SamDUning Urgut filiali tashkil etiladi
“Samarqand davlat universiteti faoliyatini yana-da takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–82-son, 13.01.2022 y.) qabul qilindi.
Qaror bilan Samarqand davlat universitetiga atoqli davlat va jamoat arbobi Sharof Rashidov nomi berildi.
Universitetda Transformatsiya ofisi tashkil etiladi.
Transformatsiya ofisi Universitetni 2026 yilgacha xalqaro reytingda birinchi 1000 talik ro‘yxatga kiritishga masʼul hisoblanadi.
Qaror bilan Universitetni 2022–2025 yillarda rivojlantirish dasturi va maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlandi.
Dastur doirasida yoshlarni ilmiy-tadqiqot, konstruktorlik va innovatsion ishlarga faol jalb etish asosida “Startap” markazi tashkil qilinadi.
Shuningdek, Universitetda quyidagilar tashkil etiladi:
- Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti;
- Muhandislik fizikasi instituti;
- Universitetning Urgut filiali.
Mazkur institutlarda va Urgut filialida taʼlim kredit-modul tizimi asosida 2022/2023 o‘quv yilidan boshlanadi.