Bu yilgi test sinovlari qanday oʻtkaziladi?
“Oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish tartibini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Hukumat qaroriga koʻra, abituriyentlar test sinovlariga kirish uchun ruxsatnomani (DTM) hujjatlarni roʻyxatdan oʻtkazishning muddati yakunlanganidan soʻng, ikki hafta muddatda qabul komissiyasidan yoki Davlat test markazining rasmiy veb-saytidan oladi.
Test sinovlari kunduzgi va kechki (smenali) taʼlim shakli uchun har yili iyul — avgust oylarida, qoida tariqasida, kuniga ikki smenada oʻtkaziladi. Birinchi smena soat 08:00 da, ikkinchi smena soat 15:00 da boshlanadi.
Abituriyent test sinovlari oʻtkaziladigan kuni binoga tegishli hududga soat 07:00 (ikkinchi smena soat 14:00) gacha, binoga soat 07:30 (ikkinchi smena soat 14:30) gacha faqat abituriyent ruxsatnomasi va pasporti bilan shaxsni identifikatsiyalash vositalari hamda videofiksatsiya qurilmalari orqali tartibli ravishda kiritiladi.
Abituriyent test sinovlari boshlanganidan soʻng binoga tegishli hududga kiritilmaydi.
Abituriyent ruxsatnomasida koʻrsatilgan sana va vaqtda test sinovlarida ishtirok etadi.
Abituriyent uchun mazkur sana va vaqt qatʼiy hisoblanib, unga boshqa sana va vaqtda test sinovlarida ishtirok etish uchun ruxsat berilmaydi.
Test topshiriqlari umumiy oʻrta va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimining umumtaʼlim fanlari oʻquv dasturlariga muvofiq tuziladi.
Abituriyentlar tanlagan taʼlim yoʻnalishiga qarab tegishli ravishda bir, ikki yoki uchta fan majmuasi boʻyicha test sinovini topshiradi.
Test topshiriqlari kitobidagi mavjud har bir fan 30 tadan test topshirigʻini oʻz ichiga oladi.
Test topshiriqlarini bajarish uchun (javoblar varaqasini toʻldirish bilan birga) 30 ta test topshirigʻiga 1 soat, 60 ta test topshirigʻiga 2 soat, 90 ta test topshirigʻiga 3 soat vaqt belgilanadi.
Abituriyent quyidagi ishlarni amalga oshirishga majbur:
- test materiallari nuqsonsizligini tekshirish va nuqson borligi aniqlansa, darhol guruh nazoratchisiga xabar berish;
- javoblar varaqasi toʻgʻri toʻldirilishini taʼminlash;
- test topshiriqlari kitobi muqovasida va javoblar varaqasida koʻrsatilgan tegishli joylarni rasmiylashtirish.
Abituriyent quyidagilarga shaxsan javobgar hisoblanadi:
- javoblar varaqasini havo rang pastali sharikli ruchka bilan toʻldirish;
- javoblar varaqasini bukmaslik, marker chizigʻiga yozmaslik, javoblar varaqasi raqami ostida joylashgan doirachalarni boʻyamaslik;
- javoblar varaqasi bilim darajasini belgilovchi asosiy hujjat boʻlganligi uchun uni toʻgʻri toʻldirish;
- belgilangan vaqt tugaguniga qadar test topshiriqlari kitobida mavjud test topshiriqlarini bajargan holda javoblar varaqasining mos tartib raqamidagi tegishli doirachalarini boʻyab, test topshiriqlari kitobini va unga mos boʻlgan javoblar varaqasini guruh nazoratchisiga topshirish.
Har bir test topshirigʻiga 4 tadan (“A”, “V”, “S”, “D”) muqobil javoblar beriladi.
Abituriyent tomonidan har bir test topshirigʻiga faqat bitta javob belgilanishi shart boʻlib, test topshiriqlari kitobida toʻgʻri deb hisoblangan javoblarni javoblar varaqasidagi mos tartib raqamli doirachadan bittasini boʻyaydi (javoblar varaqasida boʻyalgan javoblarni oʻzgartirish mumkin emas). Agar, javoblar varaqasidagi “belgilash uchun namuna” qoidasiga rioya etilmasa, jumladan, bitta test topshirigʻiga javoblar varaqasida tegishli doiracha boʻyalmasa yoki ikki va undan ortiq doiracha boʻyalsa yoxud toʻliq boʻyalmasa ushbu test topshirigʻiga ball berilmaydi.
Quyidagi hollarda abituriyent test sinovlari jarayonidan chetlashtiriladi va natijalari chiqarilmasligiga asos boʻladi:
- test sinovlari oʻtkaziladigan hududga yoki binoga kirishda mikrokalkulyator, lugʻat, jadval, kitob, uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya qurilmalari va boshqa vositalar, shpargalkalar olib kirishga harakat qilsa, olib kirgan boʻlsa yoki ulardan test sinovlari davomida foydalansa;
- test materiallarini boshqa abituriyentga uzatsa yoki ularga yordam bersa;
- test sinovlari jarayonida bir-biri bilan gaplashsa;
- test materiallarini binodan tashqariga olib chiqsa, test topshiriqlari kitobi varagʻini yirtsa;
- test sinovlari uchun ajratilgan vaqt tugagandan soʻng test materiallarini topshirishdan bosh tortsa;
- test sinovlari jarayonida videokuzatuvlar orqali abituriyentning tartib va qoidalarga amal qilmaganligi aniqlansa.
Abituriyentning test sinovidan toʻplagan ballari haqidagi maʼlumot test sinovi oʻtkazilgan kunning ertasiga, uning talabalikka tavsiya etilgani yoki etilmagani boʻyicha belgilangan tartibda tasdiqlangan tanlov natijasi test sinovlarini oʻtkazish jarayoni toʻliq yakunlangandan keyin bir hafta muddat ichida Davlat test markazining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.