October 31, 2019

Atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi tasdiqlandi

“2030-yilgacha boʻlgan davrda Oʻzbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida” Prezident Farmoni qabul qilindi.

Farmonga koʻra Davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy joriy etildi.

Moratoriy 2019-yil 1-noyabrdan 2020-yil 31-dekabrgacha amal qiladi.

Moratoriy amal qilish davrida davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga ruxsatnoma berish man etiladi.

Moratoriy quyidagilarga joriy etilmaydi:

· tabiiy omillar yoki zararkunandalar, oʻsimliklar kasalliklari taʼsirida zararlangan, qurib borayotgan yoki qurib qolgan, shuningdek, fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga xavf tugʻdiruvchi daraxtlar va butalarni sanitar kesish va qirqishga;

· yogʻoch va mevalar olish uchun oʻstirilayotgan daraxtlar hamda butalarni (terak va tez oʻsuvchi boshqa navlar, tut plantatsiyalari, mevali daraxtlar va butalar) kesishga;

· plantatsiyalarda oʻstirilayotgan va/yoki yuridik va jismoniy shaxslarning mulki hisoblangan daraxtlar hamda butalarni kesishga.

Shuningdek, quyidagilar man etildi:

· 2020-yil 1-yanvardan boshlab “Yevro-4”dan past ekologik toifadagi motor yoqilgʻisini ishlab chiqarish boʻyicha yangi quvvatlarni ishga tushirish;

· 2022-yil 1-yanvardan boshlab “Yevro-3”dan past ekologik toifadagi motor yoqilgʻisini, 2023-yil 1-yanvardan boshlab esa “Yevro-4”dan past ekologik toifadagi motor yoqilgʻisini “vaqtincha olib kirish” va “erkin muomala (import) uchun chiqarish” bojxona rejimiga joylashtirish;

· 2022-yil 1-yanvardan boshlab zaharlilik darajasi “Yevro-4” ekologik toifa talablariga mos kelmaydigan gaz, benzin va dizel dvigatellari bilan jihozlangan “M” va “N” toifalaridagi gʻildirakli transport vositalaridan foydalanish va ularni sotish maqsadida “vaqtincha olib kirish” va “erkin muomala (import) uchun chiqarish” bojxona rejimiga joylashtirish.

Farmon bilan 2030-yilgacha boʻlgan davrda Oʻzbekistonning Atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi va Konsepsiyani 2019-2021-yillarda amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.

Konsepsiyada atrof-muhit obyektlarini salbiy taʼsir qiluvchi omillardan saqlash va sifatini taʼminlash kabi bir qator chora-tadbirlar nazarda tutildi.

Farmonga muvofiq, 2019-yil 1-noyabrdan boshlab:

· Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qoʻmitasining raisi, viloyatlar hamda Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalarining boshliqlari har yili hududda atrof-muhitni muhofaza qilishning holati toʻgʻrisida tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga hisobot taqdim etadi;

· ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida nazorat boʻyicha tuman (shahar) inspeksiyalarining boshliqlari har yili tumanda (shaharda) atrof-muhitni muhofaza qilishning holati toʻgʻrisida tegishli ravishda xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga hisobot taqdim etadi.

Shu bilan birga, Farmonga koʻra, Davlat ekologiya qoʻmitasining yovvoyi hayvonlarni ovlashga va oʻsimlik dunyosi obyektlaridan maxsus foydalanishga ruxsatnomalar berish boʻyicha vakolatlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qoʻmitasiga, viloyatlar va Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalariga berildi.

2020-yil 1-oktyabrga qadar xalqaro tajribani hisobga olgan holda “Chiqindilar toʻgʻrisida” yangi tahrirdagi Qonun loyihasi ishlab chiqiladi.