Bojxona hududida qayta ishlash rejimi soddalashtiriladi
“Bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimi qo‘llanilishini soddalashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni (PF–115-son, 25.04.2022-y.) qabul qilindi
Farmonga ko‘ra, 2022-yil 1-maydan bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimini qo‘llashning soddalashtirilgan tartibi joriy etiladi. Bunda:
- tovarlarni qadoqlash, o‘rash (shu jumladan, qayta o‘rash), saralash, tozalash, boshqa tovarlarga moslashtirish va uskunalarni modernizatsiya qilish bojxona hududida qayta ishlash operatsiyalari hisoblanadi;
- tovarlarni bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirishda tovarlarning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini majburiy tasdiqlash hamda sanitariya-epidemiologik xulosani taqdim etish talab etilmaydi;
- qayta ishlash mahsulotlarining chiqish normalari qayta ishlovchi subyekt tomonidan tasdiqlanadi va bojxona organiga taqdim etiladi;
- aynan bir xil turdagi tovarlarni qayta ishlash bo‘yicha 2 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga bojxona organi tomonidan umumiy ruxsatnoma beriladi;
- maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilari va vakolatli iqtisodiy operatorlar uchun bojxona to‘lovlari to‘lanishini ta’minlash tartibi qo‘llanilmaydi;
- qayta ishlash jarayonida hosil bo‘ladigan chiqindilarni “erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimiga rasmiylashtirishda bojxona boji undirilmaydi.
Tovarlar eksporti uchun bojxona yig‘imlari stavkalari, imtiyozlar, preferensiyalar va eksportni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha boshqa choralar “reeksport” bojxona rejimida olib chiqiladigan qayta ishlash mahsulotlariga ham tatbiq etiladi.
Bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimini qo‘llashning maqsadi tovarlarni ta’mirlash bo‘lsa, tovarni bojxona hududida qayta ishlashga ruxsatnoma talab etilmaydi.
Tovarlarni bojxona hududida qayta ishlash uchun ruxsatnoma tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchisi tomonidan keyinchalik boshqa shaxsga (agar ushbu shaxs mazkur ruxsatnoma bo‘yicha barcha majburiyatlarni o‘z zimmasiga olsa) o‘tkazilishi mumkin.
Farmonga ko‘ra, Davlat bojxona qo‘mitasida Bojxona hududida/tashqarisida qayta ishlash bojxona rejimini takomillashtirish bo‘yicha boshqarma tashkil etildi.