Suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy etishga subsidiyalar beriladi
“Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–144-son, 01.03.2022-y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2022-yilda 478 ming gektar maydonda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish orqali suvdan foydalanish samaradorligi oshiriladi.
Shunga ko‘ra, 2022-yil yakunigacha respublika bo‘yicha kamida:
- 230 ming gektar, shu jumladan, 160 ming gektar paxta yetishtiriladigan maydonlarda tomchilatib sug‘orish;
- 28 ming gektar, shu jumladan, 25 ming gektar boshoqli don yetishtiriladigan maydonlarda yomg‘irlatib sug‘orish;
- 2 ming gektar qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarida diskretli sug‘orish tizimlari joriy qilinadi;
- 218 ming gektar ekin maydonlari lazerli uskuna yordamida tekislanadi.
Qarorga muvofiq, 2022-yildan sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha xarajatlarning bir qismini qoplash uchun, jumladan, tomchilatib sug‘oriladigan ekin maydonining har bir gektariga quyidagi miqdorda subsidiyalar beriladi:
- paxta maydonlari uchun – 8 mln so‘m (Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi paxta maydonlarida joriy etilgan tomchilatib sug‘orish tizimlari uchun 12 mln so‘m);
- sabzavot ekinlari va kartoshka ekin maydonlari uchun – 1,5 mln so‘m;
- poliz ekinlari maydonlari uchun – 1,3 mln so‘m;
- ozuqabop, moyli, dukkakli ekinlar va dorivor o‘simliklar uchun – 2,5 mln so‘m;
- mevali ekinlar uchun – 6 mln so‘m;
- uzum maydonlari uchun – 8 mln so‘m.
Subsidiya mablag‘lari, hisob-kitob qilingan summaning:
- 50 foizi tizim joriy qilingan yili ajratiladi;
- 50 foizi kelgusi yili hosildorlik oshishi va uskunalarning ishlatilishiga qarab ajratiladi;
- qo‘shimcha 20 foizi uchinchi yilda joriy qilingan tizimni ishlatgan holda yuqori hosildorlikni saqlab qolgan paxta, g‘alla va meva-sabzavot klasterlariga to‘lab beriladi.
Subsidiya mablag‘lari joriy qilingan suvni tejaydigan sug‘orish tizimlari kamida 5 yil ishlatilishi sharti bilan ajratiladi.
Suvni tejaydigan texnologiyalar joriy qilingan yer maydonlari kamida 5 yil mobaynida maqbullashtirilmaydi, yer uchastkasi yoki uning bir qismi davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishiga yerdan foydalanuvchi roziligi asosida sarf etilgan mablag‘larning o‘rni to‘liq qoplanganidan so‘nggina ruxsat etiladi.
2022-yilda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni qo‘llab-quvvatlash uchun respublika byudjetidan 1 182,4 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.
Qarorga ko‘ra, “Tomchi-reestr” pudrat korxonalarining yagona elektron reyestri ishlab chiqiladi.
2022-yil 10-martgacha suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga subsidiyalar berish yuzasidan tegishli materiallarni to‘plash, ko‘rib chiqish hamda vakolatli organ va tashkilotlar bilan kelishishning “Agro-subsidiya” yagona axborot tizimi joriy qilinadi.