Charm-poyabzal va mo‘ynachilik korxonalari uchun 5 foizlik kredit ajratiladi
“Charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohalarida tayyor mahsulot ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–143-son, 26.02.2022-y.) qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, 2026-yilgacha charm-poyabzal, jun va mo‘ynachilik eksporti 2,8 baravarga ko‘paytiriladi.
Tuman (shahar)larda terini qayta ishlashga hamda tayyor charm-poyabzal va mo‘yna mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kichik sanoat zonalari tashkil qilinadi.
Kichik sanoat zonalarini tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlash uchun 2022-2023-yillarda 90 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladi.
Charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohalaridagi investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun banklarga 60 mln AQSH dollari miqdoridagi kredit liniyasi ochiladi.
Banklar tadbirkorlarga yangi uskuna va texnologiyalarni olish uchun 3 yillik imtiyozli davr bilan 7 yil muddatgacha 5 foiz stavkada kreditlar ajratadi.
Qarorga ko‘ra, charm-poyabzal, mo‘ynachilik sohasi korxonalari va chorva mollarini so‘yish va terini qayta ishlovchi tashkilotlar uchun soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar 2023-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvargacha uzaytirildi.
2022-yil 1-apreldan 2025-yil 1-yanvargacha quyidagilar uchun ijtimoiy soliq 1 foiz undiriladi:
- yalpi tushumda bolalar, ayollar va sport poyabzallari, sun’iy (eko) charm, furnitura, poyabzal qoliplari va tagliklari tushumning kamida 60 foizni tashkil qilgan ishlab chiqaruvchilar;
- yalpi tushumining umumiy hajmida poyabzallar, charm-attorlik mahsulotlari va mo‘ynadan tayyorlangan buyumlar eksportidan tushgan tushumning hajmi 80 foizni tashkil qilgan ishlab chiqaruvchilar.