Kavrak yetishtirish klasterlari tashkil etiladi
“Respublikada kavrak yetishtirishni rivojlantirish va sanoatlashtirishni rag‘batlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni (PF–116-son, 27.04.2022-y.) qabul qilindi
Farmonga ko‘ra, Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasiga kavrak yetishtirishni jadal rivojlantirishni taʼminlash bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar yuklatildi.
Qo‘mita, jumladan, respublikaning tabiiy-iqlim sharoitlariga mos bo‘lgan madaniy kavrak plantatsiyalari tashkil etilishini monitoring qiladi.
Shuningdek, “Kavrak yetishtiruvchilar va eksport qiluvchilar” uyushmasi “Yaylov xo‘jaligini rivojlantirish” uyushmasiga (Uyushma) qo‘shib olindi.
Farmon bilan 2022–2026-yillarda yaylov yer maydonlarida kavrak plantatsiyalarini barpo etishning prognoz ko‘rsatkichlari tasdiqlandi.
Shunga ko‘ra, belgilangan yillarda jami 90 ming gektar (shundan, joriy yilda 6 ming gektar) maydonda kavrak plantatsiyalarini barpo etish nazarda tutilgan.
2022-yil 1-iyungacha Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida kavrakni qayta ishlovchi korxonalar, kavrak yig‘ish va yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi uy xo‘jaliklari (jismoniy shaxslar) va kavrak ko‘chatchiligi xo‘jaliklari kooperatsiyasiga asoslangan kavrak yetishtirish klasterlari tashkil etiladi.
2022-yil 1-maydan Qo‘mitaning doimiy egaligidagi yer maydonlarida:
- yovvoyi holda o‘suvchi kavrak o‘simligini g‘amlash (yig‘ish) uchun kvotalar Qo‘mitaning buyurtmasiga ko‘ra, to‘lov evaziga Fanlar akademiyasining xulosasi asosida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadi;
- mazkur kvotalar doirasida yovvoyi holda o‘suvchi kavrakdan maxsus foydalanish hamdauni chetga olib chiqish uchun ruxsatnomalar Qo‘mita tomonidan beriladi(ajratiladigan kvotaning kamida 50 foizi hajmida madaniy plantatsiyalarni barpo etish sharti bilan).
Qo‘mitaning doimiy egaligida bo‘lgan yer maydonlaridagi kavrakdan foydalanganlik uchun xorijiy fuqarolar va yuridik shaxslardan olinadigan to‘lov miqdori “O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobi”ga kiritilmagan kavrak shirasining (yelim) 1 kilogrammi uchun 4 baravarga, “Qizil kitob”ga kiritilgan kavrak shirasining 1 kilogrammi uchun esa 2 baravarga oshiriladi.
2022-yil 1-maydan uch yil davomida kavrak yetishtirishdan olgan daromadlari joriy hisobot (soliq) davri yakunlari bo‘yicha jami daromadning kamida 80 foizini tashkil etadigan tadbirkorlardan olinadigan foyda solig‘i, mol-mulk, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 50 foiz miqdorida qo‘llaniladi.
2022-yil 1-maydan 5 yil muddatga kavrak o‘simligi urug‘larining respublikadan olib chiqilishiga ruxsatnomalar berilishi to‘xtatiladi.
Shuningdek, Uyushma tizimidagi subyektlarda mavsumiy ishchilarning to‘liq bir mavsum ishlagan davri ularga pensiya tayinlash uchun bir yillik mehnat stajiga o‘tadigan mavsumiy ishlar ro‘yxatiga kiritiladi.
2022-yil 1-iyuldan 2025-yil 1-yanvargacha Uyushma tizimidagi subyektlarda faoliyat olib borayotgan mavsumiy ishchilar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorda undiriladi.