Majburiy mehnat qonun bilan taqiqlangan
Mehnatga maʼmuriy tarzda majburlov eng kam ish haqining bir baravaridan (202 ming 730 soʻmdan) uch baravarigacha (608 ming190 soʻmgacha) miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Mazkur huquqbuzarlik voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etilsa, eng kam ish haqining besh baravaridan (1 mln 13 ming 650 soʻmdan) oʻn baravarigacha (2 mln 27 ming 300 soʻmgacha) miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Hukumat qaroriga muvofiq, hokimlarga va barcha darajadagi davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlariga fuqarolarni, jumladan, taʼlim, sogʻliqni saqlash muassasalari, boshqa byudjet tashkilotlari xodimlarini, taʼlim muassasalari oʻquvchilari va talabalarni quyidagilarga jalb qilishga chek qoʻyish vazifasi yuklangan:
- majburiy mehnatga;
- tuman va shaharlar hududlarini obodonlashtirish hamda koʻkalamzorlashtirish ishlariga;
- mavsumiy qishloq xoʻjaligi ishlariga;
- metall chiqindilari va makulatura yigʻishga;
- boshqa turdagi mavsumiy ishlarga.
Hasharlar quyidagi shartlarga qatʼiy rioya etilgan holda faqat ixtiyoriy tarzda oʻtkaziladi:
- umumxalq hasharini oʻtkazish toʻgʻrisida faqat Prezident yoki Hukumatning tegishli hujjati boʻlganida;
- hasharlar tegishli tashkilot hududida mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik normalariga qatʼiy rioya etilgan holda oʻtkaziladi;
- hasharlar doirasida qurilish-taʼmirlash va qishloq xoʻjaligi ishlariga majburiy jalb etishga qatʼiy yoʻl qoʻyilmaydi.
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faqat tegishli mahalla hududida obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish, bolalar va sport maydonlarini jihozlash, moddiy-madaniy meros obyektlarini zarur holatda saqlash, qabristonlarni qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash hamda zarur holatda saqlash ishlarida aholining ixtiyoriy ishtirok etishini tashkil etishi mumkin.
Quyidagi hududlarda ixtiyoriy tashabbus bilan ham hasharlar va boshqa ishlarni oʻtkazish taqiqlanadi:
- avtomobil yoʻllari, harakatlanish tigʻiz boʻlgan koʻchalar;
- suv obyektlari, qirgʻoqboʻyi hududlar va zonalar;
- qurilish maydonlari, bino va inshootlar tomlari;
- xavfli ishlab chiqarish obyektlari, shuningdek, insonlarning hayotiga yoki sogʻligʻiga xavf tugʻilishi yuzaga kelishi mumkin boʻlgan boshqa joylar.
Quyidagi hollarda bajariladigan ishlar majburiy mehnat deb hisoblanmaydi:
- harbiy yoki muqobil xizmat toʻgʻrisidagi qonunlar asosida;
- favqulodda holat yuz bergan sharoitlarda;
- sudning qonuniy kuchga kirgan hukmiga binoan;
- qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda (masalan, MJtK 346-moddasiga koʻra maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslar jismoniy ishlarda foydalaniladi).