Respublika bo‘yicha jami 2 899 ta maktabda qurilish ishlari amalga oshiriladi
“Xalq ta’limini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–241-son, 11.05.2022-y.) qabul qilindi
Qarorga ko‘ra, 2022-yil 1-sentyabrdan respublikaning barcha tuman (shahar)lari kesimida namunali maktablar reytingi shakllantiriladi va e’lon qilib boriladi.
Reyting doirasida har o‘quv yili yakunida maktablardagi ma’naviy-ma’rifiy ishlar holati baholab boriladi.
Maktablar reyting ko‘rsatkichlari asosida “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratiladi.
Reyting ko‘rsatkichlari asosida “qizil” toifaga kiritilgan maktablarda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha zarur choralar ko‘riladi.
Qarorga ko‘ra, har chorakda namunali o‘quvchilarning ota-onalarini rag‘batlantirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
2022-yil 1-sentyabrdan ota-onalar “my.maktab.uz” axborot tizimi orqali umumiy o‘rta ta’lim muassasasining ichki tartib va odob-axloq qoidalari bilan tanishib borishi mumkin.
Qarorga ko‘ra, 2023-2024-yillarda maktablarda ma’nan eskirgan kompyuter sinflarini yangilash bo‘yicha dasturni moliyalashtirish uchun respublika budjetidan 200 milliard so‘m, mahalliy budjetlar hisobidan 200 milliard so‘m miqdorda mablag‘lar ajratiladi.
2022/2023-o‘quv yilidan 400 nafargacha o‘quvchisi bo‘lgan maktablarda Internet tezligi kamida 40 Mbit/s, o‘quvchilar soni 400 nafardan yuqori bo‘lganlarda – kamida 100 Mbit/s bo‘lishi ta’minlanadi.
2022-yil 1-sentyabrgacha fan o‘qituvchisi va maktab direktori lavozimlari uchun tanlovda ishtirok etishga onlayn ariza topshirish va nomzod haqida ma’lumotlarni joylashtirish imkonini beradigan maxsus elektron portal yaratiladi.
Qarorga ko‘ra, 2022-2026-yillarda respublika bo‘yicha jami 2 899 ta (jumladan, joriy yilda 433 ta) maktabda qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi.
2022-yil 1-avgustgacha umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining texnologiya fani ustaxonalari hamda kasb-hunar amaliyoti xonalari namunaviy loyihalari ishlab chiqiladi.
- umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari har 11 yilda kamida bir marta majburiy tarzda attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkaziladi. Bunda, umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari muddatdan oldin attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan shartnoma asosida o‘tishi mumkin;
- umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari quyidagi tartibda attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkaziladi:
faoliyat yuritayotgan umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari – amaldagi akkreditatsiya sertifikatining muddati tugaganidan so‘ng 11 yil muddatga;
yangi tashkil etiladigan umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari – ular tashkil etilgan paytdan boshlab (belgilangan tartibda litsenziya olgan paytdan boshlab) 11 yil muddatga;
- davlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida xavf-xatarlar tahliliga asoslangan ta’lim sifati monitoringi joriy etiladi;
- uzluksiz uch yil davomida faoliyat samaradorligi darajasi yuqori bo‘lgan davlat va nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida tekshiruvlar tashkil etishga 3 yil muddatga moratoriy joriy qilinadi (potensial korrupsiogen holatlar bundan mustasno).
2025-yil 1-yanvargacha xalq ta’limi tizimidagi muassasa va tashkilotlarning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarga ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilanadi.