“Mehr daftari” tizimini joriy etish tartibi belgilandi
Hukumat qarori (26-son, 17.01.2022 y.) bilan Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Mehr daftari” tizimini joriy etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi
Nizomga muvofiq, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar tuman (shahar) hokimi qarori asosida “Mehr daftari”ga kiritiladi va undan chiqariladi.
“Mehr daftari” tizimiga kiritishning axborot tizimidan foydalanish va maʼlumotlarni kiritish tartibi Milliy gvardiya tomonidan belgilanadi.
2022 yil 1 fevralgacha mazkur axborot tizimi amaliyotga joriy etiladi.
O‘quv-tarbiya muassasalari hamda tuman (shahar) hokimliklarining Bolalarni himoya qilish shuʼbalari “Mehr daftari”ni shakllantirishga masʼul hisoblanadi.
Quyidagilar “Mehr daftari”ga maʼlumotlarning bevosita kiritilishini taʼminlaydi:
- Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan uning tizimidagi Mehribonlik uylari, Bolalar shaharchalari, Respublika bolalar o‘quv-tarbiya muassasalari va Oilaviy bolalar uylari;
- Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan uning tizimidagi Bolalar uylari;
- “SOS – O‘zbekiston bolalar mahallalari” uyushmasi tomonidan uning tizimidagi bolalarni muqobil parvarish qilish xizmatlari, yoshlarga hamrohlik qilish xizmatlari va ijtimoiy yetimlikning oldini olish xizmatlari tarbiyalanuvchilari va bitiruvchilari to‘g‘risidagi;
- tuman (shahar) hokimliklarining Bolalarni himoya qilish shuʼbalari tomonidan vasiylikka (homiylikka, patronatga) olingan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar to‘g‘risidagi.
- Daftarga kiritilgan bolalarning muammo (ehtiyoj, qiziqish)lari tegishli tartibda o‘rganiladi.
- “Mehr daftari”ga kiritilgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash ishlari quyidagilar tomonidan muvofiqlashtiriladi:
- tuman (shahar) hokimligining Bolalarni himoya qilish shuʼbasi tomonidan manfaatdor davlat organlari va tashkilotlar bilan birgalikda;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining Bolalarni himoya qilish masalalari kotibiyatlari tomonidan manfaatdor davlat organlari va tashkilotlari bilan birgalikda;
- Vazirlar Mahkamasining Bolalarni himoya qilish masalalari shuʼbasi va Milliy gvardiya tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda.
Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar 25 yoshga to‘lganda tegishli qaror asosida “Mehr daftari”dan chiqariladi.
Bunda daftardan chiqarilayotgan shaxslarning bandligi taʼminlangan va uy-joyi mavjud bo‘lishi shart. Bandligi taʼminlanmagan holatlarda, “Mehr daftari” hisobida turish muddati bandligi taʼminlangungacha, biroq 5 yildan ortiq bo‘lmagan muddatga uzaytiriladi.