September 24, 2019

1-OKTYABRDAN BOSHLAB NIMALAR OʻZGARADI?

1. Yaqin qarindoshlar oʻrtasida notarial tasdiqlangan avtoishonchnoma bekor qilinadi.

Transport vositasi egasining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta polisida koʻrsatilgan transport vositasi egasining yaqin qarindoshlari (ota-ona, er (xotin), bolalar, aka-ukalar, opa-singillar) oʻrtasida transport vositasidan foydalanish va boshqarish toʻgʻrisidagi ishonchnomani majburiy notarial tasdiqlash tartibi bekor qilinadi.

2. Mehnat migrantlariga mikroqarzlar beriladi.

Mehnat migrantlariga xorijda ishga joylashish bilan bogʻliq xarajatlarni toʻlash uchun bir bank kuni davomida tez rasmiylashtirilgan holda eng kam talab qilinadigan hujjatlar (pasport, ariza va mehnat organining iltimosnomasi) asosida 2019-2020-yillarda 10 foiz va 2021-yilda 12 foiz stavkada 2 mln. soʻm miqdorida 1 yil muddatga mikroqarzlar beriladi.

Shuningdek, sugʻurta kompaniyalariga yiliga bir marotaba sugʻurtalangan har bir mehnat migranti uchun 50 ming soʻm miqdorida bir martalik subsidiyalar taqdim etish amaliyoti joriy etiladi.

3. Qayta sugʻurtalovchilar uchun yangi tartib oʻrnatiladi.

Qayta sugʻurtalovchi sugʻurta majburiyatlarini qayta sugʻurtalash uchun xorijiy sugʻurta tashkilotlariga berishdan avval beriladigan sugʻurta majburiyatlarining kamida 50 foizi miqdorida qayta sugʻurtalash boʻyicha oferta (qayta sugʻurtalash boʻyicha shartnoma tuzish taklifi)ni sugʻurta tashkilotlariga yuborishi shart.

4. Alkogol va tamaki mahsulotlari uchun aksiz soligʻi oshiriladi.

Alkogolli mahsulotning aksiz soligʻi stavkasi oʻrta hisobda 10 foizga, tamaki mahsulotining aksiz soligʻi stavkasi 20 foizga oshiriladi.

5. Soliq sohasidagi boshqa oʻzgarishlar:

2019-yil 1-oktyabrdan:

  • benzin, dizel yoqilgʻisi va gazni yoqilgʻi quyish stansiyalari orqali oxirgi isteʼmolchilariga sotadigan yuridik shaxslar, ushbu tovarlarni sotishdan tushumning miqdoridan qatʼi nazar qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilari hisoblanadi;
  • tovarlarni import qiluvchi tadbirkorlik subyektlari, tovarlarni sotishdan tushum miqdoridan qatʼi nazar qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilari hisoblanadilar;
  • quyidagilar boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻidan, shu jumladan import qilinganda ham, imtiyozlar bekor qilinadi:
  • asbest, koʻmir, yogʻoch materiallari, yogʻoch va undan tayyorlangan buyumlar, uglevodorod xom ashyosi;
  • soya danagi, kungaboqar va kunjut urugʻlari, moyli xom ashyo va shakar xom ashyosi;
  • qishloq xoʻjaligi texnikasi, avtotransport vositalari, avtotransport vositalarini ishlab chiqarishda foydalaniladigan butlovchi buyumlar, materiallar va texnologik asbob-uskunalar;
  • yuridik shaxslarning tijorat banklariga joylashtirgan mablagʻlaridan foiz koʻrinishida olingan toʻlov manbaini foyda soligʻidan ozod qilish boʻyicha imtiyozlar bekor qilinadi.

Shuningdek, oʻzi ishlab chiqargan qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga va Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan belgilangan qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha imtiyozlar bekor qilinadi.

6. Ayrim nashriyotlar litsenziya uchun davlat boji toʻlamaydilar.

Bolalar adabiyotlari, shuningdek, nogironligi boʻlgan shaxslar uchun moʻljallangan mahsulotlar chop etishga ixtisoslashgan nashriyotlar noshirlik faoliyatini amalga oshirishga litsenziya berganlik uchun davlat boji toʻlashdan ozod qilinadi.

7. Qonun hujjatlari loyihalari elektron koʻrinishda kelishiladi va kiritiladi.

2019-yil 1-oktyabrdan boshlab va keyingi davrda — manfaatdor vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan ishlab chiqilgan va kelishilgan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining hujjatlari loyihalari kelishish (viza qoʻyish) hamda keyinchalik qabul qilish uchun Vazirlar Mahkamasi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga faqat Yagona elektron tizim orqali elektron koʻrinishda kiritiladi.

8. Ijro hujjatlarining yagona elektron bazasi yuritiladi.

Majburiy ijro byurosi Ijro hujjatlarining yagona elektron bazasini yuritadi, unga tegishli maʼlumotlar bazasi tizimlari bilan integratsiya qilish yoʻli bilan quyidagilar kiritib boriladi:

  • ijro organlari yurituviga kelib tushgan barcha ijro hujjatlari;
  • maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqishga vakolati boʻlgan organlar (mansabdor shaxslar) tomonidan solingan va undirilgan maʼmuriy jarimalar haqidagi maʼlumotlar.

9. “Mehribonlik” uylari xodimlarining tarif stavkalari oʻzgaradi.

“Mehribonlik” uylari, bolalar shaharchalari rahbar xodimlari va oliy maʼlumotli tarbiyachilari hamda barcha turdagi xalq taʼlimi muassasalarining oliy maʼlumotli tarbiyachilarining bazaviy tarif stavkalari miqdorlarini umumtaʼlim maktablarining tegishli rahbar va pedagog xodimlari bazaviy tarif stavkalariga tenglashtiriladi, bunda ayrim fanlar chuqur oʻrgatiladigan ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari tarbiyachilari uchun koʻzda tutilgan ustama bekor qilinadi.

Shuningdek, jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat taʼlim muassasalarining rahbar xodimlari va tarbiyachilariga mehnatning alohida sharoitlari uchun har oyda toʻlanadigan ustama haqi lavozim maoshining 75 foizi miqdorida toʻlanadi.

10. Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan boʻsh yer uchastkalari faqat “E-IJRO AUKSION” orqali taqdim etiladi.

Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyati uchun qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan boʻsh yer uchastkalari respublikaning barcha hududlarida faqat “E-IJRO AUKSION” savdo maydonchasida elektron onlayn-auksion orqali taqdim etiladi.

Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarga “YERELEKTRON” AATda aniq investitsiya majburiyatlari bilan birga yer uchastkasi va rejalashtirilayotgan qurilish maydonchasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni joylashtirish toʻgʻrisida takliflar kiritish huquqi beriladi.

Bundan tashqari, yer uchastkasini tanlash materiallarini kelishish va (yoki) u boʻyicha xulosalar berish vakolatli tashkilotlar tomonidan faqat elektron shaklda “YERELEKTRON” AAT orqali amalga oshiriladi.

Yer uchastkasini tanlash materiallari yuzasidan Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi, yongʻin xavfsizligi hududiy boshqarmalari va boʻlimlari, sanitariya-epidemiologiya nazorati xizmatining hududiy tashkilotlari, tumanlar (shaharlar) yer resurslari va davlat kadastri boʻlimlari, tumanlar (shaharlar) davlat soliq inspeksiyalarining xulosasini olish talabi bekor qilinadi.

Shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, Toshkent shahar hamda tumanlar (shaharlar) hokimlarining auksion gʻolibi nomiga yer uchastkasini ajratish boʻyicha qaror qabul qilishi toʻgʻrisidagi talab bekor qilinadi.

11. Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisidagi Qonun kuchga kiradi.

Oʻzbekiston Respublikasining Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisidagi Qonuni hamda Jinoyat va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodekslarga kiritilgan shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzish uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi normalar kuchga kiradi.

12. Eski avtotransport vositalarini yangisiga almashtirish mumkin.

Yurtimizda ishlab chiqarilgan avtotransport vositalari egalari uchun oʻzlariga tegishli avtotransport vositalarini topshirish hamda ular qiymatidagi farqni toʻlash orqali mahalliy avtomobillarning yangisini xarid qilish imkonini beruvchi “TRADE-IN” dasturi joriy etiladi.