February 11, 2022

Usmon Nosir tavalludining 110 yilligi keng nishonlanadi

“Otashin shoir, tarjimon va dramaturg Usmon Nosir tavalludining 110 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–125-son, 10.02.2022-y.) qabul qilindi.

Qaror bilan 2022 yilda Usmon Nosir tavalludining 110 yilligini keng nishonlash belgilandi.

Bu bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibi tasdiqlandi.

Qarorga ko‘ra, shoir tavalludining 110 yilligini keng nishonlash bo‘yicha chora-tadbirlar doirasida, jumladan:

  • Usmon Nosir hayoti va faoliyatini, xususan, uning qatag‘on davrida kechgan yillarini o‘rganish, hozirga qadar noma’lum bo‘lib kelayotgan qo‘lyozma asarlarining taqdiri haqida ma’lumotlar to‘plash maqsadida ishchi guruh tuzilib, uning Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, shuningdek, Rossiya Federatsiyasidagi tegishli arxiv materiallari bilan tanishishi uchun sharoit yaratiladi;
  • Namangan shahrida Usmon Nosir haykali o‘rnatiladi;
  • Toshkent va Namangan shaharlaridagi ko‘chalarga Usmon Nosir nomi beriladi;
  • umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, ijod maktablari o‘quvchilari o‘rtasida Usmon Nosir hayoti va ijodiga bag‘ishlangan “Unutmas meni bog‘im” mavzuida insholar tanlovi o‘tkaziladi.