1-APRELDAN NIMALAR O'ZGARADI
1. Jismoniy shaxslar tomonidan xayriya tashkilotlaridan moddiy naf tarzida olinadigan daromadlar soliqqa tortishdan ozod qilinadi.
2. Import qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlarining tezkor tartibda, shu jumladan ruxsat beruvchi hujjatlarni Oʻzbekiston hududiga kirib kelgunga qadar berish orqali bojxona rasmiylashtiruvi mexanizmi joriy etiladi.
3. 14 yoshgacha bolalari boʻlgan oilalarga nafaqa, bola 2 yoshga toʻlgunga qadar bola parvarishi boʻyicha nafaqa va moddiy yordam oluvchilar soni 10 foizga oshiriladi.
4. 2020-yil 1-apreldan 1-oktyabrgacha boʻlgan davrda:
· yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliqning oylik eng kam summasi bazaviy hisoblash miqdorining 50 foiziga qadar kamaytiriladi;
· alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi bilan shugʻullanuvchi korxonalarning ajratmalari miqdori 5 foizdan 3 foizga pasaytiriladi;
· umumiy ovqatlanish korxonalari uchun alkogol mahsulotlarini chakana sotish huquqi uchun yigʻimlar miqdori belgilangan miqdorlardan 25 foizga kamaytiriladi.
5. 2020-yil 1-apreldan 1-iyulgacha boʻlgan davrda turistik (mehmonxona) yigʻimini hisoblash va toʻlash toʻxtatiladi.
6. 1995-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirib kelgan va doimiy propiskadan oʻtgan, chet davlat fuqaroligini qabul qilmagan hamda “Oʻzbekiston Respublikasining Fuqaroligi toʻgʻrisida”gi Qonun kuchga kirguniga qadar fuqaroligi boʻlmagan shaxsga Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi asosida yashab turgan shaxs istak bildirgan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olinadi.
7. Tuman (shahar) maktabgacha taʼlim boʻlimlari ushbu hududdagi bogʻchalar sonidan kelib chiqib, I, II va III guruhlarga ajratiladi va shu asosda maktabgacha taʼlim tizimi xodimlari mehnatiga haq toʻlash tartibi takomillashtiriladi.
8. Toshkent shahri va Toshkent viloyatida koʻchmas mulkni olishda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun ushbu hududlarda doimiy propiskaga ega boʻlish talab qilinmasligini koʻzda tutuvchi tartib joriy etiladi. (Maʼlumot oʻrnida: hozirgi kunda Vazirlar Mahkamasining ushbu tartibni nazarda tutuvchi qarori loyihasi regulation.gov.uz portalida umumhalq muhokamasiga qoʻyilgan).
9. Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarining ishini tizimli nazorat qilish, malakali kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyish, huquqni qoʻllash amaliyotini muvofiqlashtirish, “FHDYOning yagona elektron arxivi” axborot tizimini yuritish va FHDYO organlarining hududiy arxivlariga rahbarlik boʻyicha funksiyalarni yuklagan holda FHDYO organlari Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi tasarrufiga oʻtkaziladi.
10. Quyidagi davlat xizmatlari Toshkent shahrida faqat Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining rasmiy veb-saytlari orqali koʻrsatiladi:
· Qizil kitobga kiritilmagan yovvoyi oʻsimliklar va ularning qismlarini olib kirish va olib chiqishga ruxsatnoma;
· Qizil kitobga kiritilmagan yovvoyi hayvonlar, ularning qismlari, hayot faoliyati mahsulotlari, zoologiya kolleksiyalari, trofeylar, tulumlarni olib kirish va olib chiqishga ruxsatnoma;
· Qizil kitobga kiritilmagan yovvoyi hayvonlarni saqlash va koʻpaytirish boʻyicha pitomnikni, shuningdek, zoologik kolleksiyalarni hisobga qoʻyish toʻgʻrisidagi guvohnoma;
· Tadbirkorlik subyektlari yagona davlat reyestridan tadbirkorlik subyektining oʻzi toʻgʻrisida koʻchirma;
· Tadbirkorlik subyektlari yagona davlat reyestridan koʻchirma, maxfiy axborot bundan mustasno;
· Tadbirkorlik subyektlari yagona davlat reyestridan soʻralayotgan axborot va (yoki) hujjat mavjud emasligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma berish;
· Tadbirkorlik subyektlari yagona davlat reyestridan tadbirkorlik subyektlari roʻyxatini elektron shaklda berish, olish imkoniyati qonun hujjatlari bilan cheklangan maʼlumotlar bundan mustasno;
· Manzil-maʼlumot axborotlarini taqdim etish;
· Soliq toʻlovchi jismoniy shaxslarni soliq organlarida hisobga qoʻyish, STIR berish;
· Yakka tartibdagi tadbirkorning roʻyxatdan oʻtkazilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomasini toʻxtatib turish.
11. Tajriba-sinov tariqasida Toshkent viloyati Qibray va Toshkent tumanlari, Fargʻona viloyati Fargʻona va Oltiariq tumanlari hamda Qashqadaryo viloyati Kitob va Nishon tumanlarida:
· jismoniy va yuridik shaxslarga yer uchastkalarini qishloq xoʻjaligi maqsadlari uchun shaffof va ochiq tanlov oʻtkazish orqali ajratish mexanizmi joriy etiladi;
· jismoniy va yuridik shaxslarga keyinchalik tanlovga qoʻyish boʻyicha tashabbus koʻrsatish huquqini taqdim etgan holda maxsus geoportal orqali yer uchastkasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni joylashtirish huquqi beriladi;
· qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardan foydalanish huquqining bozor qiymatini baholash hamda ulardan soliqqa tortishda foydalanish mexanizmi joriy etiladi.
12. Ruhiy kasalliklar boʻyicha dispanser hamda Narkologiya dispanseri tomonidan fuqarolarning hisobda turishi yoki turmasligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani toʻgʻridan-toʻgʻri berish amaliyoti bekor qilinadi.
Fuqarolarga Ruhiy kasalliklar boʻyicha dispanser hamda Narkologiya dispanseri hisobida turishi yoki turmasligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki YAIDXP orqali taqdim etiladi.
Narkologiya va ruhiy kasalliklarga chalingan fuqarolar hisobi faqat elektron shaklda yuritiladi.
13. Shaxsni ushlash, unga protsessual huquqlarini tushuntirish, himoyachidan voz kechish harakatlarini majburiy tarzda video tasvirga tushirish tartibi joriy etiladi.
Shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari zimmasiga ular tomonidan shaxs ushlanganidan soʻng uning ushlangani va ushlab turilgan joyi toʻgʻrisida uning oila aʼzolaridan birini, ular boʻlmagan taqdirda esa, boshqa qarindoshlarini yoki yaqin kishilarini darhol xabardor qilish boʻyicha majburiyat yuklanadi.
14. Byudjet tashkilotlarining chet el valyutasidagi mablagʻlariga nisbatan Moliya vazirligi Gʻaznachiligida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlari ochish orqali gʻazna ijrosi mexanizmi joriy etiladi.