Mahalliy ishlab chiqaruvchilarning yangi farmatsevtika mahsulotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish muddati cheklanmaydi
“2022–2026 yillarda respublikaning farmatsevtika tarmog‘ini jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni (PF–55-son, 21.01.2022 y.) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2022 yil 1 apreldan farmatsevtika mahsulotlari xaridlariga ajratilishi rejalashtirilgan Davlat byudjeti mablag‘lari miqdori doirasida mahalliylashtiriladigan farmatsevtika mahsulotlarini 3 yil muddatga shartnoma tuzish orqali kafolatli xarid qilish mexanizmi joriy etiladi.
Bunda shartnomalarni tuzish bo‘yicha tanlovlar avval respublika hududida ishlab chiqarilmagan, istiqbolda mahalliylashtiriladigan substansiyalar, dori vositalarining xalqaro patentlanmagan nomlari (bunday nom bo‘lmagan taqdirda, mansub dori vositalari guruh nomlari), tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar ro‘yxati doirasida amalga oshiriladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi va uning tizimidagi tashkilotlarga tuzilayotgan kafolatli xarid qilish shartnomalar doirasida oldindan bo‘nak to‘lovlarini o‘tkazishga ruxsat beriladi.
2022 yil 1 apreldan mahalliy ishlab chiqaruvchi tashkilotlar tomonidan ishlab chiqariladigan yangi farmatsevtika mahsulotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish cheklanmagan muddatga amalga oshiriladi, avval berilgan ro‘yxatdan o‘tkazilganlik guvohnomalar, ularning amal qilish muddati tugaganidan so‘ng qo‘shimcha hujjatlar talab qilinmasdan 15 kun muddatda amal qilishi muddatsiz bo‘lgan guvohnomalarga almashtirib beriladi.
Farmon bilan quyidagilar bekor qilinadi:
- donor qonini to‘plash va uning asosida farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni xususiy tartibda amalga oshirishga taqiq;
- dori vositalarining klinik tadqiqotlarini sog‘lom ko‘ngillilarda o‘tkazishga cheklov;
- tarkibi bir xil bo‘lgan dori vositalarini bir ishlab chiqaruvchi tomonidan turli savdo nomlari ostida ishlab chiqarishga cheklovlar.
Farmatsevtika tarmog‘i va respublika sog‘liqni saqlash tizimidagi tashkilotlarni zarur amaliyotlar (GxP) talablariga muvofiq majburiy sertifikatlash muddatlari 2024 yil 1 yanvargacha uzaytiriladi.
2022 yil 1 fevraldan mahalliy ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning farmatsevtika mahsulotlarini xorijiy davlatlarda ro‘yxatdan o‘tkazish xarajatlarining 75 foizi ular ro‘yxatdan o‘tkazilganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilgandan so‘ng Farmatsevtika tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasidan qoplab beriladi.
2023 yil 1 yanvardan farmatsevtika mahsulotlari bo‘yicha davlat xarid tanlovlarida faqatgina “Zarur ishlab chiqarish amaliyoti (GMP)” standartlari asosida dori vositalarini, “ISO:13485” standartlari asosida tibbiy buyumlar va tibbiy texnikani ishlab chiqarishni tashkil etgan tashkilotlar va “Zarur distribyutorlik amaliyoti (GDP)” standartlarini joriy etgan ulgurji savdo tashkilotlari qatnashishiga ruxsat beriladi.