rinishimdan bilinmayaptimi?

Bir zum o‘ylab oldi.

— Men o‘zim Leshiyman.

Taehyung qotib qoldi, hatto ko‘zini ham pirpiratmadi. U bu qanday kasb ekanini umuman tushunmasdi. Axir Jungkook sigirlarning oligarxiku!

— Unda nima ish qilasan?

Ishondi! Jungkook istehzo bilan kulimsiradi.

— Shaharlik ziyolilarni poylab yuraman, o‘rmonning ichkarisiga boshlab kiraman toki telefonlarining quvvati tugamaguncha. Keyin ularga bo‘rilarni yuboraman. Bo‘ldi.

Taehyung uning yelkasiga urib qo‘ydida aftini burishtirdi. Yana qandaydir bema’ni gapni o‘ylab topibdi ustiga-ustak to‘qishda davom etyapti.

— Ahmoq!

Jungkook boshini chayqadi go‘yo: «Ha endi shunaqada degandek.

— O‘zing Leshiyga qo‘shiq aytish kerak shunda u seni o‘rmondan olib chiqadi deganding?

—A?

—Qani mantiq qayerda?

—Menku qo‘shiq aytdim!

Jungkook quloqlariga ishonmayotgandek, ataylab ko‘zlarini katta-katta ochdi. Nahotki shunchalik adashgan bo‘lsa?

— Unda menga yoqmadi. Bo‘rilar tomon ketamiz — deb javob berdida uni kutmay yana oldinga yurib ketdi.

— Bo‘ldi endi! Odamdek tushuntir! Men adashib qoldimmi?!

Jungkook uzoq vaqt jim qoldi, ko‘zlarini qisib qaradi. Balki nigohi biroz pastroqqa tushgandir balki marjonli zanjirga, balki yoqasi ochiq ko‘ylagiga… Bu Leshiylarning ko‘nglida nima borligini kim ham bilardi?

Bir boshdan tashvishning o‘zi…

— Qaysi tomondan qarashingga bog‘liq.

— Jungkook…

Taehyung qoshlarini chimirdi. Endi unga ismi bilan murojaat qilayotgandi go‘yo bundan biror naf chiqadigandek. Ammo Leshiyga baribir edi. U shaharlik ziyolilarni yoqtirmasdi. Chunki aynan ziyolilar uni o‘rmonning qalin chakalakzorlariga boshlab kirishardi…

— O‘zing chiqish yo‘lini topolmaysan.

Bu faqat o‘rmon haqidamidi? Yoki umuman hayot haqidami?

— Qanday chiqaman? — bechora moviy sochli yigit jiddiy, hatto jangovar ohangda so‘radi.

Jungkook uning ohangiga taqlid qilib, xuddi shunday jiddiy javob qaytardi.

— Bilmayman.

Taehyung uning ortidan ergashdi. U biroz tentakroq edi ammo hatto unchalik bilimli bo‘lmagan miyasi bilan ham bu vaziyat g‘alati va noto‘g‘ri ekanini tushunardi.

Birinchidan, u o‘rmonda adashib qolishdan qo‘rqardi qishloq odami esa hech qachon adashib qolmaydi. Ikkinchidan ular gaplashib ketaverib, rostdan ham ancha uzoqlashib yuborishgandi. Ammo eng qo‘rqinchlisi bu emasdi. Bularning hammasi arzimas gap. Aslida qo‘rqinchlisi o‘rmonda yurishning o‘zi edi.

Jungkookka esa zarracha ta’sir qilmasdi. Taehyung bo‘lsa, yo‘lidagi barcha o‘rgimchak to‘rlariga ilinib chinqirar, sakrar, yugurardi. Go‘yo ustida o‘rgimchaklar sudralayotgandek tuyulardi holbuki ular yo‘q edi (balki bordir ham…). Jungkook faqat baqirmaslikni tayinlab yo‘lida davom etardi.

Keyin Taehyung bobosini eslab, so‘kinib yubordida shosha-pisha telefonini chiqardi. Jin ursin axir bobosiga qo‘ng‘iroq qilib yordamga chaqirishi mumkinku!

Aloqa yo‘q. Tamom, endi…

— Qo‘ng‘iroq qilishchi… Qanday bo‘ladi?

Jungkook unga buni amalda ko‘rsatdi kaftini qulog‘iga tutib yelkasini qisdi. Go‘yo «Mana, shunday» degandek. Taehyung yana uning yelkasiga turtib yubordi. Uning asablari tarang edi.

— Axir bobom meni kutib turibdiku! Mabodo unga biror narsa bo‘lsachi?! Sen butunlay ahmoqmisan?!

Leshiy uning baqir-chaqiridan allaqachon bezor bo‘lgandi shu sabab yuzini burishtirdi.

— Hoseok meni olib kelganida, bobong allaqachon ketib bo‘lgandi. Buni tasodif deb o‘ylaysanmi? To‘g‘ri o‘ylayapsan. Keyin onam bilan ham gaplashib olaman. Unga rahmat aytib qo‘y.

Nihoyat, Jungkook biror narsa dedi. Ammo Taehyung uning gaplaridan deyarli hech narsani tushunmadi.

— Meni bu yerda tashlab ketishdan nima foyda?

— Miyangni ishlatib ko‘r. Ishlaydi.

Taehyung qovog‘ini solib undan uzoqlashdi. Keyin esa butunlay to‘xtab o‘zi bilan o‘zi kurasha boshladi. Uni kutib turmaydi. Axir Taehyung ham birovning ipiga bog‘langan emasku… Ammo endi qayerga boradi?

Jin ursin yana uning ortidan ergashib, yonida sudralib yuribdi. Boshqa nima kutish mumkin edi? Yolg‘iz o‘zi yo‘l topishga jur’ati yetmaydi.

— Onang… hmm, adashmasam uzr… Bizni… uchrashtirmoqchimi?

U yana hech bir aybi bo‘lmasada uzr so‘radi. Go‘yo ikkovini bitta gapda tilga olishning o‘zi Jungkook uchun haqoratdek. Jungkookning o‘zi ham biroz hayron qoldi. Nahotki yigitni shunchalik qo‘rqitib qo‘ygan bo‘lsa, endi u gomofobning ko‘ngliga tegib qo‘yishdan ham qo‘rqayotgan bo‘lsa? Holbuki, Jungkook o‘zini gomofob deb aytmagan unga umuman farqi yo‘q edi.

— Barakalla. Aqling ishlayapti — dedi u yomon niyatsiz.

— Rostdanmi? Unda bizning o‘rmonda nima ishimiz bor? Uyda uchrashsak tushunardim…

— Qayerda yo‘llarimiz kesishishining nima farqi bor? Muhimi bir-birimizni ko‘rib qolishimiz va albatta sevib qolishimiz!

Taehyungning kayfiyati tushib ketdi, beixtiyor junjikdi. Sovqotdimi? Yo‘q, aslo. Shunchaki ichini nimadir ezib yubordi.

— A… Buni chamamda, bobom aytgan…

— Ha u ham qoyilmaqom ish qilibdi.

— Kechir.

Jungkook ko‘zlarini qisib nigohini oldinga qadadi. G‘alati… Aybsiz odam tinmay uzr so‘rayveradi. Aybdordan esa uzr olishning o‘zi amrimahol…

— Buning senga nima aloqasi bor?

— Ular men uchun shunday xavotir olishadida. Rostini aytsam, o‘zim ulardan buni so‘ramaganman!

— Bilaman.

— Bilasanmi?

— Buni bilmay nima ham qilardim? Bobongning «Bechora nevarama», deb gapirganini eshitganman. Ma’lum bo‘lishicha, men ham bechoraman. Ikkovimiz ham bechora ekanmiz demak, bizni albatta tanishtirish kerak ekan.

— A…

Taehyung buni biroz kechikib tushundi. Bobosi uning kelishi haqida ancha oldinroq og‘iz ochib qo‘ygan ekan. Demak Jungkook ular ilk bor uchrashganidayoq u haqda hamma narsani bilgan: xiyonat qilgan yigiti haqida ham tushkunlikka tushib qolganini ham… Taehyung esa nega u bunchalik qo‘pol ekan deb bosh qotirib yurgandi. Bularning bari unga geyni uylantirib qo‘yishmasin degan harakat ekanda.

Taehyung lablarini mahkam qisib, boshqa tomonga yuzlandi. Yana hech narsasiz ko‘ngli og‘rib ketdi. Qo‘llari bilan o‘zini quchoqlab beixtiyor burnini tortdi. Buni tumov bo‘lgandek ko‘rsatishga urindi, o‘zi ham dovdirab qoldi. Yana bir qadam tashladi… Axir u butunlay boshqa tomonga qarab ketayotgan ediku! Va bir zumda! Yuzini ulkan (yo‘q shunchaki bahaybat, jirkanch, yo‘g‘on) to‘rga urdi. To‘rning o‘rtasida esa katta butli o‘rgimchak o‘tirardi!

Uning qanday chinqirganini eshitish kerak edi! Jungkook ham cho‘chib tushdi. Taehyung esa dumalab yerga o‘tirdida oyoqlarini tipirchilatib, yopishib qolgan to‘rni yulib tashlashga ustidagi o‘rgimchakni qoqib tushirishga urindi. Betartib harakatlari bilan o‘zini u yoqdan bu yoqqa tashlardi. Jungkook o‘rgimchakni uzoqqa uloqtirib yuborib yigitning yoniga cho‘kkaladi.

Taehyung chindan ham yig‘lab yubordi tanasida bir nechta o‘rgimchak sudralib yurgandek tuyulardi shu sabab butun vujudi bilan tipirchilab ingrab yuborardi. Go‘yo ichidagi barcha asablari birdaniga uzilib ketgandek, endi qayeriga tegmang o‘zini yo‘qotib qo‘yayotgandi.

Jungkook xotirjamlik bilan Taehyungning yuzi va sochlaridagi o‘rgimchak to‘rlarini olib tashladida turishi uchun qo‘llaridan tortdi. Bunaqa nozikoyimni o‘rmonga qanday qo‘yib yuborishgan o‘zi? U bunday sharoitlarga mutlaqo tayyor emas-ku. Ustiga-ustak hamma narsadan qo‘rqadi.

— Bo‘ldi yig‘lama endi. Hech narsa qolmadi.

— U… qayerdadir… sudralib yuribdi… Ustimda!

Taehyung o‘zini qoqib bezovtalanib tipirchilashda davom etdi. U bu ketma-ket kelayotgan falokatlardan qayerga qochishni, o‘zini qayerga yashirishni bilmasdi.

— Orqamdan yur.

Yurdi… Boshqa chorasi bormidi?.. Jungkookning katta ryukzagi ortidan ergashdi. Qo‘llari bilan o‘zini quchoqlab olgancha burnini tortib qo‘yardi.

— Qayerga ketyapmiz? — ovozi hamon mungli va alamli edi.

— Ovchilar kulbasiga.

— Nima uchun?

— Bilmasam. Pirog pishiramizmi? O‘rmonda yana nima qilish mumkin? Taehyung uning kinoyasiga e’tibor ham bermadi.

— Sen… o‘ldirasanmi?.. — U ovda jonivorlarni o‘ldirishni nazarda tutgandi. Albatta, ov paytida!

— Ha, axir men qishloqlik yovvoyimanku. Albatta.

Jungkook doim odamlarni o‘zidan uzoqlashtirishi kerak bo‘lgan gaplarni gapirardi. Aslida, normal odam bunday gaplardan keyin undan uzoqroq yurishi kerak edi. Ammo Taehyung boshqa toifadagi odam edi.

Yana jimib qoldi. Yana xayolga toldi.

— Nega aynan hozir u yerga ketyapmiz?

— Men tez-tez bir-ikki kunga o‘rmonga ketib turaman. Bu mening ta’tilim.

Yana jimib qoldi. Yana xayolga toldi.

— Nega aynan hozir u yerga ketyapmiz?

— Men tez-tez bir-ikki kunga o‘rmonga ketib turaman. Bu mening ta’tilim.

— Sanbomchi?

— U ko‘chada yashamaydiku. Onam u bilan tunab qoladi. Qayerdaligimni biladi.

— Fermangchi?

— Fermani faqat men boshqarmayman.

— Tushunarli…

Taehyung nihoyat tinchlandi. Endi boshqa o‘rgimchak to‘rlari uchramasligini bilardi. Mabodo uchrab qolsa ham ularni olib tashlaydigan odam bor edi.

— Unda men nega kulbaga borishim kerak?

Tugamaydigan savollar…

— O‘zing ortimdan kelyapsan. Men seni taklif qilganim yo‘q.

— Axir men adashib qoldim…

— Xo‘sh, adashib qolibsan demak kulbaga borasan. Keyin onangga o‘rmonda yashash senga qanchalik «yoqqani» haqida aytib berarsan. U sen menga ergashib ketganingdan faqat xursand bo‘ladi.

— Demak hammasi oldindan rejalashtirilganmidi?..

U bu bilan buvisi va Jungkookning onasi ularni ataylab uchrashtirib ovchilar kulbasiga birga borishlarini ko‘zlaganini nazarda tutgandi. Ammo unday emasdi. Ular shunchaki ikkovini tanishtirmoqchi bo‘lishgan xolos.

— Men ta’tilimni o‘z ixtiyorim bilan buzadigan odamga o‘xshaymanmi?

— Unda meni o‘rmondan olib chiqib qo‘ya qol…?

— Menda ham aylanib yurishdan boshqa ish qolmagandi!

Taehyung ko‘zlarini yumib hech narsaga tushunmay qoldi. Jungkook unga befarq, uning davrasida bo‘lishni istamaydi, ammo o‘rmondan olib chiqishni ham xohlamaydi. Uni shunchaki tashlab ketmoqchimi?

Taehyung uy arvohlaridan o‘rmon ruhlaridan va bo‘rilardan qo‘rqadi… U yolg‘iz qololmaydi.

— Men o‘rmonda yashashni xohlamayman…

Jungkook istehzo bilan kulimsiradi. Bu gap unga yangilik emas: hech kim o‘rmonda yashashni xohlamaydi. Ammo uning o‘rmonda o‘ziga tegishli bir orolchasi bor edi ta’tili dam oladigan joyi. U yerda hech kim yo‘q, bemalol odamlardan yiroqda yashab hamma narsani unutishi tabiat bilan uyg‘unlashib ketishi mumkin edi. Xuddi barg orasida ko‘zga tashlanmay qoladigan bargga o‘xshash hasharot kabi.

Ammo kutilmagan vaziyat yuzaga keldi. Jungkook esa o‘ta qaysar edi.

Shundaymi?

— Senga achinaman.

Yo‘q.

Ular ancha vaqt indamay yurishdi. Taehyung biroz xafa edi, ammo ko‘proq nima bo‘layotganini tushunmay, gangib qolgandi. Hali vaziyatning mohiyatini to‘liq anglab yetmagan edi. U shaytonning (gomofobning!) o‘zi bilan birga ketyapti. Uning qo‘lida miltiq bor aqli joyida ekaniga ham shubha bor. Endi esa bir necha kunga ovchilar kulbasida yashashmoqchi. Ular birga nima qilishadi?!
Yaqinlariga qanday qo‘ng‘iroq qiladi? Axir ular ham xavotir olishadiku… Jungkookning o‘z so‘zlariga ko‘ra, onasi bilan buvisi ularni shunchaki o‘rmon boshida uchrashtirib biroz suhbatlashib, keyin har kim o‘z yo‘liga ketishini istashgan edi.
Oxir-oqibat nima bo‘ldi?
Bobosi nega ketib qoldi? Telefon qayerda tutadi? Endi nima qilish kerak?.. Taehyung bu yerda qanday omon qolishni umuman bilmasdi.

Keyin ular dala bo‘ylab yurishdi. Taehyung suv so‘raganida, Jungkook unga o‘simliklardan damlangan choy solingan termosni uzatdi. O‘zi esa og‘ir yukni orqasida ko‘tarib, hatto hansiramay borardi. Taehyung esa shunchaki yurishning o‘zidan charchab qolgan, ora-sira baland xo‘rsinardi, ammo ovoz chiqarib nolishga o‘ziga ruxsat bermasdi.

Daladan o‘tib, ular qandaydir ochiq maydonga chiqishdi. Yaqinida past bo‘yli daraxtlar va qamishlar bilan o‘ralgan hovuz bor edi. Botqoq emas suvi tiniq ko‘m-ko‘k. O‘sha xaroba esa hovuz bo‘yida joylashgan edi… Taehyung kichkina yog‘och uychani ishonqiramay ko‘zdan kechirar ekan, xayolan unga «xaroba» deb nom qo‘ydi. Mana bu haqiqiy ovloq joy ekan. Chinakam qishloq!

Taehyungni hasharotlar rosa chaqib tashlagan, shu sabab tinmay qashinar edi. Ustiga-ustak, faqat chivinlar emas, so‘nalar ham chaqqan. Ko‘ylagi yupqa bo‘lgani uchun yuzi, bo‘yni, umuman butun tanasi qichishardi. Kulbaga kirishi bilan yana qashina boshladi-da, chidab turolmay ingrab yubordi. Endi unga qulaylikning keragi yo‘q, faqat qichishish bosilsa bo‘ldi. Bo‘lmasa, terisini qonguncha tirnab tashlaydi…

Ichkarida… Joy juda tor edi. Ohak bilan oqlangan kichkina pechka (ustida qozon va choynak turgan plitali pechka), bir kishilik karavot, muzlatkich, uchta oshxona tumbochkasi, shift ostida tushunarsiz buyumlar bilan liq to‘la javonlar, hatto pardachalari ham bor ikkita deraza… Ammo yog‘och polga birorta gilamcha to‘shal magan, ustiga-ustak, pol kir va mayda hasharotlarga to‘la edi. Taehyung yana ingrab, burchakka qisilib oldi. Antisanitariya uni dahshatga solardi. Bu yerda bir necha kun yashash mumkinligini tasavvur ham qilolmasdi.

Jungkook esa bemalol ryukzagini yechib, yelkasini uqaladi-da, yigitga qaradi.

— Xo‘sh, nolig‘ich hashamatli studiyamiz senga yoqdimi?

Taehyungning burishgan yuziga qarab, bu yerda hashamatli ko‘rinadigan yagona narsa Jungkookning o‘zi ekani ayon edi. Uning ham hayot rosa adabini bergan, albatta.

— Hammasi… qichishyapti… — deb butunlay boshqa narsaga javob berdi u, juda achinarli ohangda.

Jungkook chaqilgan joylarini sinchiklab ko‘zdan kechirdi.

— Meni esa hech narsa chaqmabdi.

Haqiqatan ham, unda birorta chaqilgan joy ko‘rinmasdi. Axir u bu yerga mos «kiyinish qoidasi» bo‘yicha kiyingan edi.

— Shunchaki, men mazaliroqman — deb yubordi Taehyung, labini tishlab.

Jungkook kulimsirab, sumkasini titkilay boshladi. Ovga chiqqanda birinchi yordam qutisini hamisha o‘zi bilan olib yurardi. Undan hasharot chaqishiga qarshi gelni oldi. Taehyung uni shosha-pisha qo‘liga olib, avval yuzi va bo‘yniga surtdi. Ammo axir hamma joyi qichishayotgan edi… Ko‘ylagi ham juda yupqa…

Jungkook buni so‘zsiz ham tushundi. U zaxiradagi kiyimlarini chiqardi: jinsi ko‘ylak, uyda kiyiladigan issiq shim (hech bo‘lmasa yuvilgan), zamokli qalin huddi va jun paypoqlar. Kulbada yana kalish, oddiy etik va baliq ovlash uchun botqoqlik etigi ham bor edi. Hammasini bir joyga qo‘yib, kiyim almashtirishini anglatib, qo‘li bilan ishora qildi. Jungkookning bu yerda ov uchun alohida kiyimlari ham bor edi yozgi kamuflyaj kostyumi.

Taehyung avval shosha-pisha kiyimlarga intildi keyin ko‘z qiri bilan Jungkookka qaradi. Uning ham o‘ziga yarasha injiqliklari bor edi.

— O‘girilib tur.

Jungkook qoshini ko‘tarib, go‘yo eshitmagandek bo‘ldi. Birinchidan, u Taehyungga tikilib turmoqchi emasdi (uning boshqa ishi yo‘qmi?), ikkinchidan jinsiy orientatsiyaning gavda tuzilishiga nima aloqasi bor?

— Nima muammo?

— Bu shaxsiy hudud degani! Taehyungning ovozi ko‘tarilib, endi jahli chiqdi. Bo‘ldi to‘yib ketdi! Jungkook yelkasini qisdida kulbadan butunlay chiqib ketdi.

Taehyung bemalol kiyimini almashtirdi, so‘ng chaqilgan joylarining hammasiga gel surtdi. Kiyimlar unga ancha katta edi, qolaversa shaharlik modaparastning didiga mutlaqo to‘g‘ri kelmasdi. Taehyung hatto uyda ham pijamada yurardi tizzalari cho‘zilib ketgan sport shimlarda emas. Bu yerda esa eski shim (hech bo‘lmasa yuvilgan) birovning jun paypoqlari (bunday narsani kiyishning o‘ziyoq yoqimsiz) garchi ular toza bo‘lsa ham… Ammo boshqa iloji yo‘q edi. Taehyung Jungkookning hamma kiyimini kiyib oldi o‘z kiyimlarini g‘ijimlab uning sumkasiga joyladi.

Shu tariqa «no‘xat ustidagi malika» eshik oldida paydo bo‘ldi-da, tomog‘ini qirib qo‘ydi. Jungkook hovuz bo‘yida, qo‘llarini shimining cho‘ntagiga tiqqancha turardi. Taehyungning ovozini eshitib, sekin ortiga o‘girildi. Uning boshdan-oyoq kiyimini ko‘zdan kechirdi, ammo bu safar kulimsiramadi. Nigohi nihoyat yuziga ko‘zlariga kelib to‘xtadi. Yuzidagi chaqishlar ham Jungkookda masxarali tabassum uyg‘otmadi. Axir bu o‘rmon-ku uni hasharotlar chaqishi tabiiy. Taehyung esa lablarini do‘rdaytirib olgan, umuman kayfiyati yo‘q edi. Bu qishloq uning asablarini tamom qilgandi.

— Xuddi bir rasvo odamga o‘xshab qoldim… — deya xulosa qildi bechora ziyoli.

Yovvoyi esa iyagini ko‘tarib, ko‘zlarini qisdi.

— Xarobalar olamiga xush kelibsan.

* Taehyung o‘rmonda kuylagan qo‘shiq «Серебро» guruhining «Я отлюбила его» qo‘shig‘i.

Bu qo‘shiq aynan shu sahnaga mos.