June 15, 2019

Buxoroda 17 ming ishsiz ayol ish bilan taʼminlanadi

Buxoro viloyatini xotin-qizlar bilan ishlash yoʻnalishida namunali hududga aylantirish boʻyicha Hukumat qarori qabul qilindi (2019-yil 14-iyun, 495-son).

Qaror bilan 2019-yilda Buxoro viloyatini xotin-qizlar bilan ishlash yoʻnalishida namunali hududga aylantirish va xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari dasturi tasdiqlandi.

Unga koʻra, viloyatdagi ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan va nogironligi boʻlgan 246 nafar xotin-qizlarni nogironlik aravachalari, eshitish moslamalari va boshqa reabilitatsiya vositalari bilan taʼminlash, ishlash istagidagi 2 261 nafar ayolni “ustoz–shogird” tizimi asosida hunarmandchilikka oʻrgatish nazarda tutilgan.

Dasturga asosan, xotin-qizlar kutubxonalari uchun ijtimoiy hayotning turli jabhalari yoritilgan, tarbiyaviy ahamiyatga ega 270 turdagi asarni 20 ming nusxada chop etish rejalashtirilgan.

Buxoro shahri, Olot, Gʻijduvon va Qorakoʻl tumanlarini “salbiy holatlardan xoli hududga aylantirish” boʻyicha aniq choralar belgilash koʻzda tutilgan.

Qaror bilan shuningdek, 2019-yilda Buxoro viloyatida ishsiz xotin-qizlarning bandligini taʼminlashning yoʻnalishlar boʻyicha taqsimoti va manzilli roʻyxati tasdiqlandi.

Unga koʻra, 540 mahallada jami 316 ta loyiha amalga oshiriladi hamda 22 ming 436 yangi ish oʻrinlari yaratiladi. Bu orqali esa 17 ming ishsiz ayolning bandligi taʼminlanadi.

Qarorga muvofiq, viloyatdagi ogʻir ijtimoiy vaziyatdagi uy-joyga muhtoj ayollar uchun belgilangan 7 ta tumandagi binolar (ular tegishli tuman hokimliklari tomonidan boshqa binolarga almashtirish mumkin) qayta ixtisoslashtirish yoʻli bilan rekonstruksiya qilgan holda turar joylarga aylantiriladi.

Bundan tashqari, qaror bilan joriy yilda viloyatda oʻz tadbirkorligini tashkil etadigan xotin-qizlarning tuman (shahar)lar boʻyicha asosiy parametrlari tasdiqlandi.

Unga koʻra, tadbirkorlik yoʻnalishida jami 168 loyihaning amalga oshirilishi, bunga 7 mlrd 477 mln soʻm miqdorida mablagʻ ajratilishi belgilangan.

Qarorga muvofiq, xotin-qizlarni, ayniqsa, qiyin ahvolga tushib qolgan ayollarni mehnat bozorida talab etilayotgan kasblar boʻyicha qayta tayyorlash, tadbirkorlik bilan shugʻullanish istagini bildirgan ayollarni oʻqitish dasturi ishlab chiqiladi.

Notinch oilalar va jinoyatchilikka moyilligi boʻlgan xotin-qizlar bilan ishlashda, ular oʻrtasida salbiy holatlarning kelib chiqishi sabablarini bartaraf etish boʻyicha idoralararo hamkorlikni taʼminlovchi elektron dastur tajriba tariqasida amaliyotga joriy etiladi.

Shuningdek, huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimida xotin-qizlar bilan ishlash masalalari boʻyicha alohida boshqarma va uning boʻlimlari tashkil etiladi.