Jamoatchilik uchun ochiq bo‘lgan Qadimiy yozma manbalar davlat reyestri shakllantiriladi
“Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–126-son, 10.02.2022-y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, jamoatchilik uchun ochiq bo‘lgan Qadimiy yozma manbalar davlat reyestri shakllantirilib, davlat tasarrufidagi muzeylar, kutubxonalar va arxiv fondlari faoliyatiga integratsiya qilinadi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Davlat reyestrini shakllantirish va yuritish, shuningdek, qadimiy yozma manbalarni bosqichma-bosqich raqamlashtirish uchun mas’ul davlat muassasasi hisoblanadi.
Respublika hududidagi muzeylar, kutubxonalar, arxiv fondlari va boshqa muassasalarda saqlanayotgan qadimiy yozma manbalarning ilmiy dolzarbligi va muhimligiga qarab, ularni tarjima va tadqiq qilish jadvali ishlab chiqiladi hamda xalqchil tilda bosqichma-bosqich nashr etiladi.
Qarorga ko‘ra, Markaz huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Qadimiy yozma manbalarni konservatsiya va restavratsiya qilish laboratoriyasi tashkil etildi va Laboratoriya tomonidan o‘tkaziladigan tadqiqot sinovlarining asosiy yo‘nalishlari (11 ta) tasdiqlandi.
Laboratoriya muzeylar, kutubxonalar va boshqa muassasalarning arxiv fondlarida, jismoniy va yuridik shaxslarda saqlanayotgan qadimiy yozma manbalarni ularning buyurtmasi asosida ta’mirlash ishlarini amalga oshiradi.
- Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida “Qadimiy yozma manbalar konservatsiyasi va restavratsiyasi” ta’lim yo‘nalishida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi;
- Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Buxoro davlat universiteti va O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik” ta’lim yo‘nalishi va mutaxassisligi bo‘yicha bakalavriat va magistratura bosqichlari uchun zarur kvotalar doimiy ajratib boriladi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tayanch oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.
Shuningdek, yurtimiz allomalari va mutafakkirlarining hayoti hamda ma’naviy merosi haqidagi ilmiy-ma’rifiy portal va uning mobil ilovasi ishga tushiriladi.