186 ta tuman (shahar)larda kutubxona tashkil etiladi
Oʻzbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati koʻrsatishni yanada takomillashtirish toʻgʻrisida Prezident qarori qabul qilindi.
Qaror bilan 2019–2024-yillarda Oʻzbekistonda axborot-kutubxona sohasini rivojlantirish konsepsiyasi hamda axborot-kutubxona sohasini rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasiga tushadigan mablagʻlarning ikki foizi Axborot-kutubxona muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasiga ajratiladi.
Milliy kutubxona qoshida 186 ta tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlari tashkil etiladi.
Shuningdek, maktablar va kollejlar qoshida faoliyat koʻrsatayotgan barcha axborot-resurs markazlari tugatiladi, ularning kitob fondlari va shtat birliklari yangidan tashkil qilinayotgan tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlariga beriladi.
Qaror bilan yangi tashkil etilayotgan tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlarining asosiy vazifalari belgilab berildi.
Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga axborotdan foydalanish imkoniyatlari yaratish, foydalanuvchilarga har qanday (bosma, multimedia va raqamli) tashuvchilarda, Internet tarmogʻida sifatli axborot manbalaridan foydalanish imkoniyatini yaratish shular jumlasidandir.
Bundan tashqari, davlat tashkilotlarida, shu jumladan, harbiy qismlarda idoraviy kutubxonalar tashkil qilinadi (takomillashtiriladi). Ularning kitob fondini yangilash va toʻldirish uchun zarur nashrlar roʻyxati har yili shakllantirib boriladi.
21-may Kutubxonachilar kuni deb belgilandi. Bunda kutubxonachilarni koʻp yillik halol mehnati va axborot-kutubxona sohasini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun davlat mukofotlari bilan taqdirlash va ragʻbatlantirish koʻzda tutiladi.