April 25, 2022

Olisda joylashgan mahallalarda 1002 ta tibbiyot punktlari tashkil etiladi

“Birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini aholiga yaqinlashtirish va tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–215-son, 25.04.2022-y.) qabul qilindi

Qarorga ko‘ra:

  • hududlarda 2023-yil 1-yanvardan joylardagi oilaviy poliklinika filiallari negizida oilaviy shifokor punktlari tashkil etiladi;
  • oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinika va tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida kunduzgi statsionar ish vaqti soat 20:00 gacha uzaytiriladi hamda ularda ishlovchi tibbiyot xodimlari uchun 2022-yil 1-iyundan qo‘shimcha ustama haqi belgilanadi;
  • 2022-yil 1-maydan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalaridan olis masofada joylashgan mahallalarda mahalla tibbiyot punktlari tashkil etiladi (2022-yilda jami 1002 ta);
  • aholining profilaktik tibbiy ko‘riklari, skrining dasturlar va patronaj xizmati faqat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan tartibga muvofiq va belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi, boshqa tashkilotlarning ushbu jarayonga aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi.

2022-yil 1-iyuldan:

  • olis va chekka hududlardagi oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarda faoliyat yuritayotgan barcha shifokorlar oylik ish haqiga qo‘shimcha 2 million so‘m miqdorida har oylik ustama belgilanadi hamda ularga ipoteka asosida uy-joy sotib olishda uy-joy qiymatining 50 foizigacha qismi, biroq BHMning 500 barobaridan (135 mln so‘mdan) oshmagan miqdorda qoplab beriladi;
  • olis va chekka hududlarda uzluksiz 3 yil ishlagan shifokorlar klinik ordinaturaga test sinovlarisiz qabul qilinadi.

2022-yil 1-sentyabrdan shifokorlarning yakka tartibda oilaviy shifokorlik faoliyatini yuritishga ruxsat beriladi.

Buning uchun alohida tibbiyot muassasasi ochish talab etilmaydi va ushbu toifadagi shifokorlarga o‘z uyida yoki ijaraga olingan binoda tibbiy xizmatlar ko‘rsatishi mumkin.

Mazkur tajriba dastlab 2022-yil yakunigacha Sirdaryo viloyatida, keyinchalik esa bosqichma-bosqich boshqa hududlarda joriy etiladi.

2022-yil 1-avgustdan oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarning ish samaradorligini baholash bo‘yicha yangi reyting tizimi joriy qilinadi. Bunda:

  • hududda ortiqcha vazndan xalos bo‘lish, to‘g‘ri ovqatlanish tamoyillariga rioya etish, jismoniy faollikni oshirish, infarkt, insult, qandli diabet, onkologiya kabi kasalliklarning oldini olish bo‘yicha ko‘rsatkichlar asosiy mezonlar bo‘ladi;
  • har 6 oyda ijobiy ko‘rsatkichlarga erishgan tibbiyot xodimlari rag‘batlantiriladi hamda eng yaxshi natija ko‘rsatgan tibbiyot muassasasi mukofot va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi;
  • ushbu tizim 2022-yilda Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi 11 ta hamda Namangan viloyatining Uychi tumanidagi 12 ta oilaviy shifokor punkti va oilaviy poliklinikalarda, 2023-yildan bosqichma-bosqich barcha hududlarda joriy etiladi.

2022-yil 1-sentyabrdan tibbiyot tizimi rahbarlarining xalq deputatlari mahalliy Kengashlari hamda mahalla fuqarolar yig‘inlarida hisobot berish tartibi joriy qilinadi.

2022-yil 1-noyabrgacha davlat tomonidan aholiga bepul ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar va beriladigan dori vositalari hajmi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etish imkonini beruvchi mobil ilova yaratiladi.

2022-yil yakunigacha Andijon, Buxoro va Xorazm viloyatlaridagi tibbiyot OTM klinikalarining neyroxirurgiya bo‘limlari negizida yuridik maqomga ega bo‘lmagan hududlararo neyroxirurgik markazlar tashkil etiladi.

Qaror bilan o‘z mahallasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilgan, shaxsiy namuna ko‘rsatgan tibbiyot xodimlari va jamoatchilik vakillari uchun “Xalq salomatligi posboni” ko‘krak nishoni ta’sis etildi.

2022-yil 1-iyundan qon bilan bevosita ishlayotgan davlat tibbiyot muassasalari xodimlari gepatit “V” kasalligiga qarshi bepul emlanishi yo‘lga qo‘yiladi.

Har yili 1 000 nafargacha imtiyozi bo‘lmagan, uzoq yillar davlat tibbiyot muassasalarida ishlayotgan bemor xodimlarga yuqori texnologik operatsiyalar sug‘urta badallari hisobidan o‘tkaziladi.