Korrupsiyaga qarshi insholar tanlovi oʻtkaziladi

by @huquqiy_axborot
Korrupsiyaga qarshi insholar tanlovi oʻtkaziladi

Adliya vazirligi, Bosh prokuratura, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi va Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi hamkorligida BMT Rivojlanish dasturining “Oʻzbekistonda samarali, hisob beruvchi va shaffof institutlari orqali korrupsiyaga qarshi kurashish” loyihasi homiyligida “Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi” nomli insholar tanlovi oʻtkaziladi.

Har yilning oktyabr-dekabr oylari davomida anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan yoshlarda korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarga qarshi murosasizlik tuygʻusini shakllantirishga qaratilgan insholar tanlovi bu yil ham boʻlib oʻtadi.

Tanlovning bu yil 22-oktyabrdan 30-noyabrgacha boʻlgan muddatda uch bosqichda (tuman (shahar) – viloyat – respublika) oʻtadi:

· birinchi bosqich: 22–25-oktyabr (baholash va natijalarni eʼlon qilish – 25-28-oktyabr);

· ikkinchi bosqich: 4–6-noyabr (baholash va natijalarni eʼlon qilish – 7-9-noyabr);

· uchinchi bosqich: 14–22-noyabr (baholash va natijalarni eʼlon qilish – 23-30-noyabr) kunlari.

Tanlov ikki guruh kesimida oʻtkaziladi:

· birinchi guruh – umumiy oʻrta taʼlim maktablarining 8-11 sinflari hamda litsey va kollej oʻquvchilari oʻrtasida;

· ikkinchi guruh – oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida.

Tanlovning 1-bosqichida quyidagi mavzuda insho yoziladi:

“Korrupsiya va men” – Korrupsiyaning fuqarolar, muayyan shaxs hayotiga taʼsiri, qonunga itoatkorlik yuksak qadriyat va korrupsiyaga qarshi kurashning asosi ekani, qarindosh-urugʻchilik, poraxoʻrlik, koʻzboʻyamachilik, qonunga itoatsizlik va javobgarlikdan qoʻrqmaslikning salbiy oqibatlari, korrupsiyaga nisbatan fuqarolik pozitsiyasi, xususan, toqatsizlik, murosasizlik va unga bosh qoʻshmaslik lozimligi kabi masalalar yoritilishi kerak.

Tanlov gʻoliblariga quyidagi sovgʻalar topshiriladi:

· 3-oʻrin planshet (har bir yoʻnalish boʻyicha bittadan, jami 2 ta);

· 2-oʻrinnoutbuk (har bir yoʻnalish boʻyicha bittadan, jami 2 ta);

· 1-oʻrin iPhone 11 PRO smartfoni (har bir yoʻnalish boʻyicha bittadan, jami 2 ta).

Shuningdek, homiylarning boshqa esdalik sovgʻalari ham topshiriladi.

Tanlov BMT Rivojlanish dasturining “Oʻzbekistonda samarali, hisob beruvchi va shaffof institutlari orqali korrupsiyaga qarshi kurashish” loyihasi doirasida moliyalashtiriladi.

Tanlov natijalarini eʼlon qilish hamda gʻoliblarni taqdirlash, qoida tariqasida, “9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” arafasida tanlov hayʼati aʼzolari, ishtirokchilar, ijodiy jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari vakillari taklif qilingan holda amalga oshiriladi.

October 21, 2019
by @huquqiy_axborot