December 11, 2020

Byurokratik to‘siqlarni tubdan qisqartirish bo‘yicha Prezident Farmoni loyihasi muhokamaga qo‘yildi

Fuqarolarni qiynab kelayotgan ortiqcha ovoragarchiliklar va byurokratik to‘siqlarni qisqartirish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi va tadbirkorlarga yengilliklar yaratish hamda byurokratik to‘siqlarni tubdan qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Farmoni loyihasi ishlab chiqildi.

Loyihada bir qator muhim yangilik va o‘zgarishlar nazarda tutilmoqda. Xususan:

birinchidan, 2021 yil 1 martdan boshlab quyidagilar taklif etilmoqda:

  • fuqarolarning doimiy (vaqtincha) ro‘yxatdan o‘tgan joyidan hamda yuridik shaxslarning joylashgan yeridan qatʼi nazar fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish, nikohlanuvchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish, tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarida ko‘rikdan o‘tish va transport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish imkoniyatini respublikaning istalgan hududida amalga oshirish (hozirda ushbu xizmatlar fuqarolarning doimiy yashash joyida ko‘rsatilmoqda);
  • notariuslar tomonidan fuqarolardan nikohda turish-turmaslik, oilaviy holati va FHDYO organi tomonidan beriladigan boshqa maʼlumotlarni so‘rashni bekor qilish;
  • tadbirkorlik subyekti bo‘lgan yuridik shaxslarga davlat xizmatlaridan foydalanish uchun belgilangan to‘lovlarini naqd pul shaklida amalga oshirishga ruxsat berish (amalda yuridik shaxslar tomonidan davlat xizmatlari uchun to‘lovlar faqat pul ko‘chirish yo‘li bilan amalga oshiriladi);
  • davlat xizmatini ko‘rsatish natijasida beriladigan hujjatlar QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yish orqali berilganda ularning dublikatlarini berish tartibini bekor qilish (bunda fuqarolar, tadbirkorlik subyektlari hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan ushbu hujjatlar elektron ko‘rinishda YAIDXP orqali cheklanmagan miqdorda bepul olinadi).
  • ikkinchidan, 2021 yil 1 apreldan boshlab, fuqarolardan 12 turdagi maʼlumotnoma (ruhiy kasalliklar, narkologiya bo‘yicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi, sudlanganlik, fuqaroning nomida shaxsiy uy-joy borligi yoki yo‘qligi, turar joyning maydoni, soliq qarzi bor yoki yo‘qligi, pensiya va nafaqa miqdori, nikoh qayd etilganligi, nikohda turmasligi yoki nikohdan ajralganligi to‘g‘risida va b.) 8 turdagi hujjatni (shaxsni tasdiqlovchi hujjatning nusxasi, shaxsning fotosurati, tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarining maʼlumotnomalari, kadastr hujjatlari, mehnat daftarchalari va ularning nusxalari, ish haqi va ish stajini, oliy va o‘rta maxsus taʼlim muassasasida o‘qiganlikni tasdiqlovchi arxiv maʼlumotnomasi) kabilarini talab qilishni bekor qilish taklif etilmoqda.

(Maʼlumot uchun: Normativ-huquqiy hujjatlarni inventarizatsiya qilish natijasida birgina fuqarolardan turli xil shakldagi fotosuratni ilova qilish talab qilinadigan 124 ta hujjat aniqlangan. Fotosuratlar aksariyat hollarda o‘qishga kirish, ishga joylashish hamda turli tanlovarda qatnashish uchun talab qilinmoqda. 10 ta normativ-huquqiy hujjatda fotosuratlarni ichki ishlar organlari tomonidan so‘ralishi belgilangan. Vaholanki, IIV elektron axborot tizimida so‘ralayotgan fotosuratlar mavjud.)

Tabiiyki, ushbu turdagi maʼlumotnomalar va hujjatlarni berish, ayniqsa, ulardan nusxa ko‘chirish fuqarolardan maʼlum miqdorda xarajatlarni talab qiladi.

Misol uchun, fuqaro ruhiy kasalliklar bo‘yicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi to‘g‘risida maʼlumotnomani olish uchun bugungi kunda fuqarolardan BHMning 2 foizi (4.460 so‘m) miqdorida yig‘im undiriladi. Ushbu xizmat bo‘yicha shu yilning o‘zida 251 933 ta ariza kelib tushgan va fuqarolarning 1 mlrd. 200 mln. so‘mdan ortiq mablag‘lari sarflanishiga sabab bo‘lgan.

Xuddi shunday, sudlanganlik haqida maʼlumot, fuqaroning nomida shaxsiy uy-joyi borligi yoki yo‘qligi to‘g‘risida maʼlumotnoma, manzil-maʼlumot to‘g‘risidagi axborotni olish kabi jami 6 turdagi maʼlumotnomalarni olish uchun fuqarolar tomonidan bir yilda o‘rtacha 27 mlrd. so‘mga yaqin mablag‘lar sarflanmoqda.

Shuningdek Farmon loyihasi bilan xorijga chiqish biometrik pasportini olish uchun ariza va davlat bojini qabul qilishni faqat elektron tarzda YAIDXP (my.gov.uz) orqali amalga oshirish taklif qilinmoqda. Buning natijasida pasport olish uchun ortiqcha navbat va ovoragarchiliklarning oldi olinib, fuqarolarning ariza-anketalarni to‘ldirishga sarflanadigan xarajatlari tejaladi, fuqarolar ichki ishlar organiga faqat tegishli biometrik holatlarni (barmoq izi va yuz qiyofasi) tasdiqlash uchungina boradi.

Bugungi kunda yiliga fuqarolar tomonidan soliq tizimida hisobga qo‘yish va uni aniqlash bo‘yicha 1.5 mln.ga yaqin, pensiya tizimiga hisobga qo‘yish bo‘yicha 250 mingga yaqin murojaatlar tushmoqda. Shundan kelib chiqib, loyihada 2021 yil 1 apreldan boshlab, 16 yoshga to‘lgan shaxslarga ID-kartalarni berishda ularni bir vaqtning o‘zida soliq organlarida hamda pensiya jamg‘armasida hisobga qo‘yish taklif qilinmoqda.

Shu bilan birga 2021 yil 1 iyuldan boshlab barcha fuqarolardan soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami (STIR) va pensiya jamg‘armasida hisobda turganlik faktini talab qilish bekor qilish va ushbu maʼlumotlar o‘rniga biometrik pasportdagi jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamidan (JSHSHIR) foydalanish taklif qilinmoqda. Bu esa ushbu maʼlumotlarni alohida-alohida yuritilmasligiga hamda fuqaroning faqatgina biometrik pasportidagi (ID-kartasi) maʼlumotlari uning soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatga olinishi va pensiya jamg‘armasida hisobda turishini tasdiqlaydi.

Bundan tashqari loyiha bilan tasdiqlanishi ko‘zlangan Yo‘l xaritasi bilan 30 turdagi xizmatlarni va tartibotlarni qayta ko‘rib chiqish orqali soddalashtirish ko‘zda tutilgan.

Loyihaning shu va boshqa yangiliklari bilan quyidagi havola orqali tanishib chiqish mumkin:

https://regulation.gov.uz/uz/d/25772

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi

Maʼmuriy tartib-taomillarni takomillashtirish va monitoringini yuritish boshqarmasi