June 15, 2022

Ochiqlikni samarali ta’minlagan davlat organlari mas’ul xodimi rag‘batlantiriladi

“Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqlik darajasini oshirish va baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni (PF–154-son, 14.06.2022-y.) qabul qilindi

Farmonga ko‘ra, 2022-yil 1-avgustdan:

  • Davlat byudjeti, shuningdek, xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxatiga kiritiladi;
  • davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlik bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholashga qaratilgan Ochiqlik indeksi joriy etiladi.

Ochiqlik indeksi quyidagi indikatorlar asosida baholanadi:

  • ochiqlikni ta’minlashga mas’ul xodimlar faoliyatining samaradorligi;
  • davlat organlari va tashkilotlari rasmiy veb-saytlarida axborotlarni joylashtirish va elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish holati;
  • ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlarni axborot resurslarida e’lon qilish va jamoatchilik oldida hisobdorlik tizimining yo‘lga qo‘yilishi;
  • byudjet jarayonining ochiqligini ta’minlashga oid ma’lumotlarning rasmiy veb-saytda joylashtirilishi;
  • Ochiq ma’lumotlar portalida ma’lumotlar joylashtirilishi;
  • ommaviy kommunikatsiya texnologiyalarining joriy qilinishi;
  • korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va ularning oldini olishda ochiqlik tamoyillaridan foydalanish holati;
  • jamoatchilik kengashi faoliyatining samaradorligi.

Ochiqlik indeksi “0” balldan “100” ballgacha baholanib, davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati samaradorligi “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratiladi.

Baholash har yili oldingi yilning 1-yanvaridan 31-dekabrigacha bo‘lgan davrini o‘z ichiga qamrab oladi.

2022-yilda Ochiqlik indeksi 1-iyuldan boshlab joriy yilning ikkinchi yarmi qamrab olingan davr uchun baholanadi.

Ochiqlik indeksini hisoblash natijalari har yili 1-aprelgacha Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (Agentlik) tomonidan “eanticor.uz” elektron platformasi va OAVda e’lon qilib boriladi.

Amalga oshirilgan ishlar va ko‘rilgan choralar ijrosi bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlarining birinchi rahbarlari hisobotlari har yarim yilda Oliy Majlis Senati majlislarida eshitiladi.

Agentlik tavsiyasiga asosan bir yilda bir marta faoliyati “yashil” toifada baholangan davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikni ta’minlashga mas’ul xodimlari bir oylik lavozim maoshining 50 foizi miqdorida rag‘batlantiriladi.

Farmon bilan Agentlik huzurida Ochiqlikni ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholash komissiyasi tashkil etildi.

2022-yil 1-iyuldan Ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar davlat organlari va tashkilotlari rasmiy veb-saytining bosh sahifasida alohida bo‘limga joylashtiriladi.

Ushbu ma’lumotlar boshqa sahifaga joylashtirilmagan taqdirda, e’lon qilinmagan deb hisoblanadi.

Farmon bilan shuningdek, Agentlikka davlat tashkilotlari faoliyati ochiqligini ta’minlash borasida qo‘shimcha huquqlar berildi.

Agentlik davlat organlari va tashkilotlariga:

  • ochiqlik sohasida belgilangan talablarning buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida ogohlantirish e’lon qiladi;
  • ochiqlikka oid talablarning buzilishiga olib kelgan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini ko‘rish to‘g‘risida taqdimnoma kiritadi;
  • ochiq ma’lumotlarning haqqoniyligini tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilib olish haqida so‘rovnoma yuboradi.

Ogohlantirish, taqdimnoma va so‘rovnomalar davlat tashkilotlari tomonidan 10 kun muddat ichida ko‘rib chiqilishi va natijalari yuzasidan yozma axborot berilishi shart.

2023-yil 1-yanvargacha ochiqlikni ta’minlash bo‘yicha monitoring o‘tkazish, ochiqlik bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholash, shuningdek, Ochiqlik indeksini baholash jarayonlari Yagona idoralararo axborot tizimi (platforma) orqali yo‘lga qo‘yiladi.

Farmon bilan Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini monitoring qilish va baholash bo‘yicha metodika tasdiqlandi.