September 17, 2019

Avtomobillarga uch foizlik yigʻim ishlab chiqaruvchi tomonidan toʻlanadi

Ijtimoiy tarmoqlarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 18-iyuldagi PQ–4397-son “Oʻzbekiston Respublikasi avtomobil sanoatini jadal rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida koʻrsatilgan ayrim talablar notoʻgʻri talqin qilinish holatlari uchramoqda.

Jumladan, yurtimizda ishlab chiqarilgan yangi avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun uch foizdan iborat boʻlgan yigʻim avtotransport vositalarini sotib oluvchilar tomonidan avtomobil xarid qilayotgan chogʻida avtomobil narxi bilan birga amalga oshirishi lozimligi, buning uchun joriy yilning 1-oktyabriga qadar dilerlik korxonasi bilan oldi-sotdi shartnomasini imzolagan, ammo xali avtomobilini olmagan xaridorlar bilan qoʻshimcha kelishuv imzolanishi hamda xaridor tomonidan mazkur toʻlov avtomobilni qabul qilib olish chogʻida dilerlik korxonasiga toʻlanishi kerak haqidagi xabarlar tarqatilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 18-iyuldagi PQ–4397-son “Oʻzbekiston Respublikasi avtomobil sanoatini jadal rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida 2019-yil 1-oktyabrdan boshlab yurtimizda ishlab chiqarilgan yangi avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun yigʻim avtotransport vositalari ishlab chiqaruvchilari tomonidan toʻlanishi belgilangan.

Hozirda amalda boʻlib turgan tartibga asosan yangi (avval foydalanilmagan) avtotransport vositalarini xarid qilganlik uchun toʻlov xarid narxidan uch foizdan iborat boʻlib, avtotransport vositasi Ichki ishlar vazirligi organlarida roʻyxatdan oʻtkazilishida avtotransport vositasi egasi (foydalanuvchi) tomonidan toʻlanishi lozim.

Yaʼni, avval avtomobil xarid qilayotgan avtomobil egasi ushbu avtotransport vositasini ichki ishlar organlarida roʻyxatdan oʻtkazayotganida uch foizlik yigʻimni toʻlab kelgan boʻlsa, endilikda joriy yil 1-oktyabrdan boshlab mamlakatimizda ishlab chiqarilgan avtotransport vositasi xarid qilinganlik uchun ushbu yigʻim avtotransport vositalari ishlab chiqaruvchilari tomonidan toʻlanadigan boʻldi.

Fuqarolik kodeksiga muvofiq qonunlarda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, shartnoma taraflarning kelishuviga muvofiq oʻzgartirilishi va bekor qilinishi mumkin. Shartnoma tuzishga majbur qilishga esa yoʻl qoʻyilmaydi.

Shunga koʻra, shartnomada avtomobil uchun toʻlanadigan haq miqdorini oʻzgartirish nazarda tutilmagan boʻlsa, u holda shartnoma shartlarini bir tomonlama oʻzgartirishga yoʻl qoʻyilmaydi. Buning uchun shartnoma boʻyicha har ikkala tarafning roziligi talab etiladi, shartnoma tuzish burchi qonunda yoki olingan majburiyatda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Tanlov asosida diler korxonalar va sotib oluvchilar oʻrtasida tuzilgan shartnomalar tahlili shartnoma narxi faqatgina avtomobilga qoʻshimcha opsiyalar oʻrnatilganda oʻzgarishi mumkinligi belgilanganligini koʻrsatdi.

Yuqoridagilarga koʻra, 1-oktyabrga qadar dilerlik korxonasi bilan oldi-sotdi shartnomasini imzolagan, ammo hali avtomobilini olmagan xaridorlar bilan yangi avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun uch foizdan iborat boʻlgan yigʻimni dilerlik korxonasiga toʻlatish boʻyicha qoʻshimcha kelishuv tuzishga boʻlgan bir tomonlama urinish qonun hujjatlariga ziddir.

T.Azimov

Adliya vazirligi masʼul xodimi