MAGISTRLIK HIMOYASI
MAGISTRLIK HIMOYASI Joriy yilning 12-iyun kuni Buxoro davlat universiteti Filologiya fakulteti O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasida 70230104 – Adabiyotshunoslik: o‘zbek adabiyoti mutaxassisligi magistrlarining magistrlik dissertatsiyalari himoyasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur jarayon oliy ta’lim tizimida ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashning muhim bosqichlaridan biri sifatida yosh tadqiqotchilarning ilmiy salohiyati, kasbiy kompetensiyasi, tahliliy fikrlash darajasi hamda mustaqil ilmiy izlanish olib borish ko‘nikmalarini baholashga xizmat qiladi.
Dissertatsiya himoyasi Davlat attestatsiya komissiyasi raisi, filologiya fanlari doktori (DSc), professor H. Hayitov tomonidan ochib berildi. Komissiya raisi o‘z so‘zida magistrlik dissertatsiyalarining ilmiy ahamiyati, tadqiqot natijalarining amaliy qiymati hamda yosh olimlarning mamlakat ilm-fani rivojidagi o‘rni haqida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, magistrlarga himoya jarayonida muvaffaqiyat tilab, ilmiy izlanishlarni izchil davom ettirish zarurligini ta’kidladi.
Magistrlar o‘z dissertatsiyalarining asosiy mazmuni, erishilgan ilmiy natijalari va xulosalarini taqdim etib, komissiya a’zolarining savollariga batafsil javob berdilar. Himoya jarayoni ochiq ilmiy munozaralar ruhida kechib, tadqiqotchilarning ilmiy dunyoqarashi va kasbiy tayyorgarlik darajasini namoyon etdi.
Ta’kidlash joizki, magistrlik dissertatsiyasi himoyasi yosh mutaxassislarning mustaqil ilmiy faoliyatga tayyorligini belgilovchi muhim mezonlardan biri hisoblanadi. Bunday himoyalar nafaqat magistrlarning ilmiy salohiyatini namoyish etish, balki o‘zbek adabiyotshunosligi rivojiga munosib hissa qo‘shishga qaratilgan yangi ilmiy izlanishlarni rag‘batlantirishga ham xizmat qiladi.