Madhiyalar tarixiga bir nazar
Davlat timsollari, jumladan, davlat gimnlari har bir mamlakatning kuch-qudrati, tarixi, anʼanalari, maʼnaviy dunyosini o‘zida ifodalaydi. Davlatning bosh qo‘shig‘i – madhiya turli tillarda turlicha nomlanadi. Ko‘pgina Yevropa tillarida bu atama “gimn” so‘zi bilan ifodalanadi.
Bu yunon tilidagi “hymnos” so‘zidan olingan bo‘lib, o‘zbek tilida “qo‘shiq” degan maʼnoni anglatadi. Gimnlar qadimda dastlab diniy mazmunga ega bo‘lib, ularda asosan qadimgi yunon maʼbudlari sharaflangan. Keyinchalik hukmdorlar, aziz-avliyolar sharafiga bitilgan madhiyalar ham paydo bo‘lgan.
Qadimgi sharqda madhiya so‘zi bilan birga “qasida” ham ishlatilgan. Mumtoz adabiyotimizda ham turli hukmdorlarga bag‘ishlangan qasidalar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Xususan, Sakkokiyning Mirzo Ulug‘bekka atalgan “keldi” radifli qasidasi, Alisher Navoiyning Husayn Boyqaroga atab bitilgan “Hiloliya” qasidasi o‘zbek sheʼriyati durdonalaridan sanaladi.
Qadimda diniy mazmunga ega bo‘lgan gimn va madhiyalar ham ibodatxonalarda, cherkov va xonaqohlarda tez-tez o‘qib turilgan, islom olamida qo‘lyoma manbalar odatda Yaratganni ulug‘lovchi hamdlar, payg‘ambarimiz (s.a.v)ga atalgan maqtovlar – naʼtlar bilan boshlangan.
Davlat madhiyalari ham o‘ziga xos tarixga ega. Ammo ular dastlab asosan hukmdorlarni sharaflashga qaratilgan. Dunyodagi eng qadimgi gimn – Yaponiya davlat madhiyasi bo‘lib, uning matni Yaponiya tarixining Xeyan davrida (794–1185) yaratilgan. Faqat 1880 yilga kelib, unga kuy bastalangan.
Yevropada davlat gimnlari asosan XVIII asr o‘rtalarida, milliy davlatlar tuzila boshlagan paytda yuzaga kelgan. Biroq Niderlandiyada 1570 yillarda “Vilgelm” deb nomlangan davlat madhiyasi paydo bo‘lgan. Buyuk Britaniya davlat madhiyasi esa 1619 yilda yaratilgan edi. Fransiyaning ilk davlat madhiyasi – “Marselyoza” esa 1792 yilda yozilgan. Ispaniya gimni – “Marcha Real” esa 1770 yilda qabul qilingan.
Bugungi kunda Yer yuzida rasman tan olingan davlatlar o‘z madhiyalariga ega. Har bir davlat madhiyasi o‘sha yurtning davlat tilida yoki eng ko‘p qo‘llaniladigan tillarning birida ijro etiladi. Masalan, Shveysariyada davlat madhiyasining har to‘rttala (fransuz, italyan, nemis va flamand) tildagi varianti yaratilgan.
Singapurda to‘rtta davlat tili bo‘lgani holda, madhiya faqat malay tilida ijro etiladi. Ispaniyada davlat madhiyasining matni yo‘q, faqat musiqaning o‘zi ijro etiladi. Hindiston madhiyasi (“Janaganamana”) qadimgi sanskrit va bengal tillarida jaranglaydi. Finlyandiya davlat madhiyasi (“Maamme”) esa fin va shved tillarida ijro etiladi. Afg‘oniston madhiyasi matni faqat pushtu tilida bitilgan.
O‘zbek davlatchiligi tarixida milliy madhiyalar ham alohida o‘rin tutib kelgan. Qadimgi Turk hoqonligi, Qoraxoniylar, G‘aznaviylar, Xorazmshohlar, Temuriylar davrida qo‘shinlarning alohida saf qo‘shiqlari, harbiy marshlari bo‘lgan. Jang paytida maxsus musiqachilar tabl, karna, burg‘u, nog‘ora va boshqa maxsus asoslarda jangovar musiqalarni ijro etishgan, bu askarlarga o‘ziga xos jo‘shqinlik bahsh etgan.
Zamonaviy ko‘rinishdagi davlat madhiyasi ilk bor yurtimizda Turkiston Muxtoriyati davrida yaratilgan. Garchi Turkistonda turli xalqlar va millatlar yashasa-da, madhiya matni aynan o‘zbek tilida, buyuk shoirimiz Abdulhamid Cho‘lpon tomonidan bitilgan va 1917 yil 29 noyabrda qabul qilingan. Unda quyidagi misralar bor edi:
Ko‘z oching, boqing har yon,
Qardoshlar, qanday zamon!
Shodlikka to‘ldi jahon,
Fido, bu kunlarga jon!
Afsuski, bu davlat dunyo sahnasida 72 kun yashadi, xolos. U mahv etilgach, tabiiy, madhiya ham yo‘qoldi.
Sovet Ittifoqi davrida O‘zbekiston gimni 1947 yilda qabul qilingan. Uning matnini Turob To‘la va Temur Fattoh yozgan. Mutal Burhonov musiqa bastalagan edi. 1956 yilda gimn matniga juzʼiy o‘zgartirishlar kiritilgan.
Mustaqil O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi esa 1992 yil 10 dekabrda qabul qilingan.
R.Jabborov
“Adolat” milliy huquqiy axborot markazi masʼul xodimi