February 2, 2022

Bojxona kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi

“O‘zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun (O‘RQ–748-son, 01.02.2022 y.) Prezident tomonidan imzolandi.

Kiritilgan qo‘shimchalarga muvofiq, vakolatli iqtisodiy operatorlarning (insofli tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga soddalashtirilgan bojxona tartib-taomillaridan foydalanish huquqini taqdim etish) huquqiy maqomi Kodeksda belgilandi.

Kodeksga reeksport, vaqtincha olib chiqish, reimport, vaqtincha olib kirish, yo‘q qilish bojxona rejimlari uchun rusatnoma olish talabi bekor qilinganligiga oid o‘zgartirishlar kiritildi.

Ruxsatnoma olish faqat tovarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash, bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimlarida talab etiladi.

Kodeksga tranzit deklaratsiyasi tushunchasi kiritildi, unga ko‘ra tranzit deklaratsiyasi tovarlar va (yoki) transportlar haqidagi maʼlumotlar ko‘rsatilgan holda bojxona organiga taqdim etiladigan hamda bojxona hududiga olib kiriladigan va O‘zbekiston hududi orqali tranzit olib o‘tiladigan tovarlarini jo‘natuvchi bojxona organidan tovar kelib tushadigan bojxona organigacha nazorat qilish uchun foydalaniladigan hujjatdir.

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.