Andijon davlat chet tillari instituti tashkil etildi
Prezident qarori (PQ–265-son, 31.05.2022-y.) bilan Andijon davlat chet tillari instituti tashkil etildi
Institut yuridik shaxs maqomiga ega davlat OTM hisoblanadi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimida faoliyat yuritadi.
Xorijiy tillar sohasi bo‘yicha oliy ma’lumotli, ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash Institut faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sanaladi.
Institutda tashkil etiladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari ro‘yxati quyidagicha:
I. Bakalavriat ta’lim yo‘nalishi
1. Filologiya va tillarni o‘qitish: ingliz tili
2. Filologiya va tillarni o‘qitish: fransuz tili
3. Filologiya va tillarni o‘qitish: nemis tili
4. Filologiya va tillarni o‘qitish: rus tili
5. Tarjima nazariyasi va amaliyoti: ingliz tili
6. Tarjima nazariyasi va amaliyoti: rus tili
7. Xorijiy til va adabiyoti: ingliz tili
8. Xorijiy til va adabiyoti: rus tili
9. Gid hamrohligi va tarjimonlik faoliyati (tillar bo‘yicha)
10. Tarjima nazariyasi va amaliyoti: fransuz tili
11. Tarjima nazariyasi va amaliyoti: nemis tili
12. Filologiya va tillarni o‘qitish: arab tili
13. Filologiya va tillarni o‘qitish: koreys tili
14. Filologiya va tillarni o‘qitish: xitoy tili
15. Filologiya va tillarni o‘qitish: yapon tili
II. Magistratura mutaxassisliklari
1. Xorijiy til va adabiyoti (tillar bo‘yicha)
2. Lingvistika (tillar bo‘yicha)
3. Qiyosiy tilshunoslik, lingvistik tarjimashunoslik (tillar bo‘yicha)
4. Sinxron tarjima (tillar bo‘yicha)
5. Badiiy tarjima (tillar bo‘yicha)
Institutda o‘quv jarayoni 2022/2023-o‘quv yilidan boshlanadi hamda talabalarga ikkita xorijiy til bo‘yicha kvalifikatsiya beriladi.
Institutning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga 2023/2024-o‘quv yilidan kirish imtihonlarida fanlar majmuasidagi chet tili fanidan 4 ta ko‘nikmani (tinglab tushunish, o‘qish, yozish va gapirish) baholashga qaratilgan kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladi. Bunda:
- chet tilini bilish darajasi B2 va undan yuqori milliy sertifikatga yoki unga tenglashtirilgan xalqaro tan olingan sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentlarga ushbu fandan o‘qishga kirish sinovlarida imtihonsiz maksimal ball beriladi;
- chet tili fanidan kasbiy (ijodiy) kirish imtihonlari Davlat test markazi tomonidan amalga oshiriladi;
- Institutning magistratura mutaxassisliklariga kirishda xorijiy tilni bilish darajasi bo‘yicha С1 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro tan olingan sertifikat va bakalavriat diplom balining o‘rtacha ko‘rsatkichi inobatga olinadi hamda qo‘shimcha imtihonlar o‘tkazilmaydi;
- mutaxassislik fanlaridan xorijiy tilda dars beradigan С1 darajasidan kam bo‘lmagan milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro tan olingan sertifikatga ega o‘qituvchilariga ularning bazaviy tarif stavkasiga nisbatan har oylik 50 foiz miqdorida qo‘shimcha ustama haqi to‘lab borilishi mumkin.
2024/2025-o‘quv yilidan Institutning mutaxassislik fanlar (xorijiy tildan tashqari) o‘qituvchilari B2 darajadan kam bo‘lmagan milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro tan olingan sertifikatga ega bo‘lishi kerak.