April 30, 2022

Ayrim nogironligi bo‘lgan shaxslarga nafaqa bilan birga stipendiya ham beriladi

“Ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–230-son, 29.04.2022-y.) qabul qilindi

Qarorga ko‘ra, 2022-yil 1-iyuldan:

  • oilaviy bolalar uylarining saqlash xarajatlari uchun Davlat budjetidan mablag‘ ajratishda bir nafar tarbiyalanuvchiga to‘g‘ri keladigan xarajatlar hamda bolalar sonidan kelib chiqib, zarur mablag‘lar kommunal xarajatlar bilan birga ota-onalar nomiga ochilgan bank plastik kartalariga o‘tkazib beriladi;
  • jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarda hamda nogironligi bo‘lgan bolalar kasb-hunar maktablarida ishlovchi texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning bazaviy tarif stavkalariga 50 foiz miqdorda ustamalar to‘lanadi.

Jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarni Respublika maqsadli kitob jamg‘armasi orqali badiiy adabiyotlar bilan muntazam ta’minlash uchun har yili 5 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

2023-2025 yillarda 10 ta hududda reabilitatsiya markaziga ega bo‘lgan “Imkon” ko‘p tarmoqli ixtisoslashgan maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish choralari ko‘riladi.

Qarorga ko‘ra:

  • yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar ularga davlat tomonidan ikkilamchi bozordan olib berilgan uy-joylarni mulkka egalik qilish huquqi asosida o‘z nomiga rasmiylashtirishda notarius va kadastr xizmatlari uchun (oldi-sotdi shartnomasi va ko‘chmas mulk ob’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish) davlat boji to‘lashdan ozod etiladi;
  • yetim yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talabalarga davlat OTMda oziq-ovqat, kiyim-kechak va sanitariya vositalari xarid qilish uchun mablag‘ ajratish amaliyoti nodavlat oliy ta’lim muassasalari talabalariga ham tatbiq etiladi;
  • 2022-yil 1-iyundan “Ishga marhamat” monomarkazlarida inklyuziv ta’lim asosida kasb-hunarga o‘qitilayotgan nogironligi bo‘lgan shaxslarga nogironlik nafaqasi bilan bir vaqtda, BHMning 2 baravari (540 ming so‘m) miqdorida har oylik stipendiya to‘lab beriladi.

2022-yil 1-maydan “Saxovat” uylarida yashovchi zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga shaxsiy sarf-xarajatlari uchun har oyda tegishli nafaqa miqdorining 20 foizini to‘lash tartibi joriy qilinadi.

Qarorga ko‘ra, Afg‘on urushida ishtirok etgan nogironligi bo‘lgan jangchi-faxriylar individual o‘lchovlar asosida tayyorlanadigan tegishli zamonaviy protez-ortopediya moslamalari bilan ta’minlanadi.

2023-yil 1-yanvardan:

  • I va II guruh nogironligi uchun pensiya tayinlangandan keyin ishlagan fuqarolarning ish staji va ish haqini hisobga olgan holda, nogironlik pensiyasi miqdorlari har ikki yilda qayta hisoblanadi;
  • hududiy jamoat fondlari hisobidan O‘zbekiston nogironlar jamiyati, O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati, O‘zbekiston karlar jamiyati hamda O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasining hududiy bo‘linmalariga davlat subsidiyasi ajratiladi.

Shuningdek, 2022-2023 yillarda davlat ijtimoiy muassasalarining qurish va ta’mirlash hamda ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun 600 milliard so‘m yo‘naltiriladi.