Fuqarolar normativ-huquqiy hujjatlarning korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazishda ishtirok etishi mumkin
“Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi to‘g‘risida”gi Qonun (O‘RQ–860-son, 08.08.2023 y.) Prezident tomonidan imzolandi
Qonunga ko‘ra, Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazuvchi subyektlar quyidagilardan iborat:
- Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi;
- Adliya vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari;
- normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining ishlab chiquvchilari bo‘lgan davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatlari;
- tegishli normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini taʼminlash o‘z zimmasiga yuklatilgan davlat organlari va tashkilotlari.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi quyidagi hollarda normativ-huquqiy hujjatlarning korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazadi:
o‘z tashabbusiga ko‘ra – har qanday normativ-huquqiy hujjatlarni, shu jumladan o‘rganish va tekshirishlar natijalari bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatning qo‘llanilishi chog‘ida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar fakti aniqlangan hollarda;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining va ular organlarining, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshiriqlariga ko‘ra.
O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari loyihalarining;
vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladigan buyruqlari hamda qarorlarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazadi.
Nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ommaviy axborot vositalari normativ-huquqiy hujjatlarning jamoatchilik ekspertizasini qonunchilikda belgilangan tartibda o‘tkazishga haqli bo‘lib, ushbu ekspertiza doirasida korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etishga doir takliflar va tavsiyalar ishlab chiqilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari davlat organlari hamda tashkilotlari tomonidan o‘tkaziladigan normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazish jarayonida ishtirok etishi mumkin.
Normativ-huquqiy hujjatlardagi va ularning loyihalaridagi korrupsiyani keltirib chiqaruvchi asosiy omillar jumlasiga quyidagilar kiradi:
- normalarning barqarorligi va huquqiy jihatdan muvofiqligi bilan bog‘liq bo‘lgan korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar;
- vakolatlar, huquq va majburiyatlar bilan bog‘liq bo‘lgan korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar;
- maʼmuriy tartib-taomillar bilan bog‘liq bo‘lgan korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar;
- nazorat-tekshirish faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar.
Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazish bo‘yicha ekspertlar reyestri Adliya vazirligi tomonidan yuritiladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat organlari va tashkilotlari tomonidan normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi o‘tkazilishi chog‘ida ularga Adliya vazirligi bilan birgalikda uslubiy yordam ko‘rsatadi.
Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
@huquqiyaxborot - Yangi qonunchilik hujjatlari, huquqiy islohotlar haqida tezkor maʼlumotlar taqdim etuvchi kanal