February 3, 2022

Avtomobil yoʻllari sohasida jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi

“Avtomobil yo‘llari sohasida ochiqlik standartlarini joriy etish va sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Hukumat qarori (49-son, 02.02.2022 y.) qabul qilindi

Qarorga ko‘ra, 2022 yil 1 iyuldan avtomobil yo‘llari sohasiga tegishli maʼlumotlar bazasini o‘z ichiga olgan “Shaffof yo‘l” platformasi test rejimida ishga tushiriladi.

Qaror bilan mazkur platformada joylashtirilishi lozim bo‘lgan maʼlumotlar (17 ta) ro‘yxati tasdiqlandi.

“Shaffof yo‘l” platformasining alohida sahifasi orqali aholining yo‘llar nosozligi, shuningdek, yo‘llarda va yo‘l bo‘yida xavfsiz harakatlanish uchun yuzaga kelgan favqulodda texnik muammolar (svetoforlar va yo‘l belgilar o‘rnatilmaganligi yoki ularning shikastlanganligi, tabiiy ofatlar natijasida yuzaga keladigan hodisalar ortidan hosil bo‘ladigan oqibatlar) haqida foto- va videomurojaatlar – jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladi.

2022 yil 1 maygacha avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash obyektlarining interaktiv onlayn xaritasi-sxemasi ishlab chiqilib, platformaga joylashtiriladi.

2023 yildan boshlab va keyinchalik har yili keyingi yilda qurilishi, rekonstruksiya qilinishi, taʼmirlanishi nazarda tutilgan barcha toifadagi yo‘l uchastkalarini xaritaga joylashtirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Qarorga ko‘ra, “Ochiq byudjet” axborot portali orqali tuman (shahar)lar byudjetlari parametrlarida hududiy ichki yo‘llarini taʼmirlash uchun ajratilgan mablag‘lar jamoatchilik fikri asosida shakllangan ichki xo‘jalik yo‘llarni taʼmirlashga yo‘naltiriladi.

Bu bo‘yicha alohida nizom tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, jamoatchilik fikri asosida ichki yo‘llarni taʼmirlashda takliflarni qabul qilib olish har yili 10 yanvargacha, bildirilgan takliflar orasidan g‘olib takliflarni ovoz berish yo‘li bilan aniqlab olish joriy yilning 31 yanvariga qadar amalga oshiriladi.

Takliflarni yuborish hamda ovoz berish jarayonida voyaga yetgan fuqarolar ishtirok etishlari mumkin.

Fuqarolar har yili ichki yo‘llarni taʼmirlashga doir faqat bitta taklifni kiritishi hamda bitta taklifga ovoz berishi mumkin. Fuqarolar o‘zlari tomonidan kiritilgan taklifga ovoz berishi taqiqlanadi.

Fuqarolar tomonidan tanlangan ichki yo‘llar axborot portalida avtomatik ravishda taklif sifatida shakllanadi va boshqa fuqarolarning ovoz berishi uchun imkoniyat yaratiladi.

Har bir tuman va shaharlarda bildirilgan takliflar bo‘yicha berilgan eng ko‘p ovozlar sonidan kelib chiqib, yuqoridan pastga qarab saralanadi.

G‘olib takliflar tuman (shahar) mahalliy byudjetlari parametrlarida hududiy ichki yo‘llarni taʼmirlash uchun ajratilgan mablag‘larning kamida 50 foizi doirasida takliflarni amalga oshirish qiymatini hisobga olgan holda avtomatik tarzda ketma-ketlik bo‘yicha aniqlanadi.

Qarorga ko‘ra shuningdek, 2022 yil 1 martgacha ichki xo‘jalik yo‘llarining joylashgan manzili (geopozitsiyasi), to‘liq nomi, uzunligi, holati (asfaltlangan, taʼmirtalab) va boshqa maʼlumotlarni o‘z ichiga olgan Ichki xo‘jalik yo‘llari reyestri shakllantiriladi.

2023 yil 1 yanvardan “Shaffof yo‘l” platformasi to‘liq ishga tushiriladi.