January 20, 2022

Mahallalarda yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etiladi

“Mahallalarda yoshlar bilan ishlashtizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–92-son, 19.01.2022 y.) qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra,har bir shaharcha, qishloq, ovulda, shuningdek, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar hamda ovullardagi har bir mahallada yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etiladi.

Yoshlar yetakchisi, jumladan, “Yoshlar balansi”ni shakllantirib, yoshlar to‘g‘risidagi zarur maʼlumotlarni “Yoshlar daftari” va “Yoshlar portali” elektron platformalariga kiritib boradi.

Qarorga ko‘ra, har bir mahallada “Bir nuroniyga o‘n nafar yosh”, “Keksa avlod uchrashuvlari” loyihalari amalga oshiriladi.

Har chorakda mahallada yoshlar siyosatini samarali amalga oshirishda yuqori natijadorlikka erishayotgan mamlakat bo‘yicha eng ilg‘or 100 nafar Yetakchilar bir oylik ish haqiga teng miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Shuningdek, faoliyatini samarali tashkil etayotgan, o‘zining shaxsiy fazilatlari bilan yoshlarga namuna bo‘layotgan va ularga yetakchilik qilayotgan Yetakchilar “Yangi O‘zbekiston islohotchisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadi.

2022 yil 1 martdan Yetakchining tavsiyasi asosida yoshlarga tegishli yordam turlari (13 ta) beriladi.

Qaror bilan quyidagilar tashkil etildi:

  • Vazirlar Mahkamasida Yoshlar ishlari shoʻbasi;
  • Yoshlar ishlari agentligi, uning hududiy boshqarmalari va bo‘limlari tuzilmalarida mahalla va taʼlim muassasalarida yoshlar bilan ishlash bo‘linmalari.

Davlat OTM va ularning filiallaridagi yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha prorektorga (direktor o‘rinbosariga) birinchi prorektor (direktorning birinchi o‘rinbosari) maqomi beriladi.

Yetakchi lavozimiga nomzodlar tumanlar (shaharlar) hokimlari boshchiligidagi tanlov komissiyalarini shakllantirish orqali ochiq tanlovlar asosida ishga qabul qilinadi.

Yetakchining oylik ish haqi miqdori u biriktirilgan mahalladagi xonadonlar soniga mutanosib ravishda quyidagicha belgilanadi:

  • xonadonlar soni 500 tagacha bo‘lgan mahallada – mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 5 baravari (4 mln 110 ming so‘m) miqdorida;
  • xonadonlar soni 501 tadan 1 000 tagacha bo‘lgan mahallada – MHEKMning 5,5 baravari (4 mln 521 ming so‘m) miqdorida;
  • xonadonlar soni 1 000 tadan ortiq bo‘lgan mahallada – MHEKMning 6 baravari (4 mln 932 ming so‘m) miqdorida.

Boshqa hududlardan kelib ishlayotgan Yetakchi uchun BHMning 2 baravarigacha (540 ming so‘mgacha) miqdorda turar joy ijara to‘lovi qoplab beriladi.

Shuningdek, yil yakuni bo‘yicha yuqori natijalarga erishgan Yetakchilarga ipoteka krediti asosida sotib olinayotgan uy-joy qiymatining 50 foizi miqdorida subsidiya beriladi.

Yetakchi lavozimiga ishga qabul qilingan shaxslarning harbiy va maxsus unvonlari saqlab qolinadi.