January 6, 2022

Mehnatni muhofaza qilish sohasida malaka imtihonini o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibi belgilandi

Hukumat qarori (4-son, 05.01.2022 y.) bilan Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha mutaxassislarning malaka imtihonini o‘tkazish va malaka sertifikatini berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning maʼmuriy reglamenti tasdiqlandi

Maʼmuriy reglamentga ko‘ra, 2022 yil 1 yanvardan talabgor malaka sertifikatini olish uchun Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali murojaat qilishi mumkin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar bandlik bosh boshqarmalari malaka imtihonini o‘tkazish bo‘yicha vakolatli organ hisoblanadi.

Vakolatli organ so‘rovnoma tushgan kundan boshlab 1 kun muddatda talabgorni malaka imtihoniga qo‘yish yoki rad etish maqsadga muvofiqligini o‘rganib chiqadi.

Malaka imtihoni guruhlar shakllanishiga qarab 2 oyda kamida bir marta o‘tkaziladi.

Imtihonni o‘tkazish kuni, vaqti va joyi to‘g‘risida maʼlumot imtihondan kamida 15 kun oldin, imtihonga qo‘yilgan talabgorlar ro‘yxati esa imtihondan 5 kun oldin vakolatli organning rasmiy veb-saytida joylashtiriladi.

Imtihonni topshirishda talabgor pasport, identifikatsiya ID-kartasi yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatning aslini taqdim etadi.

Imtihon test sinovlari (kamida 75 ta savol) orqali o‘tkaziladi.

Umumiy imtihon vaqti 45 daqiqani tashkil etadi.

70 foizdan kam bo‘lmagan savollarga to‘g‘ri javob bergan talabgor imtihondan o‘tgan hisoblanadi.

Imtihon natijalari 2 kun muddatda eʼlon qilinadi.

Malaka sertifikatiga ega bo‘lgan har bir talabgor sertifikat olgan yilgan har 3 yilda mehnatni muhofaza qilish sohasida malaka oshirish kurslaridan o‘tishlari shart.

Davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun BHMning bir baravari (270 ming so‘m), YAIDXP orqali murojaat etilganda mazkur summaning 90 foizi (243 ming so‘m) miqdorida yig‘im undiriladi.