April 8, 2022

Ayrim huquqbuzarliklar haqida xabar berganlarni ragʻbatlantirish tartibi belgilandi

“Davlat ekologik nazorati hamda moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasida nazoratning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori (165-son, 07.04.2022-y.) qabul qilindi

Qarorga koʻra, moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasida huquqbuzarlik holatlari boʻyicha fotosuratlar va (yoki) videoyozuvlarni yuborgan shaxslar har bir tasdiqlangan holat boʻyicha huquqbuzardan undirilgan mablagʻlar hisobidan BHMning 1 baravariga teng (270 ming soʻm) miqdordagi pul mukofoti bilan ragʻbatlantiriladi.

Qaror bilan tasdiqlangan nizomga koʻra, fuqarolar huquqbuzarlikni videotexnika vositalari orqali qayd etishi hamda foto va videomateriallarni koʻrib chiqish uchun:

  • ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarlik boʻyicha – “Ekonazorat” axborot tizimi orqali Davlat ekologiya qoʻmitasiga;
  • moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi huquqbuzarlik boʻyicha – “Madaniy meros nazorati” axborot tizimi orqali Madaniy meros agentligiga yuborishi mumkin.

Materiallarda quyidagilar aniq aks ettirilishi lozim:

  • sodir etilgan huquqbuzarlik;
  • huquqbuzarlik sodir etgan shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (agar mavjud boʻlsa);
  • madaniy meros obyektining nomi (tegishli huquqbuzarlik boʻyicha);
  • huquqbuzarlik sodir etilgan manzil, sana va vaqt.

Foto va videomateriallarga har qanday tarzda oʻzgartirishlar kiritish taqiqlanadi.

Axborot tizimlariga kelib tushgan huquqbuzarlik qayd etilgan foto va videomateriallar masʼul xodim tomonidan 15 ish kuni mobaynida koʻrib chiqilib, huquqbuzarning shasxini aniqlash maqsadida Ichki ishlar vazirligiga yuboriladi.

Vazirlik taqdim etilgan materiallarni tekshirib huquqbuzarning shaxsini aniqlaydi va 10 ish kuni mobaynida tegishliligi boʻyicha Davlat ekologiya qoʻmitasi yoki Madaniy meros agentligiga yuboradi.

Huquqbuzarlik aks ettirilgan foto va videomateriallarni yuborgan shaxslar:

  • daraxtlar, butalar, boshqa oʻsimliklar va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yoʻq qilish yoki boshqa joyga koʻchirib oʻtkazish boʻyicha – BHMning 1 baravari (270 ming soʻm) miqdorida;
  • ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi boshqa huquqbuzarlik boʻyicha – huquqbuzardan undirilgan jarima miqdorining 15 foizi miqdorida;
  • moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi huquqbuzarlik boʻyicha – BHMning 1 baravari (270 ming soʻm) miqdorida pul mukofoti bilan ragʻbatlantiriladi.

Ragʻbatlantirish:

  • huquqbuzarlik boʻyicha birinchi xabar bergan shaxsga nisbatan qoʻllaniladi;
  • huquqbuzarlik tegishli organlar tomonidan bevosita aniqlangandan keyin kelib tushgan xabarlar boʻyicha amalga oshirilmaydi.