Oilaviy tadbirlarni oʻtkazish tartibi belgilandi

Oliy Majlis palatalari kengashlarining qoʻshma qarori (KQ-592–III/2736–III-son, 14.09.2019-y.) bilan “Toʻy-hashamlar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bagʻishlangan tadbirlarni oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdqilandi.

Mazkur nizomda qator muhim masalalar belgilandi.

Xususan:

  • oilaviy tadbirlar faqat bir kun (dafn etish marosimi bundan mustasno) soat 06:00 va 23:00 oraligʻida oʻtkaziladi. Soat 23:00 dan keyin oilaviy tadbirlarni davom ettirishga yoʻl qoʻyilmaydi;
  • oilaviy tadbirlarda 200 nafargacha, mazkur tadbirlar munosabati bilan osh berish marosimida 250 nafargacha kishi, qoʻshaloq toʻy-hashamlarda 250 nafargacha, u bilan bogʻliq osh berish marosimida 300 nafargacha kishi qatnashishi mumkin;
  • hududlarning sharoitlaridan kelib chiqib, xalq deputatlari Kengashlari tomonidan osh berish marosimining vaqti alohida belgilanadi;
  • dafn etish va motam marosimlari koʻpi bilan 3 kun mobaynida cheklanmagan miqdordagi fuqarolar ishtirokida oʻtkazilishi mumkin.

Oilaviy tadbirlarni oʻtkazishda quyidagi talablarga rioya etish shart:

  • toʻy-hashamlarni oʻtkazuvchi shaxslar kamida bir hafta oldin yashash joyidagi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarini xabardor qilishi;
  • nikohni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, kelin-kuyovning toʻyxonaga kelishi va ketishi bilan bogʻliq oilaviy tadbirlarda 3 tadan koʻp boʻlgan avtomashinadan foydalanmaslik;
  • oilaviy tadbirlarda (dafn etish marosimidan tashqari) pulli avtotransport xizmati litsenziyaga ega boʻlmagan tashuvchilar tomonidan koʻrsatilishiga yoʻl qoʻymaslik (toʻy egalarining shaxsiy avtomashinalaridan hamda homiylar yordamida jalb etilgan avtotransport vositalaridan foydalanilgan hollar bundan mustasno);
  • shuhratparastlik, dabdababozlik va isrofgarchilikka yoʻl qoʻymaslik;
  • mahallalardagi ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligiga putur yetkazmaslik, odob-axloq qoidalariga qatʼiy amal qilish.

Milliy anʼanalarga yot, odob-axloq qoidalariga zid boʻlgan qoʻshimcha rasm-rusumlarni (“kelin navkari”, “chorlar”, “ota koʻrdi”, “sep yoydi”, “quda chaqirdi”, “kuyov chaqirdi”, “kelin chaqirdi”, “togʻora yuborish” va hokazolarni) oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Dafn etish va motam marosimlari bilan bogʻliq ortiqcha tadbirlarni (“yetti”, “payshanbalik”, “yakshanbalik”, “yigirma”, “qirq”, “hayit”, “yil oshi”, “pul tarqatish”, “mato ulashish” va hokazolarni) oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Toʻyxona, kafe va restoranlarda 50 nafar va undan ortiq shaxslar ishtirokida oilaviy tadbirlar oʻtkazishda toʻyxona, kafe va restoran rahbari oʻrtasida shartnoma tuziladi.

Oilaviy tadbirlarda sanʼatkorlar shartnoma asosida xizmat koʻrsatadi.

Oilaviy tadbirlarda 2 nafardan ortiq xonandaning (guruhning) xizmat koʻrsatishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Mahalliy hokimliklar, prokuratura, ichki ishlar, soliq va FHDYO organlari oilaviy tadbirlarning oʻtkazilishi ustidan taʼsirchan nazoratni amalga oshiradi.

Oilaviy tadbirlarning dabdabasiz, kamxarj va ixcham oʻtkazilishi uchun birinchi navbatda mahalla raislari va profilaktika inspektorlari shaxsan masʼul hisoblanadi.

Mazkur nizom 2020-yil 1-yanvardan kuchga kiradi.