Xorijdan kelgan har bir turist uchun turoperatorlarga subsidiya ajratiladi
“Turizm yo‘nalishidagi islohotlarni yanada jadallashtirish va sohada davlat boshqaruvi tizimini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–238-son, 27.07.2023 y.) qabul qilindi
Qarorga ko‘ra, 2024-yil 1-yanvardan:
- turoperatorlar tomonidan turistik oqim past bo‘lgan xorijiy mamlakatlardan O‘zbekistonga olib kelingan har bir turist uchun teng ulushlarda 20 AQSH dollaridan 100 AQSH dollarigacha rag‘batlantiruvchi subsidiya ajratiladi;
- turoperatorlar va aviatashuvchilarning xorijdan Samarqand, Buxoro va Urganch aeroportlariga charter aviaqatnovlari bo‘yicha xarajatlarining bir qismi har bir xorijiy turist uchun, u respublikada kamida 5 kecha tunab qolgan taqdirda, 20 AQSH dollari, qish mavsumida (20 noyabrdan 20 fevralgacha) esa 50 AQSH dollari ekvivalentida teng ulushlarda qoplab beriladi.
Shuningdek, 3 yulduzli toifa uchun 60 ta xonadan kam bo‘lmagan, 4 va 5 yulduzli toifa uchun 120 ta xonadan kam bo‘lmagan xonalar fondiga ega besh qavatdan past bo‘lmagan mehmonxona 2026-yil 31-dekabrgacha foydalanishga topshirilgan taqdirda, mehmonxona toifasi tasdiqlangach, investorlarning yangi mehmonxonani qurish va jihozlash uchun ketgan xarajatlarining bir qismi quyidagi miqdorlarda qoplab beriladi:
- 3 yulduzli toifaga ega mehmonxonalardagi har bir xona uchun 40 million so‘m;
- 4 va 5 yulduzli toifaga ega mehmonxonalardagi har bir xona uchun 65 million so‘m.
2026-yil 31-dekabrgacha dunyoning nufuzli mehmonxona brendlaridan (mehmonxona brendlarining top-50 va mehmonxona tarmoqlarining top-5 reytingiga kirgan) foydalanuvchi O‘zbekiston rezidentlari bo‘lgan tashkilotlarning royalti xarajatlari franchayzing to‘g‘risidagi shartnoma kuchga kirgan vaqtdan 3 yil mobaynida quyidagi miqdorda qisman moliyalashtiriladi:
- 3 yulduzli toifaga ega mehmonxona uchun – mehmonxonaning har bitta xonasi uchun yillik 200 AQSH dollari ekvivalentida;
- 4 yulduzli toifaga ega mehmonxona uchun – mehmonxonaning har bitta xonasi uchun yillik 400 AQSH dollari ekvivalentida;
- 5 yulduzli toifaga ega mehmonxona uchun – mehmonxonaning har bitta xonasi uchun yillik 600 AQSH dollari ekvivalentida.
2024-yil 1-yanvardan nogironligi bo‘lgan shaxslarning sayohat qilishlari uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan “To‘siqsiz turizm” dasturi amalga oshiriladi.
2026-yil 1-iyulgacha yetib borish qiyin bo‘lgan va chekka joylarda (aholi yashash punktlaridan kamida 10 km yoki qattiq qoplamali avtomobil yo‘llaridan 5 km uzoqlikda) alohida avtonom infratuzilmani yaratgan holda kempinglar tashkil etgan va “safari” turizmi xizmatlarini ko‘rsatadigan yuridik shaxslarning mazkur faoliyat turi bo‘yicha mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i stavkalari ushbu soliqlar bo‘yicha hisoblangan summaning 1 foizi miqdorida belgilanadi.
2023/2024-o‘quv yilidan har yili “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetiga Shanxay hamkorlik tashkiloti va Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar hamda Buyuk ipak yo‘lida joylashgan davlatlar fuqarolari magistraturada davlat granti asosida ta’lim olishlari uchun 10 milliard so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda mablag‘lar ajratib boriladi.