Noqonuniy qurilgan uy-joylar: sabab, tahlil, oqibat
Biz voqelikka baho berishda koʻpincha oq va qora yakranglikdan iborat mezonlardan foydalanamiz. Azal ishongan ideallarimiz ham shunday: yovuzlik va ezgulik kurashadi, bir tomon shubhasiz yomon, ikkinchi tomon albatta yaxshi boʻladi. Va oqibatda ezgulik gʻalaba qozonadi (yoki gʻalaba qozongan tomon ezgu boʻlib chiqadi).
Afsuski, hayotda hammasi bunday oddiy va ayon ajralib turmaydi. U yoki bu hodisaning sabablarini oʻrgana boshlar ekansan, vaziyat chalkashligi, murakkabligi va turli jarayonlarga bogʻliqligini koʻrasan.
Shunday holatda sabablarni topish, oqlash yoki qoralash emas, tahlil qilish lozimligini anglaysan.
Bugungi kunda noqonuniy qurilgan uy-joylar masalasiga toʻxtalganda ham, shunday: tortishuv, koʻz yoshi, hatto qon tasvirlariga qarab ehtiros bilan turli baholarni beravermay, shunga olib kelgan sabablar haqida mushohada qilish va bundan keyin nima boʻladi degan savol ustida oʻylash muhim.
Noqonuniy uy-joylar masalasida bu qadar tushunmovchilik va ziddiyatlar kelib chiqishining sabablari nima?
Bu voqealarni oʻtgan yilgi “snos” bilan umumlashtirib taqdim qilish naqadar toʻgʻri?
Bundan keyin davlatning noqonuniy qurilgan uy-joylarga nisbatan siyosati qanday boʻladi?
Avvalo, sabablar xususida
1. Demografiya va uy-joy qurilishi. Fuqarolarni arzon uy-joylar bilan taʼminlash yuzasidan uzoq yillar yetarlicha harakat qilinmadi. Ayniqsa, qishloq joylarda aholi uchun hamyonbop turar joy binolari qurish masalasi eʼtiborga olinmadi.
Xususan, 2009 — 2017-yillar davomida 81 992 ta uy qurildi, 6 624 ta uy-joy massivi barpo etildi. Mamlakat aholisi soni esa bu davrda 27 milliondan 32 milliongacha oshdi. Tabiiyki, uy-joy qurilishi shiddati aholi oʻsish shiddatidan ancha ortda qoldi.
Qolaversa, namunaviy loyihalar asosida qurilgan uy-joylarni sotib olishga qishloq aholisining qurbi yetmaydigan holat ham koʻp edi. Loyihani “realizatsiya” qilish uchun bu uylar uy-joyi bor, oʻziga toʻq aholiga, fermerlarga, tadbirkorlarga majburlab sotildi. Shunga qaramay, loyiha qishloq aholisining uy-joyga boʻlgan ehtiyojini qoplay olmadi.
Odamlarga sharoitiga mos va hamyonbop uylar qurilmagani va shiddatli demografik oʻsish bugun uy-joy tanqisligi muammosini keltirib chiqardi.
2. Mentalitet. Soʻnggi yillarda aholi uchun koʻp qavatli va arzon uy-joylar qurish ishlari ancha jadallashib qoldi. Prezident qarori bilan tasdiqlangan 2017 — 2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylarni qurish Dasturiga muvofiq yangilangan namunaviy loyihalar asosida 53 mingdan ziyod arzon uy-joylar va kvartiralar qurildi, turar joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj 65 mingga yaqin oila uy-joy bilan taʼminlandi.
Biroq odamlarimiz yerga yaqin boʻlishni istaydi. Andijonda koʻp qavatli uydan kvartira emas, kottej kerak deb talab qoʻygan ayol yodingizdadir. Koʻpchilik oʻz qarindosh-urugʻi, ota-onasiga yaqin joydan, oʻzi yashayotgan mahalladan hovli-imorat qurishni istaydi. Lekin shuni unutmaslik kerakki, Oʻzbekiston Markaziy Osiyoning aholi eng zich yashaydigan oʻlkasi hisoblanadi va aholi soni boʻyicha MDH davlatlari oʻrtasida “bepoyon” Rossiyadan soʻng 2-oʻrinda turadi.
Maʼlumot uchun:
Oʻzbekiston yer resurslari nihoyatda cheklangan, aholisi esa shiddat bilan oshib borayotgan mamlakat hisoblanadi. Aholi soni oʻsishi shiddati sugʻoriladigan yer maydonlari oshishidan ancha yuqori. Har bir gektar sugʻoriladigan yerga 8 kishi toʻgʻri keladi. Umumiy qishloq xoʻjaligiga yaroqli yer maydoni 17,8 mln gektar boʻlib, Osiyo taraqqiyot bankining prognozlariga koʻra yaqin 30 yilda sugʻoriladigan yerlar miqdori yana 20-25 foizga kamayadi.
3. Yer uchastkalari ajratishdagi qonunbuzarliklar. Adliya vazirligi tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar natijasida 2018-yil davomida hokimliklar tomonidan 335 gektar yer maydonlari noqonuniy ajratib berilgani va natijada mahalliy byudjetlarga 20 mlrd 400 mln soʻmdan koʻproq zarar yetkazilgani aniqlangan.
Xususan, namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar qurilishi uchun birgina 2018-yilda tuman hokimliklari tomonidan ajratilgan 1065 gektar yerning 60 gektarga yaqini qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasiga kiradi. Bugun shu xatolar uchun qimmat badal toʻlanyapti.
4. Sust urbanizatsiya. Aholi yashaydigan uylar yaqinida bogʻcha-maktab, poliklinika kabi zarur muassasalar qad koʻtarishi, gaz-suv, kommunikatsiya masalalari hal etilishi lozim. Odamlar yangi qurilgan, ammo infrastukturasi yaxshi rivojlanmagan kvartallarda yashashni istamaydi. Lekin tanganing orqa tomoni ham bor: rejasiz, tartibsiz, stixiyali ravishda kengayib borayotgan mahallalar va qishloqlarda infrastuktura yaratish ham imkonsiz. Kompakt yashaydigan kvartallar uchun infrastuktura yaratish arzonroq va qulayroq.
5. Korrupsiya va huquqiy madaniyat. Odamlarda qonuniy yashash noqonuniy yashashdan foydaliroq degan xulosa boʻlishi kerak. Masalan, men qonuniy yoʻllar bilan tegishli toʻlovlarni amalga oshirib yer maydoniga ega boʻlsam-da, qoʻshnim shu ishni noqonuniy yoʻl bilan osongina kimgadir pulini berib hal qilsa – qonunga asosan yashash kerakligiga kim ishonadi, men ham qoʻshnim kabi yoʻl tutganim afzalga aylanmaydimi? Xuddi shunday, barcha uddaburonlar oʻz ishlarini bitirib ketaversa, unda uzoq emas, yaqin kelajakda qanday parokandalikka yuz tutamiz?
Demak bunday holat yuz bermasligi uchun biz jamiyat sifatida tish-tirnogʻimiz bilan kurashishimiz kerak. Buning uchun esa uzoq yillardan beri ildiz otib ketgan korrupsiyani jilovlash, mansabdorlarning qonunlarga itoatda xalqqa namuna boʻlishiga erishish, uy-joy, yer va boshqa turli imtiyozlar berilishining shaffof mexanizmlarini takomillashtirish hamda qonunbuzarlarga nisbatan jazo muqarrarligini taʼminlash lozim. Shunda odamlar bilan ogʻzaki kelishib davlat yerini berib yuboradigan fermer, bunga yoʻl qoʻyadigan hokimliklar, bundan koʻz yumadigan kadastr, “uchastkovoy”, mahallakom kabi masʼullar va nihoyat katta riskli avantyuraga bosh qoʻshib peshona teri bilan topgan pulini noqonuniy yer va imoratga tikadigan fuqarolar kamayadi.
Har bir holat oʻziga xos
Sabablar bundan koʻproq boʻlishi mumkin. Lekin noqonuniy qurilgan uy-joylar haqida fikr bildirishda, har bir holat alohida oʻrganishni talab etishini unutmaslik lozim. Agar uy-joy qurish uchun yer hokim qarori bilan ajratilgan, ammo keyin, masalan keyingi hokim kelgach, qaror bekor qilingan boʻlsa, “fuqaro yoki yuridik shaxsning davlat organi qaroriga boʻlgan ishonchi qonun bilan qoʻriqlanishi” prinsipi amal qilishi lozim. Agar yer hech bir hujjatsiz, noqonuniy egallangan boʻlsa, tegishli tartibda davlat tasarrufiga qaytarilishi shart va albatta javobgarlik masalasi hal etilishi kerak.
Shuningdek, har holatning oʻziga yarasha sababi boʻlishini nazarda tutgan holda umumlashmalar va tizimlashtirishlarga ehtiyot boʻlish kerak. Ayniqsa, buni “snos” masalasi bilan chalkashtirmaslik va aholining ehtiroslari bilan oʻynashmaslik lozim.
“Bir martalik aksiya” yana boʻladimi?
Xabaringiz bor, mamlakatimizda oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga davlat tomonidan bir martalik amnistiya eʼlon qilingan edi. Ushbu aksiya natijasida yarim milliondan ortiq insonga uy-joylari qonuniy rasmiylashtirib berildi. Bu yarim million oila qonuniy boshpanalik boʻldi, ertaga oʻz uyini avlodlariga meros qilib qoldirishi yoki oldi-sotdi va garovga qoʻyish amaliyotlarini qilishi mumkin degani. Yaʼni uy-joy borasida, qanchalik murakkab boʻlmasin, davlat tomonidan fuqarolar tomon ulkan qadam tashlanganini hech kim inkor qila olmaydi.
Ammo ayrimlarda bu davom etadi, uy-joyni qurib, biror yil ushlab tursak, davlat yana “kechirib” yuborishi mumkin degan notoʻgʻri fikr shakllangan boʻlishi mumkin.
Aksiya oʻz nomi bilan bir martalik, endi bunday aksiya boʻlmaydi. Bundan tashqari, aksiyani eʼlon qilish toʻgʻrisidagi Prezident Farmonida “bir martalik aksiyaning amal qilish muddati tugagandan keyin oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga nisbatan mulk huquqini eʼtirof etish mumkinligi toʻgʻrisidagi fuqarolik qonun hujjatlari normalarini bekor qilish” va “oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratlar uchun javobgarlikni kuchaytirish” vazifalari qoʻyilgan edi.
Shu asosida qonunchilikka tegishli oʻzgartirishlar kiritildi, yaʼni oʻzboshimchalik bilan qurilgan uylarga nisbatan mulk huquqini eʼtirof etish mumkin boʻlgan moddalar chiqarib tashlandi.
Demak, oʻzboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari masalasida davlatning qatʼiy pozitsiyasi maʼlum qilindi.
Endi nima boʻladi?
Oʻtkazilgan xatlov natijasiga koʻra, 2018-2019-yillarda 23 mingdan ortiq holatlarda fuqarolar 3900 gektar yerni oʻzboshimchalik bilan egallab olishgan, 6000 gektar ekin yerlarida noqonuniy imoratlar qurib olingan.
Bu 23 mingta qonun buzilishi degani. Endi 23 mingta oila boshpanasiz qoladimi?
Afsuski, biz hamma yerlarimizga uy-joy qurib, oziq-ovqatni tashqaridan sotib oladigan darajada boy davlat emasmiz hali. Qolaversa, bu holat davom etish ham mumkin emas – qonuniylikni taʼminlash kerak. Shuning uchun, fikrimcha, davlat mazkur masalada qatʼiyat koʻrsatishda davom etadi.
Lekin...
Uy – bu har insonning vatani, tayanch nuqtasi. U shunchaki moddiy hosila emas, insonga bugunidan xotirjamlik, kelajagi uchun ishonch beradigan, turli xavotirlarini aritadigan joy.
Shu sababli uyini buzishga kelgan buldozer tagiga yotib oladigan odamlar ham chiqyapti va ularni ham qaysidir maʼnoda tushunish mumkin.
Demak, endigi masala, bu jarayonning imkon qadar talafotsiz, ammo qonuniy hal etishdan iborat.
Buni ijrochilar yaxshi anglashlari kerak. Noqonuniy qurilgan uylarni buzib, yerlarni davlat tasarrufiga qaytarishni sud qarori bilan, qonunda belgilangan tartibga rioya etgan holda (ikki kunda buziladi deb emas) amalga oshirish lozim.
Sabablar qanday boʻlishidan qatʼi nazar, xalqqa ham, davlatga ham oson boʻlmaydi. Ammo noqonuniylikka koʻz yumish, davlat yerini talon-taroj qilishga qoʻyib berish mumkin emas. Aybdorlar aniqlab jazolanishi, sabablar bartaraf etilishi, lozim oʻrinlarda, agar qonunchilikda shu koʻzda tutilgan boʻlsa, kompensatsiyalar toʻlanishi kerak. Biroq har bir qarich noqonuniy egallangan yer davlatga qaytarilishi shart.
Biz millat sifatida, davlat sifatida qonuniy yashashni oʻrganishimiz kerak. Ayrimlar qonun nechanchidir masala, insof, diyonat birinchi oʻrinda deyishadi. Lekin insof, diyonatning na mezon-oʻlchovi, na hammada birdek mavjudligiga kafolat bor. 100 ta insonda insof darajasi 100 xil. Shuning uchun qonun mezon boʻlishi, hamma uchun teng ishlaydigan qonunlar birinchi oʻrinda turmogʻi, qonun bilan yashash noqonuniy yashashdan afzal boʻlishi lozim.
Shahnoza Soatova,
Adliya vazirligi masʼul xodimi.